Shunday bir zamon boʻldiki, isroilliklar oʻzlarini Bobil qafaslarida koʻrdilar. Bobilning Navuxodonosor degan podshosi bor edi. Siz u haqda “Doniyol kitobi”da koʻp va xoʻb oʻqigansiz. U haqdagi rivoyat avlodlar osha ongimiz qatlarida toshga oʻyilgan bitik yanglig‘ qolajak. Navuxodonosor qudratli hukmdor edi. Bir kuni u farmon berdiki, oltindan bir surat ishlansin, mening qalamravimdagi barcha xalqlar oʻsha suratga topinsin. Bibliyani oʻqiganlar biladi, Navuxodonosor qozilar, hokimlar va mirshabboshilarni huzuriga chorlaydi. Barchasi oltin suratga topingach, olampanoh ularga deydi: “Har bir fuqaro oltin suratga sigʻinishini amr etaman”. Shu yerda uch yigit ham hozir edi: birining ismi – Shadrax, yana biriniki – Meshax, uchinchisiniki – Abednego. Ular shunday javob berdilar – buni Muqaddas kitobdan oʻqib beraman: “O Navuxodonosor, senga beradigan javobimiz tayin. Bizning Xudomiz lovullab yonayotgan gulxandan ham salomat olib chiqishga qodir. U bizni sening changalingdan ham xalos etajak, ey hukmdor! Basharti, U shunday qilmasa ham, bilib qoʻy, ey hukmdor, biz baribir na sen aytgan xudolarga, na oltin suratingga sigʻinamiz”.
Shu yerda bir jihatga diqqat qilishingizni istardim: oʻsha yigitlar “fuqaroviy boʻysunmaslik”ni namoyish etdilar. Fuqaroviy boʻysunmaslik hukumat, davlat, hatto mahkamaning vijdoningiz adolatsiz deb topgan amr-u farmonlariga itoat etmaslikdir. Fuqaroviy boʻysunmaslik – vijdonga itoatdir. Boshqacha aytganda, fuqaroviy boʻysunmaslik – yuksakroq qonunga itoatdir. Shunday vaqtlar boʻladi, boaxloq kishi vijdoni adolatsiz deb topgan qonunga boʻysunmaydi. Shu tong sizlarga deymanki, birodarlarim, har bir avloddan “Men oliy qonunga itoatdaman”, deb baralla ayta olgan shaxslar yetishib chiqqani uchun ham tarix buyuk davrlar guvohi boʻldi. Oʻsha zotlar “Men foniy podshohga emas, boqiy Podshohga itoatdaman”, der edilar. Fuqaroviy boʻysunmaslikni namoyish etishimiz shart boʻlgan ayni shu damda bizni tanqid qilayotganlar bu tuproqda – Amerikada Britaniya imperiyasi zulmidan ozod boʻlish uchun millatimiz aynan fuqaroviy buysunmaslikni koʻrsatib qoʻyganini eslamaydilar ham. Fuqaroviy boʻysunmaslikni “Boston choyxoʻrlari”dan ham yaxshiroq namoyish qila olgan yana kim bor? Shuni unutmangki, Hitler Germaniyada nima qilgan boʻlsa, bari qonunga muvofiq edi. Hitler yahudiylarning boshiga qanday kunlarni solgan boʻlsa, bariga qonun ruxsat bergan edi. Uning Germaniyasida yahudiyga koʻmak berish, uning ogʻirini yengil qilish qonunga, aynan Hitlerning oʻzi qabul qilgan qonunga zid edi. Ochigʻi, agar men hozirgi tutumim bilan Hitler Germaniyasida yashaganimda edi, qonunni ochiq-oshkora buzar, fuqaroviy boʻysunmaslikni amalda koʻrsatar edim.
