Chayldfri. Bu tushuncha rivojlangan mamlakatlar aholisi uchun tobora aktuallashib borishi bilan birga, mazkur hukumatlar uchun turli resurs talab etuvchi “ogʻir yuk”ka ham aylanmoqda. Chunki tugʻilishlar sonining pasayishi ortidan demografik inqiroz, millatning tobora qarishi va shu tariqa, ishchi kuchining kamayishi tendensiyasi kuzatiladi. Bu esa iqtisodiyotga jiddiy zarba keltirish bilan birga siyosat va jamiyatning ham qaysidir maʼnoda tanazzuliga olib keladi.

Xoʻsh, chayldfri fenomeni oʻzi nima? U nimasi bilan foydali-yu qanday oqibatlari bor? Avvaliga uni ommalashtirib, keyinchalik unga qarshi harakat boshlagan mamlakatlar endi qanday yoʻl tutmoqda? Quyida shu savollar asosida soʻz boradi.

Chayldfri nimani anglatadi?

Jamiyatdagi anʼanaviy oila modelining muhim shartlarini chetlab, farzand dunyoga keltirish va tarbiyalashdan ongli ravishda voz kechadiganlar chayldfri deb ataladi. Ular uchun avlod qoldirish va farzand tarbiyasi hayot mazmuni sanalmaydi. Ular vaqti va kuch-gʻayratini oʻziga, karyerasiga yoki boshqa qiziqishlariga bagʻishlashni maʼqul koʻradi.


Chayldfri borasida soʻz yuritilarkan, quyidagi tushunchalarni aniq farqlay olish muhim.

Sotsiologlar bolalarni yoqtirmaydiganlarni redjektor, shunchaki farzandsiz yashashni istovchilarni – affeksyonado, farzand koʻrishni istaydigan, biroq jismoniy imkoniyatlari toʻgʻri kelmaydiganlarni chayldless, bolalarni yomon koʻradiganlarni boʻlsa chayldxeyt deb ataydi. Bundan tashqari, “koʻngilli farzandsizlar” nomli demografik termin ham mavjud boʻlib, u ancha keng qamrovli tanlovni anglatadi.

Va tabiiyki, farzandsizlikning har qanday turi mamlakat demografiyasiga bevosita taʼsir oʻtkazadi.

 

Bu fenomen qachon, qanday paydo boʻlgan?

Merriam-Webster lugʻati maʼlumotlariga koʻra, Childfree termini va gʻoyasi ilk bor 1901-yilda paydo boʻlib, 1970-yillarda Qoʻshma shtatlarda feminizm va emansipatsiya (qaramlikdan, cheklovlardan qutilish, mustaqillik) fonida keng qoʻllanila boshlaydi. Asosi chayldfri boʻlgan ilk tashkilotlar, jumladan, “Istakka koʻra ona boʻlish milliy Alyansi” ham oʻsha davrda paydo boʻlib, asosiy maqsadi – farzand koʻrishdan ixtiyoriy voz kechuvchilarning ijtimoiy guruhini aniqlash va “farzand koʻrish majburiyati” stereotiplarini chetlab, shunday hayot tarzini ham normallashtirishdan iborat boʻlgan.

Shundan boshlab farzandsizlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan turli tashabbus va gʻoyalar tobora ortib, qoʻllab-quvvatlangan.

1990-yillarda bu fenomen jamoatchilik orasida ommalashib, tobora mustahkam boʻlib borsa-da toʻliq oʻrganilmaganligicha qoladi. 1991-yil farzandsizlik asosiga qurilgan “Insoniyat yoʻqolib ketishi yoʻlidagi ixtiyoriy harakat”ga asos solinadi. 1992-yilda esa kaliforniyalik oʻrta maktab oʻqituvchisi Lesli Lafayet Childfree Network (CFN) ommaviy (ijtimoiy) tarmogʻini yaratadi va farzandlilar uchun imtiyozlarni bekor qilish – uning asosiy talablaridan biri boʻladi. Mazkur Farzandsizlar jamiyati mamlakat boʻylab 33 ta boʻlim-filialiga ega boʻlib, unga AQShda 5 mingdan ortiq fuqaro aʼzo boʻlgan. Keyinchalik bu harakat Yevropa va Avstraliyada ham ommalasha boshlaydi.

