Soʻz dur boʻlsa, daryosi – koʻngildir
Turkiy tilning jahon miqyosiga chiqishida Alisher Navoiyning beqiyos xizmati bor. Uning til, nutq, soʻz, lafz haqida shu qadar rang-barang fikr-u mulohazalari borki, ular ona tilini hurmat qiladigan biron kitobxonni befarq qoldirmaydi.
U “Muhokamatul-lugʻatayn” asarida turkiy tilning gʻamxoʻri va himoyachisi oʻlaroq bu tilning oʻziga xos lisoniy xususiyatlarini, fors tilini kamsitmagan holda, undan afzal jihatlarini koʻrsatib, ayni paytda turklarni oʻz ona tillarida ijod qilishga qattiq undadi. Mazkur asar 1499-yili, shoirning yoshi bir joyga borgan, hayotiy va ilmiy tajribalari, xulosalari pishib yetilgan paytda yozilgan.
Alisher Navoiy chogʻishtirma (kontrastiv) lingvistikaning yorqin namunalaridan biri “Muhokamatul-lugʻatayn”ning ibtidosida insonni til va nutq bilan sharaflagan va barcha jonzotlardan mumtoz aylagan Allohga hamdu sano aytadi. “Men fasohatliroq, yaʼni chiroyliroq va aniqroq gapiraman” degan hazrat Paygʻambarimizga salotu salom yoʻllaydi.
Ulug‘ shoir taʼbiricha, soʻz dur boʻlsa, uning daryosi koʻngildir. Koʻngil barcha katta-kichik maʼnolarni jamlovchi xazinadir. Soʻz duri koʻngilda “sohibi ixtisos”, yaʼni soʻz sanʼatkori vositasida chiroyli nutq sharafiga erishadi, uning qiymati “fahm martabasi nisbatida” shuhrat tutadi. Ammo soʻz durining qadri gavhardan balandroq ham adoqsizroqdir. Chunki oʻlgan badanga yaxshi soʻzdan ruh kiradi, yomonidan esa tirik badanga zahar yoyiladi.
Dunyoda tillar koʻp boʻlsa-da, Navoiy arab tilini moʻjizakor va ulug‘ til deb biladi. Boshqalar ham uning bu fikriga qoʻshilishiga ishonadi. Chunki Qurʼon oyatlari va hadisi shariflar shu tilda yaratilgan. Navoiy yozadiki, Nuh alayhissalom toʻfonidan keyin uning Yofas, Som va Hom nomli uch oʻgʻlidan barcha asl tillarning manbai: turkiy, forsiy va hind tillari tarqalgan. Nuh toʻfonidan keyin dunyo yuzida bashar jinsidan asar va inson zotidan namuna qolmagani uchun hazrati Nuh Yofasni – uni tarixchilar Abutturk deb yozganlar – Xitoy mamlakatiga yubordi. Somni, yaʼni Abulfursni Eron va Turon mamlakatlarining oʻrtasiga hokim qildi. Hom – Abulhindni Hindiston mamlakatiga uzatdi.
Tilshunos olim Qosimjon Sodiqovning yozishicha, “Muhokamatul-lugʻatayn” Navoiyning ilmdagi ulug‘ kashfiyotidir. Asar tilshunoslikda yangidan-yangi sohalarga asos solgani, tilni oʻrganishning yangi yoʻl va usullarini ochib bergani bilan ham ahamiyatli. Navoiy ushbu asari bilan dunyo tilshunosligida birinchi boʻlib tillarni tipologik oʻrganish sohasini, ularni chogʻishtirib oʻrganish ishini boshlab berdi. Yaʼni, turkiy va forsiy tilni chogʻishtirish natijasida fonetikada turkiy tilning boshqa tillarda, xususan, forschada uchramaydigan oʻziga yarasha tovushlari, semantikada nozik maʼnoli harakat-holatlarni bildiruvchi feʼllar va ularning mazmunga taʼsiri, sinonimlarning poetikadagi oʻrni, stilistik xususiyatlari, soʻzlarning koʻpmaʼnoliligi, shuningdek turkiy atamalar tizimining oʻta boyligi singari muhim jihatlarga eʼtibor qaratdi.
