Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Hikmatulloh Toshtemirov javob berdi
– Xorijda ishlab chiqariladigan soya souslarining tarkibiga maʼlum miqdorda spirt qoʻshiladi. Ayrim oshpazlarning aytishicha, pishirish jarayonida bu spirt bugʻlanib, yoʻqolib ketadi. Shunday souslarni isteʼmol qilish joizmi?
– Bugungi kunda turli mahsulotlarda ishlatilayotgan spirtlarning aksari uzum yo xurmodan emas, don-dun, poʻstloq, neft va boshqa manbalardan olingan boʻlib, najosat hisoblanmaydi. Shu bois u badan yoki kiyimga tegsa, najosat qilmaydi. Ammo uni huzurlanish (mast boʻlish) maqsadida isteʼmol qilish qatʼiyan taqiqlanadi. Soyaga qoʻshilgan spirt soyani najosat qilmaydi. Ulamolar bunday spirt najosat qilmasligi bilan birga yana bir shart topilishi kerakligini taʼkidlashgan: qoʻshilgan spirt istihola boʻlishi, yaʼni mohiyati butkul oʻzgarishi lozim. Agar soyaga qoʻshilgan spirt haqiqatan bugʻlanib, taom tarkibidan butunlay yoʻqolib ketsa, bunday soyani isteʼmol qilish joiz boʻladi. Agar yoʻqolmasdan oʻz holicha tursa, isteʼmoli joiz emas.
* * *
– “Dam solishingizning foydasi yoʻq, baribir kuchingiz yetmaydi. Boʻyniga olgan domlalar dam solishi kerak” degan gap toʻgʻrimi?
– Musulmon odam oʻziga ham, voyaga yetmagan farzandlariga ham dam solib yurishi zarur. Buning uchun ertalab va kechqurun Oyatul kursiy, Ixlos, Falaq va Nos kabi ruqiya uchun oʻqiladigan sura va oyatlarni va ayrim duolarni oʻqib qoʻyishi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yosh bolalarga quyidagi duolarni ham oʻqigan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam Hasan va Husaynga panoh tilab, “Uʼiyzukumaa bikalimaatillahit-taammah. Min kulli shaytonin va haammah. Va min kulli aynin laammah” der va soʻngra “Bobongiz bular ila Ismoil va Isʼhoq alayhimussalomga panoh tilar edi” der edi”.
Savoldagi gapga kelsak, u mijozlari kamayib ketishidan qoʻrqqan va dam solishni oʻziga kasb qilib olganlarning daʼvosi. Toʻgʻri, ayrim hollarda kasallik kuchliroq boʻlganda, masalan, jin taʼsir qilganda, sehr qilinganda va shu kabi holatlarda maxsus malakali, ilmli olimlar oʻqiydi. Chunki bu ishlar maxsus tayyorgarlik va alohida ilm talab qiladi. Lekin odatdagi holatlarda har bir moʻmin-musulmon oʻziga va boshqalarga dam solishi durust.
* * *
– Tarkibida spirt boʻlgan tish pastasidan foydalanish mumkinmi?
– Zamonamiz ulamolari tish pastasi tarkibidagi spirt mast qilish xususiyatini yoʻqotgan boʻlsa, undan foydalanishni joiz deganlar. Agar mast qilish xususiyatini yoʻqotmagan boʻlsa, uni ishlatish joiz boʻlmaydi.
* * *
– Baʼzilar “Mendan qoʻy sotib olsangiz, hayit kunigacha boqib beraman” deb taklif qiladi. Ana shunday kelishuv mumkinmi?
– Unday kelishuv joiz emas. Chunki u kelishuvda (savdoda) ikki tarafdan birining (siz aytganingiz holatda sotuvchining) manfaati shart qilingan. Savdoda taraflardan birining manfaatini shart qilish mumkin emas. Savdo durust boʻlishi uchun avval qoʻyni savdolashib sotib olish, keyin qoʻyni olib ketguncha muddatda maʼlum bir pulga yo tekinga boqib berishga kelishish kerak.
