Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartirish kiritish, yaʼni, lotin alifbosini yangilash haqidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgani haqida xabaringiz bor. Oyina.uz jamoatchilikning ushbu yangilanish ustida olib borgan muhokamalaridan asosiylarini taqdim etgan edi.
Iyul oyi boshida qabul qilingan qaror faollar tomonidan haligacha “qabul qilinmayapti” — muammo faqat alifboga kiritilgan sanoqli oʻzgarishlar borasidagina emas, balki jamiyatga bevosita aloqador boʻlgan masala ustida cheklangan davralarda qaror berilgani, shuningdek, uning yaqin kelajakda yosh avlod savodiga taʼsiri-yu mamlakatning moliya tizimiga tushadigan yuk haqida, umuman, kengroq qamrovga ega.
Moliyaviy motiv yoki 5 mlrd toʻlashga tayyor Shuhratlar, Xurshidlar va Jamshidlar
Oliy Majlisning xalqqa bevosita daxldor boʻlgan masala — alifboga bagʻishlangan muhokamasini koʻproq fuqaroga bildirib, qiziquvchilar kuzatishini osonlashtirish oʻrniga koʻp uzilishlar kuzatilgan, qayta ulangach muhim gap aytilgan joyini topib, qayta eshitish mumkin boʻlmagan jonli efirni “gʻirt maynavozchilik” degan Muhrim Aʼzamxoʻjayev “Oliy Majlisda oʻtirganlar xalqqa shu maynavozchilik taqdim etilishiga rozi boʻlsa, nomini ham Oliy Sirk deb oʻzgartirsa, uzukka koʻz qoʻygandek boʻlishini qayd etgan edi. Jurnalist shuncha muddatdan beri ijrosi choʻzilib kelayotgan masala nega birdan qabul qilingani borasidagi fikrlari bilan ham boʻlishdi:
“Oʻzbek lotin alifbosiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qonun nega birdan qabul qilib yuborilgani haqida xayolimga bir konspirologik fikr kirib qolib, hech chiqib ketmayapti.
Oʻzi bu jarayonda birinchi gʻashimni keltirgan narsa — qonun imi-jimida, oʻta bir shoshilinch qabul qilib yuborilgani boʻldi. Shuning uchun ham boshida men alifboga oʻzgartirish kiritilayotganidan emas, koʻproq jarayon salkam yashirincha oʻtganidan norozi edim. Oddiy qilib aytganda, “nega men bilan maslahatlashmadinglar?!”, degan bir egoistik-narsisstik yondashuv (“sen kimsan oʻzi?” deydigan odam esa... koʻp).
“Alifbo muhokamasi salkam 10 yildan beri davom etayotgandi, yana qanaqa muhokama kerak sanga?”, degan gaplar ham boʻldi. Endi, qanday tushuntirsam… Deylik, uyim oldida salkam 10 yildan beri pul naqdlashtiradigan bankomat turibdi. Deyarli foydalanmayman, birov foydalanayotganini ham koʻrmayman. Ammo ertaga “naqd pul bankomatlari yoʻqotilarkan”, degan eʼlon chiqsa, oʻsha bankomat oldidagi olomon ichida men ham boʻlsam kerak (menga hozircha naqd pul kerak boʻlmasa ham).
Alifbo muhokamasi ham shunday: “unisi oxirgi muhokama, keyin qonun qabul qilinadi, tamom”, degan eʼlon boʻlsa, hamma jiddiylashadi. Jim oʻtirganlar ham tilga kiradi, balki aynan ulardan biror asosli, mantiqli, tayinli taklif chiqib qolar. Bir-ikki yil avvalgi aynan shunday, “endi aniq oʻzgarish boʻlarkan”, degan umid bilan oʻtgan muhokamalarda “sh” va “ch” hozirgi holida, dumsiz qolaversin, degan mantiqli fikrlar chiqib qolgandi. Muhokama boʻlsa, ehtimol, “ng” ham juvonmarg boʻlmasdi, “x” va “h” ham murosaga keltirilardi va hokazo.
