Birinchi saboq: eʼtirof

1980-yillarning boshi. Yozuvchilar uyushmasi nafaqat adib-shoirlar, balki butun millat ziyolilarining xalq va vatan dardida fikr almashish, bahs-munozarada toblanish oʻchogʻi, har jihatdan poymol etilgan elga mustamlakadan qutulish haqidagi ilk daʼvatlarni hayqirish minbariga aylangan yillar. Har bahorda navbati bilan oʻtgan yilgi sheʼriyat, nasr, dramaturgiya, bolalar adabiyoti, adabiyotshunoslik, hatto tarjima yoʻnalishlarida eʼlon qilingan asarlar, amalga oshirilgan ijodiy ishlar muhokamasi uyushtiriladi. Biz – ToshDUning oʻzbek filologiyasi, jurnalistika fakulteti talabalari, darslardan “qochib” boʻlsa-da, bu “darslar”ga shoshamiz, Pushkin koʻchasi 1-uyning ikkinchi qavatidagi zaldan joy olib qolishga urinamiz. Chunki, aytilganidek, bu yerdagi gaplarni boshqa joyda eshitish, darsliklardan oʻqish imkoni yoʻq...

Ana shunday yigʻinlarning navbatdagisi – nasriy asarlar muhokamasida mening yonimdagi stulga oq-sariqdan kelgan, yuzlarini bilinar-bilinmas sepkil bosgan, engil-boshi, koʻrinishidan viloyatdan ekani bilinib turgan bir yigit kelib oʻtirdi.

Asosiy maʼruza – oʻtgan yili kitob shaklida eʼlon qilingan, gazeta-jurnallarda chop etilgan hikoya, qissa, romanlar tahlili yakunlangach, murosasiz muhokamalar boshlandi. Orada soʻz olgan otaxon adib Said Ahmad aka bir-ikki qiziq gaplar bilan yigʻilganlarni oʻziga qaratib olgach, chiqishidan koʻzlagan muddaosiga oʻtdi:

– Endi, birodarlar, bitta savol: shu toʻplanganlarning orasida Togʻay Murod degan bola bormi?

Hamma atrofga alanglab qarayotgan bir pallada mening yonimda oʻtirgan boyagi yigit iymanibgina oʻrnidan turdi va oʻng qoʻlini yarim koʻtarib, eshitilar-eshitilmas:

– Men, domla, – deya ovoz berdi.

Said Ahmad akaning burishqoq yuzi yorishib, ustozi Abdulla Qodiriy iborasi bilan aytganda, qulogʻi bilan qoshiq solishar darajadagi katta ogʻzida tabassum mavjlandi:

– E-e, bormisan, uka! Otangga rahmat seni! Hoʻv, bollar, bilib qoʻylaring, Xudo xohlasa, mana shu bola oʻzbekning katta yozuvchisi boʻladi! Men bu gapni osmondan olib aytayotganim yoʻq. Oʻqigan boʻlsalaring, oʻtgan yilgi “Yoshlik”da shu bolaning “Ot kishnagan oqshom” degan qissasi bosildi. Shaxsan men mazza qilib oʻqidim. Qissaning boshqa yutuqlarini aytmay qoʻya qolay-da, bittagina epizodini oʻqib beray, mana (adib qoʻlidagi jurnalning kerakli sahifasini ochib oʻqiy boshladi):

“Birodarlar, yosh bolaga ish buyur-u, izidan oʻzing yugur degani haqqast chin boʻldi!

Qaynimiz nima qilibdi deng? Qaynimiz uyimiz oldidan oqadigan ariqqa kelib, Tarlonni suvga qoʻyibdi. Gʻarq terga botib turgan Tarlon toʻyib-toʻyib suv ichibdi. Keyin Tarlonni otxonaga olib kirib bogʻlab qoʻyibdi...

Ertalab Tarlonni yetaklab chiqdim. Aylantirib qaradim. Qorin etlari dir-dir uchdi, pir-pir uchdi!

Birodarlar, otga suv tushsa ana shunday boʻladi! Tarlonga suv tushibdi!

Ay, qaynim-ye, ay, kalla-ye! Endi senga nima deyin? Ot gʻarq terga botsa, suv ichirib otxonaga bogʻlab boʻlmaydi deyinmi? Mabodo ichirsa, xiyla yoʻl yurish lozim boʻladi, boʻlmasa otga suv tushadi deyinmi? Keyin ot koʻpkariga yaramay qoladi deyinmi? Maktabda komsomollar kattasi boʻlasan-da, shuni-da bilmaysanmi deyinmi? Bitta-da toʻrti yoʻq aʼlochi Qodirov Qoraqul boʻlaturib, shunga-da farosating yetmadimi deyinmi? Omon surnaychining qizi bilan partaning ostidan xat olishib-xat berishib turishga yetgan aqling shunga yetmay qoldimi deyinmi? Mendayin bir kal boʻlsang ekan, aqli sochi bilan qoʻshilib toʻkilib ketgan desam deyinmi? Kallang toʻla jun boʻlsa deyinmi?

