“Yashamoq – mehnat qilmoq demak”

Rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan munosib oʻrin olishdek yuksak maqsadimiz bizdan har tomonlama yetuk yosh avlodni tarbiyalashni talab etadi. Oʻgʻil-qizlar tarbiyasi esa koʻpqirrali boʻlib, bunda mehnat tarbiyasi asosiy oʻrin tutadi. Zero, buyuk fransuz maʼrifatparvari Fransua Volter aytganidek, “Yashamoq – mehnat qilmoq demakdir. Mehnat – inson hayotining aynan oʻzidir”. Mehnat vositasida odam nafaqat olamni, oʻzini ham bunyod etadi.

Mamlakatimizda har bir fuqaroning mehnat qilish huquqi davlat tomonidan kafolatlangan. Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 53-moddasida “Davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi”, deb belgilab qoʻyilgan.

Birinchi Prezident Islom Karimov “Barcha islohotlarning – iqtisodiy, demokratik, siyosiy islohotlarning asl maqsadi insonga munosib turmush va faoliyat sharoitlarini vujudga keltirishdan iborat” degan fikri bilan bugungi ijtimoiy mehnatning maʼno-mohiyatini ham aniqlab bergan edi (Islom Karimov. Oʻzbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yoʻlida. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 1995. 119-bet).

XXI asrda mehnat quyidagi xususiyatlarni namoyon etayotir: 1) mehnat jarayonining intellektual potensiali ortyapti, bu esa aqliy mehnat rolining kuchayishi, xodimning ongliligi va masʼulligi kuchayishida namoyon boʻlmoqda; 2) mehnat xarajatlari moddiy qismining ulushi koʻpaymoqda. Bu mehnat vositalari (mashinalar, asbob-uskunalar, mexanizmlar va boshqalar) roli ortishi bilan bogʻliq boʻlib, inson cheklangan jismoniy imkoniyatlar sharoitida mehnat unumdorligi va samaradorligi oshishida hal qiluvchi omilga aylanmoqda; 3) mehnat jarayonining ijtimoiy ahamiyati ortyapti. Hozirda mehnat unumdorligining oʻsishi faqat xodim malakasini oʻstirish yoki mehnatni yuksak mexanizatsiyalashtirish bilangina emas, balki inson salomatligi, uning kayfiyati, oila, jamoa va umuman jamiyatdagi munosabatlari bilan ham bogʻliqdir (Abdurahmonov Q. Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi. Toshkent, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamgʻarmasi nashriyoti, 2004. 11-bet).

Mamlakatimizda bundan 20 yil avval qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, mohiyat eʼtiboriga koʻra, yosh avlodni hayotga har tomonlama tayyorlash, har bir yigit-qizda mehnatga nisbatan ehtiyoj va ishtiyoq shakllantirishni koʻzda tutadi. Zero, bugun amal qilayotgan “9+3” shaklidagi bepul majburiy taʼlim tizimi mohiyatida ham har oʻquvchining ikki yoki uch kasbni puxta oʻzlashtirishi, xorijiy tillarni mukammal egallashi, zamonaviy axborot texnologiyalaridan toʻliq foydalana bilishi va shular asosida hayotga komil ishonch bilan dadil qadam qoʻya olishidek ezgu maqsad mujassamdir.

Shaxsning yaratuvchilik faoliyatiga toʻsqinlik qiladigan uch illat – beparvolik, tanballik va loqaydlikka qarshi beayov kurash ochish bugun har qachongidan-da dolzarb, desak sira xato emas. Beparvolik – oʻz umri va jamiyat hayotiga eʼtiborsiz, sovuqqon qarashdir, bunday feʼlli kishi nainki jamiyat, hatto oʻzi uchun ham biror arzirli ish qilishga qodir boʻlmaydi. Loqaydlik esa – jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalarga, ulardagi ijobiy va salbiy jihatlarga aqliy-hissiy befarq yondashuv boʻlib, bu toifa kishilar uchun mustaqillik, farovonlik, erkinlik oliy qadriyat sanalmaydi.

