Muqaddima
Yevropa ilm-fanida maʼnaviyatga yaxlit tizim sifatida qaralmay, u tegishli fanlar – falsafa, dinshunoslik, etika, estetika va madaniyatshunoslik tomonidan alohida, boʻlib oʻrganiladi. Maʼnaviyatga faqat Oʻzbekistonda yaxlit ijtimoiy hodisa, bus-butun tizim sifatida yondashiladi. Mamlakatimizda bugun maʼnaviyat taʼlimning barcha boʻgʻinlarida oʻqitilmoqda. Universitetlar, pedagogika institutlarida esa milliy gʻoya, maʼnaviyat asoslari va huquq taʼlimi boʻyicha bakalavr, magistrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.
Har qanday yangi fan birdaniga mukammal holda paydo boʻlmaydi. U maʼlum tadrijiy bosqichlar, nazariy qarashlar va tasavvurlarning sinovdan oʻtishi – aprobatsiya davrini talab qiladi. Mustaqillik yillari “maʼnaviyat” tushunchasi, jamiyat hayotining u bilan bogʻliq qirralari, aloqadorlik va qonuniyatlarini tadqiq etishda talay ishlar qilindi. Bugun maʼnaviyat haqidagi tasavvurlarimiz oʻtgan asr 90-yillari boshiga nisbatan xiyla teran. Maʼnaviyatga bagʻishlangan ilk monografiyada (1996) u inson bolasi toʻliq tushunishga ojiz Haq sir-asrori sifatida mavhum va yuzaki talqin qilingan. Baʼzi tadqiqotchilar uni oʻta tor qamrovda – faqat tasavvufiy talqin qilishga urindi. Mutasavviflar taqvo va iymonda, axloq va nafosatda sufiyona gʻoyaga asoslangan qarashlargina asl maʼnaviyatga aloqador, deb hisoblaydi. Ular nazarida, hatto zohidlik ham sufiylikka asoslanmasa, tamaning bir koʻrinishidir.
Mustaqillik yillari, tabiiyki, maʼnaviyatga turli ilmiy yondashuvlar paydo boʻldi. Bu boradagi davlat siyosati va birinchi prezident Islom Karimov asarlari tufayli maʼnaviyat, asosan, dunyoviy-ilmiy yoʻnalishda tadqiq etildi, oʻrganildi. Oʻz navbatida, dinning maʼnaviy hayotda tutgan oʻrni va ahamiyati inkor etilmadi. Toʻgʻri, tolerantlik ayrim tadqiqotchilarning ilmiylik va diniylikni qorishtirishiga, eklektik qarash va usullar jonlanishiga yoʻl ochdi. Nachora, haqiqat yoʻli qachon silliq boʻlgan?!
Har bir fanning ilmiy apparati – kategoriyalari, asosiy va xususiy tushunchalari, qonunlari boʻladi. Ular muayyan fanning butun rivojlanish tarixi davomida teranlashib boradi. Maʼnaviyatni oʻrganuvchi fanlar hali yosh, shakllanishi davom etayotgani bois ularning ilmiy apparati, metodologiyasi masalalari oʻta dolzarbdir. Bu borada qilinishi lozim boʻlgan ishlar koʻp.
Maʼnaviyatni yuksaltirish uning asosiy kategoriya, tushuncha va rivojlanish qonunlarini aniq belgilab olib, tadqiqotlarni yanada teranlashtirishni talab etadi. Shu sabab biz maʼnaviyatning rivojlanish qonunlari haqidagi fikrlarimizni jurnalxonlar bilan oʻrtoqlashishni lozim topdik. Albatta, bu fikrlar xiyla umumiy, bahsli va kamchiliklari koʻp. Ammo har qanday ish birinchi qadamdan boshlanadi.
