Turkiy xalqlar jahon tarixida Uzoq Sharqdan Yevropa va Shimoliy Afrikagacha boʻlgan hududlarda yirik davlatlar barpo etib, geosiyosiy jarayonlarga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Ular oʻz davrida barqaror boshqaruv va mustahkam davlatchilik anʼanalarini shakllantirgan. Shu bois, turli xalqlar vakillari, ayniqsa arab mualliflari tomonidan turkiylar tarixi va madaniyatiga bagʻishlangan koʻplab asarlar yaratilgan.

Turkiy xalqlar haqida asar yozgan olimlardan biri Abu Homid Maqdisiydir. Abu Homid Maqdisiy XV asrda yashagan shofiʼiy faqih, muhaddis va tarixchi olim. U Quddusda ilmiy muhitda voyaga yetib, dastlabki taʼlimni otasidan olgan. Maqdisiyning ilmiy yuksalishida oʻz davrining zabardast ulamolaridan Ibn Hajar Asqaloniy, Taqiyuddin Maqriziy, Ibn Qozi Shaba kabi zotlarning hissasi katta boʻlgan. Taʼkidlash joiz, Abu Homid Maqdisiy tarixnavislikda Ibn Xaldun maktabining davomchisi hisoblanadi. Boisi, u Ibn Xaldunning shogirdi boʻlmish Taqiyuddin Maqriziydan taʼlim olgan va oʻz asarlarida mazkur ikki ulamoning ilmiy qarashlarini mujassam etgan.  Bu holat olimning asarlarida, xususan, “Turkiy xalqlarning Misr diyorlariga keltirilishidagi Allohning yashirin hikmatlari” nomli tarixiy asarida yaqqol namoyon boʻladi. Muallif ushbu asarida koʻp oʻrinlarda Maqriziy maʼlumotlaridan keng foydalangan va uning tarixiy xulosalarini yoqlagan.

Endi bevosita asarning mazmuni va maqsadiga toʻxtalsak. Mazkur asarning yaratilishidan maqsad inqiroz sharoitida hukmron doiralarga davlat boshqaruvining samarali usullarini koʻrsatib berishdan iborat edi. Bu borada muallif oʻziga xos tarixiy-tahliliy uslubni qoʻllaydi. Uning bu yondashuvi maʼlum maʼnoda tarixchi Ibn Arabshoh tomonidan Amir Temur shaxsini tadqiq etishda qoʻllangan uslubni eslatadi. Maʼlumki, Ibn Arabshoh Amir Temurga nisbatan salbiy munosabatda boʻlishiga qaramay, uning davlat boshqaruvidagi mahorati, adolatparvarligi va harbiy isteʼdodini oʻz davri hukmdorlari uchun ibrat sifatida tasvirlagan edi. Shu tariqa u raqib tomon vakilining ijobiy jihatlarini koʻrsatish orqali zamondoshlarini islohotlarga undashni maqsad qilgan.

Abu Homid Maqdisiy ham xuddi shunday uslubdan foydalanib, oʻtmishdagi muvaffaqiyatli siyosiy tajribalarni oʻz davridagi boshqaruv tizimining kamchiliklarini bartaraf etish uchun mezon sifatida taqdim etadi. Muallifning fikricha, tarix faqat oʻtmish voqealarining bayoni emas, balki davlat va jamiyat hayotini takomillashtirishga xizmat qiluvchi amaliy tajriba maktabidir.

Asarning yozilishiga turtki boʻlgan muhim tarixiy omillardan yana biri 1382-yildan boshlab Mamluk Saltanatida siyosiy hokimiyatning turkiy mamluklar qoʻlidan cherkas amirlar qoʻliga oʻtishi va buning natijasida XV asr oʻrtalariga kelib davlatning chuqur tanazzulga yuz tutganidir. Muallif turkiy mamluklar hukmronligi davridagi siyosiy barqarorlik, qatʼiy tartib-intizom va samarali boshqaruv tajribasini cherkas hukmdorlari uchun namunaviy model sifatida tasvirlaydi. Shu orqali u hukmron tabaqaga tarixiy tajribadan saboq chiqarish zarurligini eslatib, mamlakatni inqirozdan olib chiqish yoʻllarini koʻrsatishga harakat qiladi.

“Islomning ulugʻvor va goʻzal davlatlari hamda turkiy xalqlarning Misr diyorlariga keltirilishidagi Allohning yashirin hikmatlari borasidagi mushohadalarim” asari turkiy xalqlar, xususan, oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixini oʻrganishda juda qimmatli manba boʻla oladi.