“Temur tuzuklari”dagi “Tajribamda koʻrilgankim, azmi qatʼiy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz kishidan yaxshiroqdir”, degan fikr buyuk Sohibqironning ana shunday beparvo-yu loqayd kimsalarga munosabatini ifoda etadi. Tanballik ham beparvolik va loqaydlikka oʻxshasa-da, biroq mehnatdan, yaratuvchanlikdan oʻzini ongli ravishda chetda tutishga intilishi bilan farqlanadi. Tanbal odam hamisha ogʻirning ustidan, yengilning ostidan oʻtishni maʼqul koʻradi. Bunday kimsani ishyoqmas, dangasa deb ham ataydilar. Tanballikdan saqlanish mumkin, albatta. Buning uchun bolalikdanoq jiddiy tarbiyaviy ish olib bormoq zarur. Zero, fransuz faylasufi Klod Gelvesiy aytganidek, “Agar odam bolalik davridanoq mehnatga odatlansa, mehnat uning uchun chinakam huzurga aylanadi. Ammo unda bunday odat shakllanmagan boʻlsa, yalqovlik unga mehnatni azob qilib koʻrsatadi”.

Aqliy mehnat tanazzuli davri

Shoʻrolar davrida mehnat umumdavlat miqiyosida kampaniyabozlikka aylantirilgan edi. Mehnatning insonga keltirajak bevosita manfaati haqida gapirilmas, uning hajmi, sifati va ish haqi oʻrtasidagi bogʻliqlik inkor etilar, mehnatga faqat davlat shon-shuhrati, siyosiy kuch-qudratini oshirishga qaratilgan faoliyat, shunday faoliyatni amalga oshirish esa fuqarolik burchi deb qaralardi (Макаренко А. Воспитание гражданина. Москва, “Просвещение”, 1988. Стр. 220).

Ayni yondashuv shoʻro tuzumining asl niyatini oshkor etadigan aql, bilim, tafakkurga asoslanuvchi intellektual mehnat rolini pasaytirishga olib keldi. Shu bois ham mazkur tuzumning davlat ramzi faqat ikki xil mehnat quroli – oʻroq va bolgʻa edi.

Kommunistlar aqliy mehnat vakillariga past nazar bilan qarar, pedagoglar, olimlar, injenerlar, vrachlar va boshqa ziyolilarni boshqaruv jarayonidan imkon qadar chetda tutar edi. Ziyolilar haqida kommunistik davralarda “интеллегенщина” deb bepisand soʻzlanardi. Ayni choqda, aqliy mehnat vakillari har 5–7 yilda bir oʻtkazib turilgan yalpi qatagʻonlar nishoniga aylanardi. Birgina 1937-38-yillarda 100 ming ziyoli qatagʻon qurboni boʻlgani dahshatli holdir, albatta (Islom Karimov. Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2008. 98-bet).

Aqliy mehnat vakillariga bunday yondashuv zamirida totalitar davlat siyosatining manfur mohiyatini ziyolilar boshqa sinflarga anglatib qoʻyishidan qoʻrquv va hadik mujassam edi. Buni xaspoʻshlashning hatto nazariy-metodologik asoslari ham ishlab chiqilgan. Shoʻro davri pedagogikasi dargʻalari – A.Makarenko, N.Krupskaya, A.Suxomlinskiy aqliy va siyosiy tarbiyani oʻzaro qiyoslab, keyingisi oldingisidan mutlaq ustun ekanini qayta-qayta taʼkidlagan. A.Suxomlinskiy asarlarida “yosh leninchi”larni maqsadli tarbiyalash uchun oʻquvchining bilim olish borasidagi mehnati ikkinchi darajali masala ekanini ochiq-oydin yozadi: “Men majlislarda oʻquvchining bilim olish borasidagi mehnat natijalarini umuman muhokama etmayman. Men uchun har doim bolaning siyosiy eʼtiqodi birlamchi ahamiyatga ega” (Сухомлинский А. Коммунистическое воспитание. Москва, “Просвещение”, 1982. Стр. 56-57). A.Makarenko esa mehnat jarayonida muhim ahamiyatga ega shaxsiy masʼuliyat va javobgarlik masalasiga ham kommunistik mafkura nuqtayi nazaridan yondashadi: “Ishda shaxsiy masʼuliyat va javobgarlik tayinli natija bermaydi. Biz bor kuchimizni kollektiv masʼuliyat va javobgarlikni kuchaytirishga qaratmogʻimiz zarur” (Макаренко А. Избранные труды. Москва, “Прос­вещение”. Стр. 75).

