Tarix fani shaxsiyat fenomenini tadqiq etishda, asosan, shaxsning otasi mansub boʻlgan sulolaviy chiziqqa eʼtibor qaratadi. Biroq buyuk davlat arboblari, hukmdorlar va mutafakkirlarning genofondi, tarbiyasi hamda ijtimoiy-siyosiy legitimligi koʻp hollarda ularning ona ajdodlari salohiyati bilan ham belgilanadi. Ana shunday shaxslardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur (1483–1530)dir. U buyuk Boburiylar saltanatining asoschisi, yirik davlat arbobi va sarkarda, jahon adabiyoti va ilm-fani xazinasini oʻzining qimmatli “Boburnoma” asari bilan boyitgan buyuk mutafakkirdir.

Tarixshunoslikda Boburning ota shajarasi, yaʼni Temuriylar sulolasiga mansubligi va Amir Temurning uchinchi oʻgʻli Mironshoh Mirzo avlodi ekanligi batafsil tadqiq etilgan. Biroq uning shaxsiyati, harbiy taktikasi, tadbirkorligi va insonparvar dunyoqarashining shakllanishida ona ajdodlarining – Chingizxon avlodiga mansub Chigʻatoy ulusi xonlarining roli ham muhim ahamiyatga ega.

Boburning ona tomondan ajdodlari Movarounnahr va Moʻgʻulistonning etnosiyosiy maydonida bir necha asrlar davomida hukmronlik qilgan siyosiy elita vakillari edi. Quyida Boburning ona ajdodlari shajarasi, ularning Movarounnahr va Moʻgʻuliston tarixidagi oʻrni, ona tomondan bobosi Yunusxon va buvisi Eson Davlat begimning uning hayotidagi muhim roli, shuningdek, bu merosning Bobur shaxsiyatiga koʻrsatgan taʼsiri yozma manbalar, xususan, “Boburnoma” va Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarlari asosida tahlil qilinadi.

Maʼlumki, Sharqiy va Markaziy Osiyoning siyosiy-huquqiy anʼanalariga koʻra, Chingizxon avlodidan boʻlgan shaxslargina eng oliy siyosiy unvon – “xon” unvoniga daʼvogarlik qila olgan. Temuriylar esa qanchalik qudratli boʻlmasin, “amir” yoki “mirzo” unvonlari bilan cheklanib, oʻz hokimiyatlarini qonuniylashtirish uchun taxtga Chingiziy xonlarni, jumladan, Suyurgʻatmishxon va Mahmud Sultonxonni oʻtqazishga majbur boʻlganlar.

Zahiriddin Muhammad Bobur esa onasi Qutlug‘ Nigor xonim orqali ana shu Chingiziy-Chigʻatoy sulolaviy merosiga voris boʻlgan edi. Uning ona tomondan shajaraviy ketma-ketligi quyidagicha:

Chingizxon – umumimperiya asoschisi, koʻchmanchi koʻp qabilali imperiyani birlashtirgan buyuk qoon;

Chigʻatoyxon – Chingizxonning ikkinchi oʻgʻli, otasidan Movarounnahr, Yettisuv va Tarim havzasini qamrab olgan ulkan hududlarni meros qilib olgan asoschi xon;

Mutekin – Chigʻatoyxonning sevikli oʻgʻli boʻlib, u Bomiyan qamalida yosh vaqtida halok boʻlgan. Biroq uning avlodlari Chigʻatoy ulusining keyingi aksariyat xonlarini tashkil etadi;

Yesun Duva – Mutekinning oʻgʻli, Gʻarbiy yurishlarda faol ishtirok etgan jangovar shahzoda. 1251-yilgi Munka qoonga qarshi uyushtirilgan fitnada koʻplab Chigʻatoy va Oʻqtoy shahzodalari bilan birga ayblanib, qatl etilgan;

Baroqxon – Chigʻatoy ulusining mustaqilligi va qudratini tiklagan, Xubilayxon va Elxoniylar bilan shiddatli urushlar olib borgan yirik islohotchi xon. U 1266–1271-yillarda Chigʻatoy ulusini boshqargan;

