Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “HAR BIR INSON HAYOTI DAVOMIDA OʻQISHI SHART BOʻLGAN 10 KITOB” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 83-kuni manbashunos tarixchi Hilola Nazirova “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi.
Inson umri davomida koʻplab adabiy yoki oʻz sohasiga oid ilmiy kitoblar oʻqishi, undan taʼsirlanishi, saboq va xulosalar chiqarib gʻamgin yoki baxtli boʻlishi mumkin. Bu ham aslida oʻquvchining mutolaa vaqtidagi ruhiy holati, hayotida yuz berayotgan voqeliklarga bogʻliqdir, ehtimol. Inson hayotini birgina kitob oʻzgartirib yuborishi mumkin, lekin oʻsha kitobni topguncha yuzlab, hatto minglab kitoblarni oʻqib chiqishga toʻgʻri keladi.
Oyina.uz portalining oʻzbek ziyolilaridan “Har bir inson hayоti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasi” loyihasini sevib mutolaa qilaman va kuzatib boraman. Aynan shunday taklif menga ham kelganida juda-juda xursand boʻlgandim. Ammo ikkinchi tarafdan nima kitoblarni tavsiya qilaman? – degan hadik ham bor. Mazkur tavsiyaning mashaqqatli tarafi oʻqigan kitoblaringiz orasidan eng-eng saralarini tanlab berishingiz kerak. Bu esa juda mushkul ish. Loyihaning hali davom etishini hisobga olib, jamiyatdagi jarayonlarni kuzatishlarimdan kelib chiqib kitob tavsiyalarimni bermoqchiman. Tarixchi manbashunos boʻlganim uchun xronologik jihatdan yondashuvni maʼqul koʻrdim, yaʼni mumtoz adabiyotdan boshlangan ushbu tavsiyalar ruhlantiruvchi kitoblar jamlanmasi bilan yakunlanadi, bu ham aslida nisbiy tanlov, sababi loyihaning birinchi sonida 100 ta ziyolidan 1000 ta kitob tavsiya etilsa, top 100 talik roʻyxati shakllanadi, degan ezgu niyat va gʻoya bor edi. Tavsiyam loyihaning soʻnggi yigirmataligini boshlab berayapti, tabiiyki mendan oldingi ziyolilarning kitoblar roʻyxati bilan qiziqdim, bir xillikka koʻzim tushdi. Buning bir nechta sabablari bor, bir jamiyatning aʼzolari, zamondoshlarning didlaridan kelib chiqqan tavsiyalar va bu tabiiy jarayon. Keskin farqlarni yosh ziyolilar qatlamida koʻrish mumkin, xususan, Tillaniso Nuryogʻdi va boshqa chet elda yashayotgan vatandoshlarimiz talqinida. Shuningdek, oʻrta yashar ziyolilar qatlamida rus adabiyotiga murojaatlar bilan birgalikda jahon adabiyotining oʻtgan – XX asrda yaratilgan asarlar roʻyxatini ham kuzatamiz. Kamdan kam hollarda zamonaviy oʻzbek adabiyoti yosh vakillari ijodidan tavsiyalar bor. Balkim bu ham vaqt talab etadigan jarayon boʻlib, hali ularning asarlariga baho berish payti kelmagandur.