Xullas, shoʻro tuzumiga fahm-farosatli, aqli teran, bilimdon odamlardan koʻra oʻqish, yozish va sanashni nari-beri biladigan, biroq davlat topshiriqlarini soʻzsiz bajaradigan ijrochilar kerak edi.

Din va mehnat

Qadimgi diniy manbalarda mehnat turlicha talqin qilinadi. Birinchi yoʻnalishga mansub zardushtiylik dinida mehnat insonning tabiat bilan uygʻunlashuvi, unga shukronalik bajo etish vositasi deb taʼriflanadi hamda shu vosita yordamida tabiatni asrash va bunyodkorlik qilish beqiyos axloqiy qadriyat, deya taʼkidlanadi.

Ikkinchi yoʻnalishga mansub yahudo va nasaro dinlarida esa mehnat inson uchun bu dunyodagi doʻzaxiy qiynoq sanalib, unga Tangri nadomati va jazosi deb qaraladi. Jannatdan badargʻa etilgan Odam Ato va Momo Havvo yerda mashaqqatli saʼy-harakati va peshona teri evaziga kun kechirishga mahkum etilgani uqtiriladi. Shuningdek, mehnat qilish quyi tabaqa vakillari va qullarga xos, kiborlar va ruhoniylar esa Odam Ato-yu Momo Havvoning gunohi uchun tavba-tazarru va ibodat qilib yashashi zarurligi qoidaga aylantirilgan.

Yahudo va nasaro dinlaridan farqli oʻlaroq islom dinida mehnat insonga Olloh tomonidan berilgan jazo deb talqin etilmaydi. Islomda ongli ravishda qilingan mehnatning hosilasi oʻlaroq qoʻlga kiritilgan boylikni birga baham koʻrish – ehtiyojmandlarga koʻmaklashish, xayr-u saxovat koʻrsatish oliy qadriyat sifatida talqin etiladi.

XVI asr oʻrtalarida Yevropada keng ijtimoiy harakatga aylangan protestantizm oqimi tarafdorlari “Mehnat – ibodatning ayni oʻzidir” degan shior ostida birlashdilar. Mehnatning ilohiy hodisa oʻlaroq talqin etilishi odamlarni oʻz kasb-koriga masʼuliyat bilan yondashish, ishni sifatli ado etishga undadi va mehnat rizq-roʻz, boylik keltirishiga ishonchni kuchaytirdi. Shu jihatdan, Gʻarb Renessansi davri va undan keyingi asrlarda erishilgan jahonshumul yutuqlarning protestantizm gʻoyalari bilan bogʻlab talqin etilishida jiddiy asos bor.

IX–XV asrlarda yuz bergan Sharq Uygʻonishida esa diniy eʼtiqodning mehnat bilan uygʻunlashuvi, ilm-fan orqali dunyo sir-sinoatini bilish harakati Ollohning nechogʻli buyukligi va qudratini anglash bilan chambarchas bogʻlandi.