Shunday vaqtlar boʻladiki, inson oʻylab topgan qonun Borliqning axloq qonunidan chetga chiqadi. Shunday vaqtlar boʻladiki, insoniy qonunlar barhayot ilohiy qonunlarga ters kelib qoladi. Basharti shunday boʻlsa, uni buzishga burchlisiz, men ham bajonidil shunday yoʻl tutaman. Bu borada menga xayrixohlar yoʻq emas. Shadrax, Meshax va Abednego yelkadosh menga! Iso va Suqrot ham mening maslakdoshimdir! Boʻysunishni istamagan barcha ilk xristianlar hamrohlarimdir!
Ikkinchi yana bir muhim jihati – bu kishilar Xudoga, uning qudratiga zarracha shubha qilmaganlar. Ular boshlariga ne savdo tushmasin, Xudo qutqarishga qodir ekaniga inonganlar. Axir ular hukmdorga aytmadilarmi, “Biz sigʻinadigan Xudo bizni xalos etishga qodirdir”, deb? Ular bunga beshak, begumon inonganlar. Ular Xudoga inonishardi, ular Xudoning barhaqligini his etishardi, ular Xudoning xoliqligini bilishardi.
Ijozatingizla sizga yetkazmoqchi boʻlgan fikrimning asosiy jihatiga oʻtsam. Hozir aytganlarimning barini unutsangizda, mana shunisini yodda saqlab qolsangiz: “Bizning Xudomiz lovullab yonayotgan gulxandan ham salomat olib chiqishga qodir. Ammo aksincha boʻlsa ham, U bizni xalos etmasa ham, biz baribir sening suratingga sigʻinmaymiz”. “Aksincha boʻlsa ham” – nima demoqchiligimni payqadingizmi? Bu zotlar aytmoqdaki, “Iymonimiz shu qadar kuchli, shu qadar mustahkam, shu qadar moʻtabarki, biror kuch bizni undan yuz oʻgirtira olmas. Bizning Xudomiz bizni xalos eta olur. Ammo aksincha boʻlsa...”. Bu shuni anglatadiki, kishining iymoni “Ammo aksincha boʻlsa” deya ayta bilishida sinovdan oʻtadi. Koʻryapsizmi, “shartli” va “shartsiz” iymon bor. Doimiy, yashovchan, kuchli iymon aynan shartsiz iymondir. “Shart” iymoni aytadi: “Agar hammasi yaxshi ketsa; agar hayot umidbaxsh, farovon, baxtga toʻla boʻlsa; agar men qamalmasam; agar boshimga azob-uqubat, mashaqqatlar tushmasa; aʼmolim uchun malomatlarga qolmasam; agar shularning birortasi boʻlmasa, u holda Xudoga iymonim butun, zero, men uchun bari xayrli boʻladi”. Ana shu – “shart” iymonidir. Siz koʻplab shunday iymon egalarini bilasiz. Yoqub bir gal shunday ikkilanishga tushib qolgan edi. Uning iymoni shartga asoslangan edi. U aytadi: “Agar Xudo men bilan boʻlsa, safarimni bexatar qilsa, menga yeyishga non, kiyishga libos bersa, ota uyimga xotirjam qayta olsam, shunda U mening Xudoyimdir” (“Ibtido”). Bu “shart” iymonining ayni oʻzidir. Yoqub u mahal hali dinning mohiyatiga yetib bormagan edi.