Demayin, demayin! Qayniga ilkis gapirib boʻladimi?..

Opasi bizda!”.

Qissadan parchani jon qulogʻi ila tinglayotgan aksariyat “qoyil” maʼnosida boshini tebratib, bir-biriga qosh uchirib qoʻyar ekan, Said Ahmad aka qoʻlidagi jurnalni yopib, ularga yuzlandi:

– Mana, birodarlar, chinakam milliylik. Mana, milliy adabiyot, milliy til, milliy obraz va xarakter deganlari qanaqa boʻlishi kerak! Yana bir marta otangga rahmat, oʻgʻlim. Hech yoqqa ogʻishmay, shunaqa yozishda davom et!..

Ikkinchi saboq: eʼtiroz

Yozuvchi Murod Muhammad Doʻst “Oʻzbekkino”ga yangi rahbar etib tayinlangan dastlabki oylar. Oʻsha paytgacha doim oshigʻi olchi turgan, har yili kamida bittadan katta kinoloyihaga egalik qilib oʻrganib qolgan, aksariyati soch-soqolini oʻstirib, boshiga kepka kiyib yuradigan kinorejissyorlar yangi rahbar ustidan mamlakat kattalariga ketma-ket ariza yozishdan charchashmaydi: “Muhammad Doʻst bizga film bermayapti” mazmunida.

Xizmat taqozosi ila Murod aka bilan gaplashgani ishxonasiga boramiz. Oʻzi oʻtiradigan stoli balandgina, keluvchilar oʻrtasidagi stol esa (jurnal stoliga oʻxshash) pastgina qilib yasatilgan xonada yozuvchi-rahbar bilan suhbat boshlanadi. Kelishdan maqsadimizni eshitib oʻtirgan Murod aka oʻng qoʻl tomonida turgan, qip-qizil baxmal bilan oʻralgan ajabtovur qutini ochib, uning ichidan oʻtdoni qimmatbaho yogʻochdan, mushtugi tillarang metalldan yasalgan trubkani chiqaradi. Keyin qutining ichiga chiroyli qilib joylangan oʻsha rangdagi baxmal qopchaning burama bogʻichini yechib, undan uchta barmogʻida siqib tamaki oladi va hafsala bilan, toʻkmasdan trubkaga joylaydi. Marosim oxirida shu ishlar uchun maxsus yasalgan yirik gugurtni chaqib, trubkani oʻt oldiradi va dastlabki tortimni ovozsiz puflab chiqaradi. Xonani Kubaning xushboʻy tamakisi hidi tutadi. Bizning savol nazari bilan qarashimizga javoban esa shunchaki, arzimas gapdek qilib aytadi: “Ha-a, “yangi oʻzbeklar”ning sovgʻasi...”.

Keyin asosiy masalaga oʻtadi:

– Joʻralar, men baribir bu “красный кхмерлар”ga film bermayman (yodingizda boʻlsa, 1970-yillarda zoʻrlik evaziga Kambodja (Kampuchiya) davlati tepasiga kelgan kommunistlar shunday atalar, ular oʻzlariga boʻysunmagan millatdoshlariga qoʻshib milliy ruhni ham qatli om qilishgan edi. Murod aka shularga ishora qilayotgandi! – R.Q.).

Hammasi bolaligidan oʻzbekchaga yot muhitda oʻsishgan. Moskovda oʻqib, oʻzlaricha zamonaviy kinorejissyor rutbasiga ega chiqishgan. Hozirgacha olgan filmlarida birorta oʻzbekcha xarakter, oʻzbek desa boʻladigan obraz bormi?

Bular oʻylab topgan oʻzbek qahramonlar biror narsadan hafsalasi pir boʻlsa, yonboshiga qarab “tfu” deb tupuradi. Hech zamonda oʻzbek shu ishni qiladimi?  Bular oʻzbekka kiydirib qoʻygan taxi endi buzilgan magazin doʻppini, artelning arzongarov sunʼiy charmdan tikilgan yangi etigini koʻrib, sizlarni bilmadimu, mening koʻnglim aynib ketadi.

Milliy xarakterni berishni, joʻralar, gurjilardan oʻrganish kerak. Kuzatgan boʻlsanglar, koʻchada ikki qoʻlida qogʻoz xaltada bozorlik koʻtarib ketayotgan gurjidan biror narsa soʻrasangiz, u astoydil toʻxtab, qoʻlidagi xaltalarni sizga tutqazib, boʻshagan qoʻlini ikki yonga keng yoygancha “Откуда я знаю?” demasa koʻngli toʻlmaydi, mazza qilmaydi. Filmlarini ham koʻring, biznikiga oʻxshagan birorta duragay personaj bormi?..