Ollohning buyukligini faqat ilm-fan va kasb-hunar orqali anglash mumkinligi Bahovuddin Naqshband taʼlimotida ayniqsa roʻy-rost koʻrinadi. Ushbu taʼlimotda bola oiladayoq kasb-hunarga yoʻnaltirilishi zarurligi taʼkidlangan. Naqshband hazratlari biror kasbni puxta egallagan kishilarnigina murid qilib olgan. Ul zot hunarga aylanmagan bilim samarasiz, negaki, u xalqqa va Haqqa xizmat qilmaydi, deb hisoblagan. “Agar kishi hunarli boʻlsa, oʻz bilimini haqiqatga bagʻishlaydi... Bordi-yu kasbi boʻlmasa, bilimini tirikchilikka sarf etadi... Ollohni ham, odamlarni ham dildan seva olmaydi”, deya pand-nasihat qiladi hazrat (Abdurahmonov Q. Mehnat iqtisodiyoti. Toshkent, “Mehnat” nashriyoti, 2004. 34-bet).

Mehnat tarbiyasi ajdodlar talqinida

Sharq Aflotuni, Muallimi soniy deya ulugʻlangan buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” va boshqa asarlarida mehnat tarbiyasi mavzuyiga alohida toʻxtalgan. Forobiy fikricha, har bir mavjudot “oʻziga xos boʻlgan martaba – ...yuksak kamolotga erishish uchun borliqqa kelgan” (Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2016. 285-bet). Inson uchun bunday kamolot oliy baxt-saodat hisoblanadi. Dastavval inson oliy baxt-saodat nima ekanini aniq bilib olmogʻi joiz. Soʻngra uni oʻzi uchun maqsad qilib belgilab, shu maqsadga bor vujudi-la maftun boʻlmogʻi lozim. Bundan ham keyin maqsadga eltguvchi ish-amallarni aniqlashtirib olmoq zarur. Eng oxirida esa baxt-saodatga erishtiruvchi ish-amallarga jidd-u jahd qilmogʻi darkor. Forobiy baxt-saodatni maqsad qilib belgilash taʼlim orqali, ish-amal bilan unga erishish esa tarbiya vositasida boʻlishini uqtiradi. Yana mutafakkir taʼkidlaydiki, jamiyat aʼzolari baxt-saodatga erishishda bir-biriga bajonidil yordam bermogʻi lozim. “Haqiqiy baxtga erishish maqsadida oʻzaro yordam qiluvchi kishilarni birlashtirgan shahar – fazilatli shahardir, baxtga erishish maqsadida birlashgan kishilar jamoasi – fazilatli jamoadir” (oʻsha asar, 288-bet) deydi alloma.

Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy ham “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston” kabi asarlarida mehnat tarbiyasi mavzuiga batafsil toʻxtalgan. Ayniqsa, u oʻqituvchi mehnatiga katta eʼtibor qaratib, bunday mehnat oʻquvchi ongiga uzluksiz taʼsir koʻrsatish tufayligina samara berishini, bilim olish esa muntazam takrorlanuvchi mehnat orqaligina amalga oshishini qayd etadi (Abu Rayhon Beruniy. Qadimgi halqlardan qolgan yodgorliklar. Toshkent, “Fan”, 1968. 102-bet).

Tabiblar sultoni boʻlmish ulug‘ bobomiz Abu Ali ibn Sino esa mehnatning inson hayotida tutgan oʻrni va rolini sogʻliq-salomatlik masalasi bilan bogʻlab tushuntiradi. “Bekorchilik va aysh-ishrat nafaqat nodonlikka olib keladi, ayni vaqtda kasallikning tugʻilishiga ham sabab boʻladi”. Ibn Sino bu oʻrinda tan va ruhning oʻzaro vobastaligi masalasiga urgʻu beradi. Mutafakkir uqtiradiki, mehnatni sevish va nafsni tiyish donolig-u salomatlikka, dangasalik va mechkaylik esa nodonlig-u kasallikka sabab boʻladi. Shu tariqa, buyuk ajdodimiz kelgusi nasllarga bekorchilik va aysh-ishratni tark eting, mehnat orqasidan kamtarona umrguzaronlik qiling, deya yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi.

