1999-yili dunyo kinosida revolyutsiya sifatida talqin qilinuvchi film – aka-uka Vachovskilarning “Matritsa”si ommaga taqdim qilindi. U falsafa va ekshen (jangari) janrining aralashuvi bilan odamlar ichiga kirib bordi, tushunmaganlar uni mashinalar bilan jang qiluvchi qahramon haqidagi jangari-fantastik kino deb hisobladilar, uning sekinlashgan harakatlarini, qahramonning otilgan oʻqlarni havoda toʻxtatib qoʻyishini koʻrib hayratga tushdilar, vaqt oʻtib uni qayta koʻrgan kishilar esa uning asosiy gʻoyasi butunlay boshqa – antiutopiya ekanini tushunib qoldilar. Kiberpank (kompyuter davrida insoniyat madaniyati tanazzulining texnologiyalar taraqqiyoti fonida aks ettiruvchi ilmiy-fantastik uslub) uslubi asoschilaridan boʻlmish fantast yozuvchi Uilyam Gibson film tomoshasidan soʻng oʻz hayratini yashirolmaydi: “Anchadan buyon bunaqa hayajonga tushmagandim... Neo endi mening fantastikadagi eng sevimli qahramonim”. Darhaqiqat, “Matritsa”dan alohida subkultura oʻsib chiqdi, trilogiyadan soʻng Neoning yangi sarguzashtlari aks etuvchi kompyuter oʻyinlari, anime ishlandi, moda uylari film qahramonlari uslubidagi liboslarni taqdim etdi, qorongʻida ham qora koʻzoynak taqish urfga kirdi.

Neo kim?

Trilogiyaning birinchi qismida Neo Tanlangan, Qahramon, Qutqaruvchi sifatida koʻrsatiladi. Bunda koʻproq ilohiy nomalardagi rivoyatlar, miflar, bashoratlarga – Injil va Iso paygʻambarga ishora bor. Umuman, dunyo ustidagi har bir xalqning qutqaruvchi haqidagi bashoratlari mavjud. Bora-bora bu bashoratdan miflarga, ertaklarga, eposlarga va boshqa xalq ogʻzaki ijodiga koʻchib koʻrinishini oʻzgartiradi. Matritsa esa yangi zamon – mashinalar davri oldidan odamzodni ogohlantirish uchun yaratilgan zamonaviy Injilga oʻxshaydi. Neo (yunon tilidan tarjima qilganda “yangi” degan maʼnoni anglatadi, yana ingliz tilidagi “One” – “tanlangan” soʻzining anogrammasi ham) esa bu kitobning qutqaruvchisi, yangi Isosi edi.

Tomas Anderson ismli dasturchi yigit kunduzlari el qatori nomdor kompaniyaga ishga qatnab, kechalari dasturlarni buzish bilan shugʻullanuvchi xaker sifatida gavdalanadi. Uning kundalik hayoti Morfeus bilan uchrashuvdan soʻng oʻzgaradi, unga Haqiqat – odamlar sivilizatsiyasi butunlay yoʻq qilingani, endidan odamlar mashinalarni quvvat bilan taʼminlash uchun kichik kapsulalarda, xuddi kataklarda biron narsa uchun boqilayotgan jonivorlardek asralishi va reallikdan uzib qoʻyilgani haqida aytiladi. Neoning vazifasi odamzodni mashinalar qoʻlidan qutqarish va film oxirida u oʻz joni evaziga (Injilda Iso oʻz jonini insoniyat gunohlari uchun qurbon qilgani kabi) ularni matritsadan real hayotga olib oʻtadi.

Ammo yana bir tomoni bor: Neo Bosh Muhandis – matritsaning yaratuvchisi bilan uchrashuvida boshqa haqiqatni eshitadi, unga koʻra Neoning oʻzi tizimning bir qismi, uning nozik va noqis qismlarini topish uchun yaratilgan alohida dastur, unga qadar sayyora matritsaning va Neoning oltita variantini koʻrgan. Muhandis avvaliga xuddi jannatni eslatuvchi dunyoni yaratadi, ammo odamzodning bundan koʻngli toʻlmaydi, unga yaxshilik va yovuzlik boʻlgan, oq va qoradan iborat, tanlash imkoniyati bor boshqa dunyo kerak edi va shunga koʻra isyon qiladi. Shuning uchun Neo yaratiladi, u Muhandisning – matritsa xudosining buyuk yaratigʻi nuqsonlarini, yumshoq joylarini bildiradigan va qayta ishga tushiradigan, yaʼni odamzodni bir matritsadan boshqasiga oʻtkazuvchi maxsus dastur edi.

Qizil va koʻk dorilar, Morfeus va stoitsizm

Matritsa nafaqat Injilga doir voqealarni yuritadi, u dunyo falsafasining vatani boʻlmish yunon asotirlarini, falsafasini ham oʻzida jamlaydi. Shulardan bittasi –  Morfeus.