“Shartsiz” iymonga kelsak, u deydiki, “Garchi hammasi xato ketsa ham; garchi yovuzlik muvaqqat gʻalaba qilsa ham; garchi xastalik ustun kelsa ham, baribir, eʼtiqodimda sobitman, bardavomman; garchi dengiz koʻtarilib, toshqin tursa ham, togʻlar larzaga kelsa ham, baribir Yaratgan biz bilan, Yoqubning Xudosi bizga panohgoh” (“Plastir”). Keksa Ayyub ana shunday iymon sohibi edi, “shartsiz” iymon egasi edi. Unga nimaiki berilgan boʻlsa, barchasi qaytib olindi, hatto xotini “Endi qiladigan yagona ishing – Xudoni laʼnatlamoq va oʻlmoqdir. Xudo senga adolat qilmadi, sen boshidanoq unga boy boʻlib qolsamgina, mol-davlatimdan mosuvo etilmasamgina senga sigʻinaman deyishing kerak edi. Uni laʼnatla va omonatingni topshir, Ayyub, u senga adolatsizlik qildi”, dedi. Ammo Ayyubning javobi bunday boʻldi: “Azizam, meni kechirgin-u, lekin iymonim sen oʻylaganchalik sust emas. U meni oʻldirsa ham, baribir, unga ishonaman. Mening iymonim – begʻarazdir”. Ana shudir hayotning, dinning mohiyati. Masala faqatgina sizning qanday iymon egasi ekaningizda.
Siz bilasiz buning nima ekanini, din savdolashiladigan matoh emas. Juda koʻp odamlar Xudo bilan savdolashadi. “Agar meni xastalikdan xalos etsang, agar baxtimni toʻkis qilsang, menga azob-uqubatni yaqin yoʻlatmasang, umidsizlikdan forig‘ etsang, shunda men mamnun boʻlaman, senga daromadimning oʻndan bir ulushini bagʻishlayman, cherkovga boraman, senga boʻlgan imonimda sobitman”. Ammo chinakam din savdolashiladigan matoh emas, u oldi-berdi munosabati ham emas. Bilasizki, qayerda savdolashuv boʻlsa, oʻsha joyni pokiza tuygʻular tark etadi. Doʻstlik, sevgi, nikoh haqida oʻylab koʻring. Bular shartga emas, shartsizlikka asoslanadi. Bu oliy tuygʻular ustida savdolashilmaydi, ular shartlarni tan olmaydi.
Nihoyat, xulosaga ham yaqinlashyapman. Bu tong, birodarlar, sizga yetkazmoqchi boʻlganim shuki, hayot yoʻlingizda oʻzingiz uchun shunday qadrli, shunday asl, qiymati boqiy bir eʼtiqodni kashf etingki, undan zinhor voz kecha olmay qoling. Shunday tutum, shunday buyuk imonni kashf etingki, u sizning borligʻingizga aylansin, undan ayrila olmang. “Men taniydigan, topinadigan Xudo menga koʻmak beradi, agar aksincha boʻlsa ham, baribir, men oʻz yoʻlimda davom etaman, undan aslo chekinmayman”, deb ayta oling. Bu nima degani? Bu shuni anglatadiki, toʻgʻri yoʻlda yuring, ammo bu doʻzaxdan saqlanish uchun boʻlmasin. Agar siz anʼanaviy ilohiyot “doʻzax” deb ataydigan joydan saqlanish uchungina toʻgʻrilik qilsangiz, bu – asl toʻgʻrilik emas. Agar anʼanaviy ilohiyotchilar “jannat” deb atagan joy ilinjida toʻgʻrilik qilsangiz, bu ham chin toʻgʻrilik emas. Agar siz azobdan qochish, baxtga erishish, lazzat uchun toʻgʻrilik qilsangiz, bu toʻgʻrilik emas. Toʻgʻrilikni aynan toʻgʻrilik boʻlgani uchun qiling. “Baribir” deb ayta oling. Sevgingiz mustahkam boʻlsin, zero, sevishning oʻzi sevimlidir. Adolatli boʻling, zero, adolat toʻgʻrilikdir. Samimiy boʻling, zero, samimiyatning oʻzi toʻgʻrilikdir. Sizga demoqchi boʻlganlarimning indallosi – shu.
