Milliy kinematografiyamizga oʻziga xos imzosi bilan kirib kelgan Shokir Xoliqovning har bir ijodiy ishi maʼlum yutuqlarga erishgan. Bugun eʼtiboringizni 2019-2021 yillarda yaratilgan “Qiz va bulut” qisqa metrajli animatsion filmiga qaratmoqchimiz.
Film Usmon Azimning “Yomgʻir haqida ballada” deb nomlangan sheʼri motivlari asosida moyboʻyoqda oynaga chizish usulida yaratilgan. Shu paytgacha Oʻzbekistonda bunday usuldagi animatsion film yaratilmagandi. Biz bu borada birinchi boʻldik, – deydi Shokir Xoliqov.
11 daqiqali film uchun toʻrt mingdan koʻproq surat chizilgan. Filmning rejissori, ssenariy muallifi va montaj ustasi Shokir Xoliqov, film animatori va rassom – Erkin Xushmatov, operator – Diyor Ismatov, ovoz rejissyori – Jahongir Majidov hamda prodyuser Xurshid Alixoʻjayev.
“Qiz va bulut” qisqa metrajli animatsion filmi koʻplab xalqaro yutuqlarga erishdi.

2021-yil
- Yaponiyada boʻlib oʻtgan “21 – DigiCon 6 Asia” qisqa metrajli badiiy va animatsion filmlar xalqaro kinofestivalida “Mintaqaning oltin filmi” va “Festivalning oltin filmi” mukofotlarini qoʻlga kiritgan;
- Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan “UMUT” yosh kinoijodkorlar forumida “Eng yaxshi rejissorlik filmi” nominatsiyasida gʻolib boʻlgan;
- Turkiyada “9 Xalqaro Silk Road Film Awards” festivalida “Eng yaxshi animatsion film” deb topilgan;
- Qozogʻiston “Bastau” xalqaro qisqa metrajli filmlar festivalida “Eng yaxshi animatsion film” nominatsiyasi boʻyicha taqdirlangan;
- Hindistonda boʻlib oʻtgan “KidsCinema” xalqaro bolalar filmlari festivalida “Eng yaxshi oltin animatsion film” nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
2022-yil
- Rossiyada boʻlib oʻtgan “Kinokavkaz-2022” Shimoliy Kavkaz yoshlar kinofestivalining “Eng yaxshi animatsion filmi” deb topilgan;
- Shuningdek, Rossiya “Peterhof Film Festival-2022” talabalar filmlari festivalida faxrli 3-oʻringa munosib koʻrilgan.
3 yillik mehnat sarflangan va bir qator eʼtiroflarga munosib koʻrilgan ushbu animatsion filmni YouTube orqali tomosha qilishingiz mumkin.