Oʻylaymizki, Murod aka oʻz qarashlarida haq edi.

Albatta, milliylik degani faqat va faqat ijobiy xislatlar, oʻrnak qilib koʻrsatiladigan fazilatlar majmui emas, bizningcha. Ana shu maʼnoda u yoxud bu millatni har qanday qusurlardan xoli, har jihatdan mukammal sajiyaga ega xalq deyish mumkin emas. Shunday ekan, keyingi saboq siz-u bizning qonimizga singib ulgurgan, ibtidosi-yu intihosi koʻrinmayotgan ayrim illatlar xususida ogoh etadi.

Uchinchi saboq: evrilish

Zahiriddin Muhammad Bobur xalqaro jamgʻarmasi asoschisi va raisi,  davlat va jamoat arbobi Zokirjon aka Mashrabov suhbatlarning birida boshidan kechirgani qiziq bir voqeani hikoya qilib bergandi:

“Jamgʻarmamizni oyoqqa qoʻyish, qilinadigan katta ishlarga mablag‘ topish ilinjida respublikada birinchilardan boʻlib “Baxt qushi” nomidagi lahzalik lotereya chiqarishni niyat qildik. U paytlar hali bizda unaqa lotereyalar tayyorlaydigan uskunalar yoʻq, xorijga buyurtma berishga toʻgʻri kelardi. Shu maqsadda tarjimon hamrohligida Germaniyaga bordik.

Yirik bir kompaniyaning shartnoma ishlariga masʼuli – olmon yigit bilan muzokara oʻtkazib, kerakli kelishuvga erishdik ham. Hamma ish bitganidan keyin u yigitga tarjimon orqali hazillashib bir gap aytibman-da:

“Doʻstim, mana shu lotereyalarning yutuq chiqadiganlarining ikki-uchtasiga qandaydir belgi qoʻyib berasizlarmi? Yurtga borganda tanish-bilishlarga bildirib qoʻyardik-da, mashina yutib olishardi. Bahonada ular ham, biz ham xursand boʻlardik. Sizni ham quruq qoldirmasdik, “rahmati”ga besh-oʻn ming marka berar edik...”.

Avvaliga boyagi olmon yigit gap nima haqda ketayotganini uncha tushunmadi. Bir-ikki bor qaytarganimizdan keyin anglab qolib, oʻrnidan turib ketdi-yu. Shundogʻam oq rangli yuzi yana ham oqarib, moviy koʻzlarini menga gʻazab bilan qadab: “Nima deyapsiz, janob? – deb gap boshlab qoldi. – Meni kim deb oʻylayapsiz, sizning beradigan sadaqangizga zor odamga oʻxshaymanmi? Bizda bunaqa pul bilan oila boqish uyat, jinoyat-ku! Qolaversa, biz manaman degan kompaniya, firmalar bilan imzolaydigan millionlab dollarlik buyurtmalar oldida sizning bizga berayotgan buyurtmangiz nima? Siz taklif qilayotgan jinoiy ishni deb kompaniyamiz yillar davomida misqollab yiqqan obroʻyidan ayrilishi kerakmi? Shu ishni bizga taklif qilishni oʻziga ep koʻrgan odam ertaga bu gapni boshqaga aytmaydi deb oʻylaydigan darajada goʻlmizmi sizning nazaringizda?..”.

Mening bu gaplarni eshitib boʻlarim boʻlib boʻldi. “Hoy uka, hazillashdim, shunchaki bir hazil bu gap” deb shuncha uzr soʻrayman, qani tinchisa. “Janob, aslida hoziroq men siz bilan tuzgan shartnomani bekor qilishim kerak” deb yomoniga olib qoluvdi, ming bir uzr soʻrab, zoʻrgʻa toʻxtatsam-a... Xullas, gʻalati xalq ekan bu nemis deganlari...”.

Zokirjon aka aytgan hikoyada koʻproq kimning – oʻzbekningmi yoki olmonningmi – milliyligi, milliy xarakteri boʻrtib koʻringanini aytish oʻzingizga tan.

Ha, har bir xalqning ham gʻalati xislatlari, urf va odatlari, boshqalar dabdurustdan anglay olmaydigan turfa xil qiliqlari-yu ajabtovur qilmishlari bor. Kishi ularni his qilishi, idrok etishi, anglashi va anglata olishi uchun faqat ijodiy isteʼdodning oʻzi kamlik qilsa kerak. Buning uchun kamida Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Shukur Burhon, Bahodir Yoʻldoshev, Olimjon Salimov, Omon Matjon, Qamchibek Kenja, Togʻay Murodlar singari elga singib yashash, millat qalbini his qilish, yurak urishini eshitish, ruhining mavjlarida suza bilish kerak.

