Osuda hayotu toza havosan,

Senmasmu otamning yoʻlin yoritgan?

Najotsan,ijobat boʻlgan duosan,

Senmasmu onamning dardlarin artgan?

Mening konstitutsiyam - mening baxtnomam,

Mening saodatim, mening ahdnomam.

Sen borsan  bogʻimga  xazonlar kirmas,

Sen bor ogʻu solmas hech kim oshimga.

Hech kim qamchi ushlab tappamda turmas,

Hech kim tosh yogʻdirmas aziz boshimga.

Mening konstatutsiyam - mening baxtnomam,

Mening saodatim, mening ahdnomam.                                                

Baxtimga kafolat, fayzu-farogʻat,

Tinch oʻtgan har kunim neʼmatdir menga.

Har bobing bezamish adlu- adolat,

Har satring oltindan qimmatdir menga.

Mening konstitutsiyam - mening baxtnomam,

Mening saodatim, mening ahdnomam.

Sen bor qanotimni hech kim qayirmas,

Sen bor judo etmas saodatimdan.

Sen borsan hech kimsa meni ayirmas,

Diniy eʼtiqodim, ibodatimdan.

Mening konstitutsiyam - mening baxtnomam,

Mening saodatim, mening ahdnomam.

Xalqlar bor yurtida huquqi paymol,

Xalqlar bor bugʻzida faryodi, dodi.

Mening konstitutsiyam eng mukammali,

Mening konstitutsiyam – baxtlar kitobi.

Sen bor  sindirolmas birorta nokas,

Kelinlar tebratgan beshiklarini.

Sen bor soʻndiromas yillar toʻfoni,

Yangi Oʻzbekiston qoʻshiqlarini.

Mening konstitutsiyam - mening baxtnomam,

Mening saodatim, mening ahdnomam.

Toki sen bordirsan, qaygʻu yoʻlamas,

Iqbol qushchalari –bolalarimga.

Sen borsan nur yogʻar abadul-abad,

Bobom  yonboshlagan dalalarimga.

Mening konstitutsiyam - mening baxtnomam,

Mening saodatim, mening ahdnomam.

Sen borsan, bek boʻlib qolajakmiz biz.

Dunyoga koʻrk boʻlib qolajakmiz biz,

Ulug‘ millat boʻlib qolajakmiz biz,

Buyuk davlat boʻlib qolajakmiz biz.

                                                     Zulfiya Moʻminova
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan

madaniyat xodimi,
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi