Jadid bobolarning bitiklarini oʻqibman, oʻrganibman, boʻgʻzimga hayajonlar, qaygʻular tiqilibdi... lekin ularning siymosini tasavvurimda biron marta chizmabman. Mana endi Mahmudxoʻja Behbudiy hazratlarining oʻnlab rasmini birma-bir koʻrib oʻtiribman-u, miyamda shiddatli davr manzaralari quyundek aylanayotir. Asov quyunlar aro avvaliga bir odamning – oʻz xochini koʻtarib borgan Iso alayhissalomga oʻxshab (bu balki uydirma rivoyatdir...) – oʻz qabrini oʻzi kovlashi, joynamoz ustida boshi kesilishi kabi mudhish manzaralar jonlanadi. Soʻng esa ul mudhishliklar oʻrnini girdibod ichini-da porloq yogʻdularga toʻldirgan ulugʻvor siymo egallaydi...
Maʼrifatparvar bobomiz deyarli barcha rasmlarda nihoyatda ulugʻvor tasvirlangan. Zero, Sadriddin Ayniy yozadiki: “Behbudiy hazratlari koʻrinishida gʻoyat mahobatli va salobatli edi. Ahvoligʻa voqif boʻlmogʻon kimsa, mutakabbir deb gumon qilur edi. Lekin haqiqatda muloyim suhbatlik, takallufsiz bir odam edi”.
Menga shunday tuyuladiki, milliy adabiyotimiz-u tasviriy sanʼatimizda yoki, deylik, emblema-logotiplarda ham koʻp maʼnolarni birvarakayiga mujassamlashni yaxshi koʻramiz. Mahmudxoʻja Behbudiyning turli janr va turfa uslublarda chizilgan rasmlariga ham har bir musavvir chuqur maʼnolarni jo etmoqqa uringan. Nur va soyalar, ranglar nisbati-yu goho oq-qora yoxud qizil ranglarning quyuqligi, arabiy yozuvlar, interyer, kiyim... bularning barida ramz-u ishora bor. Hatto kompozitsiyaning gorizontal yoki vertikalligi, diagonal yoki kvadratligiga qadar... Koʻzlar purmaʼno, oʻychan va gʻamgin. Kitob va bitiklar. Olisdagi Samarqand va sharqona bezaklar. Qoraqush va yoki odam sumbatli gʻanimlar. Muallaq bosh esa maʼrifat muhofizining qay tarzda oʻldirilganini tamsil etadi; rassom balki muftiy hazratlarining tafakkur odami ekanini nazarda tutgandir...
Stol va kursilar ortidan goʻyo jadidlar sardorining ovozi eshitiladi: “Endi kelayluk juzʼiy tashabbuhlar masalasigʻaki, bu: kursiga (ustul) oʻlturmoq, qoshuq va chinkicha isteʼmol etmak, medol taqmoq, havoning issigʻligi uchun bosh yalangʻoch oʻturmoq kabi shaylardan iboratdur. Agar bu juzʼiy tashabbuhlar ila-da kishi kofir boʻlaversa, bas, yer yuzida bir nafar ham musulmon qolmasligi lozim kelurki, bu mumtaneʼdur”.
Elas-elas koʻzga tashlanayotgan tuyalar karvoni va bulutli osmon. Salla va tasbeh. Daraxtlar, daraxtlar, daraxtlar... Barcha-barchasiga choʻng maʼno yuklangan. Alhol, har bir musavvirning oʻz Behbudiysi bor!
Xoʻsh, rasm chizish qoʻlimdan kelsa, men ul munavvar zotni qanday tasvirlagan boʻlardim? Kaminada yana bir andisha bor: Behbudiy hazrat padari buzrukvorim bilan otdoshdirlar...
Tasavvur-u taxayyulning oʻnlab manzaralari aro nihoyat topdim!