Abdulla Qodiriyning “Mushtum”ga yozgan maqolalari, hajviy hikoyalaridan tortib romanlarigacha – aksariyat asarlarida jamiyatning turfa xarakterli, turli qiyofali vakillari bizga roʻbaro‘ boʻlar ekan, har biri tabiatida oʻzbekning nedir bir xislatini, fazilat yo illatini ilgʻaymiz, oʻzimizga nihoyatda tanish kishilarni koʻrgandek boʻlamiz. Kumushbibi oʻzbekning fazilati bisyor bir qizi boʻlsa, Raʼno millatning yana bir bebaho topildigʻidir. Qodiriydan keyin qaysi bir oʻzbek oʻgʻillariga Otabek va Anvar, qizlariga Kumush va Raʼno deb ot qoʻyibdi – bu oʻsha millatdoshlarimizning oʻzbekona oʻlmas ruhga ixlosidan, havasidan darak!

Agar bular Abdulla Qodiriy “tuqqan”, adibning oʻzidek bosiq, mulohazali, aqli va idroki oʻtkir farzandlari boʻlsa, Gʻafur Gʻulomning “adabiyot domovoyi”ga (Abdulla Qahhor iborasi) oʻzidan keyin ham chiqarilmaydigan qilib muhrlab ketgan bolalari ham xuddi shoir feʼlidek: birda shoʻx – birda mahzun, birda joʻmard – birda dilxun. Mana, uning Toshkentning Qoʻrgʻontegi mahallasida, Beshyogʻochida koʻrgani-kuzatgani tengdoshlaridan birining surati:

Muhabbat surmasin qoʻshni qiziga

Olib berolmasdan umrda bir bor,

Yuzing hasratida hatto koʻziga

Oʻrgimchak in qoʻygan yigitlar ham bor...

Oʻzbek xarakteri, uning yaratuvchilikka moyil tabiati, dunyoga koʻz ochganidan beri oʻzgarmay kelayotgan joʻmardligi kecha paydo boʻlib qolgan xislatlar emasligini nihoyatda chuqur bilgan Gʻafur Gʻulom 1966-yil yanvarida yozgan “Taxti Safar” nomli maqolasida bu tarixiy haqiqatni juda oʻrnida urgʻulab ketgan. Uning yozishicha, “Hirotning shimoli sharqida, shahardan qariyb yarim farsaxcha narida, ellik terak boʻyi chamasi balandlikda” Taxti Safar nomi bilan ataladigan, zamonlar toʻzonida buzilib ketgan bir saroy boʻlgan. Goʻyo mana shu manzil toʻgʻrisida hikoya qilinayotgandek yoʻl tutilgan maqolada akademik shoir shoʻrolar tomonidan “qonxoʻr”, “buzgʻunchi” deya qizil tamgʻa bosilgan Amir Temurni shunday taʼriflaydi:

“...Men bu yerlarda safar qilib yurganimda, birga hamroh boʻlib yurgan doʻstlarim – afgʻon shoir va olimlarining ogʻzidan bir bayt eshitib qoldim:

Har ki bo lolaruxon bodai gul rang kashad,

Hukmi Mirzost, ki bo Taxti Safar sang kashad.

Maʼnosi: har kim bu yerlarga kelib, oʻzi sevgan lola yuzli goʻzallar bilan gul rangli sharob ichmoqchi boʻlsa, Boyqaro mirzoning buyrugʻi shuki, kelishida Taxti Safarga tosh ola chiqsinlar.

Bu bayt ustida koʻp munozaralar qildik. Nima demoqchi? Keyin shu mulohazani maʼqul topdik: yaʼni Husayn Boyqaroning bobosi Temur millionli qoʻshin bilan yurishga chiqqanida ilgʻor suvorilar xurjunning bir koʻzida gʻisht, bir koʻzida ganch olib yurar ekan. Bu gʻisht-u ganchlar yoʻl taʼmiriga, kichik koʻpriklar qurishga, kichik obidalar tiklashga yarar ekan...” (Qarang: Gʻafur Gʻulom. Asarlar. Oʻn tomlik. Sakkizinchi tom. Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, Toshkent, 1976-yil, 466-467-betlar.)

Endi ayting: qay bir xalqning eng millatparvar tarixchisi, shoir-u yozuvchisi, siyosiy sharhlovchi yoki jurnalisti oʻzi maqtanib yuradigan sarkarda bobosi-yu xaloskor yoʻlboshchisi faoliyatidan shunday yoki hech qursa shunga yaqinroq keladigan biror dalil keltira oladi? Iskandar-u Doroningmi, Rum qaysarlari-yu salib yurishlari “qahramonlar”iningmi, Chingizxon-u Ivan Grozniyningmi, Hitler yo Stalinningmi yoxud bugungi kunning “qizil knopka egalari”ningmi?