Asarda turkiylarning ruhiy va axloqiy sifatlari

Maqdisiyga koʻra, turkiylardagi yuksak axloq ularning qon-qoniga singib ketgan Alloh bergan tabiiy fitratdir. Turkiylarning koʻpchiligida ichki soflik va qalb salomatligi ustuvorlik qiladi. Ular makkorlik, hiyla, aldov va pastkashlik kabi illatlardan yiroq. Ayniqsa, asarda Misr diyoriga yaqin orada kelgan turklarning nihoyatda sofdil va begʻubor ekanligi alohida qayd etib oʻtiladi.

Turkiylarning axloqiy fazilatlaridan biri ular orasida hasad va koʻra olmaslik kabi illatlar deyarli yoʻqligidir. Agar ulardan birortasining mansabi va martabasi koʻtarilsa yoki boyib ketsa, qolganlari: “u bunga loyiqdir, buni unga Alloh berdi”, deb aytishadi. Muallif bu holat arab faqihlarida umuman uchramasligini bildiradi. Shuningdek, u qasam ichib aytadi-ki, hasad arablarning koʻksini butunlay toʻldirib yuborgandir.

Muallif turkiylarning qoni qaynoq, feʼl-atvori shiddatli va qiziqqon boʻlishiga qaramay, masalaning asl mohiyati tushuntirilgan zahoti gʻazablari darhol soʻnishini taʼkidlaydi. Ayniqsa, boy hayotiy tajribaga ega keksa kishilar orasida bu vazminlik yaqqol koʻzga tashlanadi. Turkiylar xato qilib qoʻysalar, tezda pushaymonlik his etishlariga va Allohga tavba aytishlariga koʻp bor guvoh boʻlganini aytadi. Shu oʻrinda arablarni turklar bilan solishtirib, turkiy xalqlardagi bunday yuksak axloqiy sifatlar arablarda yoʻqligini, bordi-yu topilganda ham, minglab arablar orasidan faqat bir kishidagina uchrashi mumkinligini aytib oʻtgan.

Turkiy xalqlarning tabiati qanchalik qiziqqon va tezda gʻazablanishga moyil boʻlmasin, ular oddiy insonlarga nisbatan gʻoyat rahm-shafqatli, zaif va kambagʻallarga nisbatan esa koʻngli ochiq edi. Turkiy xalqlarda xotimaning, yani, umrning yakuni qanday boʻlishidan xavfsirash tuygʻusi juda kuchli. Ularning haqqiga: “Umringiz uzoq, rizqingiz barakali boʻlsin”, deya duo qilinsa, ular: “Yoʻq, yaxshisi, xotimamiz xayrli boʻlishini soʻrang”, deb javob qaytaradilar. Muallif bu holat oʻz millatdoshlari boʻlgan arablar tabiatiga butunlay zid ekanini taʼkidlar ekan, oʻsha davrda arablar orasida fitna va buzgʻunchiliklar avj olganini qayd etadi. Shuningdek, u agar arablar Shom va Misr oʻlkalarida turklar oʻrniga hukmronlikni qoʻlga kiritgan taqdirda, bu hududlarda zulm va adolatsizlik yanada ortib ketishini ham qoʻshimcha qiladi.

Maqdisiy turkiylarni yana bir fazilati – jasorat va yuragi baquvvat ekanini keltirib oʻtadi. Ular oʻlimga duch kelishsa, aslo hayiqmasliklarini aytib, bu holat moʻgʻullar va yevropalik salbchilar bilan boʻlgan janglarda yaqqol isbotini topganligini qayd etadi.

Muallif turkiy xalqlarning oʻziga xos fazilatlaridan biri sifatida ularning xiyonatdan yiroq ekanini alohida taʼkidlaydi. Agar turkiylar biror vaqf mulkiga yoki davlat ahamiyatiga molik ishga masʼul etib tayinlansalar, unga xiyonat qilishlari yoki uni nohaq oʻzlashtirishlari oʻta kam uchraydigan holatdir. Shuningdek, ular biror yetimning molini boshqarishga yoki vasiyatni ijro etishga masʼul boʻlsalar, bu vazifaning masʼuliyatni his qiladilar va omonatni qatʼiy asraydilar. Turkiy xalqlarning bunday omonatdor boʻlishlarining uchta asosiy omili bor. Birinchidan, ular hukmdorlar huzurida qatʼiy javobgarlikka tortilishdan hayiqishgan. Ikkinchidan, Alloh ularga rizqni keng qilib qoʻygani bois, moddiy jihatdan birovning moliga ehtiyoji boʻlmagan va tabiatan toʻqlikka oʻrganishgan. Uchinchidan esa, Yaratganning oxiratdagi azobidan qoʻrqqani va qiyomatdagi hisob-kitobni doimo yodda tutganidir.