2009-yili chop etilgan “Maʼnaviyat. Asosiy tushunchalar izohli lugʻati”dagi “Maʼnaviyat qonunlari” maqolasida uch qonun: maʼnaviy va moddiy hayot uygʻunligi qonuni; maʼnaviyatning inson va jamiyat bilan uzviy aloqadorligi qonuni; maʼnaviy hayotning ijtimoiy taraqqiyotga bogʻliqligi qonuni qayd etilgan va qisqacha izohlangan. Qonunlarning oʻziga kelsak, birinchi va ikkinchisi umumijtimoiy, yaʼni jamiyat qonunlaridir. Birinchi qonunda bu koʻzga yaqqol koʻrinib turibdi. Ikkinchi qonunda maʼnaviyat oʻrniga har qanday ijtimoiy hodisani qoʻying – mantiq buzilmaydi. Masalan, “Iqtisodiyotning inson va jamiyat bilan uzviy aloqadorligi qonuni”. Ovqat pishirish, koʻrpa-yostiq qoplash yoki transportdan foydalanish – bularning bari inson va jamiyat bilan bogʻliq, ular tabiatda, hayvonot olamida uchramaydi. Iqtisodiyot, moddiy ishlab chiqarish, moddiy isteʼmol harholda maʼnaviyatdan farq qiladi, lekin ular ham maʼnaviyat kabi ijtimoiy hodisalardir. Har qanday ijtimoiy hodisa maʼnaviyat boʻlavermaydi. Lugʻatda keltirilgan qonun umumijtimoiy boʻlib, iqtisodiyotga ham, maʼnaviyatga ham, siyosatga ham, maishiy turmushga ham birday taalluqli.
Jamiyatning umumiy qonunlaridan tashqari, maʼnaviyatning oʻziga oid qonunlari bor. Ular tabiat va jamiyat qonunlari kabi obyektiv xarakterga ega, hech kimning xohish-irodasiga boʻysunmaydi. Biroq, tabiat qonunlaridan farqli, jamiyatning barcha qonunlari kabi maʼnaviyat qonunlari, garchi odamlarga boʻysunmasa-da, ularning ongli faoliyati tufayli yuzaga chiqadi. Maʼnaviyat yuksalishining xususiyatlarini hisobga olib, uning quyidagi qonunlarini alohida ajratib koʻrsatish mumkin:
1) jamiyat taraqqiyoti jarayonida sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlar muttasil oʻsib borishi qonuni;
2) maʼnaviyat rivojlanishining umumtamadduniy (sivilizatsion) taraqqiyot darajasiga bogʻliqligi qonuni (yoki lugʻatdagi “maʼnaviy hayotning ijtimoiy hayotga bogʻliqligi qonuni”);
3) maʼnaviyat rivojlanishining ijtimoiy ong va ijtimoiy munosabatlar rivojlanish darajasi bilan oʻzaro bogʻliqligi qonuni.
Maʼnaviyat qonunlari jamiyat qonunlarining xususiy koʻrinishidir. Biz fikr yuritmoqchi boʻlganimiz – maʼnaviyatning yaxlit tizim sifatidagi yuksalish qonunlaridir. Bundan tashqari, maʼnaviyat tarkibiy tuzilmalarining rivojlanishi va faoliyat koʻrsatishini ifodalaydigan qonunlar bor. Ular maʼnaviyatning xususiy qonunlaridir. Masalan, axloq, til, adabiyot, sanʼat qonunlari kabi. Maqolada ularga toʻxtalmaymiz.
Jamiyat taraqqiyoti jarayonida sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlar muttasil oʻsib borishi qonuni
Inson tabiati (mohiyati) haqida gap ketganda, uning ongli, ijtimoiy mavjudot ekani qayd etilishi barobarida moddiy va maʼnaviy ehtiyojlari uzluksiz ortib borishi ham taʼkidlanadi.