“Alisheriy” iborasining siri

Hazrat Navoiy inson ado etajak har qanday kasb yoki yumush yuksak sifatli boʻlishi ustida jonkuyarlik qilgan. Ulug‘ mutafakkirning ilm-fan va kasb-hunar sohiblariga koʻrsatgan gʻamxoʻrliklari haqida “Boburnoma”da bunday deyiladi: “Fazl ahli va hunar ahliga Alisherbekchalik murabbiy va homiylik qilgan odam dunyoda topilmasa kerak” (233-bet). “Kimki biror ish bilan mashgʻul boʻlsa, himmat va maqsadi shu ishni kamolga yetkazish edi” (137-bet). “Alisherbek koʻp va yaxshi narsalar ixtiro qilgan edi. Mabodo biror kishi qaysidir ishda bir yangilik yaratsa, u narsaning rivoji va ravnaqi uchun uni “Alisheriy” deb atardilar” (139-bet).

Hazrat Navoiy mehnatga mehr qoʻygan odamning, dastavval, bir sohada yetuklik maqomiga erishuviga gʻamxoʻrlik qilgan. Ul zotning bunday talabni oʻrtaga qoʻyishi sira bejiz emas ekan. Qarangki, hozirgi pedagogika va psixologiya fanlari inson ruhiyatiga doir qiziq bir faktni aniqladi. Kishi biror sohada yetuklik darajasiga erishsa-yu keng jamoatchilik uning bu sohada birinchiligini eʼtirof etsa, u endi boshqa sohalarda ham peshqadamlikni qoʻlga kiritishga tabiiy ravishda intiladi. Masalan, matematika fanidan aʼlochi deb eʼtirof etilgan oʻquvchi boshqa fanlarda ham yuksak natijalarga erishishni koʻzlaydi. Shu tariqa, bir yoʻnalishda erishilgan yuksak natija endi boshqa yoʻnalishlarga ham koʻchadi. Olimlar bu qonuniyatni “ekstropolyativ oʻzgarish” deb ataydi. Demak, taʼlim samaradorligining keskin oʻsishiga turtki beruvchi bunday omilni amaliyotga keng tatbiq etmoq zarur.

Ekstroplyativ oʻzgarishlarni yuzaga keltirish, mohiyat eʼtiboriga koʻra, pedagogik jarayondir. Pedagog ayni jarayonni nechogʻli yuksak samara bilan tashkil etishi oʻquvchilarning nafaqat bugungi taʼlim-tarbiyasi, ertangi hayoti va faoliyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi aniq.

Rahbarlik qanday mehnat?

Mehnatning eng koʻp kuch-quvvat talab etuvchi shakli aql bilan bogʻliq faoliyatdir. Oʻz navbatida, aqliy mehnat turlari ham ilm-fan va fahm-farosatni qanchalik keng qoʻllashni talab etishiga koʻra oʻzaro farqlanadi. Rahbarlik yoxud boshqaruvchilik – aqliy mehnatning eng sermashaqqat turi, desak aslo mubolagʻa emas. U ilm-fandan nihoyatda samarali foydalanish barobarida yetuk fahm-farosatni, yaʼni avval tajribada kuzatilmagan nostandart holatlarda tezkorlik bilan maqbul yechim topa olish iqtidorini ham talab etadi.

Rahbar mehnati, oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra, bilvosita mehnat faoliyati hisoblanadi. Chunki uning vaqti asosan boshqalar mehnatini rejalashtirish, tashkil etish, boshqarish va nazorat qilishga sarflanadi. Shu bois rahbar mehnatining natijasi asosan u qabul qiladigan qarorlarda namoyon boʻladi.

