Globallashuv nur tezligi bilan borayotgan hozirgi sharoitda faqat milliy tilgina muayyan etnosning oʻzligini saqlab qolishi mumkin boʻlgan qoʻrgʻon sanaladi. Chunki yemak, kiymak, turmush kechirmak singari jabhalardagi oʻziga xoslik tobora yoʻqolib, ommaviy universallashuv qaror topayotgan sharoitda muayyan millat ruhiyatiga xos qirralar faqat tildagina saqlanib qoladi. Shuning uchun ham tilning tozaligi, boyligi va aniqligi uning yashovchanligini taʼminlaydigan vositagina boʻlib qolmay, millatning oʻzligini kafolatlaydigan omil ham hisoblanadi. Ushbu holat milliy tilning alifbosi mukammal,  grammatikasi puxta, ishlatishga qulay boʻlishini taqozo etadi.

Oʻzbekning obroʻli jurnali “Tafakkur”da davlat tili toʻgʻrisidagi qonunning bajarilishiga doir muammolar koʻtarilgani juda xayrli ish boʻldi. Negaki, bugun ota tilimizning ahvoli tashvishlanarli darajaga tushib qolgan. Ammo koʻngilda umid soʻnmaydi. Davlat tilining holati tubdan yaxshilanishiga ishonamiz. Tahririyatning “...shoyad oʻzbek tili yuksak qadr topsa, muntazam alifbomizga ega boʻlsak, imloda ham yakdillikka erishsak”, degan orzusi bizni qalam tutishga undadi. Lekin bizni bezovta qilgan masala baʼzan jurnal tahririyati tomonidan qoʻyilgan savollar doirasidan chiqib ketishi mumkinki, buning uchun oʻqirmanlardan kechirim soʻraymiz.

Tahririyatning “Davlat tili haqida”gi qonun qanday bajarilyapti?” degan savoliga ijobiy javob berish mushkul. Bizningcha, qonunning yaxshi bajarilmayotganiga bir qator obektiv va subyektiv sabablar bor.

Birinchidan, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunimiz oʻzi yetarlicha puxta ishlanmagan boʻlib, unda tavsiyaviylik ustuvor. Aksar moddalar tavsiya xarakterida boʻlib, majburiylik koʻzda tutilmagan. Qonun esa, birinchi navbatda, majburiyat yuklashi kerak.

Ikkinchidan, mazkur qonunda ijro mexanizmi koʻzda tutilmagan. Zero, u oʻzbek tilining ikkinchi darajali boʻlishiga koʻnikkan mualliflar tomonidan tayyorlangan va ularning nazarida, tilimizning davlat tili ekanini yuridik jihatdan qayd etishning oʻzigina yetarli boʻlgan.

Uchinchidan, keyingi yillarda ingliz tilini oʻrganishga eʼtibor kuchayib, keng imkoniyatlar yaratildi, davlat tili esa nazardan chetda qoldi. Bu hol koʻpchilikda yashash uchun oʻzga tilni bilish muhim degan fikr uygʻotdi.

Toʻrtinchidan, taassufki, xalqimizda hanuz milliy gʻurur yetarlicha shakllanmadi. Millatdoshlarimiz koʻpchiligi oʻziga, binobarin, tiliga ham ikkinchi darajali deb qarash illatidan qutula olgani yoʻq. Oʻtgan yillar orasida ayrimlarda gastarbayterlik kayfiyati paydo boʻldi. Tirikchilik oʻtkazish uchun chetga chiqish, buning uchun esa rus tilini bilish shart degan toʻxtam qaror topdi. Shu bois oʻrta maktablarda rus sinflari tobora koʻpayib bormoqda.

Beshinchidan, jamiyatning boshqaruv qatlamida va millat oydinlari orasida chet tillarga mahliyolik kuzatiladi. Mutaxassisni ishga olish, lavozimga tayinlashda chet tilini bilishi asosiy koʻrsatkichga aylandi. Hatto, ona tili va adabiyotini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan Oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga olimlarni ishga olishda ham ularning qanday mutaxassis ekani emas, balki biron bir chet tilini bilishi yetakchi koʻrsatkich sanaldi. Shuningdek, koʻpgina shaxslar davlat tilini bilmagani holda yuqori lavozimlarda ishlamoqda.