Duvaxon – ulus tarixidagi eng qudratli hukmdorlardan biri, davlatning maʼmuriy va iqtisodiy barqarorligini taʼminlagan, Qaydu vafotidan soʻng butun Markaziy Osiyo geosiyosatini boshqargan hukmdor (1277–1307). Uning hokimiyatining soʻnggi yillarida (1306) ulus toʻla mustaqillikka erishadi;

Emil Xoʻja – Duvaxonning mazkur davr siyosiy jarayonlarida tilga olinmagan oʻgʻli. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari va muallifi nomaʼlum “Muizz al-ansob”da Duvaning koʻp sonli oʻgʻillari qatorida Emil Xoja nomi eslatilib, u Tugʻluq Temurning otasi ekani aytilgan. Uning bu davr siyosiy jarayonlarida tilga olinmaginga sabab, Emil Xoʻja otasi Duvaxon vafot etganda, juda yosh boʻlgan;

Tugʻluq Temurxon – XIV asr oʻrtalarida Chigʻatoy ulusi parchalanganda uning sharqiy qismida mustaqil Moʻgʻuliston davlatiga asos solgan qudratli hukmdor. U Movarounnahrga ikki marta yurish qilib, yosh Amir Temurni oʻz xizmatiga qabul qilgan edi;

Xizr Xojaxon – Tugʻluq Temurxonning oʻgʻli, Amir Temur bilan murakkab diplomatik aloqalar olib borgan va qizini unga turmushga bergan Moʻgʻuliston xoni;

Muhammadxon – Moʻgʻulistonda islom dinining yanada mustahkamlanishini, qonun ustuvorligini taʼminlagan hukmdor;

Sheralixon – siyosiy nizolar davrida xonlik nufuzini saqlashga harakat qilgan shaxs;

Vaysxon (Sulton Vaysxon) – Sirdaryo va Yettisuv boʻylarida koʻchmanchi qabilalarni birlashtirish yoʻlida halok boʻlgan xon;

Yunusxon – Boburning ona tomondan bobosi, Sheroz shahrida 12 yil tahsil olgan, oʻz davrining eng maʼrifatli va madaniyatli Chingiziylari yetakchisi;

Qutlug‘ Nigor xonim – Yunusxonning oʻrtancha qizi, yuksak maʼrifatli, oʻqimishli malika, Umarshayx mirzoning vafodor ayoli va Boburning onasi.

Boburning ona ajdodlari shajaraviy silsilasini batafsil yoritish uchun ular hukmronlik qilgan Chigʻatoy ulusi va keyinchalik undan ajralib chiqqan Moʻgʻuliston davlatining etnosiyosiy tarixini tahlil qilish lozim. Chingizxon imperiyani oʻgʻillari oʻrtasida taqsimlaganda, Chigʻatoy ulusiga markaziy daryolar oraligʻi – Movarounnahr va unga tutash dashtlar beriladi. Dastlabki oʻn yilliklarda bu ulus oliy qoonlik – Qoraqurum nazorati ostida boʻlgan boʻlsa, Baroqxonning oʻgʻli Duvaxon hokimiyatining soʻnggi yillariga kelib, u toʻla mustaqil davlatga aylanadi. Duvaxon Movarounnahr shaharlari, xususan, Buxoro, Samarqand, Andijonda pul va iqtisodiy islohotlarni oʻtkazadi, koʻchmanchi tabaqalarning shahar aholisini talashini taqiqlaydi. Uning davrida Chigʻatoy moʻgʻullari mahalliy turkiy aholi va oʻtroq musulmon madaniyati bilan birinchi marta uygʻunlashuv bosqichiga qadam qoʻyadi.

