Bugun jamiyatda ogʻriqli masalalardan biri - ortiqcha isrofgarchilik, dabdababozlik, shuhratparastlik va meʼyorni saqlamaslik kabi salbiy holatlar. Aniqrogʻi, oilaviy tadbirlar, toʻy va marosimlarning haddan tashqari dabdabali oʻtkazilishi aholining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazib, milliy qadriyatlarimizga zid kayfiyatlarning shakllanishiga sabab boʻlmoqda. Ayni muammolarning oldini olish, jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni mustahkamlash maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamkorligida jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgandi. Unga koʻra, targʻibot ishlarida dolzarb 90 kunlik belgilab olingandi. Shundan kelib chiqib hududlarda “Maromiylik” loyihasi doirasida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari boʻlib oʻtmoqda. Mahalla faollari, faol yoshlar vakillari, nuroniylar va maʼnaviy-maʼrifiy sohaga masʼullar ishtirokida yalpi majlis hamda oʻquv treninglari tashkil qilinmoqda. Ana shunday tadbirlarning navbatdagi manzili – Qashqadaryo viloyati.
Qarshi shahridagi Maʼnaviyat maskanida boʻlib oʻtgan yalpi yigʻilishda soʻz olganlar jamiyatda aynan maromiylik madaniyatini keng targʻib etish orqali fuqarolarda meʼyorni saqlash, ortiqcha isrofgarchilikdan tiyilish, shukronalik va bagʻrikenglik kabi yuksak insoniy fazilatlarni hayot mezoniga aylantirish, natijada jamiyatda totuvlik, hamjihatlik va maʼnaviy barqarorlikni taʼminlashga erishish mumkinligini taʼkidlashdi.
Loyiha doirasida kun davomida “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusidagi seminar-trening oʻtkaziladi.