Lugʻatshunos olim Ergash Umarovning taʼkidlashicha, Navoiy oʻz asarida turk va fors tillaridagi unli tovushlarni leksika va morfologiya doirasida qiyoslaydi. Fors tilida unlilar soni cheklangani, oʻzbek tilida esa unlilar maʼno farqlovchi variantlarga ega ekani va ular oʻzaro uzun-qisqaligi bilan farq qilishini dalillar orqali koʻrsatib bergan.
Alisher Navoiy oʻzbek va fors tillari leksikasini qiyoslash uchun tabiat manzaralari, roʻzgʻor buyumlari, ov jarayoni, hayvon va qushlarning turlari kabi juda koʻp sohaga oid yuzlab soʻzlarni keltirib, ularning muqobili forschada yoʻqligini, forslar koʻpincha oʻsha oʻzbekcha soʻzlarning oʻzini ishlatishlarini taʼkidlagan. Masalan, u “…xoʻblarning koʻz va qoshlari orasinki, qabog‘ derlar, forsiyda bu uzvning oti yoʻqtur...” deb koʻrsatadi.
Navoiy soʻzlarning koʻp maʼnoliligi, sinonimlar jihatidan ham oʻzbek tilining imkoniyati kengligini, ularning sheʼriyatda turli nozik maʼnolarni ifodalashdagi ahamiyatini (ot, it, tush, yon, yoq, bor, sogʻin, tuz, koʻk kabi soʻzlar talqinida) koʻrsatadi. Grammatik jihatdan ham oʻzbek tili fors tiliga nisbatan baʼzi imkoniyatlarga ega ekanligini tahlil etadi.
Maʼlumki, qaysi til maʼnoni qisqa yoʻl bilan ifodalay olsa, rivojlangan til hisoblanadi. Masalan, oʻzbek tilida birgalik nisbat qisqagina -sh affiksi orqali yasaladi: “va masdargʻa bir shin harfi ilhaq qilmoq bila ul maqsudni topibdurlar. Andoqki chopishmoq va topishmoq va quchushmoq va oʻpushmoq va bu shoe lafzdur”. Forslar bu maʼnoni soʻz birikmasi orqali ifodalaydilar.
Navoiy shaxs oti yasovchi qoʻshimchaning xususiyatini oʻttizga yaqin soʻz misolida isbotlab (qoʻrchi, suvchi, nayzachi, yurtchi, qushchi, barschi, qoʻychi, turnachi, kiyikchi va h.), oʻzbek tilining soʻz yasash va fikr ifodalash jihatidan ham oʻziga xos imkoniyati mavjudligini koʻrsatgan.
U oʻzbek tilining boyligi va qudratini, ifodaviy imkoniyatini asosli tahlil etib, quyidagi xulosaga keladi: oʻzbek tilida bu xildagi nozik maʼnoli soʻz va iboralar koʻp, ammo “bu kunga degincha hech kishi haqiqatigʻa mulohaza qilmogʻon jihatidan bu yashurun qolibdur… hunarsiz turkning sitam zarif yigitlari osonliqqa boʻla forsiy alfoz bila nazm ayturgʻa mashgʻul boʻlubturlar”. Shuning uchun Navoiy oʻzbek shoirlarini oʻz tilida ijod qilishga daʼvat etadi (Ergash Umarov. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. M harfi. “Muhkomatul-lugʻatayn”).
Shoir faqat turk tiliga xos, turkiy sheʼriyatda nozik maʼno qirralariga ega boʻlgan quvormoq, quruqshamoq, usharmak kabi 100 ta feʼlni misol qilib keltiradi. Navoiy turkiydagi bu soʻzlarning fors tilida muqobili yoʻqligini alohida taʼkidlab aytadiki: “Bu yuz lafzdurki, gʻarib maqosid adosida taʼyin qilibdurlarki, hech qaysi uchun sort tilida lafz yasamaydurlarki, barchasi muhtojun ilayhdurki, takallum chogʻida kishi anga muhtoj boʻlur”. Navoiy soʻzining isboti sifatida 100 ta feʼldan bir nechtasining maʼnolarini sharhlab, “toki daʼvogar qarshilik koʻrsatganida uyalib qolsin va boshqalarini ham bunga solishtirsin” deb sheʼriy misollar bilan fikrlarini dalillaydi. Birgina misol keltirmoqchimiz:
“Shoirlarning kattalaridan baʼzilari “may” taʼrifida mubolagʻa qilibdurlar. Forsigoʻylar “may xoʻrdan” va “may noʻshidan” iboralari bilan may ichishni nazarda tutadilar. Lekin turklarda sipqarmoq degan soʻz bor:
Soqiyo, tut bodakim, bir lahza oʻzumdin boray,
Shart bukim, har necha tutsang labo-lab sipqaray.