Va nihoyat, toʻgʻrilik sizning jon tomiringizga aylansinki, uning uchun kerak boʻlsa, oʻlimga-da tik boqing. Shu tong sizlarga aytamanki, uning uchun joningizni-da fido qilishga tayyor boʻlgan qadrli, bebaho eʼtiqodni hali topmagan boʻlsangiz, demak, chinakam hayotni yashamabsiz. Siz ham ehtimol mendek 38 yoshdadirsiz, tasavvur qiling, shunday ahvolga tushdingizki, oʻzingizning buyuk maslagingiz, muazzam maqsadingiz uchun sabot-la turib berishingiz kerak boʻldi. Ammo siz ortga tisarildingiz. Chunki qoʻrqdingiz, uzoqroq yashashni istadingiz; ishingizdan ayrilishdan, tanqid oʻqiga nishon boʻlishdan, omma nazaridan qolishdan, kimdir pichoqlab oʻldirishidan, kimdir oʻq uzishidan, kimdir uyingizga oʻt qoʻyishidan qoʻrqdingiz. Shu bois, oʻz qadriyatingiz uchun sabot-la turib berishni istamadingiz. Durust, ehtimol uzoq yashab, 90 ga kirarsiz, ammo bilib qoʻying, siz 38 yoshdayoq oʻlgansiz! 90 ga kirgach, toʻxtagan nafasingiz – 38 dagi ruhiy oʻlimingizning zohiri, xolos. Toʻgʻrilik uchun kurashdan chekingandayoq oʻlgansiz, haqiqat uchun kurashdan chekingandayoq oʻlgansiz, adolat uchun kurashdan chekingandayoq oʻlgansiz! Bugun men oʻsha uch yigit uchun Xudoga shukr deyman, ular ilohiy nasibasini oldi. Qizib turgan gulxan ularni eʼtiqodidan qaytara olmas. Ular “oʻtga tashlang bizni!” dedilar. Bilasizki, Bibliyada oʻshal moʻjiza haqida gapirilmoqda. Ularning iymoni “shartsiz” iymon edi. Xudo ularning abadiy hamrohi edi.
Gapim soʻngida yana bir bor takrorlayman: toʻgʻrilikni toʻgʻrilik uchun qiling, buning evaziga shaksiz mukofot bor. Muqaddas kitobda aytiladi: oʻsha lovullab turgan otashxona bamisli salqin xonaga aylantirildi. Kimdir ichkariga qaradi-yu beixtiyor hayqirvordi: “Bu yerga uch kishini qamagan edik, toʻrtta boʻlib qolishibdi!” Aslo yolgʻizman deb oʻylamang. Boring oʻsha qamoqxonaga, u yerda yolgʻiz qolmaysiz. Toʻgʻrilik tomonda turing, dunyo sizni tushunmasin, malomat toshlari otsin, siz aslo yolgʻiz emassiz. Qayerdadir oʻqigan edim: Xudo hamrohi boʻlgan odam – ozchilik emas. Xudoning oʻzi oʻsha ozchilikni koʻpchilikka aylantirib qoʻyadi. U bilan boʻling shu tong, unga inoning, nimaiki toʻgʻrilik boʻlsa, shuni qiling, U dunyo turguncha sizga hamrohdir. Ha, men chaqmoq nurlarini koʻrmoqdaman, momoqaldiroq guldirashini eshitmoqdaman, ruhimni gunohga sudrovchi mayllar zabt etishga urinayotganini his qilmoqdaman, biroq, ayni choqda, Isoning kurashga chorlovchi nidosini ham eshityapman. U meni hech qachon yolgʻiz qoldirmaslikka soʻz berdi. Hech qachon! Hech qachon! Bugun qayerga yoʻl olmang, birodarlar, haqiqat bilan, adolat bilan, yaxshilik bilan ekaningizni dunyoga bildiring, abadiy Hamrohingizni taniting. Mayli, dunyo ahli sizga tushunmay boqsin, atrofingizda lovullab gulxanlar yonsin, mayli, biroq chekinmang. Nima boʻlsa boʻlsin, boʻyin egmang, Xudo yovuzlik “maʼbud”lariga bosh egmaslikni amr etadi.
Martin Lyuter KING
Ingliz tilidan
Xurshid Yoʻldoshev tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 2-son, “Basharti” maqolasi