Turklarning yana bir yuksak fazilati, yaʼni tavozega boy va kamtarligi alohida eʼtirofga ega. Muallifning qayd etishicha, ular ayniqsa ulamolar, faqihlar va solih insonlarga nisbatan beqiyos ehtirom koʻrsatadilar. Bunday zotlarni majlislarning toʻriga oʻtqazib, muloqot va savol-javobda nihoyatda muloyim boʻladilar. Ulamolarni oʻzlaridan yuqori qoʻyishni aslo or yoki kibr deb bilmaydilar. Zero, turk xalqining kattasi-yu kichigi ana shunday yuksak axloqiy tartib-qoidalar asosida tarbiya topgan. Shuningdek, ularning oʻz tengqurlari, hatto yoshi yoki martabasi kichik boʻlganlar bilan munosabatida ham yuksak odob va kamtarlik ustuvordir. Majlislarda bir-birlariga izzat-ikrom koʻrsatib, yuqori oʻrinlarga taklif etishlari doimiy holat boʻlib, bu ularga aslo malol kelmaydi. Maqdisiy ushbu xislatlar arablarning feʼl-atvoriga butunlay zid ekanligini alohida taʼkidlab oʻtadi.

Olim turkiy xalqlarning yana bir fazilati sifatida ularning doʻstlik ahdiga nihoyatda vafodor ekanini qayd etadi. Agar doʻstlaridan birining boshiga musibat tushsa, lavozimidan chetlatilsa, surgun qilinsa yoki betob boʻlib qolsa ham, u birodarlarining eʼtiboridan aslo chetda qolmaydi. Martabasi pasaygani sababli undan yuz oʻgirmaydilar; aksincha, unga boʻlgan mehr-muhabbatlari, xizmat va ehsonlari yanada ziyoda boʻladi. Unga otlar, mol-mulk, sarpovlar va boshqa zaruriy ashyolarni joʻnatib turadilar. Hatto doʻstlari olis oʻlkalarda boʻlsa-da, ularga sovgʻa-salom va tuhfalar yuborishdan toʻxtamaydilar.

Olim turkiy xalqlarning yana bir fazilati sifatida ularning tezda nasihatni qabul qilishlarini keltiradi. Ular oʻzlariga nasihat qilgan har bir kishidan, u xoh haq boʻlsin, xoh nohaq, yaxshilikni oʻrganishga intiladilar. Bu holat ularning qalbi naqadar sof va begʻubor ekanligidan dalolat beradi. Ayniqsa, nasihatgoʻy kishi solih va taqvodor boʻlib koʻrinsa, unga butunlay ishonadilar. Hattoki ularning ongidagi idrok shakli shunday-ki, agar biror kishi birinchilardan boʻlib kelib menga zulm qilindi deb arz qilsa, oʻsha kishining soʻzini hech bir shubhasiz haqiqat deb qabul qiladilar, hattoki oʻsha kishi nohaq boʻlsa ham. Shundan soʻng uning raqibi kelib, ochiq-oydin dalillar va yuzlab isbotlar keltirsa ham, uning gapini qabul qilishlari qiyin kechadi. Shuning uchun ham biz, daʼvo kim haq boʻlganniki emas, balki birinchi boʻlib kelgannikidir, deb aytamiz.

Turkiylarning aholi xavfsizligi va huquqni taʼminlashdagi hissasi

Maqdisiy oʻz asarida turkiy xalqlarning Misr va Shomdagi boshqaruvi davrida aholi xavfsizligi toʻla kafolatlangani, jamiyatda qatʼiy tartib va qonun ustuvorligi oʻrnatilganini taʼkidlaydi. Olimning eʼtirof etishicha, Turkiylarning tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlari butun musulmon olami uchun eng ulkan xizmatdir. Shu sababli, u turkiylar davlat xazinasidan beriladigan boyliklar va ulkan yer-mulklarga ega boʻlishga mutlaqo haqli, deb hisoblaydi. Ayniqsa, turkiylarning ham ichki, ham tashqi xavfsizlikni taʼminlashdagi rolini yuqori baholab, ularning moʻgʻullar bosqini, salibchilar yurishlari va tartibni buzuvchi, qaroqchi arablarga qarshi olib borgan mislsiz kurashlarini alohida qayd etadi.