Lekin muhokama boʻlmadi, “mening fikrimga hech kim qiziqmadi!”, qonun qabul qilib yuborildi. “Rossiyadagi moxovlar oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib qolgan vaqtda otni qamchilashyapti-da”, degan fikr ham durust, lekin bu oʻzgarishni tezlashtirib yuborgan narsa tashqi omil emas, balki ichimizda shu oʻzgarishdan (moliyaviy) manfaatdor kuch paydo boʻlgani boʻlsa kerak; xayolimni band etgan konspirologiya ham shu aslida.
Bizda, bilasiz, “Egasi”, “rahnamosi” bor sohalar gullaydi, ularning yoʻllari ochilib ketaveradi. Alifbo muhokamasi ham kamida 10 yildan beri boʻlgani bilan, shu vaqtgacha bu oʻzgarishdan manfaatdor qudratli kuch yoʻq edi. Ammo bir yil avval, avtoraqamlarga raqam oʻrniga ism yozdirishga va shunday avtoraqamlarni auksionlarda milliardlab soʻmga sotishga ruxsat beruvchi qaror chiqqach, ana shunaqa kuch paydo boʻldi-yov.
Masalan, toshkentlik Shuhrat oʻz ismi yozilgan raqamni olmoqchi. Buning uchun 5 mlrd soʻm toʻlashga ham rozi (chunki Toshkentda 01 raqami bilan boshlanadigan avtoraqamda bunday ism faqat bitta boʻladi). Lekin hozirgi alifbo bunga imkon bermaydi: Shuhrat ismi olti harfli, lekin belgilar soni oltitadan koʻp. Avtoraqamga esa faqat olti belgi sigʻadi. Oʻzbekistondagi 14 hududning har birida mana shunday 5 mlrd toʻlashga tayyor qanchadan-qancha Shuhratlar, Xurshidlar, Jamshidlar bor.
Shuncha pul turganida, “sh” va “ch” harflarini bitta belgi koʻrinishiga keltirmasa boʻlmas, toʻgʻrimi? Endi, parlament qabul qilgan qonun bilan faqat “sh” va “ch” harflari oʻzgarganida, odamlar deputatlarning tomi toʻliq ketibdi, deb oʻylagan boʻlardi. Shuning uchun jamoatchilik har doim soʻrab kelgan “o‘” va “g‘” harflarini tuzatish ham qonunga qoʻshib ketilgan boʻlsa kerak.
Lekin nazarimda, avtoraqamga yozishda “o‘” va “g‘” harflarining ilmoqlari xalal bermasdi, ortiqcha bir joy egallamasdi ham. Ayni vaqtda, “soʻzni boʻlib yuboryapti” degan (asosli sabab bilan) “o‘” va “g‘” harflarining ilmoqlari olib tashlanib, lekin tutuq belgisi ham soʻzlarni, ismlarni (masalan, mening familiyamni) shunday ikkiga boʻlib tashlashi unutilgani xayolimni band etgan konspirologiya asoslarini mustahkamlayotgandek.
Kunda-kunora tutuq belgili ismi-familiyasi bilan xabarlarda chiqib turadigan biror hurmatli kattakon boʻlganida edi, ehtimol, bu ilmoq ham esdan chiqmasdi. Xuddi shu kabi, “ng” harfidan boshlanadigan yo shu harf qatnashgan olti harfli, lekin yetti belgili mashhur oʻzbekcha ism(lar) boʻlganida edi, menimcha, u ham alifbodagi “propiska”sini saqlab qolardi.
Mana shu konspirologik fikr xayolimni band etgach, “mendan fikr soʻrashmadi!” degan egoistik-narsisistik alamzadalik ham yoʻqoldi. Chunki davlatimizning birdaniga millatparvarligi tutib, “xalq shu buzuq harflar sabab juda azoblandi”, degan mulohaza bilan alifbomiz haqida qaygʻurib qolganiga ishonolmayotgandim baribir.