Oltinchidan, ish odamlarimiz bozor iqtisodiyoti qoidalarini yaxshi bilmagani uchun reklamaga olarmanni chorlaydigan vosita deb emas, balki anchayin bir yaltiroq va jimjimador bezak sifatida qarayotir. Shu bois oʻzbek ishbilarmonlari reklamaning mijozni chorlashga xizmat qilishiga emas, boshqalarnikiga oʻxshamagan tarzda tushunarsiz va ohanjamaliroq boʻlishiga diqqat qiladilar.

Bizningcha, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunning bajarilishiga erishish uchun bu masala Oliy Majlis yalpi yigʻinlarining kun tartibiga qoʻyilib, maxsus rasmiy hujjat qabul qilinishi kerak. Unda mazkur qonunning eng quyidan to eng yuqorigacha boʻlgan barcha idoralarda soʻzsiz bajarilish mexanizmi belgilab qoʻyilishi zarur. Ushbu hujjatda qonunni bajarmagan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan koʻrilishi mumkin boʻlgan huquqiy, maʼmuriy, iqtisodiy jazo choralari aniq koʻrsatilishi, bu ishga javobgar shaxslar sifatida tuman, shahar va viloyat miqyosidagi birinchi rahbarlar belgilanishi lozim. Shuningdek, tumanlar va viloyatlar boʻyicha “Davlat tili haqida”gi qonun bajarilishini taʼminlaydigan alohida ijtimoiy-maʼmuriy tuzilma shakllantirilishi zarur. Qonunni bajarishga oid hujjatda barcha davlat va xususiy tashkilotlarda ish yuritish oʻzbek tilida olib borilishi majburiyligi belgilab qoʻyilishi lozim. Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun va uning ijrosi boʻyicha tayyorlangan hujjatning bajarilishi parlament nazoratiga olinishi va qilinayotgan ishlar yuzasidan matbuot orqali jamiyat ahliga muntazam hisobot berib turilishi kerak.

Achinarlisi shundaki, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunning koʻngildagidek bajarilmayotgani muammosi ustiga keyingi vaqtda alifbo masalasi ham qoʻshildi. Tilga doir bir qonunning bajarilmayotgani baʼzilarda boshqasining ham bajarilishi shart emasdir deganga oʻxshash kayfiyat uygʻotdi, chamasi. Shunga boʻlsa kerak, yangi alifboga oʻtish toʻgʻrisidagi qonun qabul etilganidan salkam chorak asr oʻtib, ayrimlar oʻzimiz oʻrganib qolgan kirill yozuviga qaytib qoʻyaqolsak boʻlmaydimi, deb ochiq gapira boshladi.

Lotin yozuviga asoslangan alifboning oʻzbek tiliga mos kelish-kelmasligi borasida shuni aytish mumkinki, ochundagi birorta ham yozuv biron bir tilning tabiatiga toʻliq mos kelmaydi. Negaki, tilchilarga oʻxshab chiyratma qilib aytsak, audial mahsulni toʻliq holda vizual ifodalab boʻlmaydi. Oʻzbek tili uchun maxsus alifbo ixtiro qilingan taqdirda ham barcha tovush tovlanishlarini harflar orqali ifodalashning iloji yoʻq.

Alifbo – osmondan tushirilgan ilohiy hodisa emas, bashar aqlining mahsuli. Har qanday yozuv – odam oʻylab topgan sunʼiy tizim. Binobarin, hech bir alifbo mukammal boʻlmaydi. Chunki tovushni barcha nozikliklari bilan yozuvda ifodalash imkonsiz yumush. Gap – yozuvni muayyan til tabiatiga mumkin qadar moslashtira bilishda. “Tafakkur”dagi suhbatda ayrim oydinlarning lotin yozuvi oʻzbek tili tabiatiga muvofiq emas, bundan koʻra kirill yozuvi tilimiz tabiatiga yaqinroq degan fikrlariga qoʻshilib boʻlmaydi. Agar yangi imlo tilimiz tabiatiga mos kelmayotgan boʻlsa – moslashtiraylik. Axir, uni mos kelmaydigan kepatada yaratganlar oʻzimizga oʻxshagan odamlar-ku!