Insonning birlamchi moddiy ehtiyojlari qondirilishi unda ruhoniy, maʼnaviy ehtiyojlarni uygʻotadi. Qorni toʻq, xavf-xatardan xoli inson qoʻshiq aytgisi, raqs tushgisi, surat chizgisi, biror narsa yasagisi, oʻylab topgisi keladi. Oʻz navbatida, bu ehtiyojlarning qondirilishi ular yanada sifatli, mukammal va mazmunli boʻlishiga yangi ehtiyoj tugʻdiradi. Inson ehtiyojlari ortishi ijtimoiy taraqqiyot qonuni, maʼnaviy ehtiyojlar ortishi esa maʼnaviyat rivojlanishi qonunidir. Ammo insonning barcha ehtiyojlari, jumladan, moddiylari ham oʻz maʼnaviy jihatlariga ega. Hayvonot olamida ehtiyojlar yuksalmaydi, faqat oʻzgaradi, natijada biologik organizm tabiatga moslashadi, xolos. Insonning esa ehtiyojlari muttasil yuksaladi: moddiylari ham, maʼnaviylari ham. Bir ehtiyojning qondirilishi undan yuksakroq yangi ehtiyojlarni tugʻdiradi. Yangi oʻsimlik yoki hayvonni ilk uchratganda, inson u haqida kuzatuv asosida hosil qilgan bilimi bilan qanoatlanib qolmagan: bu oʻsimlik yoki jonivor zararli emasmi, undan foydalansa boʻladimi qabilidagi savollarga javob izlagan. Ijobiy javob topsa, uni qanday madaniylashtirish (oʻsimlikni), xonakilashtirish (hayvonni), koʻpaytirish, parvarishlash ustida bosh qotirgan. Yangi ehtiyojlar paydo boʻlishi inson bilimi, dunyoqarashi rivojlanishiga, tajribasi ortishiga xizmat qilgan.
Inson ehtiyojlarining yuksalishi, ijtimoiy taraqqiyot qonuni sifatida, birinchidan, uning ongli, aqlli mavjudotligi, ertangi kunni koʻra bilishi, zaruratni anglay olishi, yaʼni maʼnaviyatga egaligi bilan bogʻliq. Ikkinchidan, uning kam kuch, kam energiya sarflab, koʻproq samara olish, hayotini yengillatishga intilishi natijasidir. Uchinchidan, oʻzligi, oʻz qobiliyatini yuzaga chiqarishga urinishi oqibatidir. Oʻzligini yuzaga chiqarishga intilish ham maʼnaviy mavjudot sifatida faqat insonga xos – hayvonlarda bunday intilish yoʻq. Erishganidan balandroq marra, yaxshiroq natijani koʻzlash, mukammalroq, goʻzalroq buyum yoki sanʼat asari yaratishga, yangi texnik asbob-uskuna, mashina, mexanizm va texnologiyalarni ixtiro etishga, turmushini erkin va farovon qilishga urinish insonning asl bashariy xususiyati, obyektiv ravishda tugʻiladigan ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlaridir. Ana shu ehtiyojlar yuksalsa, jamiyat rivojlanadi, aks holda jamiyatda turgʻunlik yuz beradi. Turgʻunlik asrlar mobaynida davom etishi mumkin. Insonning moddiy ehtiyojlari qanday oʻsishi ham uning aqli, zaruratni anglay olishi, oʻzligini namoyon etishga intilishi bilan, yaʼni uning maʼnaviy ongi bilan bogʻliq.
Hatto boylik orttirish, molparastlik hirsi maʼnaviyatdagi noqislik boʻlsa-da, aslida u ibtidoiy odamlarning ertangi kun ov oʻngidan kelmasa yoki qurgʻoqchilik oqibatida moʻljaldagi hosil olinmay qolsa, ochlikdan azob chekmaslik uchun ehtiyot zaxira toʻplash kerak, degan ishonchiga borib taqaladi. U avvalo insoniyat ongosti qatlamidagi arxetipdir, jamoaviy ongsizlik unsuridir. Biroq u faqat jamoaviy ongsizlik, ibtidoiy arxetip koʻrinishigina emas. U ijtimoiy tabaqalashgan jamiyatdagi baʼzi bir axloqiy, maʼnaviy va ziddiyatli sinfiy-tabaqaviy qoida va meʼyorlarga ham aloqador. Iqtisodiy-moliyaviy imkoniyat, boylik insonning jamiyatdagi obro‘-eʼtibori, mavqeini belgilagan, aloqalarini kengaytirgan va oʻzligi, xohish-irodasi, orzu-istaklarini yuzaga chiqarishi uchun yoʻl ochgan. Xulosa qilish mumkinki, insonning barcha ijtimoiy ehtiyojlari asosida uning ongi, maʼnaviyati turadi, bundan fiziologik (biologik) ehtiyojlar qisman mustasno. Ammo ularga ham maʼnaviyat maʼlum darajada taʼsir koʻrsatgan. Masalan, ovqatlanish, nasl qoldirish va koʻplab fiziologik ehtiyojlar qondirilishi muayyan tartib-qoida, odob-axloq doirasida amalga oshiriladi.
