Prezident Shavkat Mirziyoyev surxondaryoliklar bilan uchrashuvlaridan birida “... maʼnaviyat fidoyisi Toshtemir Turdiyev kabi ilm-fan namoyandalari... nomlarini alohida taʼkidlash oʻrinlidir”, dedi. Shu-shu Toshtemir haqida jahon mumtoz adabiyoti dostonlari darajasidan kam boʻlmagan Chagʻoniyon, ham Denov tarixi mazmuniga mos doston yozgim keldi. Yaxshi niyat – yarim davlat. Denovga bordim. Besh kecha-kunduzda yayov, Denovning men kirib-chiqmagan kunjagi qolmadi. Oddiy odamlardan quyosh taftidan qorayib ketgan dehqonlargacha Toshtemir haqida surishtirdim. Ularning hammasidan eshitganim “Hokim bobo” boʻldi. Denov Toshtemir bilan Toshtemir denovliklar bilan oʻzaro payvast, payvasta dunyo boʻldi. Toshtemirning ichki dunyosi kamtarlik, parhezgarlik, insofning mushtarakligidan iborat edi. Bular kechagi gaplar. Bugun dilimda ham, tilimda ham batamom boshqa gap: “Sakson nima, toʻqson nima, fursat oʻq, Toshtemirning tashvishi koʻp, keksarishga vaqti yoʻq”.

Sinchkov kitobxonlardan qay biri “Toshtemiri kim?” deb oʻylashi aniq. U Denov tumanining oʻn toʻrtinchi hokimi bilan hozirgacha ishlab kelayotgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari nomzodi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Toshtemir Turdiyevdir. T.Turdiyevning ichki fazilatlari haqida (mengacha ham) yakqalam qilingan maqola, sheʼr, yozishma va boshqa bitiklar bir talay. Ularni jamlab Tojiddin Razzoq kitob holiga keltirgan. “Tafakkur” nashriyoti (T:, 2014-y.) 500 nusxada chop etgan oʻsha “Denov: eʼtirof va ehtirom” kitobini oʻqiganim, unga taqriz yozganim yodimda...

Kitob Oʻzbekiston, ayniqsa Surxondaryo ziyoli va mehnat ahli orasida qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Kitobdan yetmishdan ortiq eʼtirof va ehtiromga boy, dil izhorlari muhrlangan maqolalar joy olgan. Ularni sinchiklab, qayta-qayta oʻqib chiqdim. Salkam oltmish yillik doʻstim Toshtemir Turdiyev siyratining loaqal biron arzimas qirrasini ham menga qoldirmasdan qalamga olgan sinchkov, topqir, hozirjavob, tezkor alloma-yu akobir, donish-u darvesh muharriru muxbirlarning samimiy va begʻubor mehnatlariga mahliyoman. Bular haqiqat. Haqiqat esa atrofimizda yuz berayotgan voqea va hodisalarning miyamizdagi inʼikosidir.