* * *
– Bir tanishim sartaroshxona qurdi. Oʻzi ham sartarosh. Qurgan sartaroshxonasi qirq million soʻmga tayyor boʻldi. Keyin menga kelib, “Menga qirq million soʻm ber, men ijaraga ishlab, senga ijara haqi toʻlayman” dedi. Shundan olgan foydam halol boʻladimi?
– Ushbu kelishuv sharʼan ijara hisoblanmaydi. Biror obyektni ijaraga berishingiz uchun avval u sizning mulkingizga oʻtishi kerak boʻladi. Mazkur holatda esa sartaroshxona tanishingizniki boʻlib qolmoqda. Aslida bu qirq million soʻm qarz berib, uning evaziga foyda olishdir va bu shariatda taqiqlangan sudxoʻrlikdir. Hadisi shariflarda foyda keltiradigan har qanday qarz ribodir deyilgan. Shuning uchun u sartaroshxonasini sizga sotsin. Sizga oʻtgach, uni ijaraga berasiz va olgan pulingiz halol boʻladi.
* * *
– “Agar buyurtma belgilangan muddatda yetib kelmasa, yetkazib berish xizmatiga pul bermayman” deb shart qoʻyish mumkinmi?
– Dinimizda haq egalariga haqlarini toʻliq berish talab etilgan. Jumladan, yollangan ishchining haqini ham. Chunki ishlatib haq bermaslik – zulm. Yetkazib beruvchiga ham buyurtmani belgilangan muddatdan kechikib olib kelgani uchun haq toʻlamaslik zulm hisoblanadi. Ammo xizmat haqining bir qismini kamaytirishni shart qilish joiz. Masalan, buyurtmachi “Shuncha vaqtda olib kelsangiz, 50 ming, undan uzoq vaqtda olib kelsangiz, 30 ming soʻm beraman” desa va bunga yetkazuvchi ham rozi boʻlsa, bu kelishuv durust. Agar yetkazib beruvchi haq olmaslikni oʻzi shart qilsa, yaʼni “Shuncha vaqtda yetkazib bera olmasam, pul olmayman” desa, bu ham joiz boʻladi.
* * *
– Men oʻnta qoramol sotib oldim. Ularning yem-xashagi va qarovi sherigimdan. Tushgan foydani oʻrtada boʻlamiz. Shunday kelishuv toʻgʻrimi?
– Bunday kelishuv nojoiz. Chunki sizlar qilmoqchi boʻlgan ish shariatda mushoraka, yaʼni sheriklik deyiladi. Pul tikib qilinadigan sheriklik ishida ikki tomon ham pul qoʻshishi kerak. Buning uchun siz olgan qoramolingizning yarmi yoki bir qismini sherigingizga soting (nasiyaga boʻlsa ham, pulini imkoniyatiga qarab berib boraveradi). Shunda qoramollar har ikkingizning mulkingizga aylanadi va sheriklik ishni davom ettiraverasizlar. Bunda foyda kelishilgan nisbatda, zarar esa har kimning qoʻshgan puli nisbatida boʻladi.
Yoki siz oʻnta qoramolning yem-xashagini ham olib berasiz, sherigingiz esa ularni boqadi. Yaʼni, sarmoya sizdan, mehnati sherigingizdan. Foyda nisbatini kelishib olasizlar. Zarar boʻlsa pul egasi pulga, ishchi mehnatiga kuyadi. Bu muzoraba bitimi boʻlib, bu shaklda ham ishlash joiz. Ammo siz aytgan holatda sherigingiz hayvonlarni boqqani uchun xizmat haqi va sarf qilgan yem-xashagining pulini oladi, xolos.
Xizmat haqi boshqa shu kabi hayvon boquvchilarning xizmat haqiga qarab belgilanadi.