Lotin yozuviga asoslangan alifboga oʻtish haqida gapirganda, birinchi navbatda, yozuvni oʻzgartirishning asl sababi nima ekaniga teranroq qarash kerak. Kirilldan lotinga oʻtish barcha turkiy xalqlarni birlashtirish, ularni bir-birini tarjimonsiz oʻqiydigan va tushunadigan kuchli etnos sifatida uyushtirish niyatida qilingan edi. Bu niyatga yetishmoq uchun hali uzoq yillar kerak shekilli. Negaki, yangi yozuvni qabul qilish bir mamlakatdaki shuncha muammo tugʻdirar ekan, koʻp sonli turkiy xalqlar yozuvini uygʻunlashtirish uchun yana koʻp jon koyitish zarur boʻladi. Shu sabab lotin yozuviga tayanilgan yangi alifboga kimgadir qulay-noqulayligiga qarab emas, balki u oʻzining birlashtiruvchilikdek missiyasini bajara oladigan yoʻsinda oʻtilishi kerak.

Hozirgi holida esa yangi alifbo oʻzbeklarni boshqa turkiy xalqlardan uzoqlashtirishgagina xizmat qiladi. Chunki unda oʻzbek tilining tabiati jilla hisobga olinmagan. Yana taʼkidlagim keladi, yangi oʻzbek yozuvi qandaydir texnik qulayliklarga intilish tufayligina emas, turk dunyosi birligiga erishishdek orzu sabab ham paydo boʻldi. Negaki, globallashuv sharoitida oʻzligimizni bir yozuv va bir tilli turkiy xalqlar sifatidagina saqlab qolishimiz mumkin. Aks holda bora-bora buyuk millatlar tomonidan “soʻrilib ketishimiz” hech gap emas.

Nihoyat, biz shunga ham koʻnikishimiz kerakki, biron bir nohaq qarash biz yoqlaganimiz uchungina haqiqat boʻlib qolmaydi. Shunga koʻra, umuman, yangi zamondagi oʻzbek alifbolarini, xususan, lotin yozuviga asoslangan alifboni ishlab chiqishda yoʻl qoʻyilgan xatolar ildiziga chuqurroq nazar tashlash va tegishli xulosa chiqarib olish lozim. Negadir biz, oʻzbeklar xuddi “Alpomish” dostonidagi Boysari singari oʻz yaqinlarimizdan nariroq turish, oʻzgacharoq koʻrinishni yoqtiramiz. Hech qachon qonimiz qoʻshilmaydigan qavmlardan esa umumiylikmi, oʻrtoqlikmi topishga intilamiz. Shu odatimiz sabab, garchi barcha turkiy xalqlar tiliga singarmonizm xosligini koʻra-bila turib, qariyb bir asr oʻzbek tilida tovush uygʻunlashuvi hodisasi yoʻq deb keldik. Deyarli hamma qardoshlar alifbosida toʻqqiz unli tovush boʻlgani holda, yolgʻiz oʻzbek alifbosida unlilar oltita ekani koʻrsatildi. Shu tariqa tilimiz goʻyo rus tiliga yaqin ekani taʼkidlandi. Qolaversa, barcha turkiy xalqlarda “olma” soʻzidagi birinchi tovushning belgisi sifatida qabul qilingan “a” harfiga faqat bizgina “anor” soʻzining birinchi tovushi tarzida qaraymiz. Bu borada ham turkiy xalqlardan koʻra ruslarga yaqinligimizni koʻrsatmoqchi boʻlganmiz.

Barcha turkiylar “oʻtin” soʻzining ilk tovushi sifatida qabul qilgan “o” harfini yolgʻizgina biz, oʻzbeklar “ona” soʻzidagi birinchi tovushni ifodalashga xizmat qildirganmiz. Agar boshqa turkiy xalqlar singari bizda ham “o” harfi “o‘” tovushini ifodalaganda edi, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov aytgan “elektr toki”dagi “tok” bilan “tok zangi”dagi “tok” omonim boʻlib, ortiqcha muammo tugʻdirmasdi. Shu qabildagi “originalligimiz” bilan, oʻz nazdimizda, lotin yozuvini qabul qilgan turk, ozar va turkman qardoshlarga oʻxshamaslikka intildik. Oqibatda, lotin yozuviga oʻtishdan asosiy muddao boʻlmish umumturkiy yaqinlashuv maqsadi nazardan qochirilib, kirillga qaytganimiz tuzuk deydigan ahvolga kelib qolindi.