XIV asrning 40-yillarida Chigʻatoy ulusi ichki ijtimoiy-xoʻjalik qarama-qarshiliklari sababli ikki qismga boʻlinib ketadi. Bular, g‘arbiy qism – Movarounnahr va sharqiy qism Yettisuv va Qoshgʻar. Movarounnahrda oʻtroq hayot, islom va shahar madaniyati ustun boʻlib, keyinchalik bu zaminda qudratli Amir Temur saltanati tashkil topdi. Sharqiy qism tarixiy manbalarda Moʻgʻuliston deb ataladi. Moʻgʻuliston aholisi oʻzlarining qabilaviy-chorvachilik qadriyatlarini qatʼiy saqlab qolgan, jangovar xalq edi. Boburning ona tomondan bobosi boʻlgan Tugʻluq Temurxon (1329–1363) Moʻgʻuliston taxtiga oʻtirgach, butun sharqiy Chigʻatoy ulusi qabilalarini yagona bayroq ostida birlashtiradi. U davlat dini sifatida islomni rasman qabul qiladi, bu esa dasht koʻchmanchilarining maʼnaviy-psixologik qiyofasini tubdan oʻzgartirib yuboradi. Tugʻluq Temurxon Movarounnahrda boshlangan oʻzaro ichki nizolardan unumli foydalanib, 1360 va 1361-yillarda bu yerga muvaffaqiyatli harbiy yurishlar uyushtiradi. Yosh Temurbek aynan mana shu Tugʻluq Temurxonning huzuriga kelib, uning ishonchini qozongan va Kesh viloyati dorugʻaligini qonuniy qoʻlga kiritgan edi.

Boburning shaxsiyatida sarkardalik, adiblik, shoirlik va olimlik salohiyatining yuksakligi uning ona tomondan bobosi – Moʻgʻuliston xoni Yunusxon (1416–1487) shaxsiyati bilan bevosita bogʻliq. Yunusxon yoshlik yillarida Moʻgʻulistonda taxt uchun boshlangan oʻzaro qonli urushlar va fitnalar sababli Movarounnahrga, ulug‘ temuriy olim Mirzo Ulugʻbek yoniga qochib keladi. Mirzo Ulugʻbek yosh Chingiziy shahzodadagi oʻtkir zehn va salohiyatni koʻrib, uni otasi, buyuk hukmdor Shohruh mirzo saroyi Xurosonga yuboradi. Shohruh mirzo uni oʻsha davr islom olamining eng yirik ilmiy va madaniy markazi hisoblangan Sheroz shahriga oʻqish va tarbiya olish uchun joʻnatadi. Yunusxon Sherozda uzluksiz 12 yil davomida oʻz davrining eng buyuk mutafakkiri, allomasi, mashhur “Zafarnoma” asarining muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy qoʻlida tahsil oladi. Bu uzoq yillik ilmiy tayyorgarlik jarayonida arab va fors tillarini ilmiy-badiiy darajada mukammal oʻrganadi; islom falsafasi, kalom ilmi, mantiq, tibbiyot va astronomiyani chuqur oʻzlashtiradi; sharq musiqashunosligi, maqomlar va turli cholgʻu asboblari, xususan, tanbur, chang chalish sirlarini mukammal egalladi; nafis nastaʼliq xatida benazir ijod qiluvchi miriy xattot darajasiga koʻtarildi.

1456-yilda temuriy hukmdor Abu Said mirzo (Boburning ota tomondan bobosi) Moʻgʻulistondagi ichki vaziyatni nazorat qilish va oʻz chegaralari xavfsizligini taʼminlash maqsadida Yunusxonni chaqirtirib, unga qoʻshin beradi va Moʻgʻuliston taxtiga xon qilib joʻnatadi. Biroq uzoq yillar shahar madaniyatida, ipak kiyimlar va ilmiy suhbatlarda voyaga yetgan “Shahriy” xonni Moʻgʻulistonning qum va dasht bagʻridagi koʻchmanchi, jangovar qabilalari dastlab qabul qilishni xohlamadilar. Ular Yunusxonni kamsitib, unga nisbatan “u bizning anʼanaviy dasht qonunlarimizni (“Yasa”ni) unutgan, shahar madaniyatiga singib ketgan olim” degan ayblovlarni qoʻyadilar. Yunusxonning yuksak diplomatik iqtidori, sabr-toqati va harbiy strategiyasi bilan barcha isyonkor qabilalarni boʻysundirishga muvaffaq boʻldi. U dasht ahli oʻrtasida madaniyatni, kitobxonlikni, islomiy halollikni targʻib qiladi. U oʻz qarorgohini dasht oʻrtasida qurmay, Sirdaryo boʻyidagi Xoʻjand va Toshkent vohalariga yaqinlashtirib, anʼanaviy Moʻgʻuliston poydevorini oʻtroqlashuvga buradi va 74 yil umr koʻrib, 1487-yilda kasallikdan vafot etadi. Keyinchalik, uning oʻgʻli Sulton Ahmadxon (Olachaxon) otasi sharafiga Toshkentda Yunusxon maqbarasini barpo qiladi.