Oʻzimga oʻzim shivirladim: haqiqatlar bir hil emas, turli-tuman. Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov Toshtemir Turdiyevni “Uka” demasdan “doʻstim” deyman; “Oʻzbekiston xalq taʼlimi homiysi” nishoni sohibi Xursand Xoliqov “Ustozni biror kishi yuzi u yoqda tursin, orqasidan ham soʻkkanini, hech boʻlmaganda achchiq gap aytganini eshitmaganman”; Bahrom Mamatqulov “Men Oltinsoy tumanida tugʻilib, voyaga yetganim uchun dadil ayta olaman, oltinsoyliklarning koʻpi Toshtemir akani “taniydi”. Vaholanki, Toshtemir aka Oltinsoy tumanida bir kun ham ishlagan emas”; Eshqobil Shukur “Toshtemir aka oʻzi hammaga el boʻlishni istaydi va hammaning bir-biriga el boʻlishini istaydi... U ichi keng odam... Surxondaryo dashtlariday keng, osonlikcha toriqmaydi... Or qiladi. Chunki u “Alpomish”ni zoʻr biladi-da”; Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Muzaffar Tursunov “Odamiylik esa uning qon-qoniga singib ketgan. Toshtemirga mehmon boʻlmagan yozuvchi, olim, shoir yoki rassom Respublikamizda juda kam topilsa kerak... Bobotog‘ tomonda togʻday bir doʻstim borligidan koʻkragim togʻday koʻtariladi”; Maxmud Abdulfayz “Denov shahridagi qutlug‘ bir xonadon Toshtemir Turdiyevni soʻrab surishtiruvchi mehmonlar, muhlislar, shogirdlar bilan doimo band. Izlab keluvchilarning oyogʻi uzilmaydi. Ustozning ham odamlarga boʻlgan mehri tugamaydi”; Safar Namoz oʻgʻli “Odamlari darvish deganda beixtiyor denovlik olim, vatanparlarning ramzi boʻladigan ajoyib inson, oʻsha darvishlarning kattasi Toshtemir aka Turdiyev koʻz oldimga keladi”; Hoji Murod “...bu dunyoda hamma zoʻr! Shu jumladan, Toshtemir aka ham, Tojiddin ham zoʻr. Zoʻrni zoʻr deb tan olmoq esa mardning ishi”; shoir Nasrullo “Men qay mavzuni nishonga olmay, allaqachon “ov”lanib ketgan ekan, Toshtemir Turdiyevning ham moziy qatlarida erinmay timirskilanib chiqqanini-chi?... Oʻziyam ustozning umri va ijodi maqsad-u mazmuni yurt boʻlganmi deyman”, “Sharof Rashidov va Raʼno Uzoqova birga tushgan suratni oʻz kitobida chop etishga ruxsat soʻragali ikki marta Sh.Rashidov huzuriga kirgan Toshtemir Turdiyev Sharof akani ham hayratlantirdi”, “ijodkor olami bir sehrli chamanki, chor tarafini kezganing sayin yangi koʻrinishdagi, oʻzgacha ifordagi anvoyi gullarga duch kelasan. Shoir Toshtemir Turdiyev ijodi boʻstonida esa oʻquvchini maftun qiluvchi mutolaalar bisyor”; Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Chorshanbi Dehnaviy “Toshtemir aka suratga boqdi, unda... old ayvoni ochiq uyning oʻrtanchi ustuniga yelkama-yelka tushgan oʻn ikki-oʻn uch yoshli bolaning gʻamgin qiyofasi aks ettirilgan. Bosh yalang, sochlari oʻsgan, koʻylak-ishtonlari kalta, daroz, gʻamgin koʻzlarini yalang oyoqlariga tikkancha, goʻyo ularni koʻrsatishga harakat qilishardi. Toshtemir aka suratga uzoq boqdi, koʻzlari qisilib, nafas olishi qiyinlashardi, soʻng burun tortdi, ... , – Soʻng... – Shu hovlidan otam urushga ketgan, onam shu hovlida jon bergan”, deb yozadi.

Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi, “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasi professori Qurbonpoʻlat Nazarovning “Toshtemir akaning quyidagi hikmati vatanparvarligiga dalildir: “Menga Xudo qanot berganidayam faqat oʻz Denovim ustida uchib yursam kerak” bitigi bejizga emas.

Yuqoridagi barcha iqror va hayratnomalar Toshtemir Turdining koʻngliga xos va mos tabiiy haqiqatning badiiy haqiqat darajasidagi bayonidir. Badiiy haqiqatlar nisbiylik bilan et-u tirnoq. Ular absolyut haqiqatning shunchaki bosqichlaridan iborat. Toshtemir Turdiyev tabiatiga taalluqli haqiqatlarni jamoatchilik fikri, ijtimoiy amaliyot ertaga yanada ravshan torttirib absolyut xaqiqat maqomiga olib chiqadi. Ayni shu maʼnoda Denov va denovliklarning fidoyi farzandi Toshtemir Turdiyevning ichki qiyofasiga nisbatan “eʼtirof va ehtirom”ning hanuz cheki, chegarasi koʻrinmaydi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mazkur kitobda Toshtemir Turdiyevni “Tosh va “Temir”ga qiyoslaydi. Zotan, “Tosh” ham, “Temir” ham mangulikka, mangu haqiqatga daxldor unsurlardan. Ular avvali bor boʻlib oxiri boʻlmagan, oxiri bor boʻlib avvali boʻlmagan moddiyat timsoli. Men Denov hamda Denov ahli quvonganda birga quvonib, yigʻlaganda birga yigʻlaydigan jon-jigar, birodarim Toshtemir Turdievga “Tosh” bilan “Temir”ning mustahkam tabiati va umrini tilayman.

“Denov: eʼtirof va ehtirom” kitobida abadiy haqiqatga daxldor soʻz va milliy topildiqlarga Sanʼatshunoslik ilmiy tadqiqot boʻlim mudiri, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Edvard Rtveladze, Yaponiyaning Soka universiteti professori Kyudzo Kato, tarix fanlari nomzodi Bahodir Turgʻunov, akademik, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Nazar Toʻrayevning maqolalarida toʻqnash kelasiz.

