Alifbo islohoti muhim masala. U qaysi makon, geografik hududda boʻlmasin, daxlidagi maʼlum jamiyatning har qaysi aʼzosi undan turli darajada foydalanadi. Shuningdek, avlodlar kelajagiga asosiy taʼsir oʻtkazuvchi muhim omillardan biri sanaladi. Demakki, u bilan bogʻliq har qanday jarayondan jamoatchilik ham, albatta, xabardor qilinishi, tegishli hujjat va asoslar bilan avvaldan tanishtirilishi va ular oʻz oʻrnida muhokamaga ham qoʻyilishi muhim.
Kuni kecha Senatga yuborilgan “Alifbo loyihasi” jamoat faollari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻrtasida turli bahs-munozaralar muvzusiga aylandi. Kimdir uni davlat byudjetidan ortiqcha sarf-xarajat, desa, boshqasi allaqachon amalga oshirilishi kerak edi, degan qarashni ilgari surdi.
Oʻz ona tilini hurmat qilgan har qaysi yurtodoshimiz bu islohotga munosabatini bildirishi tabiiy va shart. Oyina.uz shunday fikrlarni bir joyga yigʻdi.
Yana boshidan harflarni oʻrgatish va oʻrganish, tabiiyki, avlodlararo qayta uzilish qiladi
Menga hozirgi lotin alifobosi qulay koʻrinadi. Men unda yozaman va oʻqiyman – kanalim kuzatuvchilari biladi. Mendan katta avlod meni oʻqishga qiynaladi, bilaman. Lekin baribir lotin alifbosida yozib kelyapman.
Alifboni oʻzgartirish – nihoyatda katta tranzaksion xarajatlar deb oʻylayman. Endi yana bir avlod undan oldingi avlod bilan boshqa tilda yozishadi. Bu qimmat va qiyin narsa. Yaʼni alifbomiz qanday boʻlsa, shunday qolgani yaxshi. Oʻzgartirish uchun mantiqiy sabab topa olmayapman. Tillar bor, masalan, fransuz tili – 8 ta harf yozilib ikkitasi oʻqiladi, 200 yildan beri shunday foydalanishyapti. 5% lik iqtisod argumentiga qoʻshilish nihoyatda qiyin. Ayniqsa buni yutqazish xarajatlari – bir avlod yana savodsizlanishini hisobga olsak.
1993-yilda tugʻilganman. Hozirgi lotin alifboda savodim chiqqan. 30 yoshli avlod, men tengi va mendan kichik kamida 15 million odam oʻqigan alifboni bu kosmetik oʻzgarish uchun yana boshidan almashtirish fikriga qoʻshilmayman. Yoki men oʻzgarish afzalligini tushunmayapman, yoki oʻzgartirish tarafdorlari oʻzgarish bilan bogʻliq eng asosiy tranzaksion xarajat – millionlab odamlarni savodsizlashtirib qoʻyishini inobatga olishmayapti.
Yana boshidan harflarni oʻrgatish va oʻrganish, tabiiyki, avlodlararo qayta uzilish qiladi. Masalan, katta yoshdagilar hali ham eski lotincha alifboni bilishmaydi, o‘qiy olishmaydi. Kanalimni kirillchada yuritishimni koʻpchilik hali ham soʻrashadi. Davlat ishxonalarida ishlaydiganlar, ayniqsa. Menimcha, yoshi kattalar shuning uchun ham oʻzgarishga qarshi emaslar. Baribir hozir yozadiganimiz – ular ishlatadigan alifbo emas edi, keyingisi ham boʻlmaydi.
Menga boshqa narsasi alam qilyapti – universalizmi. Hozir Oʻzbek tilida xalqaro ingliz alifobosi asosiga olingan – yaʼni dunyo uchun universal – qwerty klaviaturasida yozib kelardim. Menimcha, koʻpchilikda shunday. Barcha elektron moslamalarda ingliz alifbosi bor. Kirillcha klaviaturada oʻzbekcha matn yozish qiyin edi, masalan g‘ ni toʻgʻri yozish imkonsiz, yoki o‘ ni (sezgan boʻlsangiz, yozishni kirillchada oʻrganganlar o‘ ni hali ham u deb yozadi, “bo‘ldi”ni “buldi” koʻrinishida).
