– Xurshid aka, avvalo maʼnaviyat tushunchasiga loʻnda izoh bersangiz...

– Siz oʻzbek xalqi, yurtimizdagi koʻplab qardosh millatlar, ularning turmushi, oʻy-fikrlari, topgani-yu yoʻqotganlari, bu yurt, undagi odamlarning hayoti, hayotiki, risoladagidek hayoti haqida bir ogʻiz soʻz bilan izoh berishimni aytayapsiz. Yaʼni, ilojsiz narsani soʻrayapsiz... Menga qarata “Xurshid aka, ismingiz nima edi, kasbingiz qanaqa kasb?” degan bilan barobar murakkab savol bu...

Chunki maʼnaviyat insonning, Olloh aziz qilgan yaratiqning bor-u yoʻgʻi, inson tanasini tutib turuvchi suyaklar va paylar qanday haq-rost boʻlsa, insoniy qiyofani tutib turuvchi narsa ham shu maʼnaviyat!

Onore de Balzak “XIX asr fransuz yozuvchilariga maktub”ida Russoning bir hayqirigʻini keltiradi: “Maʼnaviyat! Maʼnaviyat! Maʼnaviyat!”. Uygʻonish davrining ulug‘ ovozi edi bu!

Buni eslashdan muddao shuki, maʼnaviyat soʻzi, tushunchasi qachon eng qimmat, eng qadrli boylikka aylansa, qayerda uning nufuzi oʻz oʻrniga qoʻyilsa, shu zamon va shu makonda xudo xohlagan, bandasi orzu qilgan muhit yaraladi. Odam orzu qilgan narsasiga doim yetolmaganidek, sof maʼnaviy muhit hukmron boʻlgan davrlar ham doim barqaror boʻlavermaydi.

Maʼnaviyat, umrni maʼno bilan toʻldirish, sermazmun qilishdir. Shu yoʻldagi zahmatli zavqdir. Maʼno inson ong-u shuurida, tafakkurida eng avvalo suyak suradi, soʻngra bolalikdan boshlangan hayot saboqlari, tajribalari va undan keyin adabiyot, sanʼat, ilm-u fan vositasida paydo boʻladi. Bolaligida ezgulik va yomonlik haqida shakllangan ilk tushunchasi inson maʼnaviy dunyosining poydevori boʻlib qoladi. Demak, bolaligimizda oilaviy tarbiya va maktabda qanday muallimlardan saboq olishimiz juda muhim omil ekanini teran anglashimiz kerak.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, xalqimiz ayrim kishilar haqida gap ketganda, uni “bemaʼni” deb ataydi, yaʼni umrining maʼnosi, or-u nomusi, aniq koʻz qarashi yoʻq, “menga bari bir” degan tushuncha bilan yashaydigan essiz kishi demoqchi boʻladi.

– Siz tumanda yoki hozirgi kunda oʻrta taʼlim maktablarida tashkil etilgan ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimida ishlasangiz qanday uslubni yoʻlga qoʻygan boʻlardingiz? Umuman maʼnaviyat vakilini qanday tasavvur qilasiz?

– Maktablardagi maʼnaviyat targʻibotchisi, qaysi soha vakili boʻlishidan qatʼi nazar, eng avvalo pedagogika aqidalaridan, asrlar davomida shakllangan milliy axloqiy tushunchalar-u tuzuklardan yaxshi xabardor boʻlishi shart. U yaxshi yozuvchi yoki isteʼdodli adabiyotshunos deb maʼnaviyat targʻibotchisi lavozimiga tavsiya qilish xato boʻladi. Menimcha, kimni tavsiya qilmaylik, u albatta ayni shu faoliyat uchun zarur tushunchalarni beradigan qisqa oʻquv kursini oʻtashi kerak. Faqat ana shundagina u farzandlarimizning tarbiyasi va savodi jarayonida ishtirok etish huquqiga ega boʻladi.

Men maʼnaviyat targʻibotchisi boʻlsam...

Bilasizmi, maktab oʻquvchisining oldidagi javobgarlik kelajakning oldidagi javobgarlik. Uning qarshisida har bir ziyoli kishi avvalo pokiza niyat bilan turishi kerak. Men birinchi navbatda maktab oʻquvchisining kitobxonlik darajasi bilan qiziqqan boʻlardim. Chunki har bir bolaning saviyasi uning beradigan savoli bilan oʻlchanadi. Savoli yoʻq odamning umidi ham yoʻq. Kitobxon bolaning qalbi esa toʻgʻridir-notoʻgʻridir savolga toʻla boʻladi. Kitobxon bolagina nimagadir qiziqadi, sizdan nimadir undirishga intiladi.