Oʻzbekning milliy xarakteridagi shu yolqinlar tafti bugungi sheʼrda, hikoya va qissada, roman va badiiy filmda ohorli aks etishi uchun zamonamiz ijodkori, boya aytilganidek, kamida Gʻafur Gʻulom darajasiga yetmogʻi kerakmi-yoʻqmi?..

Kamina Shukur Burhonning “Hamza” teatridagi ayrim ijrolarini koʻrishdek baxtga musharraf boʻlgan odamman. Jumladan, Oʻlmas Umarbekovning “Qiyomat qarz” piyesasidagi Sulaymon ota obrazi talqinini. Egnidagi koʻksi ochiq yaktagi, bir etagi eski belboqqa qistirilgan mallarang toʻni, uzoq yillardan buyon boshdan qoʻyilmaganidan piltasi chiqa boshlagan doʻppisi... hamma-hammasi oʻzbekcha edi Sulaymon otaning! Uning sodda aspirantning onasi tashlab ketgan yoʻrgakdagi bolasini erkalatishidan tortib (“Voy, bu oʻgʻil bola ekan-u, hayt, choʻmbiridan!”), nomard Nigʻmonjonga (aslida – Noʻmonjon!) qilgan nafratli hayqirigʻigacha (“Ota” dema, hecham “ota” dema! Men bilgan Nigʻmonjon oʻlgan, mening va Mehrining Nigʻmonjoni oʻlgan, oʻlgan! Sen aslo u emassan, u emassan!”) – hamma-hammasida oʻzbekning, millatning ovozi yangrar, bu ovoz eshitgan odamni titratib yuborar edi!

Endi mana shu manzaraga bugun koʻrayotganimiz videofilm, “milliy serial”, “milliy kino”lardagi manzaralarni solishtiring:

aksariyat tantiq xotin rolini oʻziga ep koʻrib, mutlaqo xaraktersiz, lattachaynar eriga qarata “Da-da-a-si-i!” deya na erkalanayotgani, na oʻrtayotgani, na ahmoq oʻgʻli yoxud surbet qizi ustidan arz qilayotganini bilib boʻladigan nomdor aktrisalarimiz;

onasi rolidagi aktrisa “i-ye, qanaqa boʻlarkin, sal gʻalatimasmi?” deb inkor qilmaganiga yarasha, fahmi haminqadar rejissyorga qarata “Aka, men bunaqa rolni oʻynamayman, axir qaysi oʻzbekning bolasi onasi bilan, siz aytgandek, koʻz suzishib bir-biriga muqom qilib oʻyinga tushadi?” deyish oʻrniga xuddi shu ishni oʻzicha qoyilmaqom qilib oʻrniga qoʻyayotgan “isteʼdodli yosh aktyorlarimiz”;

yoʻl-yoʻlakay yozib beriladigan, biror qahramonning individual tili, ruhiy qiyofasi yoʻq ssenariylardagi uzundan uzun, aksariyat qismi vaqtni choʻzishga qaratilgan dialoglarning bir-biriga yopishmay turgan joyiga “ha, aytgancha”, “ha, nima desam ekan” qabilidagi chaynalma iboralarni qoʻshib sahna olayotgan “topqir” rejissyorlar va hokazo va hokazo...

Holbuki...

Holbuki, oʻzbek sanʼati tarixida, masalan, Bahodir Yoʻldoshev otliq rejissyor ham bor edi. U kishi, deylik, ne-ne ustozlari haddi aʼlosiga yetkazib sahnalashtirgan Hamzaning “Paranji sirlari” piyesasini ham mutlaqo yangicha ohangda, birorta qahramoni avvalgi ijrodagilarga oʻxshamaydigan tarzda, eng muhimi – Hamza xohlaganidek milliy yoʻsindagi talqinini yaratgan edi.

Chinakam sanʼat moʻjizasini qarang: muallifi yagona, matn bitta – bir harfi oʻzgartirilmagan, biroq, masalan, Lutfixonim Sarimsoqova ijrosidagi Mastura yallachi bilan Rimma Ahmadova talqinidagi Masturaning biror jihatini bir-biriga oʻxshatib, zarracha takrorni, taqlidni topib boʻladimi? Yoxud Masturaning eri – Mirzarayim qora avvalgi talqinda qanday edi-yu, Bahodir aka bergan epizodik rolni ham qoyillatib oʻrniga qoʻygan Obid Yunusovning ijrosida qanday?!

Nahotki, bugungi “sanʼatimiz dargʻalari” shu va bunga oʻxshash oʻnlab oʻlmas asarlari bilan chinakam ijod qanday boʻlmogʻi kerakligini umrbod uqtirib, koʻrsatib ketgan Bahodir akaning yoxud Abror Hidoyatov, Lutfixonim Sarimsoqova, Shukur Burhon, Abbos Bakirov, Hamza Umarov singari ustozlarining ruhidan ozgina boʻlsa ham istihola qilishmaydi?