Endi lotinchada ham barcha uskunalarda toʻgʻri yozish qiyinlashadi. Universal klaviatura emas, maxsusi kerak boʻladi.
Alifboni oʻzgarishi yaxshi narsa emas. Albatta, bu yana bir necha avlod savodsiz yozishiga zamin yaratadi. Menimcha, inglizcha va ruschada yozishga majbur boʻlib qolamiz.
Behzod HOSHIMOV,
iqtisodchi
Alifbo – millat taqdiri va xavfsizligi darajasidagi masala
Alifbo islohi boʻyicha qonun Parlamentda maʼqullanib, Senatga yuborilibdi.
Parlament yigʻilishlarining yopiq o‘tishi, “xalq uyi” deya ataluvchi dargohning shaffof emasligi va deputatlar faoliyatining ochiq yoritilmasligi – tizimli muammo, albatta. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo ba’zi istisno holatlar borki, unda qat’iyat muhimroq ro‘l o‘ynaydi. Shaxsan men alifbo islohoti atrofidagi tugamas bahslarga nuqta qo‘yilayotganidan xursandman. Alifbo – millat taqdiri va xavfsizligi darajasidagi masala. Agar bu mavzudagi muhokamalarni davom ettiraverganimizda, yana 35 yil berilsa ham bir to‘xtamga kelolmasdik. Ba’zida milliy manfaatlar uchun qat’iy siyosiy iroda kerak.
Ilyos SAFAROV,
jurnalist
Alifbo islohoti bilan yana “assalom, imlo xatolari” boʻladi
Toʻgʻri, muhim masalalarda siyosiy iroda boʻlgani foydali. Men juda hurmat qiladigan jurnalistimiz Ilyos Safarov alifboning shu tarzdagi islohi oʻziga ma’qul boʻlgani uchun ham bunga ijobiy munosabat bildiryapti, menimcha.
Men esa avvalboshidan qarshi edim. Chunki alifbodagi islohot insonning harflab emas, yaxlit soʻzni oʻqiy olishiga xizmat qiluvchi omillardan biri – soʻzdagi harflar sonini oʻzgartiradi. Bu degani butun oʻzbeklarda oʻqish kognitiv jarayoni ma’lum muddat sekinlashadi degani. Ha, toʻgʻri, oʻrganib ketamiz... Ammo unga vaqt kerak boʻladi. Alifbo islohoti bilan yana “assalom, imlo xatolari” boʻladi.
Umid qilamanki, shu bilan nuqta qoʻyamiz... Bir soha rivojlanishi uchun ma’lum vaqt barqarorlik kerak...
2023-yili e’lon qilgan postimni qayta joylayapman. Post ham emas, filologiya fanlari doktori Aziz Joʻrayevning kitoblaridan parcha. Kitob 2017-yil chiqqan. Postni 2023 da ulashganman. Oʻsha yili universitetda alifbo islohoti masalasida yigʻilish boʻlgan, oʻsha yerda ishlayotgan boʻlishimga qaramay, shunday yigʻilish boʻlganini uyga kelib kechqurun feysbukdan bilganman. Tushunishimcha, mening islohotga qarshiligimni bilishgani uchun universitetning ikkita til kafedrasidan bittasining mudiri boʻlishimga qaramay, meni yigʻilishga chaqirishmagan. Hozir ham bir narsa oʻzgarishiga ishonmayapman-u, lekin yetuk tilshunos olimning bu mavzu yuzasidan fikrini xalq bilishi kerak deb hisoblaganim uchun ulashyapman:
“Standart oʻzbek tilining (ogʻzaki va yozma lingvodidaktik namunaning) vujudga kelishi va shakllanishini oʻzbek tilining maorif tizimiga kiritilishi, maktabda fan sifatida oʻqitilishi bilan, ya’ni XX asrning boshi bilan, bogʻlashimiz mumkin (yana qiyoslang: “1930-yilgacha oʻrta maktablarda oʻzbek tilidagi ta’lim tajribaviy xarakterda edi” Архангельский, 1962, 348, сн. 1).