Ilm-fanda ehtiyojlar masalasi doimo bahsli boʻlib kelgan. Materializm taraqqiyotda moddiy ehtiyojlar oʻsishini birinchi oʻringa qoʻysa, idealistlar maʼnaviy-mafkuraviy ehtiyojlarni ustun bilgan. Aslida bunday yondashuv ushbu masalada biryoqlamalikka oʻxshaydi. Agar inson faqat biologik mavjudot boʻlganida, shubhasiz, moddiy ehtiyojlarning oʻsishi belgilovchi ahamiyat kasb etar edi. Lekin u biologik tabiatidan tashqari, ijtimoiy-maʼnaviy tabiatga ham egaki, aynan shunisi uni hayvonot olamidan mumtoz etadi. Masalaga tor ontologik – materiya birlamchimi yoki ideya (gʻoya) degan nuqtai nazardan emas, kengroq funksional nuqatai nazardan yondashilsa, javob xiyla oydinlashadi.
Hech qanday axloqiy, diniy-ruhoniy tartib-qoidalar, meʼyorlar vujudga kelmagan vaqtlarda odamsimon maxluqlar toʻdasining turmush tarzi va xulqi maymunlarnikidan uncha farq qilmagan. Dastlabki ongli cheklov, taqiq va majburiyatlar (ota-ona va farzand oʻrtasidagi, keyin aka-uka va opa-singil oʻrtasidagi jinsiy yaqinlikning taqiqlanishi, topilgan yegulik yoki ovlangan hayvon goʻshtini birgalikda isteʼmol qilish, yoshlarga mehnat va ov qurollari yasash, amalda qoʻllashni oʻrgatish va shu kabilar) odamsimon maxluqlarni odamga, ular toʻdasini urug‘-jamoaga aylantirdi. Ushbu misollar esa moddiy ehtiyojlarga emas, ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlar paydo boʻlishi va oʻsishiga oiddir. Ular moddiy, hatto fiziologik ehtiyojlar qondirilishiga ham tuzatish kiritdi, ularni ijtimoiylashtirdi. Demak, insonning biologik emas, ijtimoiy mavjudot sifatidagi mohiyatini maʼnaviy ehtiyojlar vujudga keltirgan.
Albatta, iqtisodiy taraqqiyot qonunlari obyektiv xarakterga ega, maʼnaviyatga boʻysunmaydi. Tadbirkor, zavod egasi nafsi kuchli boʻlgani yoki odamlarga gʻamxoʻrligi, mehnatsevarligi uchun emas, bozor talablariga mos xoʻjalik yuritgani uchun boyiydi. Ammo bozor talablarini aniq bilishi yoki taxmin qila olishi, raqobatda aql-zakovati va irodasiga tayanib ish koʻrishi, texnologiyani muntazam takomillashtirib borishi, ishchi-xizmatchilari, davlat soliq idoralari va banklar bilan munosabatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishi, faolligi hamda shaxsiy mehnatsevarligi uning ongi, bilimlariga bevosita daxldordir. Qallob, yolgʻonchi jamiyat, odamlar ishonchidan mahrum, qonun, axloq talablariga rioya qilmaydigan, yalqov, dangasa kishi hayotda muvafaqqiyat va obro‘ qozona olmaydi.
Inson hech vaqt oʻz mavjudlik holati – ekzistensiyasidan qoniqmaydi (gap biron bir shaxsning maishiy ahvoli, mansabi emas, insoniyatning tarixiy jarayondagi ahvoli haqida ketmoqda), doimo uni va oʻzini takomillashtirishga harakat qiladi. Hayvonda takomillashish moʻljali yoʻq. Zero, u oʻz mavjudlik holatini anglay olmaydi. Ijtimoiy taraqqiyot negizida esa mavjud holatdan qoniqmaslik yotadi. Vujudga kelgan qiyinchiliklarni yengish, yangi kuch-gʻayrat toʻplab, rivojlanish sari yuz tutish uchun insonga iroda – ongli tanlov, butun kuch-gʻayratini maqsadga erishishga safarbar etish, chidam, sabr-toqat kerak. Sabr-u toqatni oʻz ijtimoiy holatidan qoniqish bilan chalkashtirmaslik kerak. Sabr-u toqat rivojlanish jarayonining diskret va vaqtinchalik shakli, mukammallikka intilish, ehtiyojlar yuksalishi esa uning doimiy holatidir.
