Oʻzidan oʻzgaga jonini koyitmaydigan odam uchun bu dunyo – rohat degan qarash tobora urchib borayapti. Hozirgi ayrim yoshlar bu holatni “jinnini yoqib olish” ham deydi, yaʼni oʻzini tentakka solish degani. Men buni svetoforning sariq chirogʻiga oʻxshataman. Kim mazza qilib yashaydi? Oʻz huzurini oʻylab, boshqalar bilan zarracha ishi boʻlmaydigan odamlarmi?
Hammamizning ham shunday tanish-bilishlarimiz bor: ular faqat mol-dunyoga berilib, olamni oʻziga boʻysundirmoqchidek hayot kechiradi. Na oʻzining, na boshqalarning jonida orom bor. Ehtimol, yanglish fikrlayotganini bu foniy dunyo bilan xayrlashayotganida anglab yetar. Lekin shunda ham moddiyat gʻami joni bilan birga halqumiga tiqiladi. Natija esa oʻsha-oʻsha.
Oʻzidan daho yasab, dunyoni yakka oʻzining tegrasida aylanayotgandek his qiladiganlarga Fyodor Dostoyevskiyning shu soʻzlarini eslatgim keladi: “Hayotda muvaffaqiyatsizliging sababi barchaning diqqat markazidaman, hamma men bilan mashgʻul deb oʻylashingda! Ishon menga, sen hech kimni qiziqtirmaysan!..”
Jaloliddin Rumiy undan teranroq aytgan: “Kecha aqlli edim, dunyoni oʻzgartirmoqchi boʻldim. Bugun donoman, oʻzim oʻzgarmoqchiman!” Bu ikki fikrda ham har bir inson hayotining eng ogʻir tanlovi yotibdi. Kimning qay tomonda turishi uning kim ekanini namoyon qiladi.
Ayrimlarning qalbida “Odamlar nima deydi?” savoli muqim boʻlsa, baʼzilarda “Menga nima?” degan loqayd xitob muhrlanib qolgan goʻyo. Shu fikrlarga bandilik oqibatida esa umr oʻtib ketadi. Butun boshli umr boy beriladiki, buni anglaganda kech boʻladi.
Shoir Mirzo Kenjabek shunday yozadi:
Na ijod, na dovruq – istak-najotim,
Dillarni poklayin nohaq shubhadan.
Butkul sabil qolsin mening ijodim,
Faqat ozod boʻlsin shu xalq, shu vatan!..
Mayda narsaning katta tashvishi
Tildan-tilga koʻchib kelayotgan mashhur hikoyatga koʻra, Ibrohim alayhissalom gulxanga otilganida qaldirgʻoch ham tumshugʻida suv tashigan ekan. Bu tomchilar gulxanga zarracha taʼsir qilmasligi muqarrar, lekin qaldirgʻoch oʻzining qaysi tarafda ekanini ifoda qilayapti, imkon qadar ezgulikka ulushini qoʻshayapti. “Menga nima?” qabilida ish qilish natijasida esa ana shunday mayda koʻringan hodisalar ulkan oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Oilamizda otam bu borada hammamizga oʻrnak. Goh u, goh bu yaqinimizning tashvishi bilan yuradi. Oʻzini unutib qoʻygandir deb oʻylayman gohida.
Kimningdir pensiyaga chiqishi, yerini hujjatlashtirishi, sanatoriyaga joylashishi, eri bilan yarashib ketishi, turmushga chiqishi, boringki oʻlim qogʻozi olishigacha otam aralashadi. Biror bir ish yoʻqki “menga nima?” deb beparvo oʻtib ketsa…
Otam aniq moʻljalni ololmasa, paypaslanib boʻlsa ham yordamga oshiqadi. Qaldirgʻoch tumshugʻidagi tomchidek oʻz hissasini qoʻshishga urinadi. Uyning kam-koʻstlarini ellik yildan beri toʻkis qila olmayotgan onam otamning orqasidan javraydi: “Sizga nima?”
“Eng yomon” qoʻshni
Oʻn yilcha ijara hovlida yashab, koʻp qavatli uyimizga koʻchib oʻtdik. Otamga oʻxshagan uyboshimiz koʻringanning asabini yeydi. Bir qarasa “hamma hasharga” deb chuvillab qoladi. Boshqa mahal yertoʻlani tozalash kerakligi haqida eʼlon beradi.
Bir kuni yarim kechasi yigit bilan qizning quchoqlashib turganini koʻrib qolibdi. Yigitning qulogʻi tagiga qulochkashlab tushiribdi.
– Kelin boʻlsa uyingga olib ket, yoʻqsa birovning bolasini badnom qilma...
Uyboshimiz oʻzi juda samimiy, ichida kiri yoʻq odam. Qachon qarasang, yengini shimarib, jilmayib turadi. Odamning eʼtiroz bildirgisi ham kelmaydi.
Lekin uni mashhur “Suyunchi” filmida aytilganidek, “magazinchi Gʻaybulla” ham yoqtirmasligi rost.
Qoʻshni uyda turadigan hamkasbim bilan suhbatlashib qoldim. Birinchi qavatda yasharkan.
– Bir unisi chiqindi tashlaydi, keyin boshqasi bolasining pampersini uloqtiradi. Xotin esa javraydi, farosatsizlarning qaysi biri bilan olishaman? – deydi u.