Deyarli bir asr davomida oʻzbek yozuvi va imlosini isloh qilish yoki almashtirish bilan bogʻliq tadbirlar (1922, 1929, 1934, 1940, 1956, 1993, 1995) yozma oʻzbek tilini surunkali beqarorlikka duchor etdi. Buning oqibatida madaniyatimizda matn tanazzuli hodisasi yuz berdi. Islohotlar oraligʻida yaratilgan lingvodidaktik matnlar orasida yozuv, imlo, talaffuz, punktuatsiya va uslub jihatidan ilgari shakllangan yoki shakllanayotgan uygʻunlik uzlyuksiz ravishda buzilib bordi (bu haqda qarang: Aziz B.Djurayev, 2001, 299-300; Aziz B. Djurayev, 2001, 20-29; Djurayev, 2006, 30–33).
Alifboning imlo bilan, imloning talaffuz (orfoepiya) bilan, oxirgi ikkalasining matn an’analari bilan, matn an’analarining ritorika bilan, ritorikaning esa uslublar bilan bogʻliqligi har islohotda murakkab oʻzgarishlar zanjirini keltirib chiqaraverdi.
Har safar lingvodidaktik namuna sindirilib, yangisini yaratish uchun vaqt, mehnat va pul sarf qilinaverdi. Har safar oʻzbeklar lisoniy ongiga oʻzgartirish kiritilib, ongning kodifikatsiyalangan normani his qilish, saralash va nazorat qilish qobiliyati qayta shakllantirilaverdi. Bu hol standart oʻzbek tilining (yozma va ogʻzaki lingvodidaktik namunaning) mavjudlik shakliga taʼsir etmay qolmadi. Uning hech bir davrda toʻlaqonli rivoj topa olmagani ham shundandir.
Oʻzbekcha lingvodidaktik namuna tarixidagi murakkabliklar faqat shu bilangina cheklanmaydi. Bu oʻrinda oʻzbek tili tarqalgan asosiy hududning (Oʻzbekistonning) kech markazlashishi, oʻzbek tilining lingvodidaktikaga kech kiritilishi, koʻp shevalilik, ruslashtirish siyosati, aholi etnik integratsiyasining zaifligi, urbanizatsiyaning rivoj topmagani, qashshoqlik, va, nihoyat, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar orasida funksional savodning pastligi tilning standartlashishiga jiddiy toʻgʻanoq boʻlganini eslatib oʻtish kerak.
Standart oʻzbek tili (lingvodidaktik namuna sifatida) XX asr davomida didaktik ratsionalizatsiyalashtirish va davlat miqyosida rasmiylashtirishga urinishning turli shakllarini boshidan kechirdi.
Joʻrayev A. Standart oʻzbek tili. Toshkent, 2017. 8-9.”
Iroda AZIMOVA,
tilshunos
Imi-jimida “oʻtkazib” yuborilishiga qarshiman
Lotin alifbosini takomillashtirishga qarshi emasman, qoʻllab-quvvatlayman ham. Ammo shunday muhim hujjatning imi-jimida “oʻtkazib” yuborilishiga qarshiman.
Shu loyihani jamoat muhokamasiga qoʻyib, alifboni har kuni ishlatadigan odamlar bilan maslahatlashib, keyin qabul qilsa qanday boʻlarkin?