Ehtiyojlar sogʻlom yoki nosogʻlom boʻlishi mumkin. Barcha sogʻlom ijtimoiy ehtiyojlar, jumladan, sogʻlom moddiy (chunonchi, fiziologik) ehtiyojlar rivojlanmas ekan, maʼnaviy ehtiyojlar ham yuksalmaydi. Insonning erkin kamolotiga xizmat qiladigan, undagi ijobiy qobiliyat, fazilatlarni boyitadigan, rivojlantiradigan ehtiyojlar sogʻlom, aksincha, nafsga, xudbinlik, manmanlik, molparastlik, shahvatparastlik, mansabparastlik kabi salbiy mayllarga xizmat qiladigan ehtiyojlar nosogʻlom ehtiyojlardir. Ular maʼnaviyat qashshoqlanishiga, insonning oʻz nafsi va hirsi quliga aylanib, shaxsining yemirilishiga olib keladi. Nosogʻlom moddiy va fiziologik ehtiyojlar insonni turli “kasallik”larga, masalan, ochofatlik, shahvoniy zoʻravonlik, oʻta ziqnalikka mubtalo etadi. Baʼzan ular maniakal koʻrinish olib, haqiqiy ruhiy xastalikka aylanadi. Insonning ezgulik, erkinlik, adolat, haqiqat, mehr-muhabbat, goʻzallik va kamolotga intilishi, oʻz qobiliyatini yuziga chiqarish, ijod qilishga urinishi uning maʼnaviy ehtiyojidir. Oʻz ijtimoiy holati, erishgan darajasidan qoniqmaslik – yangi sogʻlom ehtiyojlar tugʻilishining, maʼnaviy rivojlanishning omilidir. Oʻz holati va erishgan darajasidan qoniqish – yangi, yuksakroq ehtiyojlarni uygʻotmaydi, bilʼaks maʼnaviyatda turgʻunlikni keltirib chiqaradi.
Haqiqiy maʼnaviyat sogʻlom ehtiyojlar zamirida vujudga keladi. Maʼnaviyat insonda sogʻlom ijtimoiy, jumladan, sogʻlom moddiy ehtiyojlar shakllanishidan, oʻz shaxsi bilan ixtilofga bormay, asl insoniy mavjudligini taʼminlashga xizmat qiluvchi aqliy va hissiy muhitdan, falsafiy, axloqiy, ilmiy, diniy, badiiy va boshqa madaniy qadriyatlardan hamda shaxsning ijodiy faolligidan tashkil topadi. Maʼnaviy ehtiyojlarni sotsiumning turli birliklariga oid individual ehtiyojlar, jamoaviy (oilaviy, guruhiy, korporativ), sinfiy-tabaqaviy, mahalliy-mintaqaviy, umummilliy ehtiyojlarga boʻlish mumkin.
Shaxs maʼnaviyatini yuksaltirmoq uchun uning individual ehtiyojlarini sotsiumning boshqa yuqoriroq birliklari ehtiyojiga qurbon qilmay, ular bilan uygʻunlashtirmoq lozim. Oila maʼnaviyati, bir tomondan, har bir aʼzosining, ikkinchi tomondan, butun oilaning ehtiyojlari oʻsishi va qondirilishiga bogʻliq. Oila ehtiyojlari uning aʼzolari va butun jamiyat ehtiyojlari bilan uygʻunlashtirilishi lozim. Oila manfaatlarini uning bir aʼzosi, deylik, oila boshligʻi yoki erkatoy farzand injiqliklariga qurbon qilib boʻlmaganidek, umumjamiyat manfaatlariga ham qurbon qilib boʻlmaydi. Oilaning yangi avlodi – bilimliroq, dunyoqarashi, muloqot va axborot maydoni kengroq, hayotiy moʻljallari, maqsadlari yuksakroq, qobiliyatini yuzaga chiqarish imkoniyati kattaroq boʻlishi lozim. Shunda oila nafaqat moddiy-iqtisodiy, maʼnaviy jihatdan ham yuksaladi.