Jamoa mehnatining samaradorligi rahbar bu jarayonni qanday rejalashtirishiga bogʻliq, demakki, rahbarning oʻz mehnatini qanday rejalashtirishi ham nihoyatda ahamiyatli. Abdulla Avloniy nomidagi Oʻrta umumiy taʼlim muassasalari rahbarlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalariga koʻra, mamlakatimizdagi maktab direktorlarining yarmi (50,4%) oʻz faoliyatini asosan xizmat vazifalari va yuqori idoralar topshirigʻi asosida rejalashtirar ekan. Albatta, bunday yondashuv rahbarning oʻz lavozimini koʻp yillar saqlab qolishini taʼminlasa-da, biroq boshqaruvchi sifatida barqaror oʻsib yuksalishiga yetarli boʻlmaydi. Zero, hozirgi davrda taʼlim muassasasi rahbaridan oʻz ustida uzluksiz ishlash asosida muttasil innovatsion-kreativ rivojlanish talab etilayotir.

Shuningdek, tadqiqotdan ayon boʻlishicha, aksar maktab direktorlari qisqa muddatda hal etish zarur boʻlgan masalalarga (majlis oʻtkazish, tadbir uyushtirish, xatlar bilan ishlash, yuqori idora topshiriqlarini bajarish, qabulga keluvchilar bilan uchrashish, maktab hududida tozalikni saqlash va hokazo) asoslanib, kun, hafta, oylik rejalarini belgilar ekan. Menejmentda bu usul joriy ishlar asosida rejalashtirib faoliyat yuritish deb nomlanadi va u rahbarni istiqbolni koʻzlab ish yuritishdek fazilatdan mosuvo etadi. Hamonki, bosh tarbiyachi boʻlgan direktorning oʻzida shuncha kamchilig-u nuqson boʻlsa, uning maktabida tahsil koʻrayotgan oʻgʻil-qizlardan nimani kutish mumkin?!

Oilada mehnat tarbiyasi

Har qanday mehnat undan olinajak samaraga koʻra qadrlanadi. Shu bois oilada berilajak tarbiya eng qadrli mehnat sanaladi. Tajribadan ayonki, bola xarakterida biror fazilatni, masalan, toʻgʻrisoʻzlilik yoki irodani shakllantirish nechogʻli qiyin va murakkab ish, u qancha kuch, sabr, qatʼiyat va matonat talab etadi.

 Maʼlumki, bola xarakterining asosiy xususiyatlari besh yoshgacha shakllanadi, maktabgacha boʻlgan davrda mustahkamlanadi va butun umri davomida takomillashadi. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” kitobida oʻgʻil-qizlar besh yoshgacha boʻlgan davrda butun umri davomida oladigan barcha axborotning 70 foizini egallab boʻlishini qayd etib, bola shaxsiga katta masʼuliyat va eʼtibor bilan yondashish zarurligini taʼkidlagan.

Barchaga ayonki, bola besh yoshgacha oila muhitida va asosan ona taʼsirida boʻladi. Pedagogika va psixologiya fanlari boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasiga koʻra, besh yoshgacha boʻlgan davrda bola ongi tafakkurning fotografik xususiyatini rivojlantiradi. Bolada tasavvur jarayoni faollashadi, yaʼni u oʻzi koʻrgan, eshitgan narsa-hodisalarni oʻziga xos tarzda “surat”ga tushirib, takrorlash negizida xotira zaxirasini shakllantiradi. Oiladagi muhit – ota-ona, aka-uka, opa-singillar oʻrtasidagi munosabat bolaning xarakter xususiyatlari, chunonchi, mehnatga yondashuvi shakllanishida ham muhim rol oʻynaydi.

Bir soʻz bilan aytganda, oilada qaror topgan muhit bolaning hayotga umumiy yondashuvi yuzaga kelishi, yaʼni uning hozirgi va kelgusi hayotida qanday qarorlar qabul qilishi, u yoki bu masala yuzasidan qanday xulosaga kelishi, xullas, yaxshilik yoki yomonlik tarafida boʻlishida hal etuvchi omil hisoblanadi.