Ofoqqa bosh urgan kenglik. Yam-yashil oʻt-oʻlanlar. Quyosh tilloyi rangda, chunki u endi chiqib kelayotir. Nurlaridan oʻt-oʻlan yolqinlanadi. Kartinaga hozir kirib kelgandek yirik plandagi otliq. U qorabayirga salt oʻtirgancha, peshvozidagi quyosh tomon bormoqda. Dalada yolgʻizoyoq soʻqmoq-da yoʻq. Shuning uchun suvoriy otning beliga urgan oʻtlar oralab boradi. Shoshilmaydi, boshi nim solingan koʻyi ketayotir. Qoʻllari pastga osilgan – chunki u otini qamchilamaydi. Egnida uzun qora chakmon, barlari tong epkinida qanotlari namligidan pastlab parvoz etayotgan subh qushlaridek uchadi. Boshida koʻrkam salla. Uning yuzi bizga koʻrinmaydi, ha, koʻrinmaydi. Biz goʻyo uning ortidan ergashib ketayotirmiz...
Rasm gorizontaliga chiziladi – tasviriy sanʼat tilida bu sokinlikni anglatar ekan. Nega sokinlik – axir, qirq toʻrt yilgina umr koʻrgan Behbudiy hazratlari nihoyatda shiddatkor bir tarzda yashab oʻtmadilarmi?..
...Jahonshumul adib Chingiz Aytmatov 1988-yilda Pekinga boradi. Horib-charchagan yozuvchi uxlamoqqa shaylanar ekan, nogoh telefon jiringlaydi. Qadim Chin yurtida unga tanish biror tirik jon yoʻq, kim boʻldi ekan bu? Qirgʻiz tilida “ata”, “aqsaqal” degan soʻzlar eshitiladi goʻshakdan. Telefon simining narigi tarafidan ona tilida soʻylayotgan odam kimligini bilishga qiziqqan Chingiz Aytmatov suhbatdoshining javobidan hayratda qoladi: “Oq kema”dagi bola qoʻngʻiroq qilayotgan ekan! U daryoda gʻarq boʻlmagan, toʻlqinlar oralab suzib ketgan ekan. Suza-suza, daryodan daryoga oʻta-oʻta... Xitoydan chiqib qolibdi, Pekin universitetiga oʻqishga kiribdi. “Oq kema”ning afsonaviy muallifini qirgʻiz talabalari nomidan uchrashuvga taklif etib qoʻngʻiroq qilayotgan ekan. Ertasi kuni uchrashuvda yuzlab talaba ichidan bir yigitcha Aytmatovning koʻziga boshqacha koʻrinadi va adib undan “Issiqkoʻldan Xitoyga daryolar osha suzib kelgan yigitchamisan?” deb soʻraydi. Oʻsha ekan! Nima uchun u “Oq kema”dagi bolaman” deb tanishtirdi oʻzini? “Men bolakayning choʻkib ketishini xohlamadim. U halok boʻlmasligi kerak edi. Uning taqdirini boʻynimga oldim. Bolaga yordam berishning boshqa yoʻli yoʻq edi-da!..” deydi u.
Ayrim taxminlarga koʻra, 1919-yilda Makkai mukarrama sari yoʻlga chiqqan Mahmudxoʻja Behbudiy yoʻlda hamsafarlari bilan birga aygʻoqchilar tomonidan qoʻlga olinadi. Keyingi mudhish tarix esa maʼlum... Mening Behbudiyim esa hamon yoʻlda boʻlishini xohlayman. Vaqt teatrusidan moziyning mudhish va chirkin sahnasi tushib qolsin deyman... Mening Behbudiyim teran tafakkurga choʻmgancha vahiy nozil boʻlgan shahar tomon ketib borayotir...
Jadid bobomizning safdoshi va fikrdoshi Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon”da “kuylarga qoʻshib maxtaladurgʻon” qahramonini tavsiflab, menda rassomlik sanʼati boʻlganda “soʻz bilan biljirab oʻturmas”, Raʼnoning rasmini chizib koʻrsatardim-qoʻyardim, deydi. Faqat buning uchun raʼno gulining suvidan koʻproq kerak boʻlardi. Benazir Qodiriyga taqlid qilib deymizki: insoniyat tarixining Behbudiy singari mutafakkirlari, umum baxti yoʻlida jonini nisor etgan fidoyilari rasmini chizmoq uchun ham quyoshdan boʻyoqdon, mangu yashil sarvlardan moʻyqalam kerakdir...
Nodira OFOQ
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Quyoshdan boʻyoqdon kerak” maqolasi.