Loyihada Oʻzbekiston qahramoni, akademik, senator, xalq hofizi, adabiyotshunos, jurnalist, muharrir, tarjimon, xalq shoiri, shoira, tarixchi, viloyat hokimlari, noshir, shaxmatchi, futbol sharhlovchisi, siyosatshunos, sanʼatshunos, iqtisodchi, yurist, shifokor, olim va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan ziyolilarning tavsiyalarini koʻrish mumkin. Loyihaning birinchi sonida kutilgan 1000 ta kitob roʻyxati turli xil nomlarni qamrab olishi kerak edi, ammo yuqorida keltirganimdek, 80-kunigacha ishtirok etgan ziyolining roʻyxatida ham takroriy nomlarni koʻrdim. Hatto bir ziyolimizning tanlagan 10 kitobidan 8 tasini sunʼiy intellekt ham tavsiya roʻyxatida chiqarib beryapti. Tavsiyam oldingi tavsiyalar bilan bir xil boʻlmasligiga harakat qildim. Lekin bu u kitoblarni tavsiya qilmayman deganim emas. Jumladan, aksariyat ziyolilarning roʻyxati Qurʼoni karimdan boshlangan, men ham Islom dinining muqaddas kitobi va uning izohli tarjimasini (Mirzo Kenjabek tayyorlagan nashrini) oʻqishni tavsiya qilaman. Lekin ziyolilarimizning naqd 34 tasi takrorlagan Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini ikkinchi tavsiyam sifatida keltirolmayman. Asarni tilshunos olim Anvar Boʻronov, sanʼatshunos olima, jurnalist Iqbol Qoʻshayeva, jurnalist Vohid Luqmon, adabiyotshunos Dilmurod Quronov, adabiyotshunos Uzoq Joʻraqulov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, Navoiy viloyat hokimi Normat Tursunov, adabiyotshunos Bahodir Karimov, siyosatshunos Farhod Tolipov, jurnalist Gulmira Musajonova, siyosatchi Rasul Kusherbayev, shoir Vafo Fayzulloh, kinorejissyor Ayub Shahobiddinov, akademik Azamat Ziyo, jurnalist Oʻtkir Rahmat, grossmeyster Nodirbek Abdusattarov, jurnalist, muharrir Murtazo Qarshiboy (shu ustozning oʻylash va tavsiyalari mening tanlash prinsiplarimga yaqinligini bildim), yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad, yozuvchi Gʻafur Shermuhammad, jurnalist, yozuvchi Karim Bahriyev, yozuvchi Nurilla Chori, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin domla Xoliqnazarov, akademik (marhum) Naim Karimov, Oʻzbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev, futbol sharhlovchisi, jurnalist Xayrulla Hamidov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Temur Poʻlatov, shoir, tarjimon Aziz Said, yozuvchi Abduqayum Yoʻldosh, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, adabiyotshunos Shuhrat Rizayev, yozuvchi Nazar Eshonqul, Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tavsiyalarida u yoki bu oʻrinda keltirgan. Jumladan, deyarli barcha ishtirokchilarda oʻzbek adabiyotidan kamida bittadan namuna borligi oʻzbek ziyolilarining ona tilida kitob oʻqishini koʻrsatadi – bu quvonarli jihat.
Endi “Oʻtkan kunlar” asariga qaytsak, yozuvchi Abdulla Qodiriyning oʻzi bu asarni besh marta mutolaa qilish kerak, degan edi. Darhaqiqat, kitobxonning yoshi oʻzgargan sari asarni boshqa tarafdan kashf qilib boradi. Birgina misol, qahramonlarga ism tanlanishiga ahamiyat beradigan boʻlsak, Oftoboyim qizi Kumushbibi. Onaning ismi quyoshga mengzalmoqda, qizniki oyga. Bu ikkala unsur ham sharq adabiyotida koʻp ishlatiladi. Yaʼni, mukammallik boʻlsa quyoshga, navqironlik yoki kecha timsoli keltirilsa oyga mengiziladi. Kumushning ismidan ham roman yakunida nima boʻlishini payqash mumkin. Xullas, asarning tahliliga bagʻishlangan maqoladan tortib dissertatsiyalar ham mavjudligini hamda yozilayotgan maqolaning maqsadini hisobga olib, gapimizni shu yerda muxtasar qilamiz.
Hozirgi kun kitobxoniga tavsiya qilmoqchi boʻlgan 10 ta kitob tavsiyam:
1. Grek miflari. Grek mifologiyasini oʻqish insonning intellektual, axloqiy va ijodiy imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu nafaqat qadimiy madaniyatni tushunish, balki zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishda ham muhim rol oʻynaydi. Koʻplab zamonaviy adabiyotlar, filmlar va hatto kompyuter oʻyinlari grek mifologiyasiga asoslangan. Uni oʻqish zamonaviy sanʼat va pop-madaniyatda ishlatilgan mifologik ramzlar va ishoralarni anglashga yordam beradi. Global voqealar va gʻoyalarning ildizlarini anglashimizga ham aynan shu miflardan misollar topishimiz mumkin. Gʻarb madaniyati va moda trendlariga taʼsir qilgan koʻplab brend nomlarining ildizi aynan shu miflardagi voqeliklarga borib taqaladi.