Tarixdan maʼlum-ki, moʻgʻullarning Shom va Misr oʻlkalariga, shuningdek, islom olamining muqaddas markazlari hisoblangan Makka va Madina shaharlariga qiladigan tajovuzlarini aynan turkiy xalqlar toʻxtatib qolgan. Ular Falastinning Ayn Jolut maydonida moʻgʻul hukmdori Xulaguxon qoʻshinini tor-mor keltirib, islom olamini buyuk falokatdan asrab qolishgan. Mazkur jangda musulmon Turkiy qoʻshinlariga Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining jiyani Sulton Sayfuddin Qutuz qoʻmondonlik qilgan. Mazkur toʻqnashuvda moʻgʻullarga qoʻmondonlik qilgan Kitbugʻa ismli sarkardasi ham oʻldirilgan.

Shu bilan birga, Misr, Shom va Falastin hududlari muntazam ravishda yevropalik salbchilarning tajovuzkorona yurishlariga nishon boʻlgan. Mazkur bosqinlar oqibatida tinch aholi behisob talafotlar koʻrgan hamda mintaqaning moddiy va madaniy boyliklari ayovsiz talon-toroj qilingan. Muallif turkiy xalqlarning mintaqada hokimiyat tepasiga kelishi salbchilarning tajovuzlariga chek qoʻyganini hamda ularga berilgan qaqshatqich zarbalar tufayli aholining osoyishtaligi va xavfsizligi qayta tiklanganini alohida eʼtirof etadi.

Muallif bu davrda aholi osoyishtaligiga rahna solgan yana bir toifa sifatida koʻchmanchi, qaroqchi arablar ekanligini alohida taʼkidlaydi. Buning asosiy sababi sifatida badaviylarning shariat odoblaridan bexabar ekanliklari va islomiy tarbiya doirasida shakllanmaganliklarini koʻrsatadi. Choʻldagi hayot hamda doimiy chorva ketidan yurish natijasida ularning idroki toʻporilashgan, tabiatlari qoʻpol va qalblari qattiqlashgan boʻlib, bunday toifaning toʻgʻri va adolatli yoʻlni topishi oʻta mushkuldir. Bu fikrlarni Maqdisiydan oldin yashagan tarixchilar ham taʼkidlab oʻtgan. Shulardan eng koʻzga koʻringanlaridan biri jamiyatshunoslik fanining asoschisi Ibn Xaldundir. Uning qayd qilishicha, arablar oʻzlaridagi vahshiylik tabiati taqazosiga koʻra bosqinchi va talonchidirlar. Ular jamiyat uchun faqat zarar va ziyon yetkazadilar. Ibn Xaldun, aslida, bu arablar uchun tabiiy holat ekanligini qayd qilib, arablar koʻchmanchi bir xalq ekanligini aytadi. Koʻchmanchilikdagi vahshiylik arablarning suyak-suyagigacha singib ketgan. Shu tariqa vahshiylik ularning xulqi va tabiatiga aylanganligini aytadi.

Arablarning nazarida vahshiylik zavqli narsa, chunki unda qonunlar boʻyinturugʻidan chiqish va biror siyosiy yetakchiga boʻysunmasdan erkin va ozod yashash imkoni bor. Biroq bu holat madaniyat va tamaddunga zid, teskaridir. Arablar toshga faqat qozonlariga oʻchoq toshi yasash uchun ehtiyoj sezdilar. Bu toshlarni tayyor bino va imoratlarni buzib tashib keltiradilar. Tosh topish maqsadida binolarni vayron qiladilar.

Maqdisiyning taʼkidlashicha, arablar hokimiyat jilovini qoʻlga olsalar, xalq ustidan ogʻir zulm oʻtkazishlari muqarrardir. Bu borada Ibn Xaldun ham oʻzining atroflicha mulohazalarini bayon qilgan. Unga koʻra, arablar qonunlar ijrosini taʼminlash, xalqni zarar va ziyondan himoya qilish hamda insonlarning bir-biriga tajovuz qilishining oldini olish masalalariga yetarli darajada ahamiyat bermaydilar. Ularning asosiy intilishlari talon-toroj va ogʻir soliqlar orqali xalqning mol-mulkini qoʻlga kiritishdan iborat. Shu sabab, ularning hukmronligi ostida aholi biror-bir hukm va qonunlarga boʻysunmagan holda, davomli tartibsizlik ichida qoladi. Bunday tartibsizlik esa insoniy qadriyatlarni mahv etadi va tamaddun asoslarini yemiradi.

