Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti hamkorligida “Maromiylik” umummilliy harakati: konsept, amaliyot va targʻibot texnologiyalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Konferensiyada davlat idoralari rahbarlari, oliy taʼlim muassasalari rahbariyati, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar, olimlar, tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur loyiha Oʻzbekiston–2030 strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, jamiyatda meʼyor, masʼuliyat va muvozanatga asoslangan hayot madaniyatini qaror toptirish, tejamkorlikni ommalashtirish hamda isrofgarchilik va dabdababozlikka qarshi zamonaviy maʼrifiy yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Taʼkidlash joiz, “Maromiylik” – cheklash emas, ongli tanlov madaniyati boʻlib, bu harakatning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:
jamiyatda meʼyorni qadriyat darajasiga koʻtarish;
resurslardan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish;
moliyaviy masʼuliyatni kuchaytirish;
isrofgarchilik va dabdababozlikning oldini olish;
yoshlarda ongli isteʼmol va masʼuliyatli turmush tarzini qaror toptirish.
Loyihaning 1-bosqichida Respublika boʻylab 14 ta hududda seminar-treninglar tashkil etilib, unda 204 ta oliy taʼlim muassasasi qamrab olindi. Unda qariyb 2 ming nafar professor-oʻqituvchi, mutaxassis va talabalar ishtirok etdi. Shuningdek, mamlakat oliy taʼlim tizimida soʻnggi yillardagi eng yirik mavzuli sosiologik tadqiqotlardan biri amalga oshirildi. Tadqiqotda 58 068 nafar talaba, professor-oʻqituvchi va xodim ishtirok etib, toʻy madaniyati, iqtisodiy omillar, ijtimoiy bosim va maromiylik qadriyatlari boʻyicha fikrlari oʻrganildi.
Natijalar jamiyatda ixcham va mazmunli marosimlarga qiziqish ortib borayotganini, yoshlar ongli isteʼmol va masʼuliyatli hayot tarziga intilayotganini koʻrsatdi. Ayni vaqtda, "odamlar nima deydi?" degan ijtimoiy bosim ayrim qarorlarga hali ham taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi.