Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yilning 22-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Majlisda qayd etilgan asosiy masalalar, taklif va tashabbuslar yuzasidan keng jamoatchilik, xususan, maʼnaviyat sohasi vakillari oʻz munosabatini bildirmoqda. Oyina.uz shunday fikr va mulohazalarning bir nechtasini jamladi. 

Lola SAODATOVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari 


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi tom maʼnoda Maʼnaviyat soati, Maʼrifat soati vazifasini bajardi, desak, oʻrinli boʻladi. Prezidentimiz Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi sifatida jamiyatimiz hayotidagi eng dolzarb masalalarga oʻrtaga tashladi. Shu bilan birga, turli muammolarni, maʼnaviy tahdidlarni hal qilish yoʻllarini, asosli yoʻllarini tushuntirib berdi.

Yigʻilishda oʻtirar ekanman, shoirning “Taraqqiyot, sevaman seni, taraqqiyot, qoʻrqaman sendan” degan satrlari bot-bot yodimga tushdi. Sababi, bugun dunyo qanchalik rivojlangani, axborot texnologiyalari oʻziga xos yuksalish bosqichiga yetgani sayin aholining, ayniqsa, yoshlarning ongini, qalbini, tafakkurini zabt etishga urinish hollari, afsuski, bor. Bu kabi yot gʻoyalarga qarshi kurashish faqatgina xos soha odamlarining yoki xos tashkilotlarning ishi emas, balki umummillat ishi ekan, degan toʻxtamga kelasan. Sababi, bugun dunyo sahnasida, davlatimiz rahbari aytgani kabi, oʻzbek, oʻzbekistonlik, Oʻzbekiston nomi qolishi uchun bugun hamma oyoqqa turishi kerak!

Kengash yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan oʻrtaga tashlangan masalalar har bir inson qalbida, har oʻzbekistonlik qalbida maʼrifat chiroqlarini, maʼnaviyat nurlarini yoqdi, deb oʻylayman. Va bu chiroqlar, bu nurlar hech qachon oʻchmasligi, katta bir gʻoya atrofida – Vatanni tinch-osoyishta koʻrish, Vatanni taraqqiyotga eltish gʻoyasi ostida har birimiz birlashishimiz darkor.

Kengash yigʻilishida bugunimiz va ertamizga doir muhim gʻoyalar, masalalar, takliflar ilgari surildi. Biz kutgan, orzu qilgan, shu bilan birgalikda, gʻururimizni uygʻotadigan masalalar ham kun tartibida boʻldi. Bu ayniqsa, jadid bobolarimiz shaʼni, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, jadidlar merosini keng oʻrganish, ular ilgari surgan gʻoyalarni amalga oshirish boʻyicha bildirilgan fikrlar davrimizning eng dolzarb masalalarini hal etishda qoʻl keladi. Xususan, davlatimiz rahbarining taraqqiy etgan davlatlar yutuqlarini olishimiz, shu bilan birgalikda, oʻzligimizni, milliy qadriyatlarimizni, mental xususiyatlarimizni saqlab qolishimiz kerakligi haqidagi fikrlari diqqatga molik.

Umuman olganda, Kengash yigʻilishi millat kelajagi, ertasi yanada yorug‘ boʻlishiga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.

Azimov Inomjon, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi direktori

Jadid namoyandalaridan biri Hoji Muyin “Yoshlarga murojaat” maqolasida shunday yozadi: “Hamiyatli qarindoshlar! Koʻpdan beri gazeta va jurnallarda oʻqib va bilib kelmakdadursizki, har millatning taraqqiysi eng avval muntazam maktablardan boshlanur. Zotan insonning saodati maktab tarbiyatidan vujudga kelmasmi?”.

Ha, hurmatli vatandosh! Millat taraqqiyoti, rivoji maktabdan boshlanadi. Farzandlarimizni milliy qadriyatlarimizga hurmat, vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, buning uchun esa til va milliy adabiyotimizin chuqur oʻrgatish maktab ostonasidan boshlanadi. Bunga aloqador boʻlgan mutasaddilar bu haqiqatni tushunmasalar yoki tushunishni istamasalar, bilingki, bu eng katta fojia. Kuni kecha hurmatli yurtboshimizning Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida soʻzlagan nutqi buning yaqqol dalilidir. Barcha qatori yurtboshimizning maʼruzalarini diqqat bilan eshitdim. Maʼruzada davlat tilining mavqeyi, rivoji boʻyicha asosli fikrlar bildirildiki, bu gaplar barcha vatandoshlar qatori menda ham oʻzgacha kayfiyat uygʻotdi. Quyida ana shu ufikrlarga toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Birinchidan, “Oʻzbek tili va adabiyoti” fani oʻqituvchilariga ham xalqaro sertifikatga ega boʻlgan boshqa fan oʻqituvchilaridan kam boʻlmagan miqdorda qoʻshimcha haq toʻlanishi, shu maqsadda milliy sertifikatga ega boʻlgan “Oʻzbek tili va adabiyoti” fani oʻqituvchilariga kelgusi oʻquv yilidan boshlab 50 foiz ustama toʻlanishi belgilandi. Mazkur masala uzoq paytlardan buyon koʻpchilikning eʼtirozga sabab boʻlib kelayotgan edi. “Xorijiy tillarni yaxshi bilsa, ustama berilsayu, davlat tili boʻlgan oʻzbek tilini chuqur bilishlik uchun nega ustama berilmaydi?” qabilida savollar koʻpaygan edi. bugun bu eʼtirozga ham nuqta qoʻyildi.

