Bugungi globallashuv sharoitida axborot almashinuvi tezlashib, turli madaniyatlar oʻzaro yaqinlashayotgan bir paytda milliy oʻzlikni asrab-avaylash, azaliy qadriyatlar va anʼanalarni saqlab qolish hamda ularni kelajak avlodga yetkazish har jihatdan dolzarb. Chunki har bir xalqning tarixi, maʼnaviy dunyosi va hayot tarzi aynan shu qadriyatlar orqali namoyon boʻladi. Milliy anʼanalarni unutmaslik, ularni zamon talablariga mos holda rivojlantirish va keng targʻib etish yosh avlodda vatanparvarlik, milliy gʻurur va oʻzlikni anglash tuygʻularini shakllantiradi. Shu bois, milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va maʼnaviy merosimizni asrash hamda dunyo miqyosida keng targʻib qilish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan hisoblanadi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan vazifadan kelib chiqib, “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi, maxsus veb-platforma va mobil ilova yaratildi.

Loyiha doirasida 28 nafar olimlar, ziyolilar va yuqori malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruh shakllantirilib, 8 ta yoʻnalish — Yangi Oʻzbekistonning milliy qadriyatlari, milliy-axloqiy qadriyatlar, urf-odatlar, marosimlar, bayramlar, milliy oʻyinlar, milliy-tabiiy hamda milliy-badiiy qadriyatlar boʻyicha keng qamrovli tadqiqot ishlari olib borildi.

Barcha hududlardan jamlangan maʼlumotlar asosida oʻzbek, ingliz va rus tillarida “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi chop etildi. Nashrni tayyorlash jarayonida 1,7 mingdan ortiq matn, 3 mingdan ziyod surat, 300 dan ortiq milliy qoʻshiq hamda 2 mingga yaqin video va audio materiallar tahlil qilindi.

Kitobda Markaziy Osiyoda shakllangan yuksak ilmiy-madaniy muhit ifoda etiladi. Qadimgi turkiy bitiklar, xalq og‘zaki ijodi namunalari, shuningdek, allomalar merosi milliy qadriyatlarning asosiy manbalari sifatida tahlil qilinadi. Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va islom qadriyatlarining yuksalishi alohida e’tirof etiladi.

Shuningdek, millat va milliy qadriyatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, ularning etnik makon, til, tarixiy xotira va genofond bilan chambarchas aloqadorligi ochib beriladi. O‘zbek xalqiga xos urf-odatlar, oila va jamiyatdagi axloqiy me’yorlar milliy qadriyatlarning amaliy ifodasi sifatida talqin qilinadi.

Ushbu kitob-albom milliy qadriyatlarning tarixiy uzviyligi, vorisiyligi va bugungi jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini yoritishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ushbu materiallar asosida qadriyatim.uz elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishlab chiqildi. Platforma doimiy yangilanib boriladigan, chet ellik foydalanuvchilar va xorijdagi vatandoshlar uchun milliy qadriyatlar, moddiy va nomoddiy madaniy meros haqida bir nechta xorijiy tillarda maʼlumot taqdim etuvchi interaktiv axborot bazasi hisoblanadi.

Bugungi kunda “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi mamlakatimiz boʻylab oliy taʼlim muassasalari, milliy madaniyat markazlari va turistik obʼektlarda keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

Shu bilan birga, joriy yilda “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda kitob-albomni qoʻshimcha 1000 nusxada chop etish, xorijdagi vatandoshlar va diaspora vakillari ishtirokida elchixonalarda taqdimotlar oʻtkazish, shuningdek, kitob-albomning oʻzbek, ingliz va xitoy tillaridagi yangi nashrlarini tayyorlash rejalashtirilgan.