Oruellning “Molxona”sida “Qichqiriq laqabli, ko‘zlari pir-pir uchib turadigan, ovozi chiyillagan, o‘zi kichkina, ammo baqaloq cho‘chqacha mashhurroq edi. U ajoyib notiq edi. Biror-bir muammoni muhokama qilar ekan, u tomondan bu tomonga yugurar, bu ham nutqiga alohida ishonchlilik baxsh etardi. Kimdir Qichqiriq haqida bu oqni qora, qorani oqqa aylantira oladi, deb aytgan edi”.
Asarda bir kuni hayvonlar molxonada sut va olmalar “yo‘qolib qolgani”, ya’ni ularni cho‘chqalar o‘zlari uchun olib qo‘yganini payqaydi va, tabiiyki, norozilik bildiradi. Shunda katta sahnaga o‘sha “Qichqiriq” chiqib, boshqa jonzotlarni chalg‘itish, ularning shubhalarini aritish maqsadida shunday bayonot beradi:
“O‘rtoqlar, aslida, biz, cho‘chqalar, sut va olmani yoqtirmaymiz. Ular salomatligimiz uchun zarur. Sut va olmalar tarkibida cho‘chqalarni sog‘lomlashtiruvchi kuchli moddalar bor. Bu fanda ilmiy jihatdan asoslangan. Biz, o‘zingizga ma’lum, aqliy mehnat vakillarimiz, boshqarish bizning zimmamizda. Bizning sut ichishimiz va olmani tanovul qilishimiz o‘zimiz uchun emas, sizlar uchun. Agar sog‘ligimiz yomonlashsa, nima bo‘lishini tasavvur eta olasizlarmi?! O‘rtoqlar, u holatda Jons molxonaga qaytib keladi! Albatta, uning qaytib kelishini istamasangiz kerak!...”
Arzimas daqiqalar ichida “Qichqiriq” shunchalik ko‘p ilmiy, siyosiy va hissiy da’volarni qalashtirib tashlaydiki, natijada boshqa hayvonlar har bir argumentni alohida tekshirish yoki tanqidiy tahlil qilishga o‘zida kuch, vaqt yoki quvvat topolmaydi, miyalari g‘ovlab ketadi, oxirgi zarba – “Jonsning qaytib kelishi mumkinligi”dan xavotir esa ularni butunlay “nokaut” holatiga tushiradi.
Tramp – eng mashhur “chopag‘on”
Bitta post yoki bayonotning o‘zida auditoriyani ko‘p sonli mavhum, tekshirish qiyin bo‘lgan argumentlar, chala haqiqatlar yoki asossiz iddaolar bilan “bombardimon” qilish va shu orqali odamlarni chalg‘itish, ishontirish, ayni paytda bahs yoki axborot muhitida ustun mavqega erishishni ko‘zda tutadigan manipulyatsion texnologiya fanda “Gishcha chopish” (The Gish gallop[1]) deyiladi.
1994-yili AQShdagi siyosiy debatlarning birida kreatsionist olim Dueyn Gish o‘z raqibini qisqa vaqt ichida zaif, noaniq, shaxsiy tajribaga asoslangan da’volar bilan ko‘mib tashlaydi, qarshi tomon esa o‘ziga berilgan daqiqalar orasida ularning qaysi biriga raddiya yoki e’tiroz bildirishni bilmay dovdirab qoladi. Jarayonga guvoh bo‘lgan professor Yujin Skott (Missuri universiteti) raqibidan katta tezlikda “o‘zib” ketgan Gish sharafiga ayni terminni ilk bor muomalaga kiritadi.
“Gishcha chopish” odatda teledebat yoki jonli bahslarda namoyon bo‘ladi. Masalan, ko‘pchilik kuzatuvchilar Donald Trampni tarixdagi eng mashhur “chopag‘on” deb hisoblaydi. “Los Angeles Times” nashrida e’lon qilingan maqolada aytilishicha, bo‘lajak prezident 2024-yil yozidagi saylovoldi debatda bir soatdan sal ko‘proq vaqt mobaynida naq 162 ta yolg‘on va haqqoniy bo‘lmagan ma’lumotlarni qalashtirib tashlagan[2]. Bu – har bir daqiqada 2,5 ta noto‘g‘ri bayonot berilgan, degani.
Bu usul qanday ishlaydi?
“Gishcha chopish” texnologiyasining “muvaffaqiyati”ni 2013-yilda italiyalik dasturchi Alberto Brandolini tomonidan ilgari surilgan “Brandolini qonuni” (“Bo‘lmag‘ur gaplar assimetriyasi” ham deyiladi) bilan izohlash mumkin. Unga ko‘ra: “Feyk yoki fitna nazariyalarini rad etish uchun sarflanadigan energiya miqdori uni ishlab chiqarish uchun sarflangan quvvatdan bir necha barobar ko‘p bo‘ladi”.
Boshqacha aytganda, yolg‘on gapirish uchun hech qanday dalil, mantiq yoki tadqiqot kerak emas. Deylik, “Yer aslida yapaloq” yoki “Gagarin hali tirik, oyda yashayapti” deb aytishga 2 soniya va 0 kaloriya ketadi, xolos. Ularning har birini rad etish esa soatlab vaqt va katta intellektual kuch talab etadi: ilmiy ma’lumotlar to‘plash, manbalarni tekshirish, mantiqiy xatolarni ko‘rsatish va buni tushunarli tilda bayon qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Tomoshabin yoki o‘quvchi uchun inkor etilmagan har bir da’vo “haqiqat” bo‘lib ko‘rinadi.