Maqdisiy oʻsha davrdagi ijtimoiy-siyosiy muhitni tavsiflar ekan, xalq orasida “Turkning zulmi – arabning adolatidan afzal” degan ibora ota soʻzi darajasiga chiqqanini aytib oʻtadi. Bu jumla aslida juda chuqur falsafiy maʼnoga ega. Mazkur iborani atroflicha tahlil qiladigan boʻlsak, turkiy xalqlarning Misr va Shomda boshqaruvni qoʻlga olishi mintaqada qatʼiy tartib-intizom va huquqiy barqarorlikni taʼminlaganini koʻrishimiz mumkin. Asarda keltirilgan “Turklarning zulmi” tushunchasi, hatto zulm ham muayyan tizim va huquqiy doira ichida amalga oshirilganini koʻrsatadi. Yaʼni, qonun ustuvor boʻlgan jamiyatda hatto qattiqqoʻllik ham oldindan taxmin qilsa boʻladigan xarakterga ega boʻladi; bunday tizimda shaxs oʻz huquqlarini himoya qilish yoʻllarini yoki koʻriladigan choralarni oldindan bilish imkoniga ega boʻladi. Aksincha, badaviy “arablarning adolati” muayyan huquqiy tizimga emas, balki tartibsizlik va noaniqlikka tayangan.

Bunday sharoitda jazolash va mukofotlash tizimi mantiqiy asosga ega boʻlmay, mutlaqo tasodifiy xarakter kasb etgan. Jamiyat mavhumlik va bosh-boshdoqlik ichida qolar ekan, u yerdagi adolat ham, zulm ham kutilmagan hodisaga aylanadi. Insonlar oʻz harakatlarining natijasini oldindan bilmaganlari bois, bunday “adolat” ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlay olmaydi. Shu sababli, turkiy boshqaruvdagi qatʼiy nizom va huquqiy aniqlik koʻchmanchi qabilalarning tartibsiz hamda oʻzgaruvchan boshqaruvidan koʻra aholi uchun manfaatliroq va xavfsizroq hisoblangan.

Maqdisiy oʻsha davrdagi Misr va Shom mintaqasidagi ijtimoiy barqarorlikni tasvirlar ekan, oddiy xalq orasida qurol koʻtarib yurish ehtiyoji yoʻqolganini alohida qayd etadi. Uning yozishicha, aholi nafaqat qurolga, balki himoya vositasi sifatida biror tayoqqa ham ehtiyoj sezmaydi; hattoki qurol sotib olish haqida oʻylab ham koʻrmaydi. Buning asosiy sababi esa xalqning oʻz joni, mol-mulki va oilasi xavfsizligidan koʻngli butunlay toʻq ekanligidir. Muallif ushbu osoyishtalikni turkiylar tomonidan oʻrnatilgan qatʼiy tartib-intizomning natijasi deb biladi.

Maqdisiy shu davrni turkiylar hokimiyatga kelishidan oldingi bosqich bilan qiyoslaydi. Avvalgi sulolalar davrida, hatto poytaxt Bogʻdod kabi shaharlarda xalifa va hukmdorlar boʻlishiga qaramay, qaroqchilar tunda mashʼalalar va hayqiriqlar bilan xonadonlarga ochiqchasiga bostirib kirishgani, bunday buzgʻunchiliklar, ayniqsa Abbosiylar xalifaligining soʻnggi davrlarida avj olganini taʼkidlaydi. Shu bois, Maqdisiy Misr va boshqa hududlar xalqini turkiylar taʼminlab bergan ushbu tinchlik va xavfsizlik neʼmati uchun Allohga shukrona aytishga undaydi.

Muallif mintaqada turkiylar tomonidan oʻrnatilgan tartib va adolatning naqadar kuchli ekanligini isbotlash uchun yana bir hayotiy misol keltiradi. Uning qayd etishicha, bozor va koʻchalarda qattiq janjallashib, shovqin-suron koʻtargan odamlar, agar eng quyi martabadagi turk jangchisi qoʻlida tayoq bilan kelib qolsa, darhol tarqalib ketadilar. Vaholanki, agar oʻsha nizo ustidan nufuzli qozilar oʻtib qolsa-da, janjallashayotganlar ularga eʼtibor ham bermay, nizolarini davom ettiraveradilar. Aynan shu sababli, oʻsha davr xalqi orasida turkiylarning jamiyat hayotidagi ahamiyatini ifodalovchi:  “Turk – Misrning tuzidir”, degan goʻzal bir ibora shakllangan. Ushbu iboraning mohiyatini quyidagicha izohlash mumkin: mazkur mintaqada turklarning soni aholining qolgan qismiga nisbatan kam boʻlsa-da, ularning mavjudligi jamiyat omonligi va tartib-intizomi uchun xuddi taomdagi tuz kabi zaruriy ehtiyoj hisoblangan.