Prezidentimizning davlat tili masalasini maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishida koʻtarishi bejiz emas, chunki til va maʼnaviyatni ayro tasavvur etib boʻlmaydi. Jamiyatda milliy qadriyatlarning shakllanishi, maʼnaviyatning yuksalib borishi bevosita til bilan bogʻliq. Albatta, bu ishlarni birinchi navbatda, jadid bobolarimiz aytganidek, maktabdan boshlashimiz kerak. Shu maʼnoda davlat rahbari tomonidan “oʻzbek tili va adabiyoti” fani oʻqituvchilariga eʼtibor berilishi jadidlarning “millat taraqqiysi maktabdan boshlanur” degan vasiyatining amaldagi ijrosi deyish mumkin. Zero taʼlimda yosh avlodni ona tilimizga hurmat ruhida tarbiyalash, boy adabiyotimiz, tariximiz, madaniyatimizni chuqur oʻrgatish orqaligina “oʻzbek”, “oʻzbekistonlik”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishga xizmat qiladigan vatanparvar, salohiyatli kadrlarni yetishtira olamiz.

Boshqa tillarda taʼlim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini oʻrganishga ragʻbatlantirish choralarining koʻrilishi, boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini oʻqitish soatlari koʻpaytirilish boʻyicha takliflari ham mamlakatimizda davlat tilining maqomini yuqoriga koʻtaradi. Taʼlim oʻzga tillarda olib borilayotgan maktablarda davlat tilini oʻqitish masalasi boʻyicha ham muammolar mavjud. Bu boʻyicha mutaxassislarning maqolalari eʼlon qilingan. Bu muammo ham davlat tili mavqeyiga soya solib turgan edi. Endi barcha taʼlim muassasalarida davlat tilini oʻqitish soatlari koʻpaytiriladi.

Albatta, bunday tajriba xorijiy mamlakatlarda ham bor. Masalan, Ozarboyjon Respublikasi “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni 5-moddasida: “Taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan taʼlim muassasalarida ozarbayjon tilini oʻqitish majburiy. Oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalariga kirishda “ozarbayjon tili” fanidan imtihon topshiriladi”,-deb belgilab qoʻyilgan.

Hukumatning davlat tili boʻyicha olib borayotgan izchil siyosati tufayli xorijiy davlatlarda oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqish kuchaydi. Markaz tomonidan ham xorijliklar uchun bir necha oʻquv kurslari tashkil qilindi. Oʻtgan hafta bir guruh meksikalik fuqarolar uch oylik oʻquv kursini tamomladilar. Xorijliklar uchun oʻzbek tili boʻyicha xalqaro olimpiadalar tashkil etish, gʻolib va sovrindorlarni pul mukofotlari bilan taqdirlash, shu bilan birga, filologiya yoʻnalishlariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish taklifi esa xorijda ham oʻzbek tilini keng targʻib qilinishiga, boshqa tillar kabi ommalashishiga xizmat qiladigan muhim qadam deb hizoblaymiz.

Ona tilimizning har tomonlama rivojlanishi, uning jamiyatning barcha sohalarida haqiqiy davlat tili maqomiga erishishiga davlat rahbari tomonidan shunday eʼtibor qaratilayotgan ekan, jamiyatning barcha ziyoli qatlami bunga befarq boʻlmasligi kerak. Zero yurtboshimiz aytganidek, “...har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.

Nargiza RAHMATULLAYeVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Surxondaryo viloyat boʻlimi rahbari


Hurmatli Prezidentimiz raisligida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining yigʻilishi boʻldi.

Oʻtkazilgan kengash yigʻilishning oʻtgan safargisidan farqli jihati, kengaytirilgan tarzda koʻp sonli maʼnaviyatchilar qatorida, madaniyat, sanʼat, ijod ahli bilan keng koʻlamda, masshtabda oʻtkazilganligida boʻldi. Quvonarlisi, yigʻilishda koʻtarilgan har bir masalalar bugungi kunning ogʻriqli, yechimini kutib yotgan masalalar boʻlib, ularning har biriga tizimli yondashilib mamlakatimiz rahbari tomonidan yechimi qilib berilganligi boʻldi.