2. “Gilgamesh” dostoni. Insoniyat tarixidagi eng qadimgi epik asar boʻlib, u miloddan avvalgi III ming yillikka oid. Ushbu doston qadimgi Mesopotamiya (hozirgi Iroq hududida) sivilizatsiyasi tomonidan yaratilgan va Gilgamesh ismli Uruk shahrining yarim afsonaviy hukmdori hayoti va sarguzashtlarini oʻz ichiga oladi. Asar nafaqat tarixiy va madaniy ahamiyatga ega, zamonaviy adabiyot va falsafiy qarashlarga ham katta taʼsir koʻrsatgan. Bu asar orqali insonning hayot mazmuni va axloqiy tamoyillari haqida chuqur bilimga ega boʻlish mumkin.
3. Hammurapi qonunlari. Qonunlar eramizdan avvalgi 1754-yilda Bobildagi shoh Hammurapi tomonidan tuzilgan eng qadimgi va toʻliq yozma qonunlardan biri hisoblanadi. Ushbu qonunlar jamiyatni boshqarish, nizolarni hal qilish va adolatni taʼminlash uchun ishlab chiqilgan. 282 ta qonundan iborat ushbu toʻplam qadimgi Mesopotamiya jamiyatining huquqiy tizimini aks ettiradi va zamonaviy huquqiy tizimlarning rivojlanishiga asos yaratgan. Hammurapi qonunlarining mashhur jihatlaridan biri – bu “koʻzga-koʻz, tishga-tish” prinsipi (talion prinsipi) boʻlib, jazolar odatda jinoyat ogʻirligiga mos kelgan. Ushbu qonunlarning eng yaxshi saqlangan namunasi hozirda Luvr muzeyi bisotini bezab turibdi. Ushbu tosh ustun uzunligi 2,25 metrni tashkil etadi va qonunlarning barcha tafsilotlarini oʻzida mujassam etgan. Inson qaysi sohada faoliyat yuritishidan qatʼi nazar shu asarni oʻqib chiqishni tavsiya qilaman.
4. Abulqosim Firdavsiy, “Shohnoma” asari. Bu kitob, shubhasiz, nafaqat fors-tojik adabiyotiga, balki butun dunyo adabiyotiga taʼsir oʻtkazgan buyuk asar. Abulqosim Firdavsiy mazkur asari orqali ulkan tarixiy meros qoldirish bilan birga, adabiy uslub va tafakkurda nainki zamonasining, balki kelajak avlodlarning fikrini shakllantirgan, adabiyotda yangi janrlar rivojlanishiga, boshqa xalqlarning badiiy merosi boyishiga hissa qoʻshgan va bu jarayon davom etmoqda. Asar bir necha tillarga oʻgirilgan, qayta-qayta chop etilgan, – buning siri nimada? Bunday muvaffaqiyatni har bir ijodkor xohlaydi. “Shohnoma”ning asrlar osha shoh asar boʻlib qolishiga adib va shoirlarning bu asarni oʻzlariga etalon qilib olishlari ham sabab boʻlgan. “Shohnoma” qadimgi fors va turkiy xalqlarning tarixi, afsonalari va madaniy anʼanalari bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, oʻzidan keyingi adabiy, siyosiy va madaniy rivojlanishlarga bevosita taʼsir koʻrsatgan. Asar faqat badiiy asar emas, balki tarixiy manba sifatida ham katta ahamiyatga ega. Unda fors va tojik xalqlarining qadimiy tarixidan tortib, oʻsha davr hukmdorlari va ularning qarorlarining ahamiyatiga qadar keng qamrovli maʼlumotlar mavjud. “Shohnoma” shu jihati bilan oʻz zamonida yozilgan boshqa tarixiy asarlardan ajralib turadi, chunki u nafaqat siyosiy tafsilotlar, balki ijtimoiy hayotning turli jihatlari haqida ham soʻzlaydi. Shuning uchun bu asarga hukmdordan tortib oddiy talabagacha murojaat qilgan.