Shu maʼnoda, masalan, menga Shuhrat Abbosov suratga olgan “Sen yetim emassan” filmidagi bir epizod – bozorda oʻgʻirlik qilgan oʻris bolani oyogʻi oqsoq militsionerning qoʻlidan tortib olib, bagʻriga yashirgan Fotima opa – Lutfixon aya koʻzlaridagi sarosima, jovdirash, hadik oʻzidan keyin qolayotgan millat, milliy sanʼat taqdiriga ham bezovta boqishdek tuyulaveradi...

Yo “Shukur Burhon “Hamza”dan chiqib, asta piyodalab” ketayotganini koʻrgan, olomonning bu buyuk aktyorni tirsaklari, qorinlari, koʻkraklari va dumbalari bilan turtib-surtib oʻtishidanoq “zamonlarning doʻnish makrini”  ilgʻagan Omon Matjon aytganicha bormikin:

Xalqmi shu, birovning haqini gizlab,

besh-oʻnni yulishni poylab turganlar?

Xalqmi shu, nuroniy siymolar qolib,

soxta sumbatlarni siylab turganlar?

Toʻrtinchi saboq: eʼtibor

Agar tinimsiz kuzatuvchan, koʻrgan-bilganlaridagi muhim, ohorli, boshqada uchramaydigan jihatlarni nozik ilgʻab oladigan rejissyor Olimjon Salimov avval Fargʻonada, keyin Toshkent va Moskovda qoʻyib dovrug‘ qozongani – “Temir xotin” tragikomediyasi bilan “sahnani yopganida” bu muvaffaqiyatni nedir bir tasodifga, qoʻli kelib qolganidagi omadga yoʻyish mumkin edi balki. Biroq Olimjon aka hayot baxsh etgan oʻnlab spektakllar qarshimizda ijodni, muntazam izlanishni, kasbi yoʻlida ne-ne halovatlardan kechishni taqdir deb bilgan yaratuvchi shaxs turganini bot-bot isbotladi.

Bu oʻrinda birgina “Toshkentga sayohat” komediyasini eslash kifoyadir. Aslida hozircha ismi nomaʼlum tatar muallifiga tegishliligi taxmin qilinadigan bu piyesani, agar Hamza Hakimzoda Niyoziy tarjimada obdon oʻzbekchalashtirgan boʻlsa, Olimjon Salimov sahnaga uni gʻirt oʻzbekona tomosha sifatida olib chiqa oldi. Axir, masalan, Muhammadsolih Yusupov ijrosidagi omadsiz sayyoh – qorni katta Boy otada tatarlarnikiga oʻxshash bir tuk ham  qolmagan, hammasi turkistoncha, bari oʻzbekcha-da!

Aslida mana shu moʻjazgina ikki oʻlmas asar – “Temir xotin” bilan “Toshkentga sayohat” bugungi oʻzbek rejissyor va aktyorlari, kiyim va chiroq ustalari, grimchi va sahna rassomlari, hatto montajchilari – oʻzini teatr va kino sanʼati vakiliman deb yurgan kishilar uchun majburiy tasviriy qoʻllanma, master-klass darsi boʻlishi kerak! Agar bu gapga eʼtirozlari boʻlsa, marhamat, shular darajasidagi biror narsa sahnalashtirib, ekranlashtirib koʻrsatishsin!

Rejissyor (Olimjon Salimov) va aktyor (Muhammadsolih Yusupov)ning “irqi irqiga tushishi”dek muhim talabning hosilasi oʻlaroq voqe boʻlgan bu yutuqlar zamirida millatimizning asl ziyolilariga xos rizq izlashdagi halollik, oʻzgalar mehnati va fikriga vijdonli eʼtibor singari fazilatlar ham barq urib turibdiki, biz buni quyidagicha dalillaymiz.

Koʻzingiz tushgan boʻlsa, “Kun.uz” internet-sayti 2023-yil 27-aprelda “Spektakl taqdiridan doim hadikda boʻlganmiz” sarlavhali suhbat eʼlon qildi. Unda yuqorida eslaganimiz ikki spektakldagi bosh rollar ijrochisi Muhammadsolih Yusupov, xususan, Qoʻchqorvoy roliga qanday erishgani haqida gapirib bergan:

“Qoʻchqorvoy rolini menga berishsa oʻynagan boʻlardim” degan niyat tugʻildi. Lekin rollar boʻlingan roʻyxatda mening ism-familiyam chiqmadi. Rejissyorimiz Olimjon Salimovga bu haqda aytganimda, “Muhammadsolih, men ham bu haqda oʻylagandim. Ammo dramaturg Sharof aka bu fikrni maʼqullamadi. “Men Qoʻchqorvoyni ozgʻin, qoramtir, ezgin qiyofadagi inson deb tasavvur qilganman. Muhammadsolih semizgina yigit ekan, bu rolga toʻgʻri kelmaydi deb aytdi” deya javob berdi.