Manfaatlarni uygʻunlashtirish milliy-maʼnaviy ehtiyojlar oʻsishiga-da taalluqli. Milliy ehtiyojlar, manfaatlar alohida mintaqa, viloyat, hudud, korporativ guruh (moliyaviy-oligarx guruhlar, harbiy-sanoat kompleksi, transmilliy kompaniyalar kabi), etnik va diniy konfessiyalar foydasini koʻzlab cheklanmasligi lozim. Millatning oʻzligini, umumiy manfaatlarini anglash darajasi oʻsmas ekan, milliy jipslik mustahkamlanmaydi, mahalliychilik, guruhbozlik, ayirmachilik illatlari saqlanib qolaveradi, milliy gʻurur kemtik boʻladi. Ilm-fan, adabiyot va sanʼat, milliy til va madaniyat yaxshi rivojlanmaydi. Bunday xalq asta-sekin boʻlinib, parokandalikka uchrab, oqibatda boshqa xalqlar tarkibiga singib ketadi.
Milliy taraqqiyot ehtiyojlari boshqa xalqlar bilan robita bogʻlash, ularning yutuqlaridan ijodiy foydalanish, oʻz yutuqlarini dunyoga yoyishni taqozo etadi. Jahon hamjamiyatiga barcha sohada teng huquqli integratsiya boʻlish ehtiyojlari har qanday mahdudlik, milliy manmanlik, milliy nomukammallik, nigilizm va kosmopolitizmni birday inkor qiladi.
Ehtiyojlar yuksalishi va maʼnaviyat rivojlanishi – oʻzaro chambarchas bogʻliq. Ehtiyojlar yuksalsa, maʼnaviyat rivojlanadi, rivojlangan maʼnaviyat esa yuksak ehtiyojlarni taqozo etadi. Rivojlangan maʼnaviyat – qondirilgan sogʻlom ehtiyojlarning yuzaga chiqishi va ayni paytda nisbatan yuksakroq yangi ehtiyojlarning tugʻilishidir. Jamiyat taraqqiyoti jarayonida maʼnaviyat yuksalishi va ehtiyojlar oʻsishi oʻrtasidagi aloqalar ikkinchi darajali, yuzaki, tasodifiy va muvaqqat emas, muhim, zaruriy, takrorlanuvchan va doimiy aloqalardir. Shu sababdan bu aloqalar maʼnaviyat yuksalishi qonunidir. Lekin ehtiyojlarning oʻzi bevosita maʼnaviyat tarkibiga kirmaydi, balki uning rivojlanish sabab va oqibati, shart-sharoiti, harakatlantiruvchi kuchini tashkil qiladi. Ehtiyojlarning yuksalishi inson tabiatiga, asl mavjudligiga (ekzistensiyasiga) mos. Shu maʼnoda, insonni “ehtiyojlari yuksaladigan mavjudot” deyish oʻrinlidir.
Ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlarni mazmuni, vazifalari, ahamiyati, muayyan ijtimoiy ong shakliga mansubligiga qarab ikki guruhga boʻlish mumkin.
1. Umummaʼnaviy, yaʼni maʼnaviyat yaxlit tizim, bus-butunlik sifatida taqozo etadigan va vujudga keltiradigan ehtiyojlar.
2. Maʼnaviyatning nisbatan mustaqil tarkibiy qismlari sifatida ijtimoiy ong shakllari taqozo etadigan va vujudga keltiradigan ehtiyojlar.
Birinchi guruhga mansub ehtiyojlar quyidagilardan iborat: a) insonning oʻz tabiatini (mohiyatini) takomillashtirish ehtiyoji; b) ijtimoiy yaratuvchilik imkoniyatlarini (salohiyatini) oshirish ehtiyoji; v) shaxs sifatida qobiliyatlarini yuzaga chiqarish ehtiyoji; g) erkinlik darajasini orttirib borish ehtiyoji.