Jumladan, E.Rtveladze, “... Denovning yoshi 3-3,5 ming yillik tarixga ega” desa, Kyudzo Kato “Denov ham oʻzining ming yillik toʻyini oʻtkazishga arzigulik shahar-ku... Uning 2300 yillik osori atiqalari borligi shubhasiz”, deydi. Qorabogʻtepadan avvalo 3 dona, keyinchalik esa yana bitta oʻsha kabi tosh tagkursilar topilganini yozgan Bahodir Turgʻunov “shu kabi ulkan toshlar 2400–2300 yillar avval tayyorlangan boʻlib, ularni chamasi 60–70 km olisdagi Boysun togʻidan olib kelish hammaga ham nasib etavermasa kerak”, deb hayratlanadi va qoʻshib qoʻyadi “uy egasi badavlat shaharliklardan biri boʻlsa kerak”. N.Toʻrayev “Denov: eʼtirof va ehtirom” kitobidan oʻrin olgan “Denov qasidasi” maqolasida yozadi: “Ilmiy ibora bilan oʻqisangiz, Denovning uch-toʻrt ming yillik oʻtmishidagi maʼlumotlar va tafsilotlariga duch kelasiz va beixtiyor  “Qarang, biz juda qadimgi manzilning odamlari ekanmiz”, degan faxr tuygʻusi sizni qamrab oladi.

Darhaqiqat, tabiatshunos olim-u qadimshunos allomalarning fikr-u qaydlari uzoq moziyga daxldor, mangu haqiqatga tegishli, rad qilish mumkin boʻlmagan oʻtda yonmas, suvda choʻkmas dalillardir. Bunday tarixiy qadriyatlar bilan bizni kamida ikki-uch ming yillik masofa bogʻlab turibdi.

Shoir yozadi:

Topganim haqiqat, topmaganlarim

Hayotni hayrat ham sayqalga oʻrang.

Ziyo ham farishta, yaxshi yomonni

Kitobga qoʻyilgan haykaldan soʻrang.

Goʻzal ham, gʻazal ham uyat, andisha,

Armon, kemtigimni yoparsan, bolam.

Men bilgan, bilmagan haqiqatlar koʻp,

Ularni kitobdan toparsan, bolam.

Oʻzingni angla, ham unutma zinhor

Ertak ham qasida, ota ham ona.

Mustaqil Vatan ham, hayot ham Qomus

Avesto, Qurʼon ham haqiqatxona.

Ularning asosi, mezoni mehnat,

Til bilan tafakkur, tarozi ham sang.

Nisbiy yo absolyut, mangu haqiqat

Inson ham, mehri ham sakkizinchi rang.

Haqiqatdan ham kitob qadriyat, tarixiy topilmalar ham, inson ham, “sakkizinchi rang” ham qadriyat. Inson farzandlarining qoʻlidan kelmaydigan yumush yoʻq. Bir tus rangning qirqdan ortiq turini bir-biridan farqlay bilishga qodir musavvir mavjud yetti rangdan foydalanib surat chizadi. Biroq bitta asosiy – “sakkizinchi rang”ni ularga qoʻshmasa surat quruq, betaʼsir, jonsiz chiqadi. “Sakkizinchi rang” yetishmasa taom koʻngildagiday boʻlmaydi. Barcha ranglar rangini oʻzgartiradigan, taomning sifatiga sifat qoʻshadigan bu “sakkizinchi rang”. Mavlono Abduxoliq Gʻijduvoniyning “Maqsad as solikin” kitobida bayon qilingani misol u yurakdagi muhrdir, muhabbatdir.

Doʻstim Toshtemir Turdiyevning siyrati, botini, qalbi bir katta gʻulgʻula shaharga, sakkizinchi rangning zavol bilmas, ming koʻzli sarchashmasiga oʻxshaydi. Zotan, olamning istalgan nuqtasidagi nurning yetti xil rangda tovlanishini koʻrish, kuzatish mumkin. Chunki ular moddiydir. Bizning nazarimizdagi sakkizinchi rangni esa eng zamonaviy qurilmalar ham qayd qilishga qodir emas. Sababi, sakkizinchi rang, yaʼni mehr-u muhabbat faqat notirik tabiatning ajralmas boʻlagi boʻlmish tirik tabiatga, shu jumladan, insonlarga xos boʻlgan botiniy, maʼnaviy xususiyatdir.