Bu koʻp qavatli uyda yashaydiganlarning yomoni yoʻq ekan-da deb oʻylanaman. To oʻzining boshiga bir chelak chiqindi toʻkilmaguncha “menga nima?” deb yuraveradi.
Bir yili qishloqdoshim poytaxtga kelib qoldi. Birga shahar aylandik.
– Bu yerlarga qishloqning bobolarini olib kelib, qoʻyib yuborish kerak ekan, – dedi u toʻsatdan. Qiziqsinib sababini soʻradim.
– Mana bu kalta yubka qizlarning hammasini kiyintirgan boʻlardi, – dedi u kerilgannamo.
Ha, bir paytlar bobo-momolarning yurt tutumiga taʼsiri koʻp boʻlardi. Bir ogʻiz soʻzi ancha narsani oʻzgartirardi. Bugun unday qariyalar ham, ularning gapi oʻtadigan yoshlar ham anqoning urugʻi. Har birining oʻz aqli, oʻz rahnamosi, sunʼiy intellektdek “maslahatgoʻyi” bor.
Omon boʻlsinlar!
Mahallani “uygʻotgan” toʻqnashuv
Yarim tunda telefonim qayta-qayta jiringladi. Uch marta ham koʻtarmadim. Toʻxtamadi. Oxiri ogʻrinib, istar-istamas javob berdim:
– Aka, yigitlar mashinangizni turtib yuboribdi, pastga tusha olasizmi?
Derazadan qarasam toʻrt-besh kishi kuymalanib yuribdi. “Toʻxtab turgan mashina boʻlsa...” – oʻzimcha gʻudranib kiyina boshladim.
Tushib borsam, birinchi qavatdagi qoʻshnim ham shu yerda. Uning aytishicha, qoʻqqisdan gʻalati ovozdan uygʻonib ketibdi. Soʻng...
– Qarasam, bolalar “Damas”dan tushib, qochmoqchi. Tezda yonlariga yugurib bordim. Bittasi qochdi, ikkinchisini ushladim, – deydi u.
Xullas, opasinikiga mehmonga kelgan talabalar yarim tundan keyin sekingina pochchasining mashinasi kalitini olib, chigal yozib kelishni niyat qilgan. Orqaga yurib burib olmoqchi boʻlganida tajribasizlik qilib, mashinamga borib urilgan.
Oʻzim arang telefonni koʻtarib turgan pallada, qoʻshnimiz masalaning oxiriga yetibdi. Ha, u kishi ham “menga nima?” deb yotaverishi mumkin edi. Shunday qilsa ham boʻlardi, ammo unga ham navbat kelardi-da bir kun.
Hushyor tortgan qoʻshnilar pul yigʻib, kamera sotib oldik. Koʻpchilikning xavotiri aridi.
Semirayotgan nafs kasofati
Har bir odam bolasining oʻtish davri boʻladi. Ishga koʻnikishga, pul topishga, odamlar bilan murosa qilishga qiynaladi. Keyin unga-bunga talpinadi, yaqin olib, nimadir yuqtirishga, oʻzini tiklab olishga urinadi.
Hayotini meʼyoriga tushirib olgan kattalar esa har doim ham ularning holini his qilib, yordam qoʻlini choʻzmaydi. Bunday vaziyatda ularga birgina iliq soʻz ham katta madad boʻlishi turgan gap. Yoʻl-yoʻriq koʻrsatish, ozgina qoʻllash esa bir umr yodidan chiqmaydi.
Biz esa shu ishni qilmaymiz, “menga nima?” qabilida munosabat koʻrsatamiz. Yillar oʻtib, falonchi jiyanim, pistonchi qarindoshim xabar olmaydi, yoʻqlamaydi, otasi bilan doʻst, qoʻshni edik, mahallamizda yashardi deya domangir boʻlib yuramiz. Odamlar orasida oqibat koʻtarildi deymiz. Mohiyatan bunga oʻzimizning eʼtiborsizlik, loqaydligimiz sabab boʻladi.
Olaylik, qarindoshlarimizdan biri qiynalib yuribdi. Xarajati koʻp, kamiga bolalari kasal. Ozgina qarashib yuborsak, olam guliston. Lekin unga pul sarflagandan koʻra oʻz nafsimizni semirtirishni afzal bilamiz. Choyxonada oʻtiramiz, mashinamizni almashtirgimiz kelib qoladi, uyni taʼmirlashga tushamiz...
“Ey inson, mana bu yaqining yashab qolish uchungina kurashayapti” deydigan bir ovoz yoʻq ichimizda. Olovni oʻchirish ilinjida tumshugʻida suv tashiyotgan qaldirgʻochdan ulgu olish xayolimizga kelmaydi. Aslida Olloh taolo bizdan olovni oʻchirishni emas, balki oʻz tomonimizni belgilashimizni soʻraydi.
Bir tomchi suv gulxanni oʻchira olmas. Biroq shu harakat vijdonni tirik saqlaydi. Buyuk daryolar ham millionlab tomchilardan toʻplanadi axir. “Maysalarga zar sochib toshgan Zarafshondan soʻrang”.
Aziz NORQULOV
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026 yil 3-son.
“Qaldirgʻoch tumshugʻidagi tomchi” maqolasi