2014-yilga kelib chayldfri xalqaro trendga aylanib ulguradi: yoshlar moliyaviy mustaqillikka erishishda qiyinchiliklarga duch kelib, farzand dunyoga keltirishdan choʻchiy boshlaydi, yana aksariyat juftliklar karyeraning maʼlum darajasiga yetgandan keyingina farzand haqida oʻylash mumkin, degan pozitsiyada yoʻl tutadi.

1982-yil AQShda oʻzini “Koʻngilli farzandsiz” deb atovchi ayollar 2,4 foizni, 1995-yil 6,6 foizni tashkil etgan boʻlsa, Michigan universiteti olimlarining tadqiqotlari 2020-yilga kelib 27% aholida farzand koʻrish istagi yoʻqligini aks ettirgan. 44 yoshgacha boʻlgan ayollar orasidagi tugʻruq holatlari boʻlsa 4 foizga kamaygan.

1971-yil Buyuk Britaniyada 30 yoshgacha boʻlganlarning 18 foizigina farzandsiz boʻlgan. Lekin 2022-yilga kelib ushbu koʻrsatgich 50 foizga yetgan. Mos davrda Avstriya va Ispaniyada taxminan 20% katta yoshli aholi farzandsiz boʻlgan. Nikkei gazetasi prognoziga koʻra, 2005-yildan keyin tugʻilgan taxminan 42% yaponiyalik umuman farzandli boʻlmasligi mumkin. Polshada boʻlsa 18 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan ayollarning 32 foizigina farzand dunyoga keltirish niyatida ekanini maʼlum qilgan.

 

Tanlov oqibatlari

OECD – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining 2025-yilgi maʼlumotlariga koʻra, global miqyosda tugʻilish darajasi oʻnlab yillardan buyon pasayib, tarixdagi eng past darajaga yaqinlashmoqda. Va tabiiyki, dunyo aholisining oʻsish surati ham sekinlashmoqda.

Tashkilot shuningdek, keyingi 25 yilda Sharqiy Osiyo, Yevropa va Rossiyada aholi soni sezilarli darajada kamayishini prognoz qilib, uning oqibatlari insoniyat kelajagi uchun hali noaniq ekanini qayd etadi.

Masalan, kam tugʻilish ortidan mamlakatlarda ishchilar, olimlar va innovatorlar kamroq yetishib chiqishi, bu esa iqtisodiy taraqqiyotga toʻsqinlik qilishi yoki uzoq muddatli turgʻunlikka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, tugʻilish kamaygani sayin mamlakatda oʻz-oʻzidan qariyalar ulushi ortib, bu holat byudjetga ogʻirlik qilishi, ijtimoiy himoya va nafaqa tizimiga yuk xavfi, shuningdek, moliya tizimining barqarorligiga shubha ortib boradi.

Boshqa tomondan, bolalar soni kamayib, aholi miqdori pastlashi oʻz-oʻzidan uy-joy va bolalar parvarishiga sarflanadigan xarajatlar ham kamayishini anglatadi. Bunga sarflanadigan resurslarni esa boshqa sohalar rivojiga yoʻnaltirish mumkin, degan nazariy qarashlar ham yoʻq emas. Bundan tashqari, tugʻilish kamaygani sayin potensial ish koʻrsatadigan fuqarolar jismoniy resurslarini farzand tarbiyasiga emas, ish faoliyatiga yoʻnaltirishi orqali iqtisodiy oʻsish kuzatilishi mumkin. Iqlim oʻzgarishi, tabiiy resurslar kamayishi va atrof muhitning inson omili bilan yomonlashuvi kabi ekologik muammolar ham aholi soni kamayishi bilan yaxshilanishi, hech boʻlmaganda barqaror qolishi mumkinligi aytiladi.

