“Bugun biz sizga taqdim etishga jazm qilayotgan “Vatan” jurnali muhtaram Prezidentimiz oldimizga qoʻygan bu muqaddas gʻoyani amalga oshirishga baholi qudrat hissa qoʻshishda vosita vazifasini bajaradi, deya niyat qilamiz. Zotan ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy formatdagi ushbu jurnal oʻz sahifalarida mamlakatimizdagi eng ilgʻor fikrli ziyolilar, olim va siyosatchilar uchun joy beradi.” Jurnalning tashkil etilishidan koʻzlangan maqsadlar haqida soʻz borgan “Vatan” haqida…” maqolasining toʻliq matni bilan “Vatan” jurnalining 2024-yil 1-sonida  tanishing.

“Til millat tafakkuri va ruhiyatining darajasini aniq aks ettiruvchi barometrdir. Har qanday millat ruhiyati va tafakkurining saviyasi yagona milliy tilning mavjudligi va jamiyat ahlining undan qay yoʻsin foydalanilayotgani bilan belgilanadi” – Oʻttizta milliy til qatorida oʻzbek tilini ham XXI asrning oxiriga borib yoʻqolib ketishini bashorat qilgan kompyuter valiylariga tilshunos olim ushbu sondagi “Buzilmas qoʻrgʻon” maqolasida asosli eʼtirozlar keltirgan.

“Mintaqadagi besh qoʻshni davlat oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritganiga 30 yildan oshdi. Bu, garchi, tarixan katta davr boʻlmasa-da, milliy va “mintaqaviy qurilish” uchun yetarli muddat. Zotan, dunyoning boʻlgalari va davlatlarida shu mazmunda kechgan islohotlar tajribasi buni isbotlaydi. Masalan, ayni muddat ichida Yaponiya, Singapur va Xitoy “moʻjizasi” deb atalgan hodisani taqdim eta olgan. …Taassufki, yuqorida ishora qilganimizdek, bizda integratsiya masalasiga mudom uzoq istiqbol, noaniq loyiha yoxud utopiya oʻlaroq qaralmoqda.” Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya konsepsiyasi, modeli va dinamikasiga oid jihatlar bilan “Markaziy Osiyo mintaqaviy integratsiya konsepsiyasi, modeli va dinamikasi” maqolasida atroflicha tanishasiz.

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Undan ayro baxt boʻlmas”, “Til va tafakkur – definitsiya va deskripsiya”, “Shayboniyxon shaxsiyati nega eʼtiborsiz qolmoqda”, “Ilohiy oʻyin. Koʻpkarining tarixini bilasizmi?”, “Adl ila olam yuzin obod qil…” maqolalari, “Onamning yurti” hikoyasi, “Pikasso”, “Zerikayotgan odam” essesi oʻrin olgan. Shuningdek, ushbu sonda “Hamjihatligimiz boqiy boʻlsin”, “Bizning ham jurnalimiz boʻladi”, “Biz Turkiston togʻlari va keng choʻllarida birga yashaymiz”, “Men vatanda emasman, Vatan mening ichimda!”  dil soʻzlari, “Tayanch nuqtasi”, “Yurt qaygʻusi”, “Qodiriyning koʻzlari – Julqunboy haykali qarshisidagi oʻylar”, vatan va millat mavzusidagi turkum sheʼrlar eʼlon qilingan.

Jurnal sahifalarida ichki adovat, mayda manfaatlar, milliy nizolar el orasida totuvlikning yoʻqolib, parokanda holga kelishi, yurtning vayron boʻlishiga olib keladigan illatlar ekani “Alpomish” dostoni misolida keltirilgan. “Vatan” jurnalini oʻqing – jadid bobolarimizning “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan gʻoyasiga hamnafas boʻling!