Mazkur oʻxshatishni yana bir jihatdan tahlil qilsak, tuz ovqatga qoʻshilgandan soʻng uning barcha qismlariga bir xil tarzda tarqaladi va umumiy maza beradi. Yaʼni, taomning bir tomoni shoʻr, ikkinchi tomoni esa tuzsiz boʻlib qolmaydi. Bu holat turkiylarning ham jamiyatda ijtimoiy tabaqalanishga yoʻl qoʻymay, xalqning barcha qatlamlariga nisbatan teng va bir xil adolatli muomalada boʻlganliklarini anglatadi. Shunday ekan, turklar oʻrnatgan tartib va adolat mezonlari jamiyatning barcha boʻgʻinlariga birdek daxldor boʻlgan.

Turkiylarning harbiy mahorati

Maqdisiy turklarning harbiy sanʼatdagi mahoratiga yuqori baho berib, ularning harbiy ilmni chuqur egallaganliklarini alohida taʼkidlaydi. Muallifning qayd etishicha, turk jangchilari qurol-yarog‘ bilan muomalada yuksak salohiyatga ega boʻlish barobarida, ot choptirish, nayzabozlik va qilichbozlikda ham tengsiz mahorat namoyish etganlar. Aynan shu xislatlar ularni jang maydonining mard va yengilmas qahramonlariga aylantirgan.

Turklarning jangovarlik mahorati haqida nafaqat Maqdisiy, balki deyarli barcha davr mualliflari maʼlumot bergan. Xususan, mashhur arab adibi Johiz ushbu harbiy mahoratni biroz mubolagʻa bilan shunday taʼriflaydi: “Xorijiy bitta oʻq uzguncha, turk oʻnta oʻqni nishonga uradi”. Johizning yozishicha, turklar nafaqat turgʻun nishonlarni, balki yovvoyi hayvonlar va hatto shiddat bilan shoʻngʻiyotgan qushlarni ham bexato urishgan. Ularning hayratlanarli mahorati shundaki, yuqori tezlikda ot choptirib borayotgan holda barcha yoʻnalishlarga – oldinga va ortga, oʻng-u soʻlga, yuqori va pastga qarata birdek aniqlikda oʻq uzishga qodir boʻlishgan.

Turkiy xalqlarda elshunoslik

Maqdisiy turkiy xalqlarning tashqi koʻrinishi va jismoniy holatiga alohida toʻxtalib, ularning tana aʼzolari, ayniqsa, bosh va koʻzlari nihoyatda sogʻlom ekanini taʼkidlaydi. Turkiy xalqlarning keksalari ham baquvvat boʻlib, tana va koʻz sogʻlomligi saqlanib qoladi. Ular orasida majruh, koʻzi xira, koʻr, moxov yoki shunga oʻxshash ogʻir xastaliklarga chalinganlarni deyarli uchratmaysiz.

Turkiylarning tashqi qiyofasi nurli, jozibali va kishini lol qoldiradigan darajada goʻzaldir. Xoh yosh, xoh qariya boʻlsin, ularning jismoniy koʻrkamligi hayratlanarli boʻlib, yuzi xunuk yoki koʻrinishi vahimali kishilar deyarli yoʻq.

Maqdisiy bunday tashqi goʻzallik shariatda ham maqtalgan sifat ekanini taʼkidlaydi. Zero, tashqi koʻrinishning goʻzalligi shariatda maqbul va talab qilingan narsadir. Shu boisdan ham, shariat qoidalariga koʻra, namozda imomlikka oʻtishda, agar boshqa sifatlari teng boʻlgan taqdirda yuzi goʻzal kishi xunuk kishidan ustun qoʻyiladi. Chunki inson nafsi goʻzallikdan lazzat oladi.

Maqdisiy turkiy xalqlarning insoniy xususiyatlarini oʻrganar ekan, turkiy ayollarning jamiyatdagi oʻrni va ularning nafosatiga alohida eʼtibor qaratadi. Muallifning taʼkidlashicha, ayol kishidagi tashqi goʻzallik nikohning tub maqsadi – nasl davomiyligini taʼminlash va oilaviy barqarorlikni qaror toptirishda hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.

Maqdisiy turkiy ayollarni goʻzallik borasida namuna sifatida koʻrsatib, ularning tashqi jozibasi erkaklarinikidan ham ustun ekanini qayd etadi. Muallif keltirgan maʼlumotlarga koʻra, turkiy ayollar orasida husni eng yuksak choʻqqiga chiqqanlari tarixan oʻta yuqori ijtimoiy va moddiy qiymatga ega boʻlganlar.