Bundan tashqari, bolalarni bugun qiziqtirayotgan, ularni oʻziga tortayotgan narsalardan xabardorlik muhim. Bugun axborot texnologiyalari sohasiga qiziqadigan bolaga dabdurustdan Navoiy gʻazaliyotidan maʼruza qilish mumkin emas. Bu bilan bolalarni biz Navoiydan bezdiramiz. Deylik, oʻsha axborot texnologiyasiga qiziqadigan bolaga Navoiy gʻazallarini videofayl shaklida oʻqish, tayyorlashni topshirib koʻrsak-chi... Bola oʻzi uchun ham bu ishni qiziqib bajaradi. Muhimi, “Navoiy kim?” degan savolga ayrim gʻarbparast bolalar kabi “viloyat nomi” deb gangib turmaydi. Bilʼaks, ulug‘ shoirni, buyuk ajdodni bilib oʻsadi. Va hokazo...

– “Xalqimizning juda boy maʼnaviy merosi bor!”. Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap aslida. Ammo bu meros nimalardan iborat, uni biz bugun qanday istifoda etayapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?

– Xalqimizning boy maʼnaviy merosi borligini dunyoning oydin qismi tan olgan va bu merosni butun insoniyat boyligi sifatida qabul qilgan. Ammo koʻpchilik hamma vaqt ham ota-ona qadrini, ularning oʻgitlari zaruratini anglamaganidek, xalqimizning aksar qismi bu boy meros borligidan, uning tirikligimiz uchun ahamiyati nechogʻli ekanidan toʻliq xabardor desam, yolgʻon aytgan boʻlaman. Nima uchunligiyam maʼlum.

Bir skandinav filmida koʻrganim bor: farzand otasidan “Vatan nima?” deb soʻraydi. Ota indamay, kafti bilan oʻgʻlining ogʻiz-burnini mahkam qisadi, yaʼni uning nafas olishiga imkon bermaydi. Oʻgʻil ogʻir ahvolga tushib, tipirchilab qolgandagina ota kaftini oladi. Bu bilan ota “Vatan bu havoday tirikliging manbai, usiz mushkul ahvolga tushishing mumkin. Vatan koʻz ilgʻamas havoday qadrli” degan juda bir hayotiy oʻgitni aytishga urinadi.

Bizning ana shu havoday qimmatli vatan ravnaqi uchun shonli tariximiz, benazir merosimiz bor deb yurishimiz kamlik qiladi. Biz bugun emas, erta emas, kecha anglashimiz lozim boʻlgan haqiqat shundaki, navqiron davlatchiligimiz taraqqiyoti yanada yuksalishini istasak, bugun – har soat-u har daqiqada zarurligi sezilayotgan milliy gʻoya – mafkuramiz va ideal – kamoli matlubimiz nimadan iborat ekanligini, har bir inson, eng avvalo saflarimizga qoʻshilgan nasllar uchun aniq-ravshan koʻrsatishimiz shart.

Bu nima uchun kerak? Bu shuning uchun ham kerakki, zimmamizga tarix yuklagan vazifani va bugungi taraqqiyot yoʻlimizni belgilamogʻi, yaʼni biz bu mafkura, bu kamoli matlub asosida yashamogʻimiz, farzand tarbiyalamogʻimiz, qonunlar tuzmogʻimiz, tashkilotlar qurmogʻimiz, istiqbol shukuhini koʻnglimizda oʻstirib, avaylab-asrab kelajak avlodlarimizga yetkazmogʻimiz lozim.

Oʻtgan yillar davomida biz koʻp oʻzgarishlarga erishdik. Ammo yuksak taraqqiyot orzusi yurtdoshlarimiz ruhiyatida, ong-u tafakkurida oʻzgarish boʻlishini talab qilmoqda. Bu ruhiyat vaqt talab qilayotgan islohotsiz qolar ekan, yangilanayotgan davlat va jamiyat uchun zarur islohotlar ham sust boradi. Ruhiyat islohotini muayyan gʻoya belgilaydi va u xalq ongini harakatga keltiradi. Biz ana shu gʻoyaga qarab intilmogʻimiz va har bir qadamimiz, harakatimizni milliy mafkura va kamoli matlub mezoniga moslamogʻimiz kerak.

Millat deganda ham, jamiyat deganda ham avvalo odamlarni tushunamiz. Ularning fazilatlari, kamchiliklari-yu yutuqlari, koʻnglida nimalar borligi millat va jamiyat hayotini belgilab turadi. Shunday ekan, milliy taraqqiyotimizning bugungi muhim pallasida oʻzbek jamiyati hayotining ichki, ayni shu maʼnaviy-maʼrifiy olamiga koʻproq diqqat qilishimiz lozim.

