Manzura Adilbayevna Yerniyazovaning nomini qoraqalpogʻistonliklar katta hurmat bilan tilga olishadi. Sababi oddiy: hayotga intilish hissining kuchliligi, jismoniy qiyinchiliklarni ruhiy sabot-matonat bilan yengib oʻta olgani, muntazam ravishda oʻz ustida tinimsiz ishlab, yuqori natijalarga erishgani uchun.

Manzura Yerniyazova I-guruh nogironi. Lekin unga nisbatan “imkoniyati cheklangan” degan iborani ishlatish nojoiz. Ha, ishonavering, uni toʻrt muchasi sog‘ odamdan kamquvvat yoki sustroq harakatli deb boʻlmaydi. Chunki u bajarayotgan ishlar tani-joni soppa-sog‘ boʻlsa-da, loqaydlik botqogʻiga botib qolgan, boqimandalik, noshukurlik kabi illatlarni oʻziga “kasb” qilib olgan yigitlarning qoʻlidan kelmasligi aniq.

Manzura Moʻynoq tumanidagi "Qaraqalpaq sheberi – Manzura" masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari, shu bilan birga oʻzi istiqomat qilayotgan tumanda yana 15 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlagan tadbirkor ayol sifatida obro‘-eʼtibor qozongan.

Ayrimlar uni qoraqalpoqlarning “Tengiz” kinokartinasi qahramonining prototipi, deb bilishadi. Mazkur film qahramoni tasodif tufayli nogironga aylanib qolsa-da, tushkunlikka tushmaydi, birovlar muruvvatiga koʻz tikib oʻtirmaydi. Tirishqoqlik bilan tikuvchilik sir-sinoatlarini oʻrganib, muayyan koʻnikma va qulayliklarga ega boʻlgach, mustaqil ravishda tadbirkorlik faoliyatini boshlaydi.

Shunga oʻxshash: bundan bir necha yillar ilgari Manzura ham fojia oqibatida oʻng qoʻli va oyogʻini yoʻqotgan. Biroq matonatli boʻlishga oʻzida kuch topa oldi. Urindi, izlandi, talpindi. Mana, huzur-halovatidan kechib, qilgan saʼy-harakatlari besamar ketmadi. Oddiygina zaifa – kimsan Manzura Yerniyazova degan taniqli tadbirkorga aylandi. U garchand Orol dengizi fojiasi oqibatida katta zarar koʻrgan Moʻynoqda istiqomat qilsa-da, asosiy shiori yuksak darajada: “Sharoit insonni emas, balki inson sharoitni yaratadi!”. Manzura Yerniyazovaning moʻjaz milliy kiyim va buyumlar tikuv syexida 15 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan taʼminlangani ham yuqoridagi soʻzimizni tasdiqlaydi. 

Manzurani har doimgidek ishxonasidan topdik. Ikki qoʻltiqtayoqqa suyanib yurishiga qaramay, u tikuvchi qizlar yoniga birma-bir borib, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishdan charchamaydi.

– Boshimga bu koʻrgulik tushganida avvaliga karaxt holatiga tushdim. Yashashdan umidimni uzgandim, ammo  farzandim meni hayotga qaytardi, – deydi biz bilan suhbatda Manzura. – Bolam uchun yashashim zarurligini his qildim. “Men kuchli ayolman, bardoshliman, hamma qiyinchiliklarni yenga olaman!” deb  oʻzimni ishontirdim. “Mikrokreditbank”dan 600 ming soʻm kredit olib, unga sogʻin sigir oldim va sut-qatigʻini sotib, kreditimni yopdim. Qolgan pulga tikuv mashinasi sotib oldim. Xudoyimning qoʻllaganini qarangki, sog‘ paytim qilolmagan ishimni nogironligimda bemalol bajara boshladim. Bir qoʻl bilan tikkan choklarim ham toʻgʻri chiqdi. Bir kunda bitta quroq koʻrpacha tikkanimga oʻzim ham hayron qoldim. Yaqin qarindoshlarimga koʻylak tika boshladim. Mijozlar paydo boʻlib,  ishlarim ham, daromadim ham koʻpaydi. Otam uyimiz yonidan kichik syex qurib berdi. Nogiron mahalladoshim Muhabbatxonni  yordamga chaqirdim. Ikkalamiz kiyim tika boshladik. Moʻynoqqa oʻsha paytdagi BMT TD  vakili Ayzada Nurimbetova kelib, ishimni koʻrib, meni  qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir nechta tikuv mashinalari hadya etdi. Keyin AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasiga loyiha topshirib, undan 12 ming 800 dollar grant yutdim va ishni kengaytirdim. Hukumatimizning tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlayotganidan juda ham xursandman. Moʻynoq tumaniga yangi ish oʻrinlari judayam zarur. Ayni paytda tikilgan kiyimlar, kashtalar, sumkalar, karmonlar, doʻppilarni Nukus, Qoʻngʻirot tumanlariga joʻnataman. Chunki eng koʻp buyurtmalar ulardan tushadi. Men oʻzimni hayotda eng omadli, baxtli va hech narsaga muhtoj boʻlmagan inson, deb hisoblayman.  Odam har qanday qiyinchiliklarga qaramay hayotidan xursand boʻlib yursa, unga omad doimo kulib boqarkan! Yurtboshimizning yaqinda tumanimizga tashrifidan keyin hukumatning Moʻynoqda turizmni rivojlantirish boʻyicha qarori qabul qilindi. Bu xalqimizga katta umid  va madad berdi. Chunki sayyohlar kelib tursa kasanachilik, xizmat koʻrsatishning boshqa turlari, albatta, rivojlanadi.