Sharof aka joylashgan mehmonxonaga (voqealar Fargʻona shahrida boʻlayapti – R. Q.) oʻzim bordim va shunday dedim: “Sharof aka, hamma qoʻchqorlar ham qora, ozgʻin boʻlavermaydi-ku. Oppoq, toʻla qoʻchqorni ham boshqalar qatori bir sinab koʻring. Agar yoqmasa, shu onda oʻzim chetga chiqaman”. Sharof aka gaplarimga kulib, rozilik berdi.

Sinovlar boshlanganda qarasam, Qoʻchqorvoyga besh kishi daʼvogar, men eng oxirgisiman. Bitta-bitta repetitsiya qila boshlashdi, hammaga bittadan koʻrinish berishgan. Menga kelganda koʻrsatib berdim. Darrov yana bir sahna koʻrinishida sinab koʻrishdi. Keyin boshqalarni toʻxtatib, qayta-qayta sinay boshlashdi. Shunda mendan oldingi daʼvogarlar hammasini tushunib qolishdi...

Keyinchalik Sharof Boshbekov intervyularidan birida “Men Muhammadsolih Yusupovni Qoʻchqorvoy rolida umuman tasavvur qila olmagandim. Ammo spektakl sahna yuzini koʻrgandan keyin undan boshqa Qoʻchqorvoyni tasavvur qila olmay qoldim” degandi”.

Endi ayting: bu holatlardagi ham dramaturg, ham rejissyor va aktyor sajiyasidagi asari, ijodi taqdiriga masʼullik, har birining oʻzi hamda boshqalar huquqi, fikriga koʻrsatgan hurmati va eʼtibori, birining boshqasiga boʻlgan halol eʼtirofi-yu eʼzozini koʻrmaslik, ulardan saboq olmaslik mumkinmi?

Taassufki, mumkin ekan!

Beshinchi saboq: eʼtimodsizlik

Suhbatimiz boshida eslaganimiz – Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom”, “Yulduzlar mangu yonadi” singari qissalari yaratilgan yillari adabiyot va sanʼatning turli yoʻnalish va janrlarida xalq dardini koʻtargan yuzlab, minglab chiqishlar kuzatilgan edi. Biroq ularning juda koʻpchiligi sanʼatga – abadiyatga boʻylasha olmagani tufayli davrlar elagidan tushib, yoʻqlikka singib ketishdi. Ular qismatidagi bu yoziq oʻzlarida aynan milliy ruh inkishofi – kashfini mujassam eta olmagani bilan izohlansa, bizningcha, toʻgʻri boʻladi. Chunki adabiyot va sanʼatning kuchli ijtimoiy-siyosiy muammolarni koʻtarib chiqish huquqi ularni boshqa biror soha kishilari qila olmaydigan yoʻsinda – aynan milliy badiiy boʻyoqlar, ohorli topilmalar, betakror til, milliy xarakterlar orqali amalga oshirish majburiyatini hech qachon bekor qilmaydi. Zero, bobo Aristotel oʻzining “Poetika” kitobida aytib qoʻyganidek, mabodo Empedoklning (davrining mashhur tabiatshunos olimi – R. Q.) “Tabiat haqida” degan risolasi sheʼriy yoʻl bilan yozilgan taqdirda ham, u baribir ilmiy ishligicha, muallifi esa shoir atalmay, tabiatshunosligicha qolaveradi.

Davrlar sinoviga dosh bergan asarlar qatorida esa, shubhasiz, isteʼdodli adib Qamchibek Kenjaning oʻnlab hikoya va qissalari, ayniqsa, “Baliq ovi”, “Yashil barg” kabi sof milliy hikoyalari yodga olinishi lozim. Chunki bu singari asarlar eʼloni faqat adabiyot ixlosmandlari, xalqning ziyoli qatlami eʼtiborini emas, balki millionli xalqning oʻz taqdiriga befarq boʻlmagan aksariyat vakillari diqqatini tortgan, millatni oʻzi tushib qolgan halokatli ahvolga tik qarashga oʻrgatgan edi. Bu asarlar bosilgan gazeta-jurnallar erta tongdan talash boʻlib ketar, ularga yetolmay qolganlar oʻqib boʻlganlardan soʻrab yurishardi.

Yaqinda telekanallarning birini ochib, juda tanish epizodlar bor badiiy film namoyishi ustidan chiqib qoldim. Afsuski, film qisqa metrajli ekan, tez yakuniga yetdi, oxiridagi yozuvlarini ham oʻqiy olmay qoldim. Avvaliga rosa suyundim, yosh rejissyorlardan birortasi Qamchibek Kenjaning “Baliq ovi” hikoyasini film qilibdi-da deb. Tanish kinoshunoslardan iltimos qilib filmni toptirdim va katta hafsala bilan koʻrishga oʻtirdim.