Maʼnaviy boylik, yaʼni oʻsha sakkizinchi rangning qancha va qandayligi insonning sochi oq olamga, kurrai Zaminga, Vataniga, ota-onaga, odamlarning bir-biriga boʻlgan xolisona munosabatlarida namoyon boʻladi. U yuqoridagi munosabatlar jarayonida moddiy kuchga, bitmas-tuganmas ilhom va gʻayrat-shijoatga aylanadi. Mustaqil Oʻzbekistonda, Surxondaryoda, Toshtemir Turdiyevda shunday boʻldi. “Denov: eʼtirof va ehtirom” kitobida bor va tor gaplar sakkizinchi rang, yaʼni haqiqatning oq qogʻozdagi surati boʻldi. Qadriyatga, kitobxonlarni hayajonlantiruvchi obyektiv haqiqatga aylandi. Obyektiv haqiqat esa Toshtemir Turdiyevning fazilatlari haqidagi mifda koʻpdan buyon iymonday oʻrnashib qolgan taassurot va bilimlarning  “Denov: eʼtirof va ehtirom” kitobidagi bitiklar mazmuniga toʻla va tugal mos kelishidan iborat.

Denov Denov, Toshtemir Toshtemir-da! Ular et-u tirnoq, ustoz-u shogird. Ustoz-u shogird oʻrtasidagi munosabatlar esa tarixiy qadriyatdir.

Mavlono Jaloliddin Rumiyning ustozi sayyid Burxoniddin sirdon shogird uchun sinov muddati va shartini belgiladi. Ogʻzi va burnini yetti qatlam mato bilan bogʻlab olgan yosh Jaloliddin tun boʻyi uxlamasdan mehnat qildi. Muayyan guruh aʼzolari tirikchiligiga zarur mablagʻni yigʻish uchun xonadonma-xonadan, koʻchama-koʻcha, qishloqma-qishloq, shaharma-shahar tentirab tilanchilik qildi. Otasidan meros kitobni bir yuzi bir marta oʻqib chiqdi. Togʻoradagi itlar uchun qushxona chiqindisidan tatib koʻrdi. Shogird Jaloliddin ustoz sayyid Burxoniddin Sirdon sinovidan muvaffaqiyatli oʻtdi, orif boʻldi. Ustozning sinovdan maqsadi esa inson zotiga xos 36 ta nuqsondan Jaloliddin vujudini batamom poklab, ularning oʻrnida inson siyratini belgilovchi 36 ta fazilatni barqaror qilish edi. Ustoz koʻzlagan maqsadiga erishdi. Yosh Jaloliddin shu tariqa jahon adabiyoti xazinasining iftixori Jaloliddin Rumiyga aylandi. Yuqoridagilarni keltirish bilan Toshtemir Turdiyevdagi fazilatlar ham osmondan uzilib tushmagan, uning ham qamrovi nihoyatda qattiq ustozlari boʻlgan demoqchimiz. Agar taʼbir joiz boʻlsa, Toshtemirning birinchi ustozi, uni bir parcha et, murgʻakligidayoq chidam, sabr-bardosh, mehnatsevarlik ham yaxshiliklar sarchashmasida choʻmiltirib tosh va temirga aylantirgan ona tabiat. Uning sizga tanish jism-u jussasida shuning uchun ham maqtovga sazovor fazilatlarning yoʻgʻi – olamda yoʻq.