Bugungi kunda Manzura Yerniyazova bir nechta taʼlim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Uning tikuv syexida tayyorlangan buyumlar ancha xaridorgir. “Men har doim gʻolibman”, deydi faxr bilan u. Aynan ana shu gʻoliblik hissi uni olgʻa undaydi. 2018 yil 26 noyabr kuni Manzuraning hayotida yana bir quvonchli voqea sodir boʻldi. “Qaraqalpaq Sheberi Manzura”  masʼuliyati cheklangan jamiyat – yangi ijtimoiy korxona ochildi. Ushbu korxona Moʻynoq tuman hokimligi va Oʻzbekistondagi BMT TD, Moʻynoq tuman xotin-qizlar qoʻmitasi hamda “Keuil nuri” nodavlat-notijorat tashkilotining hamkorligi mahsulidir. «Qaraqalpaq Sheberi Manzura»ning taʼsischilari nogironligi bor insonlar – Manzura Yerniyazova va Marat Tuksanbayevlar boʻlishdi. Ayni paytda korxonada 21 nafar ishchi faoliyat yuritsa, ularning 19 nafari ayollardir. Shulardan 11 nafarining turli darajada nogironligi bor.

– Moʻynoq tumanida bunday ijtimoiy loyihalarning amalga oshirilayotgani quvonarli hol, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza  qilish vaziri Rashid Allabergenov. – Biz Oʻzbekistondagi BMT TDga hamkorlik uchun minnatdorlik bildiramiz. Korxona tashkilotchilari bu yerga 40 nafargacha ishchi olishni rejalashtirishgan. Albatta, ularning ravnaqi uchun qoʻlimizdan kelgan yordamimizni ayamaymiz.

 – Manzura Yerniyazova va Marat Tuksanbayevlar Moʻynoqda yashashadi. Ularning ikkalasi ham nogiron boʻlishiga qaramasdan faol ravishda tadbirkorlik bilan shugʻullanib kelishmoqda, – deydi biz bilan muloqotda “Keuil nuri» NNT direktori Ayzada Nurumbetova. – Ular nafaqat oʻz oilalarini taʼminlab kelishmoqda, balki nogironligi bor boshqa insonlar uchun ham yangi ish oʻrinlari yaratishayotir. Albatta, faqatgina topayotgan daromadlariga bunday korxona qurib boʻlmaydi. Ammo ular oʻz gʻoyalarini amalga oshirish uchun davlat va nodavlat, xalqaro tashkilotlarni ana shunday ijtimoiy korxonalar kerakligiga ishontira olishdi.  «Keuil nuri» NNT gʻoyani amalga oshirish uchun ijtimoiy loyihani tayyorlashga yaqindan yordam berdi.

Kech tushganiga qaramay, syexda mashinalarning shovqin-suroni tingani yoʻq.  Zero, hali oldinda amalga oshiriladigan rejalar, orzular talay. Manzura Yerniyazova oʻz taqdiridan nolimay, olgʻa intiladi: hayot dengizining qirgʻoqlariga sigʻmay yanada joʻshadi, ojizlikni tan olmasligi – bukilmas irodasi, orkash gʻururi kuchiga kuch qoʻshadi va imkoniyatlarini yanada oshiradi.

Nariman SHЫNNAZAROV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Qoraqalpogʻiston boʻlimi bosh mutaxassisi