Mana endi xotirjamman. Xudoga shukr! Borib, haligi qirgʻiz baxshining “Sot, sot, sot, sot!” degan ashulasini eshitib kelay-chi…
PS. Qonun kuchga kirgan kunning ertasiga ismli avtoraqamlar savdosi ham ochilishi ham eʼlon qilinsamidi hali...”
Sohani rivojlantirish borasidagi tadrijiy qadam
Shundan keyin jamoatchilik faoli, bloger Shahnoza Soatova Aʼzamxoʻjayevning taxminlari hech qanday asosga ega emasligini aytib, alifboga kiritilayotgan oʻzgarishlar ortiqcha xarajatga olib kelmaydigan tarzda oʻtkazilishini tushuntirdi:
“Qonun loyihasi toʻgʻrisida tarqatilgan maʼlumotlarda hamda keyinchalik mutaxassislar bergan tushuntirishlarda ham ushbu tuzatishlar tufayli shoshilinch xarajatlarga yoʻl qoʻyilmasligi koʻrsatib oʻtilgan edi.
Jumladan, qanchalik murakkab boʻlmasin, har qanday rasmiy hujjat, davlat belgilari, darslik va boshqalar toki ular oʻz muddati kelib almashmaguncha oʻz kuchida qolishi, barcha oʻzgartirishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi taʼkidlanmoqda.
Koʻp tasdiqlanmagan xabarlar, jumladan, ismlar yozilgan avtoraqamlar chiqarilishi bahonasida alifbo tuzatilayotganligi yoki shu kabi oʻzgarishlar tufayli alifbo almashishidan kimningdir manfaatdorligiga oid fikrlar hech qanday asosga ega emas.
Aslida, koʻp sonli tilshunoslik va turdosh sohalar mutaxassislari taʼkidlaganidek, alifbomiz va tilimiz bugungi raqamli zamonda rivojlanishi uchun taklif etilayotgan oʻzgartirishlarga ehtiyoj allaqachon yetilib boʻldi.
Shu bois, alifboga kiritilayotgan oʻzgartirishlar biror ortiqcha xarajatlarga yoki boshqa sohalardagi islohotlarga bogʻliq emas, balki sohani rivojlantirish borasidagi tadrijiy qadam sifatida koʻrilishi kerak”.
Soatova qayd etganidek, loyiha muhokamasi davomida deputatlarning qonun loyihasini samarali, bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan bildirgan takliflari orasida qonun kuchga kirgunga qadar rasmiylashtirilgan hujjat, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlarning amal qilinishi saqlab qolinishi, davlat organlari va tashkilotlarning ramziy belgilari belgilangan muddatgacha saqlanib qolishi ham oʻrin olgan edi.
Biroq aynan mana shu qarorning oʻzi yana qancha chalkashliklarga olib kelishini iqtisodchi Botir Qobilovning birgina “3 xil yozuvdagi Oʻzbekiston soʻzi bilan yashar ekanmiz”, degan jumlasidan anglash mumkin.
Taʼlim boʻyicha ekspert Komil Jalilov Aʼzamxoʻjayevning “konspirologik nazariya”sini maʼqullarkan, uning fikrlariga Soatovaning kirill alifbosida qaytargan raddiyasiga diqqatni qaratib, oʻrinli savollar qoʻydi:
“Konspirologik nazariyalar paydo boʻlmasligi uchun ham muloqot kerak, tushuntirish kerak. Men alifbo oʻzgarishini yoqlayotganlardan ikkita oddiy va muhim savolga aniq-tiniq, asoslangan javobni haligacha koʻrmadim:
1. O‘ va g‘ bilan bogʻliq muammoni alifboni oʻzgartirmasdan turib, texnik yechimlar bilan hal qilish yoʻllari oʻrganildimi? Qanday yechimlar koʻrildi va nega ular ish bermaydi, “albatta alifboni oʻzgartirish kerak”, degan xulosaga nima asosda kelindi?
2. Na hozirgi alifbodan faol foydalanayotganlar uchun, na kompyuter tizimlari va na sunʼiy intellekt uchun muammo tugʻdirmayotgan sh va ch ni almashtirish zarurati qayerdan paydo boʻldi?