Aslida, lotin yozuviga asoslangan alifboga oʻtish borasidagi qiyinchiliklarning aksari sunʼiy. Holbuki, bu kechimni hech bir ogʻriqsiz oʻtkazish mumkin. Buning uchun lotin yozuviga salkam bir asr avval oʻtgan turk alifbosini asos qilib olib, unda boʻlmagan tiloldi, qisqa “ə”, portlovchi “q” hamda doim “ng” qoʻshharfi bilan ifodalangani uchun alohida tovush sifatida tobora yoʻqolib borayotgan sonorni “ŋ” shaklida yozishning oʻzi yetarli boʻlardi. Unga mustaqil tovush biriktirilmagani uchun yurtdoshlarimiz orasida “oʻn min soʻm oldim”, “koʻchaning oʻn tomoniga oʻt” yoʻsinida soʻzlaydigan qatlam shakllandi. Hozirda uch tovushli “tong”, “bong”, “dong”, “mung”, “soʻng” kabi soʻzlar toʻrt harf bilan, besh tovushli “singil”, “koʻngil” soʻzlari olti harf bilan yoziladi. Ayniqsa, bu soʻzlarni boʻgʻinga ajratish oʻquvchilarga bir dunyo tashvish tugʻdiradi.

Oʻylaymanki, zamonaviy oʻzbek tiliga ayirish belgisi va uning lotinga asoslangan yozuvdagi merosxoʻri – tutuq mutlaqo kerak emas. Oʻzbek hech qachon “masʼul”, “aʼlochi” demaydi, “masul”, “alochi” deb qoʻyaqoladi. Bu belgi tilimizga arabchadan kirib kelgan soʻzlardagina uchraydi. Oʻtgan asrning 20-yillarida bobolarimiz arab tili taʼsirida boʻlganlaridan shu belgilar oʻzbek yozuviga ham kiritilgan edi. Chunki oʻsha vaqtlar bu savodlilik belgisi sanalardi. U davrda ommaning yoppasiga savodxon boʻlishi koʻzda tutilmagan, yozuv faqat xoslarga tegishli yaratiq edi. Hamma savodxonlikka intilayotgan hozirgi sharoitda esa, qoidaga keraksiz modda kiritib, xalqning savodliligini pasaytirishning kimga keragi bor?! Axir, bu belgi na turk, na qozoq, na qirgʻiz va na ozar alifbosida boʻlmasa-da, ular hech qiynalayotgani yoʻq-ku! Shuningdek, lotin yozuvimizda “x” va “h” harflari bilan ifodalangan tovushlar borasida ham turk qardoshlarimiz tutgan yoʻldan borsak toʻgʻri boʻladi. Modomiki, bu tovushlarni farqlashning ilmiy asoslari yoʻq ekan, ularni turklar kabi bir harf bilan berib qoʻyaqolish kerak.

Jurnalning “Jamiyatimizda til qashshoqlashib va dagʻallashib boryapti, shuningdek, savodxonlik pasayib, imloviy anarxizm avj olyapti, degan daʼvolarga qanday qaraysiz? Bu borada xavotirga chindan-da asos boʻlsa, sizningcha, mazkur vaziyatdan chiqishning qanday choralari bor?” tarzidagi savoli ham yurakni oʻrtaydi. Chindan ham, oʻzbek soʻzlashuv tili gʻoyat qashshoqlashib, dagʻallashib borayotir. Bu hol bizning madaniy millat degan nomimizga hech yarashadimi?! Millat ahli orasida soʻzni tanlamay ishlatish odati keng yoyildi. Tilga eʼtiborsizlik hatto oddiy holga aylandi, deyish mumkin. Chunki jamiyatda intellektual-estetik saviya pasaygani kuzatilmoqda. Kitobxonlikka davlat miqyosida eʼtibor qaratilayotganiga ham sabab aslida shu! Millatning kattadan kichigi qadar oʻz asl soʻzlarimiz qolib, yot soʻzlarni pala-partish qoʻllash kasaliga yoʻliqqan. Negadir, “tushlik”, “bekat”, “chiqit”, “koʻprik” singari oʻzbek soʻzlari oʻrniga “abed”, “astanovka”, “musor”, “most” soʻzlarini ishlatish yalpi tus oldi. Hatto adabiy asarlarda ham “butilka”, “topchan”, “vodka” kabi soʻzlar bemalol qoʻllanayotir. Yomoni, bu kechim toʻxtagani ham, pasaygani ham yoʻq.

Imlo qoidalariga amal qilishda oʻzboshimchalik hukmronligi ham haqiqat. Va buning obyektiv sabablari bor. Asli, imlo qoidalarini tubdan isloh qilish va uni imkon qadar soʻzlashuv tiliga yaqinlashtirish – muayyan grammatik bilimlarni egallamay turib ham xatosiz yozish mumkin boʻlgan holatga keltirish joiz. Tilimizning imlo qoidalari, hozirgi holida, buzmaslikning iloji boʻlmagan qonunlar kabidir. Chunki ular oʻzbek tilining tabiatiga emas, shu qoidalarni yaratgan olimlarning istagiga moslashtirilgan.

Imlo qoidalari oʻzbek tiliga emas, oʻzbek tili imlo qoidalariga boʻysundirilayotgani milliy til taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Odatda, tilning imlo qoidalarini tayin etishda koʻproq fonetik tamoyillarga amal qilinadi. Negaki, til nutqda, soʻzlashuvda voqelikka aylanib, moddiylashadi. Tilning stixiyasi nutqda namoyon boʻladi. Hazrat Navoiy bekorga “Koʻngul holati soʻz degach bilgurur”, demaganlar. Agar soʻzlarning aytilishi bilan yozilishidagi ayrichalik eng oz darajaga keltirilsa, millatning savodxonligi tez yuksaladi.

Bizda meʼyoriy talablar nutqqa xos belgilarni emas, qoida mualliflarining istaklarini aks ettirgani uchun oʻzbek tili tabiatiga yotdir. Shulardan biriga koʻra, “q”, “g‘” tovushi bilan tugaydigan soʻzlarga joʻnalish kelishigi qoʻshimchasi “-ga” qoʻshilganda, soʻzning oʻzak yo negizida ham, qoʻshimchada ham tovush oʻzgarishi yuz bermay – oʻrtoqga, oʻroqga, bog‘ga, tog‘ga, quloqga, terakga, mantiqga va hokazo tarzda aytilishi va yozilishi kerak emish. Shu tovushlar bilan tugaydigan soʻzlarga “-i” egalik qoʻshimchasi qoʻshilganda tovush oʻzgarishi yuz bermasligiga doir qoida ham tilimiz tabiatiga mutlaqo yotdir. Bunga koʻra, endilikda oʻzbekchani buzib gapiradigan chet elliklar kabi “akamning taroqi”, “ustaning qayroqi”, “qoidaning mantiqi” tarzida soʻzlashish qoidaga aylanadi.

Yangi imlo qoidalarida nuqsonlar koʻpligi haqida aytdik. Ammo qoidalardagi shu nuqsonlar kamlik qilganday, amaliyotdagi “nou-xau”lar ahvolni yanada ogʻirlashtiryapti. Chunonchi, asrlar davomida bobolar qoʻllab kelgan “Beshogʻoch” soʻzi keyingi vaqtda – ogʻzaki soʻzlashuvda-ku mayli, hatto matbuotda ham “Beshyogʻoch” tarzida “toʻgʻri”lab yozilayotir. “Ogʻoch” forscha “daraxt” soʻzining oʻzbekchasi ekani, u qirqilgandan keyingina “yogʻoch”ga aylanishi bilan hech kimning ishi yoʻq. Minglab yillik madaniyatga ega xalqimiz biror joyni qanchadir miqdordagi yogʻoch bilan moʻljal qilmaydi. U joyni yogʻochning nomi bilan atashi-ku aslo mumkin emas. Chunki beshta yogʻoch hech qachon koʻchada turmaydi. “Ogʻoch” esa boshqa gap. Gurkirab oʻsayotgan besh ogʻoch oʻsha joy uchun avval moʻljal boʻlishi, keyin esa nomga aylanishi mumkin. “Sariogʻoch”, “Qoʻshogʻoch” toponimlari ham shundan dalolat beradi. Fitrat “Sharq” sheʼrida “Ogʻochlari yashil kiyimlar kiygan / Terilishar topingʻani Tangriga”, deb yozadi. Maʼlumki, “yogʻoch” yashil kiyim kiya olmaydi, buni u hali yogʻoch boʻlmay, “ogʻoch” ekanida kiyadi.