5. Abdurahmon Jomiy, “Bahoriston” kitobi. “Bahoriston” Abdurahmon Jomiy tomonidan 10 yoshli oʻgʻli Ziyodiddinga atab yozilgan axloqiy va tarbiyaviy kitobdir. Temuriylar sulolasi boshqaruvida, yaʼni Husayn Boyqaro davrida zullisonayn (ikki tilli) forsiy va turkiy adabiyotga eʼtibor kuchayadi. Aynan shu davrda sharq mumtoz adabiyotining durdonalari hisoblangan “Haft avrang” va “Xamsa” asarlari yaratildi. Ushbu asarlar ikki xalq vakillari – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy doʻstligi oʻlaroq vujudga kelgan asarlar hisoblanadi. Hirot adabiy muhitini bu ikki dargʻasiz tasavvur qilish qiyin. Ularning ijodlari, asarlari haqida yirik tadqiqotlar yaratilgan va jarayon davom etmoqda. Jumladan, Abdurahmon Jomiyning qalamiga mansub “Bahoriston” asarining turkiy tildagi nusxasi topilishi bunga yana bir dalildir. “Bahoriston” (“Bahor bogʻi” yoxud “Bahor maskani”) asari Jomiyning nasrda (sodda va ritmik qofiyali, saj’) yaratgan yagona asaridir. Uning oʻgʻli Ziyouddin Yusuf tufayli yaratilgan “Bahoriston” asari (uni baʼzan “Ravzat ul-axyor va tuhfat ul-abror” (“Taqvodorlarning fazilatli va nodir neʼmatli bogʻi” deb ham nomlashadi) axloqiy-didaktik asar hisoblanadi. 10 yoshli Ziyouddinning Saʼdiyning “Guliston”nini qiziqib mutolaa qilayotganini koʻrgan otasi shunga oʻxshash asar yaratishni niyat qiladi, natijada 892/1487-yilda “Bahoriston” asari yoziladi. Asar temuriylar sultoni – Hirot hukmdori Husayn Boyqaroga (1438‒1506) bagʻishlangan. Asarni Abdurahmon Jomiy garchi Saʼdiyning “Guliston” asariga taqlidan yozilgan deya uqtirsa-da, “Bahoriston”ning faqat ikki bobi (3- va 5-boblar) mavzu jihatidan “Guliston”ning takrori boʻlib, 6 bob mavzu-mundarija nuqtayi nazaridan yangi yozilgan. “Bahoriston” faqat axloqiy-didaktik asar boʻlib qolmay, balki sheʼriyat tarixiga oid muhim adabiy manba ham hisoblanadi. Asarning 7-bobida Jomiy fors-tojik tilida ijod qilgan 39 shoir haqida maʼlumot beradi. Asarning tuzilishi muqaddima, 8 ta bob va xulosadan iborat. “Bahoriston”dagi har bir bob maʼlum bir mavzuga bagʻishlangan va ularning nomlari quyidagichadir:
1. Tasavvuf ulamolarining soʻzlari va ishlari toʻgʻrisida;
2. Hakimlarning hikmati sharhi;
3. Adolat va davlat boshqaruvi haqida hikoyalar;
4. Mehribonlik va saxiylik vasfi haqida;
5. Ishq-muhabbat bayoni haqida;
6. Hazil, mutoyibalar toʻgʻrisida;
7. Shoirlar zikri, sheʼr taʼrifi, uning turlari haqida;
8. Tamsil hikoyalar (hayvonlar haqidagi ertaklar).
“Bahoriston”da keltirilgan hikoyalar va maʼnaviy ahamiyatga ega iboralar, musulmon olamida keng tarqalgan va ular hozirgi kunda ham oʻquvchilarga ahamiyatli boʻlib qolmoqda.