Farhod FAYZULLAYEV,
jamoatchilik faoli
Alifbo jiddiy masala. Uni oʻzgartirish uchun hayot-mamot darajasidagi oqlov boʻlishi kerak
Yangi lotin alifbosi haqida bir ogʻiz. Bir necha yil oldin hazillashib, yoshlar uchun menda eng zoʻr biznes gʻoya va tavsiya bor, degandim – poligrafiya va bosmaxona biznesini. Oʻzbekistonda har 4-5 yilda yo pasport, yoki haydovchilik guvohnomasi, yo hamma ishlatadigan boshqa narsa oʻzgaradi va qayta chop etilishi kerak. Bu qonuniyat va xatosiz ishlaydigan kutilma degandim. Men hazillashmagan edim.
Bunisi hammasidan oshib tushdi – “Oʻzbek tilida yozilgan va mavjud boʻlgan barcha narsalar qayta chop etilar” ekan. Hamyoningizdagi soʻm va pasportdan boshlab, darsliklargacha va chet eldagi elchixonalar eshigidagi yozuvgacha.
P.S. Hammasini boshqattan chop etmaymiz, 5–10 yil eski lotin yozuvida yashab yuramiz degan argumentning oʻzi absurd. Demak, uch xil yozuvdagi Oʻzbekiston soʻzi bilan yashar ekanmiz. Battar savodsizlikni yaratadigan narsa. Oʻzgarsa, aksincha hamma narsani zudlik bilan qayta chop etish kerak. Aks holda, yanada battar sharoitda, uch xil yozuvda “vaqtincha” yashab yuramiz. 30 yil kirillda yozib yurgandek.
Parlamentda shu alifbo masalasida muhokama boʻlayotganda quyidagi savollar koʻtarilganmikan?
Mamlakatdagi barcha maktablarda hojatxona masalasi hal boʻldimi? Ichimlik suvi har bir maktab va xonadonda bormi? Yozda sovutish, qishda isinish va svet masalasi hal boʻldimi? Bolalar yoʻlda, maktab oldida mashinalar tomonidan qirilib ketayotgani, minglab odamlar avariyalarda oʻlib ketayotgani masalasi hal boʻldimi?
Parlament kun darijasida (tahr.: kun tartibida), menimcha, kundalik hayotdagi hayot-mamot masalalar roʻyxati cheksiz va yechilmagan muammolar juda koʻp boʻlib, ular uchun ajratiladigan diqqat va resurslar esa cheklangan edi.
Men tabiiyki tilshunos emasman, shuning uchun bu mavzudagi gaplarim umuman ahamiyatsiz boʻlishi mumkin. Shunga mening gaplarimni jiddiy olmaslik kerakdir. Lekin bir misol keltiray.
Bogʻcha soʻzidagi g‘ va ch harflarining shapkasi va dumi chap tarafga qaraganmi yoki oʻng tarafga degan muhokamada, menimcha, yana bir bor, menimcha, eng muhim joyi – bogʻchada bolalar xavfsiz ovqatlanyaptimi, ovqatdan zaharlanishmayaptimi, bogʻchaga xavfsiz kelib-ketishyaptimi, qishda sovuq emasmi, gigiyena shartlariga rioya qilinyaptimi, u yerda bolajonlar yaxshi ta’lim olishyaptimi, tazyiq boʻlmayaptimi kabi masalalar muhimroq boʻlsa kerak.
Bogʻchaning ichidagi mana shu masalalarni “Parlament” yozuvli futbolkani kiyib olgan odam hal qilib, ijrosini tekshirib chiqib ketayotganida, keyin eshik tepasidagi ğ ning shapkasini toʻgʻirlab, ç ning dumini yasab ketsa ayni muddao boʻladi, balki.
Balki men ham yaxshi tushuna olmayotgandirman – tilshunos yo bu mavzuda mutaxassis emasman. Shuning uchun fikrlarim katta ahamiyatga egamasdir, lekin shu til foydalanuvchisi sifatida bu masala menga ham taalluqli, ikki tiyinlik fikrimni bildiraman.