Oilada mehnat tarbiyasi bola oyoqqa turib yura boshlashi bilan yoʻlga qoʻyilishi zarur. Bu davrda bolaning biror yengilroq narsani olib kelishi, buyum yoki qoʻgʻirchoqni uzatib yuborishini ragʻbatlantirib borish asosida ish tutgan maʼqul. Yaʼni bola oʻz harakati bilan kattalar koriga yarayotganidan zavq his etsin. Goʻdaklikdan boshlanuvchi bunday mehnat tarbiyasi rostgoʻy va xushxulq boʻlish, anʼana va urf-odatlarni hurmatlash bilan qoʻshib olib borilmogʻi darkor.

Inson tabiatida mavjud taomil va qoidalarni oʻzgartirish mayli va ishtiyoqi azaldan bor. Rivoyatlarga koʻra, Odam Ato va Momo Havvo ham jannatdan ilohiy amrni buzgani uchun quvilgan. Bola aqlan va jisman voyaga yetguniga qadar uni oiladagi taomil va qoidalarga rioya qilishga odatlantirish nihoyatda ahamiyatli. Bu boradagi ilk koʻnikma esa bolaga uydagi narsalarni har doim oʻz joyiga qoʻyishni oʻrgatish boʻlmogʻi kerak. Zero, xitoy mutafakkiri Konfutsiy mehnat tarbiyasi rostgoʻylik bilan, rostgoʻylik esa narsalarni oʻz joyiga qoʻyishga oʻrgatish bilan bogʻliq, deya oʻgit beradi. Demak, bir qarashda uncha ahamiyatli koʻrinmaydigan palapartishlik, besaranjomlik, yaʼni narsa-buyumlarning oʻz joyida turmasligi bolada mehnat va hayotga loqaydlikni shakllantirishi mumkin.

Bola qalbida biror kasb-hunarga mehr uygʻotish oiladagi mehnat tarbiyasining birinchi yoʻnalishidir. Bola hali boshlangʻich sinflarda oʻqib yurgan paytidayoq biror kasbni egallash uning aniq hayotiy maqsadiga aylanishi zarur. Buning uchun esa tanlangan kasb-hunarga doir axborotni bosqichma-bosqich oʻzlashtirib borish taqozo etiladi. Masalan, bola kelgusida vrach boʻlmoqchi. Bu holda unga 7-8 yoshligidanoq birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish, eng oddiy dorilarni farqlay olish singari boshlangʻich bilim va koʻnikmalarni singdirish lozim.

Oiladagi mehnat tarbiyasining ikkinchi yoʻnalishi esa bolani hayotga umumiy tayyorlashdir. Buning uchun, avvalo, har bir yumush aslida bir hunar ekanini farzandlarga erinmay tushuntirmoq zarur. Masalan, gul va daraxtlarni parvarishlash, ovqat tayyorlab, dasturxon tuzash, oʻzi va ukalariga kiyim-kechaklar tikish, uydagi nosoz mebellarni taʼmirlash va boshqa kundalik biror mashgʻulot kelgusida inson hayotini taʼminlovchi hunar boʻlishi mumkin. Hamma gap uy sharoitida ana shu mashgʻulotlarni nechogʻli oʻz vaqtida, sifatli ado etishni oʻrgata bilishda. Oilada shunday yuksak tarbiya olgan oʻgʻil yoki qiz hayotga bir necha hunar egasi boʻlib kirishiga shak-shubha yoʻq.

Farzandlarning oʻz oila aʼzolari va atrofdagi boshqa kishilarga qanchalik mehr-oqibatli boʻlib shakllanishida ham mehnat tarbiyasining oʻrni va roli beqiyos. Ota-onalar bolalariga tarbiya berishida eng koʻp koʻzga tashlanuvchi ikki yondashuv mavjud. Birinchisi, bolani erkalatib voyaga yetkazish boʻlib, bu yondashuv tarafdorlari oilada mehr va ardoqqa qonib voyaga yetgan farzand butun umri davomida, xuddi oʻzi oilasi bagʻrida koʻrganidek, boshqalarga mehr va ardoq koʻrsatib yashaydi deb hisoblaydi. Ikkinchi yondashuv tarafdorlari esa bolani qattiqqoʻllik asosida tarbiyalash, uni tartibot-intizomga qatʼiy rioya etishga odatlantirish zarur degan fikrni yoqlaydi. Bunday qarashdagi kishilar bolani hayot qiyinchiliklariga bardoshli qilib oʻstirishni oʻta muhim deb bilib, aksincha, erkalatib oʻstirilgan farzand qiyinchiliklarga dosh bera olmaydi, irodasi sust boʻladi, hayotda yuksak marralarni zabt etolmaydi, deb hisoblaydi.