6. Abulgʻozi va Mulla Mahmud Urganjiy, “Shajarayi turk” asari. Ha, ajablanmang, asar faqat Abulgʻozixon qalamiga mansub emas, asarning hammuallifi bor, bu haqida batafsil tarix fanlari nomzodi Nuryogʻdi Toshev maqolasida oʻqishingiz mumkin. Asar turkiy xalqlarning qadimiy afsona va tarixidan boshlanib, Abulgʻozixonning 1663/64-yilda Buxoroga yurishi bilan tugaydi. Muallifning maqsadi asar hammaga tushunarli boʻlishi, turkiy xalqlarning tarixini Xorazmdagi Arabshohiylar sulolasi tarixi bilan yakunlash boʻlgan. Asarni 5 yashar boladan boshlab yoshi ulug‘ insongacha tushunishi uchun bironta arabiy, forsiy va chigʻatoycha (saroy tili nazarda tutilgan) jumlalar qoʻshmasdan yozish maqsad qilingan. Hozirgi zamon oʻquvchisning fragmentar oʻqishini hisobga olib, turkiy xalqlar tarixining mintaqamizga tegishli qismini qisqa shaklda bilib olishlari mumkin. Asarda hokimiyatning legitimlashtirish, afsonalarni haqiqatga aylantirish uslublari haqida ham bilib olish mumkin. Bu asarni har bir oʻzbekistonlik oʻqib chiqishini tavsiya qilgan boʻlar edim.
7. Antuan de Saint-Exupery, “Kichkina Shahzoda” (fransuzcha: Le Petit Prince) asari. Asar allegorik ertak boʻlib, 1943-yilda nashr etilgan. Ushbu asar nafaqat bolalar uchun, balki kattalar uchun ham chuqur maʼnolarga ega, hayotning, sevgi va insoniyatning eng muhim qadriyatlari haqida oʻylashga undaydi. Shahzoda oʻzining gullari, xususan bir “yashirin” guliga bogʻlanib, oʻzining haqiqiy muhabbatini va masʼuliyatini anglaydi. “Rose” – bu asarning eng koʻzga tashlanadigan va muhim simvoli boʻlib, shahzodaning kattalar dunyosiga qarshi qarashlarini va sevgining haqiqiy mohiyatini ifodalaydi. Yaʼni, siz yoqtirgan gul yoki buyum sizning qaramogʻingizda boʻlsa, siz uning hayotiga ham maʼsul ekaningizni unutmasligingiz kerak. Kitobning asosiy qahramoni – kichkina shahzoda, kosmos boʻylab sayohat qiluvchi yosh bola. Har bir yangi sayyora ustidan uchib oʻtishda, u oʻzining boshqalar bilan boʻlgan aloqalari orqali kattalar dunyosining noxush tomonlarini ochib beradi. Saint-Exupery oʻz asarida kattalar va bolalar oʻrtasidagi tafovutlarni koʻrsatadi va bolalar dunyosidagi toza hamda oddiy qarashlarini tasvirlaydi
8. Edward Said, “Orientalizm” asari. Bu asar har bir ijtimoiy-gumanitar sohada ishlaydigan mutaxassisning “must have”, yaʼni yon kitobi boʻlishi kerak. Asar garchi 1978-yilda yozilgan boʻlsa ham haligacha oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan. Asarning ruscha tarjimasi ham 2000-yillarda, boshqa tillar tarjimasiga nisbatan kechroq amalga oshirilgan. Asar akademik asar boʻlishiga qaramasdan, koʻplab soha vakillari tomonidan mutolaa qilinadi. Asar muallifi Edward Said falastinlik yahudiy boʻlib, bu kitob uning uzoq yillik kuzatuvlari orqali shakllangan edi. Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi madaniy, siyosiy va ilmiy aloqalarni tahlil qiluvchi mukammal asardir. Muallif mazkur kitobda Gʻarbning Sharqni oʻrganish uslublarini va bu ilmiy ishlanmalar orqali Sharq haqidagi tasavvurlarni qanday shakllantirganini koʻrsatadi. U “orientalizm” atamasini, Gʻarbning Sharqqa boʻlgan ideologik yondashuvini tanqidiy nuqtai nazardan taʼriflaydi. Edvard Saidga koʻra, orientalizm faqat ilmiy tahlil emas, balki Sharqni Gʻarbning imperialist manfaatlari uchun manipulyatsiya qilish vositasi hamdir. “Orientalizm” kitobi Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi farqlarni oʻrgatgan holda, Gʻarbning Sharqqa nisbatan qanday notoʻgʻri tasavvurlar yaratgani va bu tasavvurlarni siyosiy qudratning bir qismi sifatida qanday ishlatganini koʻrsatadi. Muallif Sharqni Gʻarbning tasavvurlari va haqiqatidan tashqarida tasvirlamoqchi boʻlib, Sharqni haqiqatan ham oʻzining yirik va koʻp qirrali madaniyati, tarixiy rivoji va insoniy qadriyatlari bilan tahlil qiladi. Bu kitob taʼsirida ilmda yangi yondashuvlar ham shakllangan boʻlib, shulardan biri subaltern studies hisoblanadi.