(“Bir tovushga bir harf” degan gʻayriilmiy tamoyilni ham, “umumiy turkiy alifbo” degan pafosli iddaolarni ham, “ikki harf koʻp joy oladi” yoki “terish koʻp vaqt oladi” degan kurakda turmaydigan sabablar emas, real, ilmiy asoslangan sabablar keltirilsa maqsadga muvofiq boʻlardi)”.
“Sh” harfi “ş”ning muqobili ekanini algoritmlar aniqlay olmaydi. Buni tekinga hech kim qilmaydi
Jalilov shuningdek, alifboni oʻzgartirish hech qanday xarajatlarsiz amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi fikrga javoban texnik xarajatlar haqidagi tredni toʻliqligicha keltirgan:
“Dasturlar, katta til modellari va databazalardan ozroq xabari bor odam sifatida, bu tredni yozishni joiz topdim. Kelinglar, til oʻzgarishlarining kelajakdagi taʼsirini texnologiyalar qanday ishlashi nuqtayi nazaridan koʻrib chiqamiz.
1. Katta til modellari. Hozirgi zamonaviy til modellari til qoidalarini inson belgilab bergan bir varaq qoida bilan emas, qayta-qayta takrorlangan kuzatuvlarga asoslanib oʻrganadi. 30 yillik oʻzbek raqamli matn boyligi “shahar” soʻzini 100 million marta, “şahar”ni esa 1 million marta koʻradi. Katta til modellari kelajakda yangi alifboga oson moslashishi uchun dastlab mavjud UzNet toʻliqligicha oʻgirilishi kerak. Bu degani har bitta mavjud veb sahifa, pdf, epub va hk. formatdagi fayllar oʻgirib chiqilishi kerak. Buni tekinga hech kim qilmaydi.
2. Qidiruv tizimlari va indekslar. Google kabi qidiruv tizimlari vaqt davomidagi oʻxshash matn, savol va unga javob beruvchi matnlar mavjud sahifalarni oʻrganadi. Algoritmlar 20 yillik axborotlar va foydalanuvchilarning qayta-qayta ishlatishi orqali oʻrganilgan tamoyillarga asoslanadi. Shunchaki bitta harfni boshqasiga oʻzgartirib qoʻyish bu algoritmlar uchun shok hosil qiladi. “Sh” harfi “ş”ning muqobili ekanini bu algoritmlar oʻzidan-oʻzi aniqlay olmaydi. “ch”ning haqiqiy muqobili ĉ, ȼ yoki ç boʻlsa-chi? Kim bilsin.
3. Muvofiqlashtirish qoidalari. Bu degani — oddiy tilda aytganda bitta shakldan ikkinchisiga maʼlum qoidalar orqali oʻgirish desa boʻladi. Masalan “Shuhrat” ismli shaxsning maʼlumotlar bazasidagi jadvallardagi qatorlari aniq-tiniq qilib Şuhratʼga oʻgirilishi unchalik ham oddiy ish emas. Tajribali injenerlar entity resolution, regex va validatsiyalarning qanchalik murakkab ekanini, oʻzgarishlarni bittalab tekshirib chiqishdek ishning hajmi, va ishlar chatoq ketib qolsa uni orqaga qaytarishning qiyinchiliklarini yaxshi tushunishadi. Ayni yuqoridagi oʻzgarishning “backward compatible” qilish, yaʼni har bitta xato ketgan ismni hozirgi lotin qoidalariga qaytara olishini oldindan kafolatlash — bu murakkab va mavhumligi koʻp savol.
4. Annotatsiyalar. Lugʻatlar, glossariylar, audio maʼlumotlarning matnga oʻgirilgan shakllari, har biri ichki tizimlarda qayta oʻgirib chiqilishi kerak. Bu dasturchilar yoki kompyuter savodxonligi bor, malakali inson uchun iloji bor narsa, lekin bunga vaqt va kuch sarflash zarurmi? Deylik, chop etish bilan shugʻullanuvchi korxonalar bunday transformatsiyaga hamma narsani choʻntagidan qilishga majbur. 800 milliard soʻmdan ularga hech kim hech narsa bermayapti, tushunishimcha.