Bilgichlar tilda assotsiativlik xususiyati borligini aytishadi. Yaʼni soʻz, garchi lingvistik belgi sanalsa-da, sunʼiy hosil qilingan belgi boʻlmay, unda aloqadorlik, davomiylik, ichki bogʻliqlik boʻladi. Chunonchi, “koʻk” soʻzi assotsiativ ravishda koʻpchilikda “koʻklik”, “koʻklam”, “koʻkalam”, “koʻkalamzor”, “koʻkat” soʻzlarini yodga soladi. Yoki “ye” soʻzi aytilsa, tabiiy ravishda “yem”, “yemak”, “yemish”, “yemakjoy”, “yemtik” soʻzlari esga tushadi. Begona tildan olingan soʻz bunday imkoniyatga ega emas. Chunonchi, “koʻklam” soʻziga maʼnodosh forscha “bahor” tasavvurga shu oʻzakdan kelib chiqadigan boshqa hech bir soʻzni keltirmaydi. “Yemak” soʻzining arabcha muqobili “taom” soʻzi haqida ham xuddi shu gapni aytish mumkin.

Nimagadir biz oddiygina narsa-hodisalarni ham boshqa tillarga mansub soʻzlar bilan ifodalashga oʻchmiz. Shuning uchundirki, turkiy xalqlar orasida faqat biz oʻzbeklardagina tomonlar “Sharq”, “Gʻarb”, “Shimol”, “Janub” tarzida arabcha qoʻllanadi. Qardosh turkiylarning koʻpchiligida bular “Chiqish”, “Botish”, “Kunyurish”, “Terskay” tarzida ishlatiladi va ular taraflarni adashtirib ham qoʻyishmaydi. Albatta, bu hol bir zamonlar bobolarimizning boshqa turkiylarga qaraganda ilmiy til boʻlmish arabchaga, saroy tili sanalmish forschaga yaqinroq boʻlgani, xalqning joʻn, jaydari soʻzlashuv tilidan balandroq turganini bildirgan. Lekin hozirga kelib bu hol fazilatdan kamchilikka aylandi. Biz esa hamon oʻsha baland havo bilan yuribmiz. Natijada, yuzlab oʻz soʻzlarimiz oʻrniga arabiy, forsiy soʻzlarni qoʻllaymiz. Masalan, “sohib”, “molik”, “kaft”, “lunj”, “davo”, “hamshira”, “tavallud ayyomi”, “tashrif buyurdi” va hokazo. Holbuki, ularning “ega”, “olaqon”, “urt”, “et”, “em”, “embeka”, “tugʻilgan kuni”, “keldi” singari sof turkona muqobillari borki, ularni ham ishlatib turishimiz lozim.

Bizda begona tildan kirgan soʻzki bor, toʻgʻri-notoʻgʻriligiga qaramay, qoʻllayverishga ruju qoʻyilgan. Chunonchi, bolalar dam oladigan joy “oromgoh” deyiladi. Holbuki, forscha bu soʻz faqat “goʻriston” maʼnosida ishlatiladi. “Uslub”, “uslubchi” soʻzlarining qoʻllanishida ham shu holni koʻrish mumkin. Maʼlumki, “uslub” soʻzi biror shaxs tutumining oʻziga xosligini taʼminlovchi unsurlar jamini anglatadi. Bizning rasmiy va ilmiy adabiyotlarimizda esa bu soʻz “metod”, “usul” soʻzlarining muqobili sifatida qoʻllanadi va shundan kelib chiqib “metodist” soʻzi “uslubchi” deb “oʻzbekcha”lashtiriladi.