Afsuski, film avvalidagi titrlarda oʻtgan imloviy xatolarga ham; qahramonlar ijrosi hamda tilidagi (hikoyaga yot!) joʻnlik va xitoblaridagi sunʼiylikka ham, bolasining azasini tutayotgan oʻzbek onasi boshiga yopib qoʻyilgan, na oʻzbekcha roʻmolligini, na amerika hindularinikidek yopinchiqligini bilib boʻlmaydigan matoga va yana boshqa koʻplab kamchiliklarga ham chidash mumkin edi-yu, biroq filmning boshida ham, oxirida ham hikoya muallifining ismi-sharifi eslanmaganiga aslo chidab boʻlmasdi. 14 minutlik bu tomoshada uning rejissyori – Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti 2-bosqich “Kino, televideniye va radio rejissyorligi” guruhi talabasining muborak ism-familiyasi bir emas, uch marta yozilgani holda  asarning chin egasi ismi, hech qursa mayda harflarda boʻlsa ham eslab qoʻyishga loyiq topilmagandi. Hikoya muallifi oʻrniga yana bir emas, ikki nafar “ssenariy muallifi” ham oʻz ism-familiyasini yozdirgan! Ular bu tomosha toʻliq oʻzlariga tegishli ekanini oxirigacha rasmiylashtirish uchun filmga “Mehmon” deb “original” nom ham qoʻyishgan.

Holbuki, yozuvchi Qamchibek Kenja “Baliq ovi” hikoyasini yaratib, ming bir harakat bilan chop ettirib, asar chiqqanidan keyin ne-ne “kattalar”dan goh oshkora, goh pinhona dakki, doʻq eshitib yurgan paytlari bu ukalarimiz hali tugʻilishmagan ham edi...

Xoʻp, bular-ku yoshlik qilishibdi, bilishmagandir, eʼtibor berishmagandir deb oʻzimizni aldab turaylik-da, bu kurs ishini koʻrib qabul qilib olgan, unga ijobiy baho qoʻygan va bu bilan uning hatto respublika televideniyesidagi namoyishiga ham yoʻl ochgan ustozlar, imtihon masʼullariga yuzlanaylik. Nahotki, ulardan birortasi film uchun asos boʻlgan asar muallifining huquqlari koʻz oldida poymol qilinayotgani, oʻzlari ishlaydigan muassasada talabalarga mualliflik huquqi boʻyicha alohida darslar oʻtilishini bilishmasa? (Jurnalxonlarimiz orasida esa “Domla, namuncha soddasiz, axir ular Qamchibek Kenjaning hikoyalarini oʻqiganmi-yoʻqligini, umuman, shunaqa yozuvchi borligini bilishadimi-yoʻqmi, avval shuni soʻrang!” deyotganlarni ham eshitib turgandaymiz, albatta.)

Nima deymiz: bugungi, bular singari “ustoz-u shogirdlar” uchun oʻzbek adabiyoti tashlandiq bog‘, egasiz chorvoq boʻlib qoldimi? Xohlagan joyidan kirib, topganki narsa bilan qoʻni-qoʻnjini toʻldirib chiqib, istagan bozoriga olib borib sotaverishadimi? Buning ham nomi sanʼat, shu ishlar ham madaniyat, mana shu amallarga oʻrgatiladigan joylar oliy oʻquv yurti sanaladimi?

Xalqimiz, millatimiz azaldan shunaqa edimi? Bular ham endi milliylik, milliy xarakter va milliy mentalitet unsurlariga aylandimi yo?

...Yodingizdami, Izzat Sulton va Uygʻun qalamiga mansub “Alisher Navoiy” spektaklining bir sahnasida Navoiyni zaharlab oʻldirish uchun Astrobodga kelgan Mansurga – oʻz millatdoshi, tildoshi va dindoshiga qarata mutafakkir bobomiz tagdor qilib “Vazifang ogʻir, Mansur!” deb qoʻyadi...

Bugungi adabiyotimiz, sanʼatimiz, umuman, milliy madaniyatimizda kechayotgan jarayonlarga boqar ekanman, negadir qulogʻim ostida hazratning shu xitobi takror-takror yangrayveradi. Hazrat-ku, beqiyos zakiy zot ekanligi tufayli boʻlgʻusi xavfni oldindan sezadi, his qiladi.

Biz-chi? Mansurlarni, ularning yovuz niyatlarini, suhbatimiz davomida ayrimlarini eslaganimiz kirdikorlarini hali ham sezmayapmizmi?!

Rahmon QOʻCHQOR

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.