5. Parallellik muammolari. Ispan va nemis tillari xuddi taklif qilinayotgan tildek, klaviaturaga toʻliq moslashmagan belgilardan foydalanishadi. Lekin Müller Mueller, José esa Jose deb yozib ketiladi, oqibatda yillar oʻtib shunchaki qulay uslub ham qoidaga aylanib qoladi. Bugun nemislar Schroeder deb yozib oʻtib ketaveradi, bunga hech kim qarshilik qilmaydi, dasturlar va algoritmlar buni tushunishi uchun koʻp vaqt ketadi. Ular bu yozuv qoidalarini internetda matnli maʼlumotlar koʻpayishidan oldin kiritishgan. Bugun orqaga qaytish birdek qiyin ish.
6. Xorijiy tizimlar bilan xoslik va moslik. Oʻzbek tilida otasining ismi “oʻgʻli” deb yoziladi, bilamiz. Xorijda hujjatlar bilan ishlaganda buni ogli yoki ugli deb yozishga majburmiz. Bu mavjud muammo. Endi buning ustiga sh va ch qoʻshiladi. Avtomatik tizimlar buni s va c deb kiritadi. Qoʻpol misol: “Coriyev Sokir Samsod ugli”. Xuddi shularni tep-tekis lotinchada sh va ch deb yozish talaffuzda ham, yozish qoidalarida ham intuitiv. Ingliz tilida chapter, shallow yoki chamber soʻzlarini talaffuz qilish qoidalari aniq.
… Bu texnologik nuqtayi nazardan juda yomon burilish boʻladi. Asosiysi, bunaqa oʻzgarishlar IT olamida ham har doim uchramaydi. Bunday tajribaning boʻlishi ham IT hamjamiyati tomonidan yuqori baholanmaydi. Bizdan boshqa hech kim bunday muammo yaratib, uni yechib oʻtirgan joyi yoʻq.
Asosiysi, tilshunoslarimiz “Bugundan boshlab kitoblarni yangi alifboda bosishni boshlaymiz tamom, nima endi shuyam ishmi?” yoʻsinida javob bermasdan, buning mavjud raqamlashgan hayotimizga olib kiradigan qiyinchiliklarini ham baholay olishlari kerak. Gap har bitta shaxsiy maʼlumotlar bilan ishlovchi, qaysidir shaklda maʼlumotlarni saqlash, uzatish va qabul qilish bilan bogʻliq raqamli operatsiyalar bajaradigan tizimlardagi yuqori riskli oʻtish davri haqida ketyapti. Bu tabiat yaratgan muammo emas. Oʻzimiz oʻylab topdik buni”.
Alifbo oʻzgartirish — sobiq ittifoq davridan meros
Tadbirkor, xususiy maktab va universitet asoschisi Bektosh Xatamov Adolat gazetasida yangilanadigan lotin alifbosi haqida kirill yozuvida chop etilgan maqolaga ishora qilib shunday yozadi:
“Baʼzi jamoat faollari alifboni oʻzgartirsak, muammolar hal boʻladi deb oʻylashmoqda, lekin aslida bu juda katta xato hisoblanadi deb oʻylayman, biz yana bir avlodning savodsizlashishiga sababchi boʻlamiz. Oʻzi mana bu maqolada ham koʻrishingiz mumkin, hali bor alifboga oʻtmagan avlod oʻzi shundoq ham chalasavod avlod uchun toʻrtta harfni oʻzgartirish haqida kiril alifbosida tushuntirish bermoqda.
Aslida alifbo oʻzgartirish bizga sobiq ittifoq davridan meros. Mustamlaka siyosatining bir vazifasi ham aslida xalqni savodsizlashtirish boʻlgan, shuning hisobiga alifbo naq besh marta oʻzgargan, har oʻzgarganda qaysidir avlod savodsiz boʻlib qolavergan. Mustamlaka siyosatini tushunsa boʻlar, ammo hozir mustaqilmiz-ku, hozirgilarga nima jin urdi deging keladi.
