Soʻnggi paytlarda “motivatsiya” soʻzi tez-tez quloqqa chalinadigan boʻlib qoldi. “Motivatsiya” haqida yozish uchun esa menga bir doʻstimizning maqola tagida qoldirgan izohi “motivatsiya berdi” (sabab boʻldi // asos boʻldi // ruhlantirdi // ilhomlantirdi // undadi // turtki boʻldi). Mazkur jumlada “motivatsiya” oʻrnida qavs ichidagi biror soʻzni qoʻysam ham tushunarli boʻlardi, lekin shu soʻzni ishlatgim keldi.


Xoʻsh, “motivatsiya”ni oʻzbekchalashtirish mumkinmi? Faqat bir muammo bor, “motivatsiya” – bu avvalo ilmiy atama. Atama, istilohlar esa koʻpincha tarjima qilinmaydi.


Ilgari tilimizda fransuzchadan rus tili orqali oʻtgan “motiv” (“motif”) soʻzi ishlatilardi. Uni ham adabiy atama sifatida taniganmiz, xususan, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da unga shunday izoh berilgan: “motiv – syujetning tarkibiy elementi, asarning asosiy mazmuni, mavzui” (OʻTIL.I.1981.472-bet). “Falonchi adib ijodida vatan motivlari”, “falonchi shoir sheʼrlarida sevgi motivi” qabilida aytilardi.


Rus tilida esa “motiv” nisbatan kengroq maʼnolarda qoʻllangan. Xususan, “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”da “motiv”ning asosiy maʼnolari sifatida: “sabab, bois, vaj” soʻzlari keltirilgan. Misol: “
по личным мотивом – shaxsiy sabablarga koʻra” (ROʻS.I.1983.573-bet). Bundan tashqari, rus tilida sovet davrida “мотивировать” (“asoslamoq, dalil keltirmoq”) feʼli; “мотивировка” (“asoslar, dalillar, vaj-sabablar”) soʻzi ham yasalgan.


“Motiv”ning fransuzcha shakli – “motif” va unga fransuzcha “Larousse” lugʻatida: “nimadir qilishga, harakatga undaydigan sabab, intellektual omil” deb izoh berilgan. Umuman, “motif” lotincha: “harakatga keltirish, koʻchish” maʼnosidagi “movere” soʻzidan kelib chiqqan.


Xullas, “motivatsiya” (fr. “motivation”) ana shu “motiv” soʻzidan yasalgan va u “Larousse” lugʻatida: “1.
Biror bir ish-harakatni izohlovchi, taʼminlovchi, yuzaga chiqaruvchi omil, sabablar (motivlar) majmui...”, deb keltirilgan. Albatta, “motivatsiya”ga berilgan izohlar lugʻatda yana davom etadi, ammo bu atamaning asosiy ochqichi – bu uning “motivlar majmui” ekani. Bundan tashqari, falsafa, ruhshunoslik, iqtisodiyot, tilshunoslik va boshqa fanlarda “motivatsiya” ilmiy atama sifatida turli qoʻshimcha maʼnolarga ega.


Yuqorida biz “motiv” soʻzining lugʻaviy maʼnosi: “harakatga keltirish, koʻchish” ekanini aytib oʻtdik, yaʼni, “motiv”, “motivatsiya” deganda biz shunchaki sabab, vaj, omillarni emas, balki “harakatga keltiruvchi”, biror ish-harakatni yuzaga chiqarishga undovchi sabablarni tushunamiz. Deylik, sizda biror joyga sayohatga borish uchun xohish, mablag‘, vaqt, imkoniyat, xullas, barcha omillar bor, bu sabablar sizni harakatga undaydi, ruhlantiradi, boshqacharoq aytganda, sizga motivatsiya beradi. Aksincha, mazkur omillar boʻlmasa, tabiiyki, motivatsiya ham boʻlmaydi. Yoki sizning uquv va bilimlaringiz imkoniyatingiz darajasidagi sohani tanlashga ilhomlantirishi (motivatsiya berishi) mumkin.


Fransuzcha gapiruvchilar oddiy soʻzlashuvda “motivation”ga nisbatan koʻproq “motiver” va “motivé” soʻzlarini qoʻllaydi. “Motiver” feʼli – “sabablar bilan asoslangan” maʼnosiga ega, rus tilida ham unga munosib – “
мотивировать” feʼli yasalgan, ammo oʻzbek tiliga bu feʼl oʻzlashmagan; “motivé” soʻzi esa – sifat – “asoslarga (motivatsiyaga) ega” degan maʼno bildiradi, rus tiliga bu soʻz – “мотивированный человек” boʻlib oʻtgan (“un homme motivé” – “мотивированный человек”). Oʻzbek tilida “motivli” yoki “motivlamoq” deyilmaydi va bunga hojat ham yoʻq, yuqorida guvohi boʻldikki, oʻzbek tilida busiz ham fikrni toʻlaqonli ifodalash mumkin.


Alqissa, “motivatsiya” soʻzi hozirda tilimizga shiddat bilan kirib kelayotgan ekan, uni duch kelgan joyda emas, menimcha, koʻproq ilmiy atama sifatida ehtiyoj boʻlganda ishlatgan maʼqulroq, toki u jonli tilimizda shu paytgacha ishlatib kelgan soʻzlarimizni siqib chiqarmasin.

Abduvohid HAYIT