Muallif “Boburnoma”da bobosi Yunusxonning madaniy qiyofasini gʻurur va ehtirom bilan shunday tasvirlaydi: “Yunusxonki, mening ona tomondan bobom boʻlur, Chigʻatoyxon naslidandir... Ul asr xonlari ichida uningdek maʼrifatli va madaniyatli kishi yoʻq edi. Forsiy sheʼr aytur edi, musiqashunoslikda benazir erdi, nastaʼliq xatini xush yozur edi... Koʻchmanchi millat ichida uningdek shahriy (shahar madaniyatiga ega) inson kam topilur erdi”. Yunusxon oʻzining qizlarini nufuzli temuriy shahzodalarga (jumladan, Fargʻona hukmdori Umarshayx mirzoga) turmushga berish orqali Temuriylarning oʻtroq salohiyati bilan Chigʻatoy xonlarining harbiy-legitim nufuzini uzviy bogʻlaydi. Qutlug‘ Nigor xonimning opasi, Boburning xolasi Mehr Nigor xonim ham Temuriy shahzodalardan Sulton Mahmud mirzoga uzatilgan boʻlib, u oʻzining boy tajribasi va qarindoshlik aloqalari bilan Boburning jipslashuv yillarida katta diplomatik yordam koʻrsatgan malika hisoblanadi. Boburning kichik xolasi, Xub Nigor xonim Moʻgʻulistondagi yirik qabila – dugʻlotlarning mashhur amirlaridan Muhammad Husayn dugʻlotga turmushga berilgan boʻlib, bu nikohdan “Tarixi Rashidiy” asari mualifi Mirzo Muhammad Haydar tugʻilgan edi.

Bobur 12 yoshida Fargʻona taxtiga oʻtirgan eng ogʻir, murakkab, xiyonat va saroy fitnalariga toʻla davrda uning yonida togʻdek mustahkam turib, unga davlatchilik sirlarini oʻrgatgan buyuk siymo – uning ona tomondan buvisi, Yunusxonning oqila va jasoratli ayoli Eson Davlat begim (vafoti 1505-yil) edi. Eson Davlat begim dashtlik moʻgʻul qabilalarining eng qudratli va nufuzli qabilalaridan biri boʻlgan kunchi (kunji) amirlari oilasidan chiqqan edi. U tabiatan juda irodali, siyosiy nayranlarni oldindan koʻra biladigan, oʻz qarorlarida qatʼiy va qattiqqoʻl tadbirkor boʻlgan. Uning uzoqni koʻruvchi tadbirlari ortidan Bobur bir necha bor muqarrar halokatlardan qutulib qoladi. Jumladan, Hasan Yoqub bilan bogʻliq fitnadan. Maʼlumki, 1494-yilda Boburning otasi Umarshayx mirzo Axsida kabutarxonadan qulab kutilmaganda fojiali vafot etgach, Andijon taxti va 12 yoshli valiahd xavf ostida qoldi. Saroyning eng yirik va nufuzli amirlaridan biri – Hasan Yoqub yosh Boburni qoʻgʻirchoq hukmdor qilib, amalda hokimiyatni oʻz qoʻliga olmoqchi, keyinchalik esa uni taxtdan agʻdarib, oʻrniga ukasi Jahongir mirzoni oʻtqazmoqchi boʻladi. Eson Davlat begim oʻzining shaxsiy aygʻoqchilar toʻplagan axboroti orqali mazkur fitnani fosh etadi. U yosh Boburni vahimaga tushishdan asrab, saroydagi sadoqatli beklar va barlos navkarlarini maxfiy safarbar qiladi. Bir kechaning ichida Hasan Yoqub va uning tarafdorlari Andijon arki ichida qurshovga olinib, zararsizlantiriladi va mamlakatdan badargʻa qilinadi. Bu yosh Boburning taxtda qolishini taʼminlagan birinchi yirik gʻalaba edi.

