Yangilanayotgan Oʻzbekistonda aholi maʼnaviy dunyoqarashini yanada boyitish, yoshlar ongida milliy qadriyatlarga nisbatan hurmat hissini shakllantirish borasida keyingi yillarda amaliy choralar koʻrilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2021-yil 26-martda imzolagan “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan ryespublika boʻyicha jami 195 ta Maʼnaviyat va maʼrifat maskani qurish belgilangan. Shundan 48 tasi 2021-yil, 74 tasi 2022-yil, 73 tasi 2023-yillarda qurib foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan.
Prezident bu binolar kelajakda aql markazlariga aylanishi lozimligini taʼkidlagani bejiz emas. Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarida yoshlarning oʻz ustida ishlashi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan: zamonaviy texnik jihozlar, elektron va bosma kutubxona, toʻgaraklar xonasi, IT markaz, tadbirlar zali va boshqalar.
Oʻtgan yil davomida Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarining ochilish marosimlari tantanali oʻtkazilib, birma-bir foydalanishga topshirildi. 2022-yil 5-yanvar holatiga koʻra, Respublikamizning Andijon shahri, Boʻston, Marhamat tumanlari (Andijon viloyati), Kogon, Qorovulbozor, Jondor tumanlari (Buxoro viloyati), Baxmal va Forish tumanlari (Jizzax viloyati), Navoiy shahri, Konimex tumani (Navoiy viloyati), Samarqand shahri, Paxtachi, Narpay, Pastdargʻom tumanlari (Samarqand viloyati), Boyovut va Yangiyer shahri (Sirdaryo viloyati), Muzrabot va Angor tumani (Surxondaryo viloyati), Buvayda, Beshariq, Bagʻdod, Oʻzbekiston, Uchkoʻprik, Soʻx tumanlari (Fargʻona viloyati), Qarshi shahri va Shahrisabz tumani (Qashqaryo viloyati), Xiva shahri va Yangibozor tumani (Xorazm viloyati)da jami 28 ta Maʼnaviyat va maʼrifat maskani foydalanishga topshirildi.
Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari orasida birinchilardan boʻlib aholiga eshiklarini ochgan Qarshi shahridagi zamonaviy va barcha qulayliklarga ega ikki qavatli muhtasham binoning birinchi qavatida nuroniylar hordiq chiqarishi uchun dam olish xonasi, trenajyor zallari, kutubxona, oshxona, yuvinish xonalari, shuningdek, anjumanlar zali joylashgan. Yuqori qavatda esa Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasining viloyat boʻlimlari faoliyat koʻrsatadi. Rahbar va mutaxassislar xonalari, majlislar zali, kutubxona zamonaviy jihozlar, kompyuterlar, kitoblar jamlanmalari bilan taʼminlangan.
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi Mahmud Torobiy nomidagi harbiy-vatanparvarlik bogʻi hududida qoʻr toʻkib turgan maskanda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlinmasi, majlislar zali hamda kutubxonasi joylashgan. Eʼtiborga molik jihati shuki, bino boʻylab mumtoz musiqalar, oʻzbek adabiyoti namunalari eshittirib turiladi.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani va Yangiyer shahrida qurilgan Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarida oʻlkashunoslik muzeyi, rasmlar koʻrgazmalari faoliyat koʻrsatadi. Toʻgaraklar tashkil etish, kitobxonlik bayramlari, turli koʻrik-tanlov va konsert dasturlari, teatr va kino namoyishi uchun ham qulay sharoitlar yaratilgan.
– Maʼnaviyat maskani tadbir oʻtkazib, odamlarga sovgʻa tarqatadigan joy emas, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari Murodjon Hayitov. – Bugungi kunda odamlarning qalbiga yoʻl topish, ularning hayotda rozi yashashi, mamlakatda kechayotgan keng koʻlamli islohotlarga daxldorlik his etishi, yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish, qadimiy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizga hurmat hissini yuksaltirishdek muhim vazifalarimiz borligini biz, maʼnaviyatchilar qalbdan his etmogʻimiz lozim.
Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi Maʼnaviyat va maʼrifat maskanida «IT markaz» va axborot-kutubxona markazi zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan. Kutubxona 150 mingdan ziyod kitoblar, zamonaviy oʻquv zali, katta hajmdagi led monitor va bepul internetga ega.
2021-yil davomida Fargʻona viloyatida oltita, yaʼni Buvayda, Bagʻdod, Uchkoʻprik, Oʻzbekiston, Beshariq va Soʻx tumanlarida Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari foydalanishga topshirildi. Jumladan, Beshariq tumanidagi maskandan anjumanlar zali, yosh bilimdonlar va kitobxonlik toʻgaragi, taʼlim toʻgaraklari xonasi, kutubxona, ijodkorlar, targʻibotchilar, hunarmandlar xonasi, tarix muzeyi oʻrin egallagan. Bino atrofi mevali daraxtlar va gulzordan iborat. Uchkoʻprik tumanidagi maskanda IT-park tashkil etilgan. Bagʻdod tumanidagi maskanda 2000 dona kitob fondiga ega kutubxona, taʼlim toʻgaraklari va oʻquv seminari oʻtkazishga moʻljallangan xonalar mavjud. Oʻzbekiston tumanidagi maskan xonalariga ibratli soʻzlar aks etgan stendlar oʻrnatildi hamda milliy va zamonaviy binokorlik anʼanalari uygʻunligida jihozlandi. Soʻx tumanida ham ochilgan maskanda ham ijodkorlar, kitobxonlar, targʻibotchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Jizzax viloyati Forish tumanidagi Maʼnaviyat va maʼrifat maskani ham barcha kerakli jihozlar bilan taʼminlandi, yoshlarning isteʼdodini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratildi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi tomonidan 200 dona turli adabiyotlar taqdim qilindi.
2022-yil davomida ham bu ezgu tashabbus davom etadi. Jumladan, Nukus, Andijon, Jizzax, Chirchiq, Nurafshon, Urganch shaharlari; Moʻynoq, Navbahor, Toʻraqoʻrgʻon, Qibray, Chilonzor kabi tumanlarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari foydalanishga topshiriladi.
Nodira IBROHIMOVA