Toshtemirning eng sodiq ustozlaridan yana biri ijtimoiy hayot, ikkinchi jahon urushi yillarining jarohatlari... Front orqasida boʻyi-basti osmonday sariq tortgan, qahraboday quyuq Toʻxtamish: har bir xonadoni, mavjud koʻcha, mahallasidan manqalda qovrilgan chigit boʻyi va kunjara hidi buruqsib anqigan Denov, uning oʻsha zamondagi zardob va zaʼfaron muhiti... Toshtemir ota yurti, ustozlari, kindik qoni tomgan goʻsha – Denovni ulugʻlab, chapdast hisobdonlarning hisobicha hozirgacha yigirmadan ortiq kitob yozib ulgurgan. U kitoblar Siz oʻylagan, biz toʻqnash kelgan oddiy kitoblardan emas. Ularning surat va siyrati, mazmun va mohiyati, zimmasidagi ijtimoiy yuki va tarixiy salmogʻi, shirin soʻzi va shirali satri umr boʻyi ota-ona visoliga intiq mungli koʻzning yoshi, yalangoyoq va yupun yetimcha qalbning dardi, gʻarib va notavon yuragining isyonidan qad rostlagan, oʻylab va oʻrtanib yozilgan asarlardir. Toshtemir Turdiyevning men oʻqigan asarlari satri qat-qatidan yuqoridagilardan tashqari chim-u chechak, gul-u gulzor, gʻalla, paxta, pilla va tillali muqaddas ona tuproqning xushboʻyi anqiydi. Aslida ham Denov azaldan quyosh ardogʻidagi yurt, obihayotga oshna qadim va tabarruk zamin. Shu maʼnoda Toshtemir Turdiyev Chagʻaniyonning 2500 yillik toʻyi ilinjida atrofiga ziyoli, zukko, ishbilarmonlar jamoasini jamlash uchun koʻp yillardan buyon jonbozlik koʻrsatib kelmoqda. Toshtemir Turdiyev bilan Buxoroda Pedagogika universitetining “tarix-filologiya” fakulteti binosida, taniqli shoir Toshpoʻlat Hamidning “Yosh qalamkashlar toʻgaragi” davrasida tanishganmiz. Sheʼriyatning oʻziga xos jozibali jihatlarini Oʻzbekiston Xalq shoiri Jamol Kamoldan oʻrganganmiz. Talabalik yillarimiz zavq-u shavq, ilhom-u ishonch, mutolaa-yu munrzara, xullas, betakror tarovatli mehnat bilan oʻtgan. Mashq, mashq, muhokama. Shu tariqa Toshtemirning “Yodingdami?” sheʼri, Muzaffar Tursunning “Yamoq” hikoyasi, mening “Arslontosh” asarim dunyoga kelgan edi.

Kunduzlari darsda boʻlar, baʼzi kechalari to tonggacha shoir Temur Norovning hovlisidan uncha uzoqda boʻlmagan “Somoniylar maqbarasi” gʻishtlarining tus-u tarovatini, rang-u raftorni kuzatar edik. Baʼzi kechalari “Boloi hovuz” boʻyida joylashgan Mansur aka choyxonasida bogʻbon shoir Sharif Nurxondan  “Yusuf Hamadoniy”, “Abduxoliq Gʻijduvoniy”, “Ahmad Yassaviy”, “Bahouddin Naqshbandiy” hazratlari haqidagi qissalarni tinglar, Qudrat ismli allomaning baʼzan tortina-tortina, atrofiga mushukdan xavotirlangan zagʻizgʻonday olazarak qaraganicha ajamlik ziroatchi Bardazbehning nevarasi boʻlmish “Imom al-Buxoriy” haqidagi qiziqarli suhbatlarini eshitardik. Imom al-Buxoriyning hadis toʻplash yoʻlida chekkan mehnat-u mashaqqatlarini, azob-u alamlarini tinglab, hayajondan koʻzimizga yosh kelardi. Oʻshanday davralarning birida beorom yuragimdan tilimga koʻchgan sheʼrdan parcha keltirmoqchiman:

Kimlarda osh-u non, kimda toʻn, mansab,

Kimlarda shon-shuhrat, kimda achchiq til.

Imom al-Buxoriy toʻqnashgan gʻamning

Qismini yuklasang koʻtarolmas fil.

Imom al-Buxoriy iymon, ishq soldi,

Qurʼon ham, Hadis ham qalblarda qoldi.

Darhaqiqat, Toshtemir Turdiyevning vujud-vujudiga ishq, iymon, Qurʼon ham, Hadis ham, zamonning nafasi ham, mehnatga, mehnatkash xalqqa muhabbat-u qiyinchiliklarga qalqon va malham boʻlish talabalik yillarida singigani aniq. Jarqoʻrgʻonlik Raʼno Uzoqova ham uning badiiy asarlarini qanday boʻlsa shunday shiradorligicha xalqqa, mustaqil Vatanga hadya etishda, “Alpomish” dostonining surxondaryocha varianti (nusxasi)ni yozib olish, qayta koʻchirish, nashrga tayyorlash, kitob holatiga keltirishda, Denov hududidagi tarixiy masjid, madrasa hamda mavjud ziyoratgohlar majmuasini taʼmirlash va qayta tiklashda chor atrofiga ziyo sochib qoʻlida chiroq koʻtarib yurishda Toshtemir Turdiyev uchun Imom al-Buxoriy hazratlarining shaxsiyati dastak, tutqich, etolon boʻlganligi aksioma. Koʻp yillik qadrdon doʻstim sakson bir yoshni quvonch bilan qarshilayotgan Toshtemir Turdiyevga Imom al-Buxoriydayning barhayot izi va shonu-shuhratini tilayman. Sog‘-u salomat boʻlsin!

Xushboq RAHIMOV,

falsafa fanlari nomzodi, shoir