Bundan tashqari, “Gishcha chopish” 2016-yili RAND Corporation tadqiqotchilari tomonidan Rossiyaning tashqi targ‘ibot usullari tahlili asosida iste’molga kiritilgan “Yolg‘onlarni seldek yog‘dirish” (Firehose of Falsehoods) metodiga ham tayanadi. Uning asosiy maqsadi – biror narsaga ishontirish emas, balki sizni dovdiratib qo‘yish va haqiqat mavjudligiga shubha uyg‘otish.
Ushbu modelda yolg‘on bir emas, o‘n shlangdan “purkaladi”, targ‘ibotchilar o‘z gaplarining bir-biriga zid kelishidan uyalmaydi, bugun bog‘dan, ertaga tog‘dan so‘zlaydi, maqsad – haqiqatni aytish emas, balki o‘nlab turli xil soxta versiyalarni tashlab, odamlarda “hech kimga ishonib bo‘lmaydi” degan fikrni shakllantirish. Kishilar doimiy ravishda “yolg‘onlar yomg‘iri” ostida qolsa, miyada “filtrlash” funksiyasi o‘chadi, natijada, eng bema’ni iddaolar ham tanqidsiz qabul qilinadi.
Milliy axborot makonidagi “galloperlar”
“Gishcha chopish” o‘zbek mediasi uchun ham begona janr – faqat siyosiy debatlarda qo‘l keladigan ayyorlik emas. Ayni texnologiya tez va tartibsiz, zamonaviy axborot muhitining boshqa, bizga tanish nuqtalarida ham juda samarali ishlaydi va bundan foydalanib qolayotganlar, afsuski, yetarlicha. Xo‘sh, ular qayerlarda namoyon bo‘lyapti?
OAV va blogerlar sahifalari. Hammada emas, soxta, ammo tez tarqaydigan kontentni sifatli info-mahsulotdan ustunroq qo‘yadiganlar sahifalarida uchratamiz. O‘quvchiga esa xabarni tekshirib ko‘rishdan ko‘ra, sahifa “brendi”ga ishonish qulayroq bo‘ladi, odatda.
Reklamalar. Mutaxassislarning fikricha, bu usul tezkor nutq bilan birga qo‘llanganda, ayniqsa, samarali bo‘ladi. Ba’zida, biror dori yoki biologik faol qo‘shimcha reklamasida qandaydir daqiqalar ichida mahsulotning o‘nlab “mo‘jizaviy” xususiyatlari, “tuzalgan” bemorlar fikrlari, qiyosiy faktlar, turli chegirmalar sanab tashlanadi. Iste’molchida ularning har birini alohida o‘rganish/tekshirishga vaqt ham, toqat ham yo‘q, ko‘zimga bo‘lmasa, oyog‘imga foyda bo‘lar, deb sotib olaqoladi.
Statistik ma’lumotlar. Yana o‘sha “Molxona”dan misol. Qichqiriq har yakshanba och va holdan toygan hayvonlarga “Sut ishlab chiqarish 200 foizga, boshqa oziq-ovqatlar 500 foizga oshgani, yem-xashak zaxirasi avvalgidan 300 foizga ko‘paygani, ish vaqti falon soatga qisqargani” haqida uzundan-uzun statistik ma’lumotlarni o‘qib beradi. “Hayvonlar bunga ishonardi. Ishonmaslikka asos yo‘q edi. Chunki qo‘zg‘olondan oldingi sharoitlarni eslolmasdilar. Har holda u davrlarda oxiri ko‘rinmaydigan va boshni g‘ovlatib yuboradigan raqamlar bo‘lmasdi” deyiladi asarda. Notanish manzara emas, to‘g‘rimi?
Axborot xurujlari. Rasmiy Toshkentning G‘arb bilan yaqinlashuvi kimlargadir yoqmadi shekilli, shu yilning sentyabrida you tubeda shimolning sovuq nafasi ufurib turgan o‘nlab yap-yangi kanallar ochilib, ulardan ketma-ket, hech qanday faktik asosga ega bo‘lmagan bo‘htonlar yog‘dirildi, ba’zan bir-biriga zid, qarama-qarshi fikrlar (deylik O‘zbekiston o‘zi yaxshi, ammo bizdan ruxsatsiz “pitirlashi” yomon qabilida) aytildi, shunday qilinsa, odamlarda yanada ko‘proq noaniqlik va shubha uyg‘onadi-da.
“Gishcha chopish” bu – axborot orqali charchatish, diqqatni parchalash va fikrlash imkoniyatini cheklashga qaratilgan murakkab manipulyatsion texnologiya. Zamonaviy axborot muhitining oddiy iste’molchisi ko‘pincha kim ko‘p, tez va birinchi bo‘lib gapirsa, o‘sha haq deb o‘ylaydi, yarim-yorti faktlar, kesib-qirqilgan iqtiboslar, da’volar hamda baqiroq ohang bilan infoxaos yaratganlarga ko‘proq ergashadi, o‘qiydi, quloq tutadi. Gishga o‘xshab chopayotganlar esa buni yaxshi biladi va shundan foydalanadi. Tez va tartibsiz, loyqalatilgan yoki o‘ynoqi infomuhit haqiqatni to‘sadi. Agar maqsad haqiqatni ko‘rish bo‘lsa – shovqinsiz, sokin, sog‘lom fikr bilan taqdim etilgan axborot iste’moliga o‘rganishimiz kerak.
Dilshod NURULLOH