Ijobiy natijalari qanchalik koʻp boʻlmasin, mamlakatlar allaqachon uning uzoq muddatli oqibatlarini seza boshladi:

Masalan, janubiy Yevropa mamlakatlaridan Ispaniyada 25%, Italiyada 26% oilalar uy-joy tanqisligi, ishsizlik va iqtisodiy noaniqliklarni sabab qilib farzandsizlikni tanlamoqda. Fenomen tashabbuskori – AQShda 20-24 yoshli ayollar oʻrtasidagi farzandsizlik 2014-yilda 75 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib bu koʻrsatkich 85 foizga yetgan. 25-29 yoshli ayollar oʻrtasida esa 50 foizdan 63 foizgacha ortgani maʼlum boʻlgan.

Chayldfriga qarshi qachon, qayerda va qanday choralar qoʻllanilgan?

SSSR davrida 1941-yildan 1992-yilgacha “Boʻydoq, yolgʻiz va farzandsiz fuqarolarga soliq solish” toʻgʻrisidagi qonun amalda boʻlgan. Unga koʻra, bolasi boʻlmagan 20-50 yosh oraligʻidagi erkaklar va 20 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan turmushdagi ayollar maoshining 6% miqdorida soliq toʻlashi talab etilgan. Shunga oʻxshash soliq 1909-yilda Bolgariyada, 1946—1973-yillari Polshada ham joriy qilingan — farzandsiz polyaklarga daromad soligʻi oshirilgan stavkada qoʻllanilgan.

Zamonaviy Polshada ham demografik krizis muammosi keskin tus olgan: 2022-yil yakunida mamlakat aholisi 37,7 million nafarni tashkil qilib, 2023-yilgi prognozlarda barchasi optimistik ssenariy boʻyicha ketsa, 2060-yilga borib Polsha aholisi 34,8 milliongacha, pessimistik ssenariy boʻyicha esa 26,7 milliongacha qisqarishi, yaʼni 8 foizdan 29 foizgacha demografik yoʻqotish boʻlishi mumkinligi aytiladi.

Bu qanchalik ayollar huquqlarining buzilishiga olib kelmasin, mamlakatda abortlar taqiqlangan, farzandsizlikka qarshi kurashish kampaniyalari boʻlsa koʻchalarda farzand koʻrishga targʻib qiluvchi ijtimoiy banerlarni oʻrnatgan.

Demografik inqirozga yaqinlashayotgan yana boshqa mamlakatlar turmush va tugʻruq orqali aholi sonini oshirish maqsadida moliyaviy va ijtimoiy choralar, shuningdek, turli ragʻbatlantiruvchi tizimni ham yoʻlga qoʻygan.

Masalan, Vengriyada Yangi turmush qurgan juftliklarga davlat tomonidan katta miqdorda imtiyozli kreditlar berilib, ular 3 nafar farzand koʻrsa, davlat qarzdan toʻliq kechib yuboradi. 3 nafar va undan koʻp farzandli hamda 30 yoshgacha boʻlgan onalar esa daromad soligʻidan umrbod ozod etiladi.

2026-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Butanda tugʻilish 1,8 darajaga tushib ketgani tufayli “Third Child Plus” (uchinchi farzand +) dasturini yoʻlga qoʻydi. Dastur oiladagi uchinchi va undan keyingi har bir bola uchun ular 3 yoshga toʻlgunga qadar 10 ming ngultrum (105 AQSh dollari miqdorida oylik toʻlovni nazarda tutadi.

Hatto, yaqin yillargacha aholisi soni eng koʻp mamlakat sifatida qayd etiladigan Xitoy ham 3-yillik aholi sonining kamayishi kuzatilganidan keyin, “Bir oila – bir farzand” siyosatidan kechib, 3 nafargacha farzand koʻrishga ruxsat berdi. Bugungi kunda hukumat bolali oilalarni soliq imtiyozlari, uzaytirilgan taʼtil va uy-joy xaridi uchun subsidiyalar bilan ragʻbatlantirmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda tugʻilishlar sonini oshirish maqsadida 3 yoshgacha boʻlgan bolalarning har biri uchun 3600 yuan (taxminan 530 dollar) miqdorida pul toʻlash amaliyoti ham joriy etilgan.