Miraziz Aʼzam oʻz otasi haqida shunday eslaydi:
“Adang til-adabiyot oʻqituvchisi edi. Keyin birdan tarix fakultetiga kirish uchun Dorulmualliminga hujjat topshirdi. “Nega unday qivossiz?” desam, “Alifbo oʻzgaraverishi jonimga tegdi. Endi koʻnikkanda boshqasiga oʻtaveramiz”, degandi. “Nimaga alifbe oʻzgararkin?” deb oʻylardim oʻsha paytlarda. Endi-endi otam 1912-yilda tugʻilgani, 7 yoshdan 28 yoshgacha 5-marta alifbo islohini koʻrganini koʻz oldimga keltiraman va u avlod vakillariga qiyin boʻlgani-yu amalda savodsizlikka mahkum etilganini oʻylab, mustamlakachilik siyosatining qingʻir ishlari, shumliklariga yana bir nafratim ortadi. “Shu islohotlar kerakmidi?” deb tushunishga harakat qilaman”.
Men oʻzimni vijdonim uchun ham, tarix uchun ham bu alifbo islohoti juda katta xato boʻlayotganini yozib qoʻyishim kerak deb yozmoqdaman”, deb yozadi tadbirkor.
“Toʻgʻilganlik guvohnomasi” va “xatolikka yul” yohud koʻrgazma uchun lotincha va ish uchun kirillcha yozuv amaliyoti
Lotin yozuviga kiritiladigan qoʻshimchalar haqida maʼlum boʻlgan ilk kunlardanoq asosli munosabatini bildirgan iqtisodchi Behzod Xoshimov yozuvni oʻzgartirish eng qimmat xatolardan boʻlishini, uning mamlakat iqtisodiyotiga zararlarini aytib, bu koʻpincha siyosiy qaror ekanini taʼkidladi va fikrlarini xalqaro tajriba misolida toʻldirdi:
“Alifboni yana bir bor oʻzgartirish juda ogʻir xato boʻladi. Sababi oddiy: tranzaksion xarajatlar. Biz ularning koʻlamini tasavvur ham qilmayapmiz — bironta muhokamada bu raqam turmaydi.
Misol keltiray. Lotin alifbosiga oʻtganimizga sal kam 30 yil boʻldi. Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida, hujjat olish tartibi yozilgan sahifada hozirgacha shunday xatolar bor:
“toʻgʻilganlik guvohnomasi”, “propiskasi bulmasa”, “xatolikka yul”.
Hammasini bitta narsa birlashtirib turibdi — kirillchadan lotinchaga oʻtishning izi.
Kirill oʻzbek yozuvida o‘ harfi bor: ustida “tomi” bor u. Kirillchada savodi chiqqan odam uni avtomatik ravishda u deb his qiladi, shuning uchun “hup”, “buldi”, “bulmasa” deb yozadi. Teskarisi ham bor: U harfini “toʻgʻrilashga” urinib, keraksiz joyda o‘ ga aylantiradi — natijada “tugʻilganlik” oʻrniga “toʻgʻilganlik” chiqadi.
TIVni misol qilib olishimning sababi: u yerda mutaxassislar ishlaydi. Til bilan, hujjat bilan ishlaydigan odamlar. Agar shu yerda ham shunday boʻlsa, qolgan joyda qanday? Bunday xatolar barcha vazirliklarda, eng muhim hujjatlarda uchraydi. Aminmanki, oʻsha matnlarni tayyorlagan odamlar kirillchada begʻubor yozadi. Lotinchada esa majburiyat yuzasidan yozyapti.
Bu yerda asosiy masalaga kelamiz. Yozish, muammoning yarmi, xolos. Kattaroq masala — oʻqish.
Savodi kirillchada chiqqan odam lotincha matnni sekin, qiynalib oʻqiydi. Shuning uchun ham, 30 yildan keyin ham, respublikamizdagi asosiy yozma oqimi hamon kirillchada: qarorlar, zapiskalar, protokollar, arizalar: deyarli hamma tashkilotda muhim narsa kirillchada taqdim etiladi. Lotincha koʻpincha koʻrgazma uchun, kirillcha esa ish uchun.