9. Yuval Noah Harari, “Insoniyat tarixi” (“Sapiens: A Brief History of Humankind”) asari. Harari bu kitobida insoniyat evolyutsiyasi, tarixiy jarayonlar va madaniy taraqqiyotning asosiy bosqichlarini tahlil qilgan. U Homo sapiensning paydo boʻlishidan tortib hozirgi zamongacha boʻlgan voqealarni qamrab oladi. Kitob ilk bor 2011-yilda ivrit tilida nashr qilingan va keyinchalik dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilindi, shu jumladan oʻzbek tiliga ham. Harari oʻz asarida uch asosiy inqilobga eʼtibor qaratgan:
1. Kognitiv inqilob – bu odamlarda fikrlash qobiliyatining rivojlanishi;
2. Qishloq xoʻjaligi inqilobi – yerga ishlov berish va doimiy yashash joylariga oʻtish;
3. Ilmiy inqilob – zamonaviy texnologiya va ilm-fan taraqqiyoti.
Kitob oʻquvchilarni insoniyatning tarixiy yoʻlida madaniyatlar va ijtimoiy tizimlarning qanday rivojlanganini oʻylashga undaydi va global mashhurlikka erishgan.
10. Harper Li, “Mazaxchini oʻldirish” (“To Kill a Mockingbird”) romani. “Mazaxchini oʻldirish” XX asr adabiyotining eng mashhur va eʼtiborli asarlaridan biri hisoblanadi. Ushbu roman dastlab 1960-yilda chop etilgan muallifning yagona badiiy asari. Asar Amerika jamiyatidagi irqchilik, adolat va insoniyat masalalarini oʻrganish uchun muhim platforma sifatida qaraladi. Roman qisqa vaqt ichida bestsellerga aylangan va 1961-yilda Pulitser mukofotiga sazovor boʻlgan. Asar inson huquqlari va irqiy tenglik mavzularini koʻtarib chiqqani uchun koʻplab oʻquvchilar va adabiyotshunoslar tomonidan yuqori baholanadi. “Mazaxchini oʻldirish” kitobi adabiyot tarixida katta oʻrin tutadi: Roman hikoyasi 1930-yillarda Amerikadagi kichik bir janubiy shaharda sodir boʻladi. Asar qahramoni yosh qizcha Skaut Finç voqealarni oʻzining bola nuqtai nazaridan hikoya qiladi. Uning otasi, advokat Attikus Finç oq tanli ayolga zoʻrlashda nohaq ayblangan qora tanli erkak Tom Robinsonning himoyasini oʻz zimmasiga oladi. Ushbu sud jarayoni irqchilik va adolat mavzularini keng yoritadi. Bu asar irqchilikka qarshi kurashda katta taʼsir koʻrsatgan va fuqarolik huquqlari harakatiga ilhom manbai boʻlgan. Kitob dunyoning koʻplab mamlakatlarida oʻrta maktab darsliklariga kiritilgan.
Hilola NAZIROVA,
manbashunos tarixchi