Ularning har biri koʻplab talab, meʼyor, mezon va koʻrsatkichlarni qamrab oladi. Masalan, insonning oʻz tabiatini takomillashtirish ehtiyojini oladigan boʻlsak, u avvalo insonning aqlli, ongli bioijtimoiy mavjudot ekanidan kelib chiqadi. Demak, umummaʼnaviy ehtiyojlar inson aqli, tafakkuri, bilimlari, tuygʻulari, ijtimoiy faolligi va aloqalari boyishiga bogʻliq. Inson biologik tabiatiga koʻra sogʻlom boʻlishi (jamiyat miqyosida bu sogʻliqni saqlash tizimi va tibbiyot fanlari rivojlanishini taqozo etadi) lozim. Ijtimoiy tabiatiga koʻra, jamoaviylik tuygʻusi mustahkamlanib, ijtimoiy aloqalari va muloqot maydoni muttasil kengayib borishi, jamiyatdagi mavjud tartib-qoidalar, meʼyorlarni yaxshi bilishi, oʻz manfaatlarini jamiyat manfaatlari bilan uygʻunlashtira olishi kerak.
Inson – oʻz oldiga ongli maqsad qoʻyib mehnat qiladigan, tabiat, jamiyat va oʻz-oʻzini qayta yaratadigan mavjudot. Inson yaratuvchilik faoliyatini takomillashtirish uchun muttasil amaliy va nazariy bilimlari, mehnat va ijod koʻnikmalari, hayotiy tajribasini orttirib borishi lozim. Bular jamiyatda taʼlim-tarbiya tizimi vujudga kelishi va jamiyat bilan birga rivojlanib borishini taqozo etgan. Ota-ona farzandiga bolaligidan mehnat qilish, yashash qoidalarini, aka-ukasi, qoʻni-qoʻshnisi, tengdosh-doʻstlari bilan ahil boʻlish, bir-birini qoʻllab-quvvatlashni, oila, mahalla va jamoat joylarida intizom saqlashni, xushmuomalalikni, urf-odat, anʼanalar uchun masʼul boʻlishni, ularga itoat etishni oʻrgatadi. Bolada jamoaviylik tuygʻulari, masʼuliyat, muloqot, birga yashash va mehnat qilish meʼyorlari asta-sekin qaror topadi. Bu – uning ijtimoiylashuvidir.
Mehnat qilish va yaratuvchilikni, biror kasb-hunarni bola dastlab oila, urug‘-jamoa, mahallada, nisbatan rivojlangan jamiyatlarda esa maxsus tashkil etilgan taʼlim, kasb oʻrgatish muassasalarida oʻrganadi. Tarbiyaning barcha yoʻnalishlari, jumladan, jismoniy va mehnat tarbiyasi maʼnaviyatga daxldordir. Tarbiya, taʼlim qatori, jamiyat umummaʼnaviy ehtiyojlarini yuzaga chiqarishda hal qiluvchi institutdir. Inson oʻz ijodiy-yaratuvchilik salohiyatini oʻstirishi, shaxs sifatida namoyon boʻlishi uchun yaxshi taʼlim-tarbiya olishi, chuqur bilim, kasb mahorati, mehnat, ijod koʻnikmasiga ega boʻlishi kerak. Bundan tashqari, oʻz ishi, faoliyatini tanqidiy tahlil etib, kamchiliklardan qutulishga harakat qilishi lozim. Bular esa insonning oʻz-oʻzini tarbiyalash, bilim va malakasini oshirish (oʻqish) ehtiyojidir. Demak, ehtiyoj nafaqat oila, jamiyat tomonidan tarbiyalanadi, shuningdek, u insonning shaxsiy ongli faoliyati mahsulidir. U insonning ichki, oʻz-oʻzini takomillashtirish va qayta yaratish omiliga aylanadi.