– Xalqimiz sizni avvalo katta shoir sifatida biladi. Shoirning bitganlari barcha uchun, jumladan, maʼnaviyat xodimi uchun ham zaxira, quvvat manbai. Demak, shoir ham, yozuvchi ham birinchi oʻrindagi maʼnaviyatchi ekan-da...

– Butun ijodiy faoliyatim davomida men faqat sheʼriyat bilangina emas, tariximiz, maʼnaviyatimiz muammolariga bagʻishlangan publitsistika bilan ham mashgʻul boʻldim. Oʻsha maqola va esselarni yigʻsam, salmoqli kitob boʻladi. Bu bilan eski maʼnaviyatchi ekanimni aytmoqchiman. Uzoq yillar burun Maʼnaviyat va maʼrifat markazini tuzishda faol ishtirok etganim, bir necha yil bu tashkilotda ishlaganim bejiz emas.

Shoirlikka kelsak, boshqalarni bilmadim-u, men sheʼrning, soʻzning millat va vatan borligi uchun nechogʻli ahamiyatliligini anglagan oʻsmirlik chogʻimdan maʼnosiz, milliy tuygʻusiz satrlar bitmoqdan saqlanganman. Hatto oʻsha battol sovet tuzumi paytida bizdan talab qilingan mavzularda sheʼr yozganimda ham albatta tariximizga boʻlgan mehr tuygʻusi, millat ozodligiga daʼvatlarni aks ettirishga uringanman.

Sheʼr hamisha maʼnaviy poydevorga ega boʻlgandagina taʼsirga ega boʻladi. Sheʼr yurakdagi tuygʻular tafsiridir. Bekorga “adabiyot” atamasi “odob” soʻzidan, tushunchalari va maʼnosidan paydo boʻlmagan. Faqat shu hikmatni anglagan ijodkor ijodi, siz aytgandek, quvvat manbai boʻlib xizmat qiladi. Faqat shu masʼuliyatni anglagan adibgina milliy va umuminsoniy maʼnaviyat xizmatchisiga, uning targʻibotchisiga aylanadi.

– Milliy gʻurur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga oʻxshaydi. Inson uchun oʻzidan, oʻzligidan gʻururlanish aslida fazilat emasmi?

– Kimda milliy gʻurur boʻladi? Oʻzining kimligini bilgan, millat oldida masʼuliyatini teran anglagan odamda boʻladi. Oʻzining ichidan bexabar, demak, oq va qoradan bexabar, oilasi, bolalari, vatani oldida masʼuliyatini umuman his etmaydigan odamning nimadandir gʻururlanishini tasavvur qilolmayman.

Har qanday xalq vakilining milliy gʻururi eng avvalo oʻzi mansub xalqning shonli oʻtmishi bilangina emas, bugungi ravnaqi, iqtisodiy qudrati, oʻzi yashab turgan zamon-u makondagi maʼnaviy muhit bilan chambarchas bogʻliq. Tariximiz shonli, bu tarixda oʻz ijodiy kashfiyotlari bilan ilmda, adabiyotda yorqin iz qoldirgan donishmand bobolarimiz nomlari insoniyatning tafakkur xazinasi zarvaraqlarida oltin harflar bilan yozib qoʻyilgan boʻlsa-da, agar bugungi taraqqiyotimizda oqsash sezilsa, millatning eng birlamchi timsoli boʻlmish ona tilimizga munosabat pajmurda ahvolda boʻlsa, yigit-qizlar, oila boshliqlari tirikchilik uchun chet ellarda ishlasa, oʻz yurtida emas, yot oʻlkalarda sargardon yursa, milliy gʻurur tuygʻusi ich-ichimizdan chiqishga, baralla hayqirishga uyalsa kerak.

Milliy gʻururni bolalikdan tarbiyalash zarur. Maktab darsliklarini ayni shu tuygʻuni shakllantirish vositasi deb bilaman. Faqat adabiyot va tariximizga oid darsliklar emas, arifmetika-yu matematika, fizika-yu kimyo, geografiya va biologiya darsliklari orqali oqilona tarzda yosh avlodga milliy gʻurur tuygʻusini singdirish mumkin deb oʻylayman.

– Xurshid aka, oʻzbekning feʼl-atvori, yutugʻi-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarga ehtiyoj bordek tuyuladi. Siz qanday qaraysiz bu fikrga?