* * *
– Rossiyadan Oʻzbekistonga ilovalar orqali pul yuboraman. Ilovalar yuborgan pulimdan maʼlum miqdorda vositachilik haqi ushlab qoladi. Shunday ilovalardan foydalanish joizmi?
– Ha, foydalanish joiz. Ushlab qolinayotgan miqdor qarz ustiga qoʻyilayotgan foiz emas, balki pulni bir joydan ikkinchi joyga tez va xavfsiz yetkazib berish, hujjatlarni rasmiylashtirish kabi xizmatlar uchun olinayotgan haq hisoblanadi.
* * *
– Jonliqni qiblaga yuzlantirib soʻyish qanday amal?
– Hayvonni soʻyishda bir qancha mustahab amallar bor. Shulardan biri qassob qiblaga yuzlanib, jonliqni ham qiblaga yuzlantirib soʻyishidir. Mazkur mustahabga rioya qilinmasa ham zarari yoʻq. Chunki mustahab – qilsa savob, qilmasa gunoh boʻlmaydigan amal.
* * *
– “Safar oyida ayol homilador boʻlsa, u tugʻadigan bola yashamaydi” yoki “Safar oyida toʻy qilmaslik kerak” degan gaplarni eshitganmiz... Bu gap toʻgʻrimi?
– Toʻgʻri emas. Shu oyni xosiyatsiz deb bilib, u oyda homilador boʻlishdan saqlangan ayol gunohkor boʻladi. Johiliyat davri odamlari safar oyidan shumlanishgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam safar oyidan shumlanishdan qaytargan. Keyinchalik musulmonlar safar oyini xislatli sanab, “Safarul-muzaffar” (Zafarli safar oyi) deb nomlaganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday degan: “Kasallik yuqishi yoʻq, boyqushdan shumlanish yoʻq, ruhlarning qushga aylanib yurishi yoʻq, safar oyidan shumlanish yoʻq” (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).
* * *
– Hozir mahallalarga ayollarga sochlarini turli uy anjomlariga almashtirishni (sotishni) taklif qilib yuruvchilar kelib turadi. Sochni sotsa boʻladimi?
– Insonning har bir aʼzosi oʻzi kabi mukarramdir. Inson aʼzolarini, jumladan, sochini sotish joiz emas. Soch sotib, oʻrniga olingan narsadan foydalanish mumkin emas. Dinimiz toʻkilgan sochni, tukni, olingan tirnoqni, tushgan tishni koʻmishga buyurgan.
* * *
– Men ishlab chiqarish sohasida ishlayman. Ishxonamizda beriladigan tushlikdan qolgan nonlarni dugonam uyiga olib ketadi. Uning shu ishi toʻgʻrimi?
– Agar dugonangiz tushlikdan qolgan nonlarni ishxona egasining ruxsati bilan olib ketayotgan boʻlsa, ishi sharʼan joiz. Aks holda oʻzganing mulkini ruxsatsiz olgani uchun gunohkor boʻladi. Chunki u nonlar oʻsha yerda yeyish uchun, uyga olib ketish uchun emas. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Musulmon kishining moli oʻzgaga halol emas, faqat uning oʻzi rozi boʻlib bersa (halol boʻladi)” degan (Imom Ahmad rivoyati).
* * *
– Oy-kuni toʻlmay tushib qolgan bolaga janoza namozi oʻqiladimi?
– Agar bola tirik tugʻilsa yoki unga dalolat qiluvchi (qimirlash, yigʻlash kabi) alomat boʻlsa, unga ism qoʻyiladi, yuvilib kafanlanadi va janoza oʻqib koʻmiladi. Ammo oʻlik tugʻilsa, unga ism qoʻyilmaydi, janoza ham oʻqilmaydi. Faqat yuviladi va matoga oʻrab dafn qilinadi (“Bahrur-roiq”).
* * *
– Oʻlgan kishining yili oʻtmaguncha oʻsha xonadonda toʻy qilinmasligi dinimizda bormi?