Endi tasavvur qiling: shu holatda uchinchi yozuvga oʻtsak, natija nima boʻladi? Hech kim toʻliq tushunmaydigan uchinchi qatlam. Bir avlod kirillchada, bir avlod lotinchada, uchinchisi yangi alifboda — va yana 30 yil kutamizmi?
Bir avlod allaqachon qiynaldi. Mayli, oʻtdik. Lekin buni takrorlashda men maʼno koʻrmayapman. Xarajatini koʻryapman — yana 30 yil hech kim toʻgʻri yoza olmaydi va bemalol oʻqiy olmaydi, xuddi hozirgidek. Oddiy inglizcha klaviaturada ham bemalol yozib boʻlmaydigan qilishmoqda.
Aytgancha, oʻzim kirillchada yozmasligimning sabablaridan biri ham shu — kompyuterimda oʻzbek kirill alifbosi yoʻq. Lotinchada esa hech qanday qoʻshimcha narsasiz yozaveraman. Shuning uchun ham kundalik lotin harflardan foydalanmaydigan deputatlar, tabiiyki bunday oʻzgartirish qanchalik muammoli ekanini tushunishmaydi. Oʻttiz beshdan yosh boʻlganlargina buni bilishadi.
Alifbo almashtirish kamdan-kam holda sof filologik masala boʻladi. Odatda uning ortida siyosiy maqsad turadi va bu maqsad koʻpincha yashirilmagan ham.
Turkiyani olaylik. Lotin alifbosiga oʻtishning eksplitsit sabablaridan biri — yangi avlodni eski zamon kitoblari va yozuvlaridan uzish edi. Yangi respublika oʻzining yangi turkini tarbiyalamoqchi edi, oʻtmish esa unga tahdid boʻlib koʻrinardi. Inqilobiy hukumat uchun bu mantiqiy qaror: agar oʻtmish tahdid boʻlsa, unga eshikni yopasan. Shunday ham boʻldi.
Bosqinchilar ham xuddi shu vositadan foydalanadi. Bizda ruslar kelgach, alifbo ikki marta oʻzgartirildi: avval 1929-yilda arab yozuvidan lotinchaga, soʻng 1940-yilda kirillchaga.
Bu ketma-ketlikka eʼtibor bering. Birinchi oʻzgarish oʻzbekni oʻzining ming yillik yozma merosidan — adabiyotidan, hujjatidan, diniy va ilmiy kitoblaridan uzdi. Ikkinchisi esa 11 yil ichida yaratilgan yangi lotin qatlamidan ham, Turkiyadan ham uzdi. Bitta avlod umri davomida ikki marta savodsiz qoldirildi.
Bobolarimizning bobolari juda qisqa vaqt ichida oʻqimishsizga aylandi. Oʻz farzandlariga xatlar yoza olmay qolishdi hatto. Bu nosozlik emas edi: dizayn shunday edi. Bosqinchining maqsadi aynan shu uzilishni taʼminlash boʻlgan: yangi sovet oʻzbegi oʻz tarixi, oʻz adabiyoti, oʻz yozma mulki bilan aloqasini yoʻqotsin. Armanlar va gruzinlar aynan shuni deb oxirigacha oʻz yozuvini qoldirishga kurashgan edilar.
Shuning uchun alifbo haqidagi har qanday taklifga bitta savol bilan qarash kerak: buni siyosati nima?
Agar bunday maqsad boʻlsa: hech boʻlmasa uni ochiq aytish kerak, xarajat ham shunga yarasha hisoblanadi. Agar bunday maqsad boʻlmasa, unda savol yanada sodda boʻlib qoladi: nega biz siyosiy vositadan tinchlik davrida foydalanmoqchimiz? Uzilishning narxini toʻlaymiz, lekin evaziga hech narsa olmaymiz-ku”, deydi Behzod Hoshimov.
Oyina.uz