– Jahondagi barcha xalqlarning oʻziga xos feʼl-atvori, yaʼni milliy sajiyasi, turmush tarzi, hayotiy aqidalari mavjud. Bu ularning diniy eʼtiqodi, tili, maʼnaviy boyliklari, turmush tajribasi, tabiati, tarixi, urf-odati, anʼanalari va yana bir qator milliy xosliklar bilan bogʻliq. Bularning barchasi zanjir boʻlib bir-biriga shunday qattiq bogʻlanganki, bitta zulfi uzilsa barchasi zaiflashadi, har qanday salbiy taʼsir ularni osonlikcha parokanda qiladi.

Oʻylashimcha, milliy atvorimiz xususida yaxlit, ilmiy asosga ega asardan oldin biz adabiyotimizda va ilm-u fanimizda shu xislat aks etgan, uni tadqiq etgan asarlardan olingan iqtiboslar toʻplangan majmuani yaratishimiz kerak.

Siz nazarda tutgan oʻzbekning feʼl-atvori, yutugʻi-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarni yaratish birgina shaxsning ishi emas deb oʻylayman. Bu katta jamoaning mehnati va oʻzbek ziyolilarining salohiyati bilan yuzaga kelishi mumkin.

– Oʻzbekning feʼl-atvoriga begona boʻlgan ishlar ham sodir boʻlib turibdi. Maishiy hayotimizda ham, tashqi dunyomizda ham buni koʻrish mumkin. Maʼnaviyat va qadriyatlarga, anʼanalarga tahdidlar kundan-kunga koʻpayib bormoqda. Bu borada nima ishlar qilishni zarurat deb hisoblaysiz?

– Bu tahdid susaymaydi, aksincha, battar kuchayadi. Yovuz kuchlarning faqat bizga emas, butun ahli basharga, eng avvalo yoshlarga boʻlgan maʼnaviy tazyiqi kecha yoki bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq. Dunyoni maʼnaviy qashshoqlikka yetaklab borayotgan, fikrlovchi insonni emas, tomosha va maishatga oʻch isteʼmolchilar qavmini shakllantirish jarayoni salkam bir asrdan buyon davom etmoqda.

Bundan yetmish yilcha avval amerikalik adib Eyn Rend xonim “Davlat tabiati” falsafiy badiasida bugun dunyoni oʻrgimchak toʻriday qamrab olayotgan bu tajovuzkor kuchlar haqida shunday yozgan edi: “Ularning maqsadi insonni fikrsiz qulga aylantirish yoki uning mehnati samarasini tortib olish, erkin tafakkur qilishdan mahrum etish yoki aqlga zid harakatlarga undashdan iborat. Ularning maqsadi oʻzlari yaratgan qonunlar bilan insonning tabiiy talab-ehtiyojlari oʻrtasida qarama-qarshilik keltirib chiqarishdan iborat. Ularning maqsadi jinoyatchilar toʻdasi boshqaradigan yoki olomon hukmron boʻlgan jamiyatlar yaratish va ularni oʻzlarining gʻarazli rejalariga xizmat qildirish. Barcha insoniy qadriyatlarni nobud qiladigan, odamlarni robotga aylantiradigan bunday jamiyatlar faoliyati alal oqibat insoniyatni ham nobud etadi”.

Yana takrorlayman, bu tahdid susaymaydi, u ham tashqarida, ham ichkarida battar kuchayadi. Biz faqat va faqat bugungi suhbatimizning oʻq tomiri boʻlgan milliy qadriyatlar tushunchasi, bu tushunchalar poydevor boʻlib xizmat qilgan milliy tarbiya imoratini qanchalik mustahkamlasak, qanchalik himoya qilsak, tashqi va ichki tajovuzkor taʼsirlardan shunchalik oʻzimizni saqlagan boʻlamiz.

Yuqoridagi milliy gʻoya – mafkuramiz va ideal – kamoli matlubimiz haqidagi gaplarimga bir qoʻshimcha qilib aytsam, ularning har ikkisi shakllanishiga taʼsir etuvchi eng muhim omil axloqdir. Bu – milliy tafakkurning bosh mezoni. Milliy fikrning zaiflashuvi, boshqa mafkura qarshisida ojizligi maʼnaviy-axloqiy sohaning tanazzuli tufayli yuz beradi. Jamiyatning barqarorligi ham axloqiy kamolot samarasidir.

– Xalqning yakdilligi hammasidan muhim. Shunday emasmi? Uning butunligini nimalarda koʻrasiz? Bugun shu butunlik bizda mavjudmi, qoniqarlimi?