Shuningdek, asarda turkiy ayollar bilan kechadigan oilaviy hayot va turmush munosabatlari shaharlik ayollarga nisbatan ruhiy halovat hamda maʼnaviy pokizalik jihatidan ustun ekani tajribalar asosida bayon qilinadi. Muallifning xulosasiga koʻra, agar turkiy ayollardagi tashqi goʻzallik iffat va odob kabi maʼnaviy kamolot sifatlari bilan uygʻunlashsa, bu oilaviy totuvlik va hayotiy mamnuniyatning eng oliy darajasini taʼminlaydi.

Maqdisiy turkiy xalqlarning moddiy madaniyati, xususan, kiyinish odobi va tashqi qiyofasining ulugʻvorligiga yuqori baho beradi. Muallifning qayd etishicha, turkiylarning liboslari oʻzining nafisligi, oʻziga xos uslubi va kishida haybat uygʻotuvchi koʻrinishi bilan ajralib turadi. Garchi kiyim shakllaridagi ayrim oʻzgarishlar keyingi davr mahsuli boʻlsa-da, ulardagi milliy oʻziga xoslik hayratlanarlidir.

Muallif turkiy xalqlarning taomlanish madaniyatiga alohida eʼtibor qaratadi. Unga koʻra, turkiylarning taomlanishdagi oʻziga xos jihati, taom va ichimliklarning nafisligi hamda saralanganligidir. Turkiy xalqlar isteʼmolda har bir narsaning eng goʻzal, foydali va pokizasini tanlashga intiladilar. Ularda dabdabali dasturxon tuzashga va nafis shirinliklarga nisbatan kuchli moyillik seziladi.

Isteʼmol qiladigan mahsulotlari roʻyxatidan maxsus parvarishlangan qoʻy goʻshti, sariyog‘ va murch bilan tayyorlangan palovlar, semirtirilgan tovuq, gʻoz va boshqa turli parrandalarning goʻshti oʻrin olgan boʻlib, ular asosan qovurish va bugʻlash usullarida tayyorlanadi. Shuningdek, kunning tonggi va kechki qismida turli sifatli sharbatlarni sof yoki aralashtirilgan holda ichish odat tusiga kirgan.

Muallif turkiy xalqlarning turmush tarzi va ijtimoiy farovonligini ularning yana bir muhim fazilati sifatida tavsiflaydi. Xususan, xonadonlardagi toʻkin-sochinlik, oilaviy hayotning barqarorligi hamda har bir shaxsning oʻz ijtimoiy mavqeiga mos ravishda xizmatkorlar, chorva va moddiyat bilan taʼminlangani alohida qayd etiladi.

Turkiy xalqlarning meʼmorchilik madaniyati oʻz davrining yuksak choʻqqisiga chiqqan boʻlib, amir va aslzodalarning naqshinkor qasrlari, tilla suvi yugurtirilgan muhtasham saroylari hashamat bobida turkiylar Misr va Shomda saltanat qurishdan oldingi hukmdorlar maskanlaridan ustun turadi.

Ulkan hududlarda davlatchilik madaniyatini shakllantirgan turkiy xalqlar ijtimoiy adolatga asoslangan nizam yaratishni oʻzlarining bosh maqsadi deb bildilar. Garchi tarixiy jarayonlarda chekinishlar boʻlgan boʻlsa-da, ular oʻrnatgan boshqaruv tizimi koʻp jihatdan xalqchil va adolatli ekani bilan ajralib turdi. Shu jihatdan turkiy xalqlarda davlatchilik tizimini oʻrganishda Abu Homid Maqdisiyning “Islomning ulugʻvor davlatlari va turkiy xalqlarning Misr diyoriga kelishidagi ilohiy hikmatlar” nomli asari beqiyos ahamiyatga ega manbadir. Muallifning shaxsiy hayotida arab ulamolari tomonidan duch kelgan adolatsizliklar va fitnalar uning tarixiy jarayonlarga xolis nazar tashlashiga, turkiy xalqlarning fazilatlarini arablar bilan qiyosiy tahlil qilishiga turtki boʻlgan.