– Bunday qarashlar mutlaqo asossiz va Islom taʼlimotlariga tamoman zid. Chunki uch kundan ortiq aza tutish yoʻq. Faqat ayol kishi oʻlgan eri uchun toʻrt oy-u oʻn kun aza tutadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ayol biror mayyit uchun uch kundan ortiq aza tutishi halol emas. Faqat eriga toʻrt oy-u oʻn kun aza tutadi” degan (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, mayyitga uch kun aza tutiladi. Shu muddatdan keyin odatiy hayotga qaytish, toʻy qilish, nikoh oʻqitish va boshqa xayrli ishlarni amalga oshirish mumkin. Bu mayyitga hurmatsizlik hisoblanmaydi. Albatta, agar toʻyga bir-ikki kun qolganida oʻlim yuz bersa, toʻyni qisqa muddatga kechiktirish joiz, lekin bir yil kutish shart emas. Dinda bunday talab yoʻq. Agar shu vaqt ichida yana kimdir oʻlsa, unda yoshlar yana qancha kutadi?! Bunday buzuq va notoʻgʻri tushunchalar insonlar uchun koʻplab muammo va qiyinchiliklarni paydo qiladi. Shuning uchun moʻmin kishi shariat koʻrsatmasiga amal qilishi, xurofot va asossiz gap-soʻzlarga ergashmasligi kerak.
* * *
– Qushlarni bir-biriga chatishtirib, qushning yangi turini kashf qilish joizmi?
– Alloh taolo Josiya surasining 13-oyatida bunday marhamat qiladi: “Va sizga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni – hammasini Oʻz tomonidan beminnat xizmatkor qilib qoʻydi”. Parrandalarni chatishtirishda sharʼan monelik yoʻq. Hatto bundan bepusht parranda hosil boʻlsa ham. Bu xuddi eshakni otga chatishtirib bepusht hayvon boʻlgan xachir paydo qilishga oʻxshaydi. Ammo bu ish orqali qushga zarar va zulm qilish yoxud oʻsha qush tabiat uchun zarur boʻlib, uning turi yoʻqolib kelishiga olib kelsa, joiz emas.
* * *
– Bolani ikki yil emizmay sutdan chiqarib yuborsa, haqi toʻliq ado qilinmagan boʻladimi?
– Shariatimizda ona bolasini ikki yil toʻliq emizishi talab emas, tavsiyadir. Agar sutdan chiqarish bolaga zarar qilmasa, ikki yil toʻlmay turib ham chiqarish joiz. Ikki yilga yetmasdan chiqarsa, bolaning haqi ota-onada qolib ketdi deyilmaydi. Alloh taolo Baqara surasida bunday marhamat qiladi: “Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa, onalar farzandlarni toʻliq ikki yil emizadilar...” (233-oyat). Mazkur oyati karima tafsirida mufassir ulamolar “Emizish muddatining ikki yil deb belgilanishi vojib maʼnosida emas. Bunga “Kim ... iroda qilsa” jumlasi dalolat qiladi. Alloh taolo emizish muddatini oxiriga yetkazishni bandaning xohishiga bogʻlab qoʻyganidan muddatni oxiriga yetkazish vojib emasligi anglashiladi” deyishgan. Qolaversa, mazkur oyatning davomida “Agar oʻzaro rozi boʻlib, sutdan ajratishni iroda qilsalar, ikkovlariga gunoh boʻlmaydi” deyilgan. Yaʼni, ikki yildan oldin er va xotin kelishgan holda, bolaning holatidan kelib chiqib sutdan chiqarishlari joiz.
Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh “Bolani ikki yildan avval sutdan chiqarishda er-xotinning, ikki yildan keyin esa er yoki xotindan birining roziligi lozim” degan. Ammo bolaga emish zarur boʻlaturib sutdan chiqarib yuborish mumkin emas. Chunki bu unga ochiq-oydin zarar berish boʻladi.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.