– Oʻtmishda bir tilda soʻzlashgan yoki til jihatidan bir-biriga yaqin qavmlardan iborat davlatlar hukm surganini bilamiz. Ular nechogʻli ulkan va qudratli boʻlmasin, oxiri tanazzulga yuz tutgan. Nega? Ularni halokatga olib kelgan sabablardan biri – oʻsha davlatlardagi elatlarning yagona millat tarzida shakllanmaganidir. Illo, davlat tuzish ishi qanchalik murakkab boʻlsa, millatning shakllanishi undan-da ogʻir va qiyin jarayondir. Millat shunday mukammal birlik – uyushma, ittifoqki, u uzoq tarixiy jarayon natijasida yuzaga keladi. Ammo taniqli faylasuf Ivan Ilin taʼkidlaganidek, millatni tarkib toptirish murakkab ish boʻlsa-da, uning taraqqiy etishiga imkon yaratish yoki aksincha – bunga yoʻl qoʻymaslik, hatto uni yoʻqotish choralari koʻp va xilma-xildir. Millat bir bor yoʻqolsa abadiy yoʻqoladi, uni qayta tiriltirish imkonsiz va chorasiz ishdir.

Shu kunlarda tez-tez, turli sabablar bilan “Boburnoma”da bitilgan bir voqea yodimga tushadi. Mirzo Bobur sarsonlik kezlarini tasvirlar ekan, bir gal dovon oshish mahalida kuchli qor boʻroniga duch kelganini tasvirlaydi: “Bir haftaga yovuq qor tepib, kunda bir sharʼiy-bir yarim sharʼiydan ortiq koʻchulmas edi. Qor tepar (yaʼni qorni tepib yoʻl ochadigan) kishi men edim, oʻn-oʻn besh ichki bila va Qosimbek edi, ikki oʻgʻli – Tangriberdi va Qanbar Ali bilan, yana ikki-uch navkari ham bor edi. Ushbu mazkur boʻlgʻonlar yayoq yurib, qor tepar eduk, har kishi yetti-oʻn qadam ilgari yurub qor tepar edi. Har qadam qoʻygʻonida beligacha, koʻksigacha bota-bota qor tepar edi... Oʻzga tamom oʻbdon-oʻbdon yigitlar va bek otongʻonlar otlardin ham tushmay, tayyor tepilgan va bosilgʻon yoʻlga kirib, boshlarini quyi solib kelurlar edi. Mahal ul emas edikim, kishiga taklif va zoʻre qililgʻay, har kimning himmat va jurʼati boʻlsa, bundoq ishlarni oʻzi tilab qilur...”.

Aslida bu qadim voqeani eslashimga bugungi tashvishli kunlarimizda kechayotgan hodisalar-u jarayonlar sababchi. Yana taʼkidlash joiz, bu yodlov uzoq yillik istibdod siquvi tufayli jaholat botqogʻiga botgan odamlarni yangi yoʻlga olib chiqish uchun qilinayotgan mashaqqatli va ulugʻvor saʼy-harakatlar bilan ham bogʻliq. Biz qalin qor bosgan dovondan oʻtmoqdamiz. Ne-ne azamat insonlar farogʻatni unutib, “qor tepib” ortdagilar uchun yoʻl ochib bormoqda. Bu sinov dovonida har birimizdan, millatimiz va nasl-nasabimizdan qatʼi nazar, hamjihat va hammaslak boʻlib harakat qilish talab etiladi. Har birimiz ongimizga murojaat qilaylik, biz ona vatanimiz uchun hal qiluvchi pallada qay jabhada turibmiz: qalin qorni tepib yoʻl ochayotganlar orasidamizmi yoki bu yurt tashvishlaridan xoli kimsalardek tayyor tepilgan va bosilgan yoʻldan boshimizni quyi solib bormoqdamizmi? Bugun ham Mirzo Bobur yozganidek, mahal ul emaskim, “kishiga taklif va zoʻre qililgʻay, har kimning himmat va jurʼati boʻlsa bundoq ishlarni oʻzi tilab qilur”.

Xalqning yakdilligi haqidagi savolingizga javob berishdan oldin shuncha gapni aytishimning sababi bitta: xalq va millatni faqatgina kuchli, komil shaxslar birlashtira oladi. Buyuk bobomiz hazrat Mir Alisher Navoiy “Elga qoʻshulgʻon esh topti” deb nasihat aytgan. Demak, hammaslak boʻlgan xalq yashagan yurt ravnaq topadi va kelajagi porloq boʻladi.

Shodmonqul SALOM suhbatlashdi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 1-son.

“Umrni maʼnoga toʻldirmoq zavqi” suhbati