Tabiiyki, har ikki yondashuvda ham ozmi-koʻpmi mantiq bor. Ammo, bizningcha, bolani erkalatishda ham, unga qattiqqoʻllik qilishda ham meʼyor buzilmasligi shart. Chunki har ikki holda ham bola xarakterida ayrim jiddiy qusurlar paydo boʻladi. Yaʼni oʻta erkalatib yuborilgan bola kelgusida yengiltak, masʼuliyatsiz, oʻta qattiqqoʻllik ostida ulgʻaygan farzand esa bemehr, shafqatsiz boʻlib qolishi mumkin. Demak, bolaga mehribonlik va talabchanlikni oʻzaro uygʻunlashtirgan holda tarbiya berish maqsadga muvofiqdir.

Bolaga biror oliyjanob maqsadni koʻzlab yashash, halol mehnat qilib bundan rohatlanishni oʻrgatish kelgusida uning qarshisidan chiqishi mumkin boʻlgan barcha muammolarga oʻzi maqbul yechim topishiga zamin hozirlashi aniq. Shu bois ham yosh avlodni mehnatga oqilona tayyorlash rivojlangan mamlakatlar safidan munosib oʻrin egallashni yuksak maqsad qilib belgilagan Oʻzbekiston uchun tom maʼnoda hal qiluvchi vazifadir.

Taʼlim modeli va “portlash effekti”

Mamlakatimizda “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi negizida yuzaga kelgan milliy taʼlim modeli davlat, jamiyat, uzluksiz taʼlim, fan va ishlab chiqarishdan iborat besh tarkibiy qismga ega boʻlib, bu qismlarning uygʻun faoliyati yagona maqsad – yuksak mehnat salohiyatiga ega har tomonlama yetuk shaxsni tayyorlashga yoʻnaltirilgandir. Zero, milliy davlatchiligimiz tarixida bunday ulugʻvor maqsad hech qachon umumjamiyat miqyosida qoʻyilmagan, bunga imkoniyat ham boʻlmagan.

Tariximizning eng rivojlangan IX–XII, XIV-XV asrlarida noyob isteʼdodi va betinim mehnati evaziga boshqalardan oʻzib ketgan ayrim yoshlarni ilmiy maktablar va nufuzli jamoalarga jalb etib, ularni shaxs darajasiga yetkazish amaliyoti kuzatilgan, albatta. Ammo mamlakatning barcha fuqarolarini millati, jinsi, diniy eʼtiqodi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼiy nazar bolalikdan maqsadli tayyorlash, har bir oʻgʻil-qizga bepul bilim berish, kasb-hunar oʻrgatish orqali uni shaxs darajasiga koʻtarishga doir davlat siyosati boʻlmagan. Milliy taʼlim modeli, birinchi prezident Islom Karimov taʼkidlaganidek, pirovard natijada taʼlim, fan, madaniyat va ishlab chiqarishning barcha sohalarida misli koʻrilmagan taraqqiyot surʼatlarini va ijobiy maʼnodagi “portlash effekti”ni yuzaga keltiradi va mamlakatimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqadi. Buning uchun esa milliy taʼlim modelining yuqorida zikr etilgan besh tarkibiy qismida ishni yuksak samara bilan tashkil etmogʻimiz darkor.

Mansur BEKMURODOV

“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 2-son.

“Bunyodkor shaxs va mehnat tarbiyasi” maqolasi