Prezidentimiz raisligida 15-may kuni maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bugunning juda muhim, ogʻriqli muammolaridan biriga yechim berildi. Bu – bolalarimizning maʼnaviyatini avaylab-asrash, zararli gʻoyalarga qarshi gʻoya bilan qarshi tura oladigan, bolalar tilida yozadigan, gapiradigan kontent yaratish. Davlatimiz rahbari muammoning tub ildizini koʻrsatdi.
Maktablarda maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy tadbirlar oʻtkazyapmiz. Lekin ular oʻqiydigan, koʻradigan, eshitadigan milliy kontent boʻlmagani uchun muayyan darajada maʼnaviy boʻshliq yuzaga kelayotgan edi. Bolalarning boʻsh vaqtida zavq bilan oʻqiydigan, koʻradigan, eshitadigan, eng muhimi, bolalar uchun maxsus milliy kontent yaratish muammosi yechildi. Prezident qarori bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzurida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi. Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti markazga ilmiy-metodik, texnologik jihatdan koʻmakchi boʻldi.
Bu juda katta strategik voqea. Bolalarimizning maʼnaviy himoyasi, mafkuraviy immuniteti masalasi. Bir umr farzandlarimizning milliy tarbiyasi borasida oʻylab, izlanib yurgan bir pedagogning oʻylarini bayon qilmoqchiman.
Kattalar ham, bolalar ham har kuni ikki tur — moddiy va maʼnaviy ozuqa bilan oziqlanadi. “Biz nima yegan boʻlsak, oʻshamiz” degan gap bor. Bu odam ovqat, meva, ichimlikdagi kimyoviy elementlarni hazm qiladi, qanday elementlarni yebichsa, oʻshalarning izmida boʻladi degani. Shuning uchun odam yeydigan narsalarni koʻrib, tekshirib, keyin isteʼmol qiladi. Biladiki, yomon ovqat kasal qiladi. Tajribasiz bolalar esa adashadi. Maʼnaviy ovqat bu — xabar, matn, mem, post, qoʻshiq, bashara. Har tong oʻz menyusi, takliflari bilan otadi. Har kunning oʻz xabarlari — maʼnolari, maʼnaviy menyusi bor. U har daqiqa, soniyada yangilanib boradi. Shuning uchun chorshanbaning media (maʼnaviy) dasturxoni menyusi shanba kuniga yaramaydi. Telefonimiz — oʻzimiz bilan birga yuradigan shaxsiy, koʻchma maʼnaviy dasturxonimiz. Maʼnaviy ozuqa koʻz, quloq bilan yeyiladi. Mana shu maʼnaviy dasturxon — kontent. Menimcha, “bolalar milliy kontenti” jumlasidagi “milliy”ni ikki maʼnoda tushunishimiz kerak. Biri — davlat kontenti maʼnosida. Ikkinchisi — milliymadaniy, oʻzbek maʼnaviyati maʼnolarida. Bolalar milliy kontenti yoshlar tarbiyasida davlat va millat manfaatlari birligining media ifodasi. U davlat va millat manfaatlarini olgʻa surishi, himoya qilishi va shaksiz ustuvor tutishi darkor. “Yomon boʻlsa ham oʻzimizniki”, “Bizga boʻlaveradi” degan qarash bilan uzoqqa borib boʻlmaydi. Nima demoqchimiz? Global mediadasturxonga tortayotgan taomlarimiz shirin, aqlli, foydali, sifatli boʻlishi kerak.