Yangi imlo qoidalarida chetdan kirgan “...olinma soʻzlar qanday aytilishidan qatʼi nazar aslidagiday yozilishi kerak”ligi belgilab qoʻyilgan. Qizigʻi shundaki, dunyoda oʻzimizdan boshqa biror millat vakili “Toshkent” yoki “Oʻzbekiston” soʻzlarini biz kabi aytmaydi va yozmaydi. Shunday bagʻrimizdagi qoraqalpoqlar ham ularni “Tashkent”, “Oʻzbekstan”, baʼzan hatto, “Voʻzbekstan” tarzida aytadi va yozadi. Har bir xalq soʻzlarni oʻziga moslab aytadi va... toʻgʻri ham qiladi. Biz-chi? Necha oʻn yillar davomida “Ashxabod”, “Olmaota” shaklida yozilib kelgan shahar nomlarini endi negadir “Ashgabad”, “Almati” tarzida yoza boshladik. Chunki imlo qoidasi shuni talab qiladi. Nima uchun oʻzlashma soʻz aslidagiday yozilishi kerak? Aslidagiday yozilsa, uning oʻzlashganligi qayerda qoldi? Uncha-muncha mutaxassisning ham tishi oʻtavermaydigan xitoy, hind, yapon, koreys, arman grafikasida bitilgan soʻzlarning aslida qanday yozilganini qanday bilamiz-u qanday yozamiz?!

Shuningdek, ayrim oydinlarning “ts” tovushini qanday ifodalash haqida qaygʻurayotgani ham uncha tushunarli emas. Bizda hech qachon bu tovush boʻlmagan, boʻlmaydi ham. Nega joʻngina “s” deyaverish oʻrniga, tilimizni burab, “s”ni aytishning tashvishini qilishimiz kerak? Nutq organlarimiz paydo qilolmaydigan tovushni ifodalovchi harfdan voz kechib qoʻyaqolsak boʻlmaydimi? Imlo qoidalari imkon qadar til tabiatiga yaqin va odamlar kamroq xato qiladigan yoʻsinda boʻlishi kerak emasmi?!

Bizda qoʻshma soʻzlarni toʻgʻri yozish uchun naqd ilmiy darajaga ega tilshunos boʻlish kerak. Shundayam qaysi bir imlo qoidasiga tayanish zarurligini bilsa! Nega bunday? Nega “Yangiyoʻl”, “Yangiyer”, “Qorasuv”, “Qoraqamish” soʻzlari qoʻshib yozilgani holda “Qizil Yulduz”, “Oq tog‘”, “Qora tog‘”, “Ulug‘ tog‘”, “Oʻrta Chirchiq”, “Quyi Chirchiq”, “oq qand”, “temir yoʻl”, “tosh yoʻl” soʻzlari alohida yozilishi kerak? Har qanday qoʻshma soʻz bitta soʻz hisoblanib, bir urgʻu bilan aytilar ekan, uning qaysi soʻz turkumidan yasalganiga qaramay, bir soʻz sifatida, yaʼni qoʻshib yozilsa, osmon uzilib yerga tushadimi?! Nega endi odam yozayotgan har bir soʻzi qaysi turkumga mansubligi xususida bosh qotirishi kerak? Yoki imlo xatolar kam boʻlib qolishidan qoʻrqamizmi? Nima uchun imlo qoidalari odamlarga emas, odamlar imlo qoidalariga moslashtirilishi kerak?

Imlo qoidalari va adabiy til meʼyorlarini bir qadar erkinlashtirish, milliy tilni qolipga solish emas, uni tabiiy rivojlantirish yoʻlini izlash kerak. Shunda adabiy tilimiz sunʼiylikdan qutuladi va soʻzlashuv tiliga yaqinlashadi. Yana bir mulohaza. Adabiy til meʼyorlarini bir qadar liberallashtirib, soʻz birikmalari va qoʻshma soʻzlarni ogʻzaki nutqqa muvofiq yozishni qoidalashtirish toʻgʻriroqmikan?