Morfeus yunon xudolaridan uyqu va tush ilohi Morfeyning filmdagi koʻrinishi. Morfey bashoratli va yolgʻon tushlar xudosi sifatida keltiriladi. Yana u odamlardagi umid va orzularni ham uygʻotadi. Shu maʼnoda Morfeusning Neoning oldiga kelishi, qizil va koʻk dori tutishi, odamlar tushlarda (simulyatsiyada) yashaydigan matritsadan chiqishga koʻmaklashib Zionga – reallikdagi odamlar vataniga olib borishi va oxir-oqibat ushbu dunyo ham matritsaning bir qismi boʻlib chiqishida uzviylik bor – aslida Neo kinoning boshidan-oxirigacha yolgʻon tushlarini koʻrishda davom etadi.

Yunon falsafasining muhim maktablaridan biri stoitsizmda inson hayoti tanlovlar bilan oʻzgarib borishi taʼkidlanadi. Unga koʻra, odam oʻz tanlovlari natijasidir, uning hayoti oʻzgarmas va oʻzgartirish mumkin boʻlgan jabhalardan iborat. Masalan, kishi oʻz ota-onasini, tugʻilgan vatanini, farzandlarining kim boʻlib yetishishini, kelib chiqqan millatini tanlay olmaydi, ammo uning hayoti davomida qilgan tanlovlari uning oʻzi kim boʻlib yetishishi, hayotini qaysi yoʻlda oʻzgartirishi mumkinligini, uning oʻy-xayollari qayga boshlashi va reallikda qanday koʻrinishga yetib borishini uqtiradi. Stoitsizmga koʻra, odam oʻz erkiga (tanlovlari natijasiga) oʻzi javobgar. Xuddi shunday, Neoning Morfeus qoʻlidan dorilardan birini tanlashi va matritsadan chiqib mashinalarga qarshi odamzod tomonida jang qilishi tanlovining birlamchi koʻrinishi va oxirida oʻlmasligi ham oʻz taqdirini oʻzgartirishi, yaʼni tanlovlari natijasidir. Oxir-oqibat bularning barchasi yolgʻon boʻlib chiqishi esa tafakkurning boshqa shakli – nigilizm bilan bogʻliq boʻlib, film ijodkorlari oʻz fikrlaridan toʻr toʻqiganga oʻxshaydi, tushgan odam bu toʻrdan qutulishi dargumon.  

Matritsa nima?

Matritsa – sunʼiy ong tomonidan yaratilgan dastur. U mashinalarga quvvat ishlab chiqarayotgan odamlarni uyquda ushlab turish uchun, ularning haqiqatda insoniyat mashinalar bilan jangda yutqazgani va qullikka duchor qilinganini anglab isyon qilmasligi uchun real hayot simulyatsiyasini beruvchi dastur. Filmda insoniyat va sunʼiy ong oʻrtasidagi jang qanday kelib chiqqani va natija nima bilan yakunlangani haqida biron gap yoʻq. Ammo shunga izoh beruvchi alohida yoʻllanmalar mavjud boʻlib, insoniyat oʻzining magʻlubiyati oldidan mashinalarni quvvat tizimidan butunlay uzib qoʻyganini tushunish mumkin. Yoʻq qilingan quvvat tizimi – bu quyosh va shamol energiyasi, boshqa qazilma quvvat energiyalari boʻlsa ehtimol. Ammo sunʼiy intellekt odamzodning oʻzidan quvvat olishga va tirik qolishga erishadi. Bu insoniyatning yengilganidan darak, bir tarafi u mashinalar uchun quvvat ishlab chiqaruvchi jonivor-batareykaga aylantiriladi, boshqa tarafdan u oʻzining yaratigʻi boʻlmish mashinalar qoʻlida qullik qilishni boshlaydi. Aslida bunday taqdirga kishilarning oʻzi aybdor – ular jamiyatda “shaxs” boʻlish oʻrniga “foydalanuvchi”ga, oʻz taqdirini oʻzi belgilovchi ongli biologik tur oʻrniga gadjetlar taraqqiyotiga xizmat qiluvchi fikriy xomashyoga aylandi.

Trilogiya nima demoqchi?

“Matritsa” odamzodning buyuk orzu-istaklari ustidan magʻzava agʻdaradi. Yorqin kelajak – yoʻq. Uning oʻrniga qorongʻi va tushunarsiz matritsa bor, shu bilan yashash kerak. Faqat endidan bosh qotirilishi kerak boʻlgan boshqa masala mavjud – insoniyat boshqalar yaratib bergan qoʻshtirnoq ichidagi komfortda yashashni davom ettirishi va qullik qilishi kerakmi, yo shafqatsiz reallikka oʻtishi va qoʻliga qurol olib mashinalar bilan jang qilishi, oʻlimni boʻyniga olishi kerakmi – bu uning xarakterini belgilaydi. Bu bilan film odamzodni kelajakka emas, orqaga boshlaydi – u hali sunʼiy intellekt yaratilmagan, inon-ixtiyori oʻz qoʻlida boʻlgan davrga borib xatosini tuzatishi kerak (“Terminator”ni eslang, unda qahramonlar yorqin shar ichida vaqtdan-vaqtga sakraydilar: robotlar ularning halokati sababchisi boʻlgan bolani oʻldirishga urinsalar, boshqa guruh qutqaruvchining tugʻilishi uchun kelajakdan himoyachi va ota yuboradi), shunda uning oldidan boshqa yoʻl chiqadi va u bilan boshqa kelajakka yoʻl olish mumkin.