Taklifim, oʻzbek bolalar milliy kontentining sifat standartini yaratishimiz lozim. Har bir katta-kichik, sohasidan qatʼi nazar, bolalar mediasini aniq oʻlchab, baholash standartini ishlab chiqishimiz zarur. Bu nima beradi? Bu bizga har bir kunning milliy kontenti (maʼnaviy dasturxonimiz)ni ana shu standart asosida aniq baholash imkonini beradi. Bolalarimizning mediadasturxoniga nimalar tortilgan, necha xil, sifati, muddati qanday? Millat bolalarining maʼnaviy salomatligiga taʼsiri qanday? Davlat qonunlari va milliy-maʼnaviy standartlarimizga moslik darajasi qanaqa deb kunora oʻlchab, baholab borishimiz kerak. Global kontent ham bozor. Oʻzining xaridorlari bor. Masalaga ilmiy asosda yondashsak, ilm biz ishlab chiqayotgan mediamahsulotlarning bozorgirligi, raqobatbardoshligi, narxu navosini oʻlchab beradi. Yutuqlarimiz, xatolarimizniyam koʻrsatadi. Nega? Chunki yangi avlod oʻzbeklari voyaga yetyapti. Milliy kontent — ularning (kasbidan qatʼi nazar) risoladagidek yigit-qizlar boʻlib maydonga chiqishiga yordam beradigan maʼnaviy oziq. Milliy kontent faqat biz uchunmas, butun insoniyat uchun kerak. Har bir millatning oʻzligini yoʻqotmasligi uchun zarur. Shuning uchun har bir davlat oʻz media vatanini qoʻriydi. Media orqali maʼnaviy chegarani buzib, yoshlarning koʻzi, qulogʻidan kirmoqchi boʻlayotgan infeksiyalarni koʻrib, jar soladi. Chunki bolalar milliy kontenti — bolalarimizga muqobil, oʻzbekona oʻylash tarzini oʻrgatib, saqlab qoladigan maʼnaviy qalqon. Bola koʻradigan kino, oʻqiydigan kitob, eshitadigan qoʻshiq, tomosha qiladigan videolar oʻz ona tilida, oʻz muhitida boʻlsa, dunyoqarashi ham milliy boʻladi. Milliy kontent nafaqat tarbiyaviy, balki jamiyatda birlikni taʼminlaydigan omil hamdir. Hamma bir xil gʻoyada, tarixda, urf-odat va qadriyatda yashasa, millat kuchli boʻladi. Bu maʼnaviy barqarorlikdir. Milliy kontent axborot urushlari davrida yoshlar ongini himoya qiluvchi, kelajak avlodni tarbiyalovchi, milliy oʻzlikni saqlovchi muhim resurs. AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya kabi rivojlangan davlatlarda milliy kontentga oddiy axborot vositasi emas, balki mafkuraviy, siyosiy va iqtisodiy qurol sifatida qaraladi. Ular bolalarga oʻz falsafasini multfilm, qahramon, qoʻshiq, kino orqali maqsadli, izchil, rejali, oʻlchab singdiradi. Oʻz kontenti orqali dunyoga taʼsir oʻtkazadi. Dunyoda milliy kontentni baholash tajribasi katta. Bolalar milliy kontentining ham. Jumladan, asosiy mezonlari etib quyidagilarni keltirish mumkin: kontentda qadriyatlar, til, tarix qay darajada toʻgʻri va chuqur ifodalangan? Yoshlarga moʻljallangan medialarning axloqi qanday? Kontent mahalliy platformalarda tarqaladimi? Ishlab chiqaruvchi oʻzimizmi yoki tashqimi? Qancha kishi koʻrdi, oʻqidi? Jamiyatda qanday fikr uygʻotdi? Milliy ongga taʼsiri qanday, yaʼni qahramonlar, tarix, milliy ramzlar qanday targʻib qilingan? Milliy gʻurur, vatanparvarlikka taʼsiri bormi? Iqtisodiy samarasi qanday: mahalliy kontent qancha daromad keltiryapti? Eksport yoki litsenziya orqali qay darajada pul topilyapti? Kontent nafrat, zoʻravonlik yoki ekstremizmni targʻib qilmaydimi? Maʼnaviy sogʻlom muhitga xizmat qilyaptimi? Ayrim mamlakatlarda bolalar milliy kontenti shunchaki ijod mahsuli emas, mafkuraviy himoya vositasi. Shu bois, milliy kontent qatʼiy axborot xavfsizligi mezonlari bilan baholanadi. Bu juda qiziq mavzu, gap koʻp. Bir gap aniqki, milliy kontent — millatlarni saqlash, yoshlarni tarbiyalash, davlatni, mustaqillikni maʼnaviy himoya qilish yoʻli.
Demoqchimanki, biz bugun hammamiz, ayniqsa, ziyolilar milliy kontentimizni maʼnaviy vatan deb bilaylik. Uni oʻz post, milliy mediakontentlarimiz bilan himoya qilishimiz kerak. Chunki maʼnaviy, media vatanimizga tuhmat toshlari otilib turibdi. Koʻrib, oʻqib, indamay turish bizga yarashmas.
Muhammadjon QURONOV,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti .
direktori oʻrinbosari,
pedagogika fanlari doktori,
professor