Jamiyat tashkil qilgan taʼlim-tarbiya tizimida inson, asosan, obyektdir. Oʻz-oʻzini tarbiyalash tizimida esa u bir vaqtda ham obyekt, ham subyekt hisoblanadi. Mehnatsevarlik, faollik, izlanish, mahoratga, tanlagan sohasida komillikka intilib, oʻz ustida ishlash insonning shaxs sifatida oʻzligini namoyon etishi, salohiyati, qobiliyatini yuzaga chiqarishining zarur shartidir. Bular orasida yana bir muhim shart borki, bu insonning erkinlik darajasidir. Erkin boʻlmagan inson na hayotda, na ijodda oʻz imkoniyatlarini toʻliq yuzaga chiqara oladi. Insonda erkinlik ehtiyojlarining oʻsib borishi jamiyat taraqqiyoti bilan, ijtimoiy qadriyatlar tizimining insonparvarligi, tafakkur erkinligi, tolerantlik qaror topishi, maʼnaviy muhit mustahkamlanishi bilan bogʻliq.
Ikkinchi guruhga ijtimoiy ongning alohida shakllariga oid ehtiyojlar tizimi kiradi: a) eʼtiqodiy, yaʼni ilmiy-falsafiy va diniy ehtiyojlar – narsa va hodisalar, jamiyat va inson, abadiyat va foniylik mohiyatini anglashga intilish, hayot maʼnisini, yashashdan maqsadni bilish; b) axloqiy ehtiyojlar – ezgulik, insonparvarlik, vatanparvarlikka intilish, vijdon amriga quloq tutib yashash, baxtli turmush kechirish (gedonizm); v) estetik ehtiyojlar – goʻzallikka intilish, hayotni, tabiat va jamiyatni goʻzallashtirish (“goʻzallik qonunlari boʻyicha” qayta yaratish), goʻzallikdan zavq-shavq tuyish, huzur-halovat olish (evdemonizm), noziktaʼb inson boʻlish, ijod qilish; g) huquqiy ehtiyojlar: adolatni qaror toptirish, insonni, jamiyatni turli adolatsizlik, zoʻravonlik va ekstremistik tajovuzlardan himoya qilish, inson huquqlarini, qonun ustuvorligini har tomonlama taʼminlash; d) siyosiy ehtiyojlar – huquqiy demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyati qurish, demokratiya va ijtimoiy adolatga asoslangan boshqaruv tizimini yaratish va uzluksiz takomillashtirib borish, davlat va fuqaro, jamiyat va shaxs manfaatlarini uygʻunlashtiradigan ijtimoiy-siyosiy va huquqiy mexanizmni ishlab chiqish va doimiy ravishda takomillashtirib borish; ye) boshqa ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlar: oilani mustahkamlash, urf-odatlar, marosim, anʼanalarni takomillashtirish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sportni rivojlantirish, axborot olish, hordiq chiqarish, boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazish va hokazo.
Ehtiyojlarning tugʻilishi, oʻsishi, qondirilishi, yanada yuksakroq ehtiyojlarning vujudga kelishi, bu jarayonga taʼsir koʻrsatuvchi obyektiv va subyektiv omillar, ehtiyojlar yuksalishi bilan bogʻliq boshqa koʻplab masalalar alohida va batafsil tadqiqotni taqozo etadi. Biz ehtiyojlar toʻgʻrisida mavzumiz talab qiladigan umumiy eʼtirof va mulohazalar bilan cheklanamiz.
Xulosa qiladigan boʻlsak, jamiyat taraqqiyoti jarayonida sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlarning muttasil oʻsib borishi maʼnaviyat yuksalishi qonunlaridan biridir. Ehtiyojlar yuksalmasa, inson hayvonot olamidan, jamiyat tabiatdan ajralib chiqa olmas edi. Jamiyatning gurkirab rivojlanishi bevosita yoki bilvosita sogʻlom ehtiyojlar yuksalishiga, turgʻunlikka tushib qolishi, inqirozga uchrashi, xato gʻoyalar tomon ogʻib ketishi (siyosiy va diniy ekstremizm taʼsirida) esa sogʻlom ehtiyojlar oʻsmay qolishiga yoki nosogʻlom ehtiyojlar ustunlik qilib ketishiga bogʻliq. Ehtiyojlar yuksalishi va jamiyat rivojlanishi dialektik birlikni tashkil etadi.
Abdurahim ERKAYEV
“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 2-son.
“Maʼnaviyatning uch qonuni (birinchi maqola)”