Kundalik odatlarga rioya qilish natijasida oʻquvchida masʼuliyatni his etish, ongli tarzda intizomga boʻysunish koʻnikmasi shakllanadi. Odat asta-sekin shaxsiyatning feʼl-atvoriga aylanib boradi. Insonda fazilat ham, illat ham shu tarzda yuzaga keladi. Misol uchun, bola har kuni darsga kech qolaversa yoki uyqudan uygʻonishi bilan telefon oʻynasa va bu hol takrorlanaversa, illatga aylanadi. Agar tarbiyaviy tadbirlar rejasi toʻgʻri tuzilib, kuniga uch-toʻrt bet kitob oʻqish, badantarbiya qilish, til oʻrganish yoki tozalik ishlariga mashgʻul boʻlish kabi odatlar meʼyorga aylantirib borilsa, oʻquvchi oʻz hayotiga befarq boʻlmaslikka oʻrganadi, unda vaziyatni tahlil etish, toʻgʻri baholash qobiliyati paydo boʻladi. Muttasil oʻqib-oʻrganish insonni yangitdan shakllantiradi. Oʻqilgan har bir kitob eski gʻoyalarga yangicha qarashni oʻrgatadi. Maʼnaviy jihatdan chinakam oʻsish jarayoni asta-sekin, yaʼni muntazam amaliyot bilan yuz beradi.
Bir misol keltiramiz. Bambuk daraxti dastlabki besh yil ichida boʻy koʻrsatmaydi. Chunki u zoʻr berib ildiz otayotgan boʻladi. Oltinchi yili esa koʻkka shunday boʻy choʻzadiki, olti haftada naq oʻttiz metrgacha oʻsadi. Shu kabi, fazilatlar ham avvaliga shaxsda hech qanday oʻzgarish yasamagandek tuyuladi. Besabrlik koʻpchiligimizga xos – darrov natija kutamiz. Tarbiyada ham koʻzga koʻrinarli samara, yaʼni oʻsish koʻrmagach, tarbiyachining hafsalasi pir boʻla boshlaydi. Holbuki, tarbiya masalasida joʻjani kuzda sanashga toʻgʻri keladi.
Tarbiya – buyuk ish. Barcha buyuk ishlar kichik qadamlardan boshlanadi. Har bir odat jajjigina qarordan kelib chiqadi. Bu qarorlar har kuni takrorlangani sayin ildiz otib, kuchayib boradi. Bu odatlar zamirida esa maqsad yotishi kerak. Aniq maqsad sari intilish orqaligina natijaga erishiladi. Yosh avlod ongida aniq maqsadni shakllantirish uchun, avvalo, uning kun tartibini oʻrganish lozim. Shu maqsadda bir akademik litsey oʻquvchilari orasida “Mening kun tartibim” degan soʻrovnoma oʻtkazilganda, 22 nafar boladan kitob oʻqishini – 3, dars tayyorlashni 9 nafari qayd etgan. Koʻrinadiki, kenja avlodni havoyi gaplar bilan kitobxonlikka oʻrgata olmaymiz.
Yaponiyaliklar kunni mutolaa bilan boshlar, agar nonushta dasturxonida yangi keltirilgan gazeta yoki jurnal boʻlmasa, oʻzidan koʻngli toʻlmas ekan.
Oʻtkazilgan tadqiqot oʻquvchilarda boʻsh vaqtini bekorchi ishlarga sarflash koʻrsatkichi yuqori ekanini koʻrsatdi. Nomaqbul usul, xulq-atvorga taʼsir etuvchi omillarni hisobga olmaslik oqibatida ijobiy odatlarni oʻzlashtirish qiyin kechadi.
Insoniy fazilatlarni shakllantirishning asl oʻchogʻi – oila. Bu borada asosiy dastak otaona qoʻlida, bola tarbiyasi uchun, avvalo, ular javobgar. Bolaning yaxshi yo yomon boʻlishi otaona tomonidan tuzilgan maʼnaviy-tarbiyaviy tadbirlar rejasiga bogʻliq. Shu bois ham buyuk rus adibi Anton Chexov “Farzandlaringizga tarbiya bermang, ular baribir sizga oʻxshab ulgʻayadi. Shu sabab, avvalo, oʻzingizni tarbiya qiling” deganida haq edi.
Yaxshi odam birdaniga yomon, odobli bola oʻz-oʻzidan badxulq boʻlib qolmaydi. Demak, qayerdadir tarbiya zanjiri, uzluksiz taʼlim, meʼyor, muvozanat buzilgan. Nimagadir eʼtibor susaygan yoki haddan ziyod kuchaygan. Yoki tarbiyada tanaffus roʻy bergan...
Yoshlarimizning maʼnaviy komil inson boʻlishi, goʻzal fazilat egasiga aylanishi bosqichma-bosqich amalga oshadi. Bunda taʼlim tizimi hamda muhitning oʻrni beqiyosdir.
Oygul KAJANOVA,
mustaqil tadqiqotchi
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.