Bobur “Boburnoma” asarida buvisining aql-zakovati, irodasi va uning taqdirdagi roli haqida toʻxtalib, unga jahon tarixshunosligidagi eng oliy ayol siymosi sifatida shunday baho beradi: “Mening dastlabki hukmdorlik yillarimda Eson Davlat begimning xizmati beqiyosdir. Kamol aql va tadbir egasi edi. Koʻp ishlarni uning maslahati bilan qilur edim. Uning tadbiri va jasorati tufayli koʻp balolardan omon qoldim, taxtimni saqlab qoldim”. Eson Davlat begim Boburning eng ogʻir magʻlubiyatlari davrida – Samarqand va Andijon qoʻldan ketib, Bobur kam sonli navkarlar bilan togʻlarda, sovuqda sargardon boʻlib yurgan paytlarda ham uning yonida boʻladi. U moʻgʻul qabilalarining eng ishonchli otliq boʻlinmalarini Boburga yordamga jalb etib, uning qoʻshinini muntazam qayta tiklab turadi.

Onasi Qutlug‘ Nigor xonim va togʻalari Mahmud Sulton va Ahmad Sulton Boburning Markaziy Osiyodagi etnosiyosiy kurashlar qurshovidan chiqib, xalqaro miqyosdagi hukmdor darajasiga koʻtarilishida maʼlum rol oʻynaydilar. Xususan, Qutlug‘ Nigor xonim otasi Yunusxondan oʻtgan yuksak ilmiy-adabiy fazilatlarga ega edi. U adabiyotni, sheʼriyatni chuqur tushunar, davlat boshqaruvi va diplomatiya qonuniyatlaridan xabardor edi. Oila boshiga tushgan eng ogʻir yillarda ham u farzandining tarbiyasini, uning adabiy savodxonligini toʻxtatmasdan davom ettiradi. Boburning turkiy (chigʻatoy) til va grammatikasini mukammal bilishi, nafis sheʼriy uslubini shakllantirishida onasining oʻrni beqiyosdir. Shuningdek, Qutlug‘ Nigor xonim Bobur bilan birga tog‘-toshlardagi qiyinchiliklarni, ochlik va sargardonliklarni birga bosib oʻtadi va 1505-yilda Qobul shahrida vafot etadi.

Yunusxon vafot etgach, Moʻgʻuliston taxti va Sirdaryo boʻyi viloyatlari Boburning ikki togʻasi oʻrtasida taqsimlanadi. Sulton Mahmudxon (Kichik xon)ga Toshkent, Sirdaryo va Shohruxiya viloyatlari berilib, u mazkur hududlarning hukmdoriga aylanadi. Ulug‘ xon deb yuritiluvchi Sulton Ahmadxon (Olachaxon) esa Yettisuv va Sharqiy Moʻgʻuliston dashtlari yetakchisi boʻlib qoladi. Bobur Fargʻona va Samarqand uchun kurashlarda magʻlub boʻlib, chorasiz qolgan yillarida (1501–1502 yillar) Toshkentga, togʻasi Sulton Mahmudxon huzuriga panoh izlab keladi. “Boburnoma”da Boburning Toshkentdagi kambagʻallik, chorasizlik va ruhiy tushkunlik davrlari juda hayotiy tasvirlangan.

