Yoshligim olis ovullarda oʻtgan. Tepaliklar bagʻrida joylashgan, tumanlar orasida yashiringan, shu manzarada goʻyo toʻxtab qolgan bir jimjit maskan edi u. Qishloqning har kuni xoʻroz qichqiriqlari, qushlar sayrashi bilan boshlanardi.
Bizga yaqin qoʻshni – Marhamat opa boʻlardi. U kishi boshqalardan farqli, ozoda, mehnatsevar, eʼtiborli va shu bilan birga oʻqituvchi ham edi. Bolalarni bilimga oshno qilishda u kishideklar kamidi. Darsda ham, xonadonda ham bir xil – ishchan, intizomli va nazokatli ayol edi. Eri shaharda katta lavozimda ishlardi. Katta oʻgʻli universitetda, oʻrtanchasi va kenjasi esa maktabda eng aʼlochi oʻquvchilardan edi. Ular onalarining halol mehnati va orastaligi guvohligida kamol topishgandi.
Marhamat opa har kuni sahardan kiyim yuvardi. Chinor soyasidagi har bir harakati oʻtmishi dogʻlarini yuvib tashlayotgandek boʻlardi. Qishloq ayollari esa bu holga eʼtiroz bilan qarardilar: “Seshanba kuni kir yuvilmaydi”, deb irim qilishardi. Ular, goʻyo Marhamat opa bu irimni bilmaydi, deb kinoya qilardilar. Marhamat opa irim-sirimga berilmasdi, u ilm egasi edi. Tozalikni, mehnatni irimdan ustun qoʻyardi.
Hovlisini, farzandlarini, oʻzini hamisha ozoda tutar, har bir ishda namuna boʻlardi. Yodimda, u bolalari uyga biror eski, yomon holatdagi narsani – tersakmi, siniq ashyomi – olib kelsa, qattiq koyir edi. “Eski narsalarni uyga tashib yurmanglar, yangiga intilinglar,” derdi. Men esa oʻshanda hayron boʻlardim: “Eski boʻlsa-chi, hali ishlatsa boʻladi-ku”.
Yillar oʻtdi. Har bir oʻtgan yil, hayotda toʻqnash kelgan sinovlar menga tushuntirdiki, u farzandlarini shunchaki siniq tersakdan qaytarmagan. U ularni eski fikrlardan, toʻsqinchi qarashlardan uzoqlashtirib, yangilikka, yangi marralarga, katta maqsadlarga intiltirgan ekan. Eskiga andarmon boʻlib yurmaslikni, doimo yaxshilik va taraqqiyot sari qarashni oʻrgatgan ekan.
Hozir oʻylab qarasam, uning barcha harakati – tozalik, intizom, yangilikka intilish – farzandlari uchun hayot maktabi boʻlgan. Oq koʻylakni oq qilib yuvishi, har bir mehnati orqasida tarbiya va falsafa bor ekan.
Har bahor ostonasida qishlogʻimizda sumalak tayyorlash odat edi. Bu ishning boshida albatta Marhamat opa turardi. Har kimni chaqirib, har xonadondan bir hovuch tabassum, bir quti un yigʻib, katta qozon atrofida yuraklarni birlashtirardi. Olamga sumalakning xushboʻy hidi emas, birlik, mehr, muhabbat taralardi goʻyo.
U kishi oilasi bilan shaharga koʻchib ketganidan keyin qishlogʻimizda sumalak ham qaynamay qoʻydi. Qozon tagida olov yonib tursa-da, oldidagi doʻstona davralarda Marhamat opaning iliq soʻzlari yetishmay qoldi.
Endilikda anglayman: ayol kishining goʻzalligi faqat yuz-koʻzida emas, balki uning qoʻlidagi mehnatida, xonadondagi farogʻatda, farzandlarining yuksak orzularida namoyon boʻlar ekan. Marhamat opa esa ana shu goʻzallikni qishloqning har bir moʻtabar tonglarida, aytgan tarbiyali soʻzlarida zeb qilib yashagan ekan. Bugun men Marhamat opani fikrat bilan emas, qalb bilan yodga olaman – u ayol emas, u hayotning oʻzi edi.
Marhamat opaning qilichdek tartibi, oʻsha olis bahorlar va qishloq manzarasi mudom bolalik oʻylarim boʻlib qolaveradi.
Elbek SHOYIMOV