Tilimizda ilmiy atamalar yetarlicha ishlanmaganiga oʻzbek tili emas, oʻzbek olimlari, ulardagi jurʼatsizlik aybdor. Bizning til borasidagi andishamiz qoʻrqoqlik darajasiga yetgan. Turmushimizga kirib kelgan narsa-hodisalarni oʻzimizcha nomlashga botinmaymiz. Bu narsa-hodisalarni mohiyatdan kelib chiqib, oʻzbekcha atash oʻrniga tarjima qilishga urinamiz. Tabiiyki, bir tildagi biror tushunchani oʻzga tilga aynan oʻgirish koʻp hollarda ilojsiz. Demak, chetdan kelgan narsa-hodisani oʻzbekcha nomlash mumkin va kerak. Tarjima qilish emas, oʻzbekcha nomlash kerak. Axir, ruslar “paxta”ni “хлопок”, “gʻoʻza”ni “xлопчатник” tarzida nomlab oldilar-ku!

Bizda koʻr-koʻrona qilingan tarjimaga ham xuddi sanamdek qarab, sigʻinadigan amaldorlar koʻp. Oliy attestatsiya komissiyasi boʻlajak fan doktorlaridan dissertatsiya va avtoreferatlaridagi muhim bir bandni “Himoyaga olib chiqiladigan asosiy holatlar” tarzida yozishni talab qiladi. OAK xodimlari “holatlar”ni himoyaga olib chiqib boʻlmasligi, bu soʻz shu oʻrinda ruscha “положение” soʻzining maʼnosini ifodalay olmasligini, “holatlar” oʻrniga “gʻoyalar”, “toʻxtamlar” yoki “qarashlar” deyish maqsadga muvofiq ekanini oʻylab koʻrgilari kelmaydi. “Gʻoyalar”, “toʻxtamlar”, “qarashlar” tarzida yozib borilgan ishlar ustidan qalam tortilib, “toʻgʻrilanadi”. Holbuki, ruscha soʻzga yopishib olmay, unga sal ijodiy yondashilsa, masalaga yechim topiladi. Hayotimizda har kuni paydo boʻlayotgan yangiliklarga nom berishda ham yon-atrofimizdagi qardoshlar tajribasini oʻrganish muhim. Nima uchundir lingvistikamizda oʻzbek adabiyotshunosligi, tilshunosligi, tibbiyoti, matematikasi, texnikasi va boshqa sohalardagi bir xil narsa-hodisalar qanday atalishi qiyosiy oʻrganilmaydi. Holbuki, shuni oʻrganish ham narsa-hodisalarning toʻgʻri nomlanishiga, ham qardosh xalqlarning yaqinlashuviga xizmat qilgan boʻlar edi. Buning oʻrniga koʻpchilik tilshunoslarimiz “Gipotaktik qurilmalarning kognitiv-pragmatik xususiyatlari” qabilidagi “olamshumul” izlanishlar bilan ovora!

Atama yasashdagi haddan tashqari ehtiyotkorlik ham tilimiz boyishi yoʻlidagi toʻsiqdir. Chunonchi, ruslar taxtani “доска” deydi. Oʻqish kechimida foydalaniladigan oʻquv qurolini ham shunday atayveradi. Biz qurilishda ishlatiladigan ashyoni “taxta” deganimiz holda oʻquv quroli boʻlmish taxtani negadir ruschalab “doska” deymiz. Bizda ming yillar oldinoq oʻquv quroli hisoblanmish “taxta” va “taxtaxonlik” deb atalmish oʻquv bosqichi boʻlganini oʻylab ham koʻrmaymiz. Bu yerda tilimizni kamsitishdan boʻlak biror mantiq bormi?!

Keyingi yarim asrda shiddat bilan kechayotgan globallashuv sabab jugʻrofiy chegaralar omonatlashib, axborot olish umumiy boʻlgani sari bashariyat ham universallashib, global dunyo bir tilga intilib borayotir. Ana shunday sharoitda oʻz qiyofasini saqlab qolmoqchi boʻlgan etnos milliy tili toʻgʻrisida jiddiy qaygʻurishi kerak. Ota tilimiz shu vaqtgacha bizning milliy qiyofamizni saqlab keldi. Endi uni zamonlar sinovidan eson-omon olib oʻtish bizning ilmiy, madaniy va insoniy saviyamizga bogʻliq.

Qozoqboy YOʻLDOSH

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 1-son.

“Oʻzlik qoʻrgʻoni” maqolasi