Janubiy Koreyada ham tugʻilishlar soni pasayib, aholining qarib borishi milliy xavfsizlik darajasidagi muammo sifatida baholanmoqda. Mamlakat hukumati ushbu global inqirozga qarshi kurashish uchun sohaga yuzlab milliard dollar mablag‘ yoʻnaltirgan. Masalan, farzand tugʻilgan birinchi yil davomida har oy beriladigan nafaqa miqdori bosqichma-bosqich oshirilib, oyiga 500 000 von (oʻrtacha 365 dollar)ga yetkazildi. Mamlakat shuningdek, 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun alohida oylik toʻlovlarni ham nazarda tutadi.

Homilador ayollarga boʻlsa tibbiy xarajatlari uchun 1 million von, farzand dunyoga kelganda esa oilalarga 2 million vonlik bir martalik vaucher beriladi.

 

Oʻzbekistonda vaziyat qanday?

Boshqa mamlakatlar oʻzi kurashib erishgan chayldfrining oqibatlarini iqtisodiy va ijtimoiy tomonlama badalini toʻlayotgan bir vaqtda Oʻzbekiston aholisi soni doimiy tarzda oʻsib bormoqda.

Aniqroq aytadigan boʻlsak, fenomen Oʻzbekistonda ommaviy tus olmagan, Aksincha, ayni damda demografik oʻsish avj olmoqda. Statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda aholi soni 39 million 47 ming 321 nafarni tashkil qilib, 1989-yilgi koʻrsatgichga nisbatan ikki barobar oshgan. Bu esa aholining yiliga oʻrtacha 1,8% ga koʻpayayotganini anglatadi. 2025-yilning oʻzida 879,6 ming nafar chaqaloqning dunyoga kelishi boʻlsa mamlakatdagi tugʻilish koefitsenti yuqoriligicha qolib, har bir ayolga oʻrtacha 3,4 bola toʻgʻri kelayotganini koʻrsatadi.

Taqqoslash uchun, Butandagi tugʻilish darajasi 1,8 ga tushib ketgan. Janubiy Koreyada boʻlsa bir ayolga 0,72 (bittadan ham emas) bola toʻgʻri kelib, mamlakatda eng kam tugʻilish davri hukm surmoqda.

Oʻzbekiston aholisining muntazam oʻsib borishida eng avvalo qadriyatlar va oila institutining mustahkamligi asos boʻlsa, diniy faktor, reproduktiv salomatlik borasidagi bilimlarning maʼlum darajada yetishmasligi, bolalar oʻlimining kamligi va albatta, chayldfri fenomenining avj olmagani (deyarli yoʻqligi) kabilar toʻldiruvchi omil sifatida qayd etiladi.

Masalan, oila qurish va farzand dunyoga keltirish Oʻzbekistonda eng muhim va asosiy hayotiy bosqichlardan sanaladi. Navbatdagi avlodni dunyoga keltirish esa shaxsiy tanlovdan ham koʻra ijtimoiy burch sifatida koʻriladi. Bundan tashqari, mamlakat aholisining asosiy qismi musulmonlardan tashkil topganidan kelib chiqsak, islomda farzandga oilaning rizqi, baraka olib keluvchi neʼmat, deb ishonilishi doimiy avlodlar generatsiyasini taʼminlashga hissa qoʻshadi.

Biroq shuni ham aytib oʻtish kerakki, reproduktiv salomatlik boʻyicha baʼzi bilimlar yetishmasligi yoki boshqa sabab bilan tavakkalga asoslanib bir oilada uch va undan ortiq farzand dunyoga kelishi — mazkur xoʻjalikda resurs va tarbiyaning teng taqsimlanmasligiga olib kelgan, buning ortidan bolalarning sifatli ovqatlanmasligi, tarbiyasidagi kamchiliklar va baʼzan voyaga yetmay pul topish masʼuliyatini yelkasiga olishi kabi oqibatlar ham yetarlicha uchrab turadi. Bu esa mamlakat kelajagiga sifat bilan emas, faqat sonda hissa qoʻshishga olib kelishi mumkin.

Muqaddas MUSAYEVA,

Oyina.uz