Maqola va manba tahlilidan kelib chiqib, quyidagi muhim xulosalarni ilgari surish mumkin:

Birinchidan, asarda Maqdisiy turkiy xalqlarni yuksak maʼnaviyat va sof fitrat sohiblari sifatida tasvirlaydi. Ularning qalb pokligi, hasaddan yiroqligi, omonatga xiyonat qilmasliklari va ayniqsa, masʼuliyat hissi bilan yashashi jamiyatdagi ijtimoiy adolatning mustahkam poydevori boʻlib xizmat qilgan. Bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan ushbu axloqiy mezonlar turkiy xalqlarning davlat boshqaruvidagi muvaffaqiyatlarining bosh omili sifatida koʻrsatiladi.

Ikkinchidan, turkiylarning mintaqadagi boshqaruvi “Misrning tuzi” deb taʼriflanishi bejiz emas. Ular nafaqat tashqi xavf – moʻgʻullar bosqini va salbchilar yurishidan islom olamini himoya qildi, balki ichki tartibsizliklarga, qaroqchilik va boshboshdoqlikka chek qoʻydi. Xalq orasida “Turkning zulmi arabning adolatidan afzal” degan iboraning paydo boʻlishi, turkiylar oʻrnatgan qatʼiy nizom va huquqiy aniqlik koʻchmanchi qabilaviy boshqaruvdan koʻra inson huquqlari va xavfsizligini kafolatlashda samaraliroq boʻlganini koʻrsatadi.

Uchinchidan, asarda turkiy xalqlarning madaniy va jismoniy qiyofasiga berilgan taʼriflar ularning nafaqat maʼnaviy, balki moddiy tamaddun sohasida ham peshqadam boʻlganini koʻrsatadi. Meʼmorchilik, pazandalik va kiyinish madaniyatidagi nafislik, ayollarga boʻlgan yuksak ehtirom va ilm ahliga koʻrsatilgan kamtarlik turkiylarning oʻziga xos yuksak madaniyatini ifodalaydi.

Abu Homid Maqdisiyning ushbu asari bizga oʻzligimizni anglashda yangi fikrlarni beradi. Turkiy xalqlarning tarix sahnasidagi vazifasi faqat qilich bilan emas, balki adolat, omonatdorlik va ilmga boʻlgan cheksiz hurmat bilan yoʻgʻrilgani mazkur asarning bosh gʻoyasidir. Ushbu tarixiy haqiqatlarni oʻrganish va jamiyatga taqdim etish, bugungi kun kishilari uchun oʻz ajdodlarining boshqaruv mahorati va axloqiy qiyofasidan ibrat olishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Elyorbek TURDIMIRZAYEV,

OʻzR FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi

      Foydalanilgan manba va adabiyotlar

1.     Cahız. Türklerin faziletleri. İstanbul. 2017.

2.     Cüneyt Kanat. Tarihin medya ile imtihanı. İstanbul. 2021.

3.     Ibn Haldun. Mukaddime. İstanbul. 2022.

4.     Ibn Kasir. Al-Bidoya van-Nihoya. Al-juzʼus-sobe’ ashar. Giza.

5.     Ismoil Posho al-Bagʻdodiy. Hadiyyatul-orifin asmoʻul-muallifin osorul-musannifin. Al-mujalladus-soniy. Istambul. 1900.

6.     J. Azimqulov. Turklarni fazilatlari harb ishiga oid manba oʻlaroq // “Oʻzbekiston tarixi” jurnali. Toshkent. 2025 yil 3 soni.

7.     Muhibiddin Abu Homid al-Maqdisiy. Bazl an-nasoih ash-sharʼiyya fima ‘ala as-sulton va vulot al-umur va sair ar-raʼiyya. Ar-Riyod. 1996.

8.     Muhibiddin Abu Homid al-Maqdisiy. Duvalul-islomiyish-sharifatul-bahiyya va zikru ma zohara li min hikamillahil-xafiyya fi jalbi toifatul-atrok ila ad-diyaril-misriyya. Bayrut. 1997.

9.     R. Şeşen. İbn Hassûl’ün Tafdîl el-Etrâk alâ Sâir el-Ecnâd Adlı Risalesinin Tercümesi // İslâm Tetkikleri Enstitüsü Dergisi. İstanbul. 1975. Cilt VI. Sayı 1-2. S. 121.

10.  Ramazan Şeşen. Türk memlüklerin faziletleri. İstanbul. Yeditepe. 2019.

11.  Shamsuddin as-Saxoviy. Ad-Dav’ al-lome’ li-ahlil-qarnit-tose’. Al-juzʼus-sobe’. Bayrut. 1992.

12.  Şihabeddin b. Fazlullah Yel-Ömeri. Mesalikü’l Yebsar. İstanbul. 2014. S. 11.

13. U. Haarmann. Rather the injustice of the Turks than the righteousness of the Arabs // Studia Islamica. Paris. 1988. № 68.