Togʻalari yosh jiyanining harbiy salohiyatidan oʻzlarining Dashti Qipchoqdan kelayotgan qudratli dushman – Muhammad Shayboniyxonga qarshi kurashda foydalanishga harakat qiladilar. Biroq 1503-yilda sodir boʻlgan mashhur Axsikent jangida Shayboniyxon oʻzining toʻlgʻama harbiy taktikasi bilan birlashgan Temuriy-Chingiziy (Bobur va uning moʻgʻul togʻalari) qoʻshinini tor-mor etadi. Boburning har ikki togʻasi Shayboniyxon tomonidan asir olinib, keyinroq qatl etiladi. Mazkur fojiali magʻlubiyat Boburning ona tomondan boʻlgan harbiy va siyosiy bazasi – Moʻgʻuliston koʻmagini yoʻqqa chiqaradi. Ammo aynan mana shu tarixiy bosqich Bobur taqdirida buyuk burilish nuqtasi ham boʻladi: u Movarounnahr ichidagi samarasiz kurashdan chiqib, janubga – Qobulga, soʻngra esa Hindistonga qarab yurish qilish strategiyasini qabul qiladi.

Zahiriddin Muhammad Boburning xarakteri va harbiy sanʼatida uning Chigʻatoy-moʻgʻul ajdodlariga xos boʻlgan xususiyatlar yorqin namoyon boʻlgan. U faoliyati davomida Temuriylarga xos boʻlgan ogʻir, mudofaa istehkomlariga tayanuvchi urush uslubi bilangina cheklanmaydi. U oʻz onasi va togʻalari muhitidan Chigʻatoy koʻchmanchilarining eng ilgʻor harbiy xususiyatlarini ham oʻrganadi. Jumladan, qoʻshinni qisqa fursatda uzoq masofalarga charchatmay koʻchirish sirlari, ot ustida ketayotganda ham dushmanga aniq kamon oʻq uzish mahorati, Chingizxon davridan buyon qoʻllanilib kelinayotgan, dushmanni aldab orqaga chekinish va pistirmada qamrash kabilar. Aynan mana shu Chigʻatoycha dasht harbiy taktikalarini Temuriylarning maʼrifatli intizomi va Hindistonda birinchi marta qoʻllanilgan oʻtsochar qurollar (tup-toʻfang) hamda arabcha “Araba” taktikasi bilan birlashtirganligi sababli Bobur 1526-yilda Panipat jangida va 1527-yilda Xanva jangida oʻzidan bir necha barobar koʻp boʻlgan qoʻshinni tor-mor etadi va Buyuk Boburiylar saltanatini barpo etadi.

Onasi tomondan Chingiziy qoniga mansubligi Boburga har qanday ogʻir sharoitda ham tushkunlikka tushmay, oʻzini Yevrosiyoning taxtlariga qonuniy haqli boʻlgan qudratli hukmdor deb hisoblashiga ruhiy jihatdan zamin yaratadi. Shu bilan birga, bobosi Yunusxon koʻrgan Sheroz madaniy muhitidagi tarbiya uning tabiatiga yuksak insonparvarlik, bagʻrikenglik, sanʼat va tabiat goʻzalliklaridan zavqlanish xislatlarini singdiradi. U oʻzi bosib olgan oʻlkalardagi rang-barang xalqlar, tillar va dinlar vakillariga nisbatan hech qachon shafqatsiz yondashmaydi, aksincha ularning madaniyatlarini birlashtiruvchi vosita vazifasini bajaradi.

Xullas, Zahiriddin Muhammad Boburning ota ajdodlari kabi ona ajdodlari shajarasi va ularning tarixiy sulolaviy tarmogʻini tadqiq etish muhim ahamiyatga ega. Manbalar tili bilan aytganda, Bobur “Karim ut-tarafayn” – har ikki tomonlama oliynasab shaxs boʻlib, Markaziy Osiyo tarixidagi eng yirik ikki sulolaviy genofond – Temuriylarning oʻtroq, mukammal, maʼmuriy-madaniy salohiyati bilan Chingiziylarning shiddatli, legitim, harbiy-strategik qudratining oliy va betakror uygʻunligi edi. U bobosi Yunusxon orqali buyuk alloma Sharafiddin Ali Yazdiy va Sheroz ilmiy maktabining maʼrifiy merosxoʻriga aylandi.

Sevinch ULASHOVA,

tarix fanlari doktori, dotsent