Prezidentimiz Maʼnaviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuch yangi harakatga aylanishi kerak dedilar.

Aytish kerak, bugun jamiyatimizda biron bir ijtimoiy munosabat yoʻqki, uning poydevorida maʼnaviyat turmagan boʻlsa.

Hamma davrlarda taʼlim tarbiya, axloq va odob goʻzal fazilat va xulqlar zamirida shakllanadi. Odob masalasiga insoniyat tarixida boqiy qadriyat asosida toʻla ahamiyat bergan bizning bobolarimiz hisoblanadi.

Termiziy allomalarimiz biri hadislardan birida “hech bir ota-ona farzandiga yaxshi tarbiya, goʻzal odobdan buyukroq hadiya berolmas”, degan.

Shu bois farzand tarbiyasiga ota-onalar jiddiy eʼtibor qaratishi bilan birgalikda mahalla keng jamoatchilik vakillari birdek masʼul boʻlishi kerakligini alohida taʼkidlashimiz joiz.

Prezidentimiz yigʻilishda Kengash raisi Prezident, hududlarda birinchi rahbarlar ekanligini alohida taʼkidlab ilm-fan, taʼlim va tarbiya, maʼnaviyat biz uchun ustuvor vazifa masalasidir deya taʼkidladilar.

Shuningdek, Prezidentimiz hayot shiddat bilan oʻtib borayotgan bugungi globallashuv, internet asrida turli tahdidlar chegara bilmasdan kirib kelayotganligini azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlarda chuqur transformatsiya jarayonlari yuz berayotganligini taʼkidladi. Ana shunday murakkab tahlikali vaziyatda Oʻzbekiston milliy manfaatlariga javob beradigan yoʻlni topishi oson emasligini, bunga barcha eʼtibor qaratishi, bor kuch imkoniyatlarini ishga solishi zarur ekanligini aytdi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Prezidentimiz ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan chetdan, baʼzan hatto mamlakatimizning oʻzida ham Konstitutsiya va qonunlarimizga zid ilgari surilayotgani diniy eʼtiqod niqobi ostida yoshlarimizni maʼrifatga emas jaholatga undash holatlari paydo boʻlayotganligi taʼkidlandi. Bunday vaziyatda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashni kuchaytirish ehtiyotkorlik va ogohlikni oshirish zarurligi taʼkidladi.

– Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv va havodek zarur, dedi Prezidentimiz.

Hamda maʼrifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik va fuqarolik jamiyati uchun poydevor boʻlib xizmat qilishi tabiiy.

Jadid bobolarimizning gʻoya va dasturlari yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi har tomonlama uygʻun va hamohang ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Shu bilan birgalikda mamlakatimiz rahbari keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyor turishimiz, yosh avlod tarbiyasi murakkab zamon talabiga javob berishi kerakligini alohida eʼtirof etib oʻtdi.

– Agar biz bu yorug‘ dunyoda “oʻzbek”, “oʻzbekistonlik”, “Oʻzbekiston” degan nomlar yashashini istaydigan boʻlsak bu savollarga javob topishimiz va ularni amaliy harakatga aylantirishimiz kerak – dedi Prezidentimiz.

Kengash yigʻilishida Prezidentimiz Surxondaryo tajribasi sifatida maʼnaviyat sektorini namunali yoʻlga qoʻyishni aytib oʻtgani bu bejiz emas.

Surxondaryo viloyati oʻzining boy tarixi, takrorlanmas qadriyat, urf-odatlar bilan birgalikda, azaldan ilm-maʼrifat, maʼnaviyat oʻchogʻi hisoblanadi.

Keyingi vaqtlarda olimlar tomonidan 200 ga yaqin Termiziy allomalarning yangi nomlari aniqlanganligi, ularning boy maʼnaviy merosi olimlar tomonidan xalqchil, tushunarli tarzda chop etilayotganligi quvonarlidir.

Prezidentimizning Maʼnaviyat sektorining vohamizda tashkil etilishi borasidagi topshirigʻi biz Surxondaryoliklarni quvontirgani bilan birgalikda bizga bildirilgan beqiyos ishonch va maʼsulyat yuklatilganligini anglab oldik.

Xulosa oʻrnida aytish kerakki, Termiziy allomalarga beshik boʻlgan koʻhna zaminda Maʼnaviyat sektorini tashkil etishga barcha birdek kirishgan va bu borada viloyatimizda barcha imkoniyatlar ishga solingan.

Oyina.uz