Zamonamizning sunʼiy intellekti otasi Jeffri Xinton yaqinda iqlim oʻzgarishi sunʼiy intellekt xavfi oldida unchalik muhimmasligi haqida gapirdi. Taxminan shunday degandi: “Men iqlim oʻzgarishi eʼtiborga arzimaydi, demoqchimasman. Ammo uni toʻxtatish unchalik qiyinchilik tugʻdirmaydi, sayyora uglerod yoqishni toʻxtatsa bas. Ammo sunʼiy intellektning nima ekani, u keltiradigan zarar va unga qarshi nima qila olishimiz mumkinligini bilmayman va shundan qoʻrqaman”. Xinton sunʼiy intellekt fikrlash borasida allaqachon insonni orqada qoldirganini, uning yovuz niyatli kishilar qoʻlida nimalar qilishi mumkinligini taxmin qilayotganini taʼkidlagandi. Xintondan tashqari Ilon Maskning Bill Geytsga ochiq maktubi ham bor. U sunʼiy intellektni biroz ortga surib turish kerakligini soʻragandi ChatGPT asoschisidan. Aka-uka Vachovskilarning filmi esa kelajakdan noma – hozir sunʼiy intellekt yoʻq qilinmasa yoki boshqariladigan qilinmasa, odamzod yorqin kelajakda oʻzini katak ichidagi jonivor sifatida koʻrishi mumkin.

Yakun: nigilizmmi yo shafqatsiz realizm

Trilogiyaning yakunida Neo va agent Smit oʻrtasida dahshatli jang tasvirlanadi. Agent Smit – matritsa ichidagi dastur. Uning ham vazifasi bor, u xuddi antivirus kabi tizimga yot, qarshi boʻlgan dasturlarni va odamlarni yoʻq qilishi kerak. Bora-bora u matritsa qoidalariga boʻysunmay qoʻyadi, isyon qiladi va tizimga tegishli dasturlarni ham yutib, matritsaning halokatini yaqinlashtiradi. U ham xuddi Neo kabi chek-chegarasiz kuchga aylanib boradi – bashoratga koʻra matritsani odamzod yoʻq qilishi kerak, baʼzi taxminlarga koʻra oʻsha qutqaruvchi aslida Smit, ammo u bostiriladi. Neo unga qarshi Bosh Kompyuter bilan birlashadi. Bosh Kompyuter esa xuddi odamzod oʻz yaratigʻi sunʼiy intellekt izdan chiqqanida biron narsa qila olmagani kabi, agent Smitni yoʻq qilolmasdi. Ikkisining hamkorligi oqibatida esa tizim – matritsa qayta yuklanadi, ishga tushiriladi, “perezagruzka” boʻladi. Neo esa oʻz vazifasini bajardi, demakki, uning tirik qolishining hojati yoʻq. Uning murdasini odamlar emas, robotlar koʻtaradilar – qahramonning oxirida baxtli-saodatli hayot kechirishi, toʻy qilib bir etak bola koʻrishi haqidagi optimistik yakun haqida gap boʻlishi mumkinmas.

Trilogiyadan ancha oʻtib, aniqrogʻi 2021-yili Vachovskilar “Matritsa”ning yana bir qismi “Tirilish”ni chiqardilar va matritsachilarning duoibadiga qoldilar. Gap shundaki, trilogiyada Neo oʻz vazifasini bajaradi – u odamlarni haq oʻlimdan asrab qoladi, Zionni butunlay vayron qilishi mumkin boʻlgan robotlar qoʻshini toʻxtatiladi, matritsa ichidagi kishilar esa endi matritsadan uzilishi va odamzodning yangi vatanida reallikda yashash imkoniga ega boʻlgandi. Toʻrtinchi filmda esa Neoning oʻsha qahramonligi hech narsani oʻzgartirmagan boʻlib chiqadi – uning va Trinitining miyasi mashinalar tomonidan yuvilib, qayta matritsaga ulanadi. Bunda Triniti va Neo alohida-alohida hayotlarda yashaydilar, Neo matritsani qabul qilish uchun tinimsiz koʻk dori ichadi va psixologga qatnaydi, u vaqti-vaqti bilan koʻz oldida paydo boʻladigan xotiralardan aziyat chekadi. Triniti esa bir necha bolaning yoshi oʻtinqirab qolgan onasi, uning avvalgi jangariligi va ishtiyoqi ham salqillagan yuz terisi orqasida qolib ketgan. Oxirgi film trilogiya uqtirmoqchi boʻlgan xabarni butunlay yoʻqqa chiqaradi, oʻsha mashhurlik eyforiyasida rasvo qilingan sevgi haqidagi alohida film hissini beradi.

Alisher FAYZULLAYEV,
Oyina.uz