Bu sipqaray soʻzining mazmunigʻa yetganda, forsiy sheʼrda ne iloj qilgʻaylar? Va yana tomshimoq lafziki, gʻoyati zavqdan tez-tez ichmas lazzat topib-topib, oz-oz ichar. Bu gʻaroyib maʼno adosida turkchada shunday matla’ bor:
Soqiy chu ichib, manga tutar qoʻsh:
Tomshiy-tomshiy ani qilay noʻsh.
Va boʻxsamoq lafzi adosida turk bu matlaʼni aytibdurki:
Hajri anduhida boʻxsabmen, bila olmon netay,
May ilojimdur qoʻpub, dayri fanogʻa azm etay.
Forsigoʻy turk beklar va mirzodalar boʻxsamoqni forsiy til bilan ifodalashni istasalar (bunday soʻz yoʻqligi uchun) nima qiladilar?!
Shuningdek, tuz, koʻk, it, ot, sogʻin, tush, yon, koʻk, oʻt va hokazo soʻzlarning bir nechta maʼnolari borligini, forsiyda bitta soʻz bilan ifodalanadigan baʼzi hayvonlar va qushlarning turkchada erkagi alohida, urgʻochisi alohida nomlanishi. Masalan, “...va kelduk qushqaki, anda muqarrar va mashhur ilbosun oʻrdakdur. Va sort ul ilbosunni xud bilmas. Dagʻi turk oʻrdakning erkagin soʻna va tishisin boʻrchin der. Va sort munga ham ot qoʻymaydur. Va nar va moda ikkalasin “murgʻobi” der. Va oʻrdakning anvoi bilur qushchilar qoshida, masalan, joʻrka va erka, suqsur va olmabosh va choqirqanot va temirqanot va aldaldagʻa va alapuka va bogʻchol va bu yoʻsunluq derlarki, yetmish nav’ boʻlurkim, sort borisin murgʻobi-oʻq der. Va agar bir-biridin mutamayyaz qilsa, turkcha ot bila-oʻq aytur”.
Va jonivorlarning unidin bir ot kishnamaganiga shiyha ot qoʻyubdurlar, teva boʻzlamogʻigʻa va oʻy mungramagiga va eshak hangramagʻigʻa va it tigishmagʻi va ulumagʻigʻa lafz yoʻqtur.
Yana ot anvoidaki, tubuchoq va argʻumoq va yaka va yobu va totu yoʻsunluq – borini turkcha-oʻq ayturlar”.
Yurtimizda “Muhokamatul-lugʻatayn” alohida holda ham, Navoiyning toʻla asarlari tarkibida ham chop etilgan. Yaqinda Yusuf Tursunov tomonidan asarning ilmiy-tanqidiy matni ham nashr qilindi.
Ushbu fazilatli asar turli yillarda xorijda ham nashr boʻlgan. Jumladan, fransuz olimi Katrmarning saʼy-harakati tufayli 1841-yili “Tarixi muluki ajam” asari bilan bir muqovada Parijda, mojor olimi A.Vamberi tomonidan asarning Budapesht qoʻlyozmasi mojorcha tarjimasi bilan 1862-yili bosilib chiqqan. 1897-yili Valad Chalabiy “Muhokamatul-lugʻatayn” matni hamda turkcha tarjimasini Istanbulda nashr etdi. Taniqli eronlik olim Turxon Ganjaviy esa uni Katrmar nashri asosida forschaga tarjima qilib, muqaddima yozadi, asardagi 100 feʼlni forscha tarjimasi bilan 1910-yilda Tehronda nashr ettiradi.
Shuningdek, afgʻonistonlik olim Halimjon Yorqinning xabar berishicha, “Muhokamatul-lugʻatayn”ning turkcha tarjimasi lotin yozuvida (Isʼhoq Rifʼat Ishitmon. 1941), turkman tilida (Abdulhakim Gulmuhammadov, Ashxobod, 1925), uygʻurchasi (Hamid Temur, Urumchi, 1988), usmonli turkchada toʻrt nusxa asosida chuqur ishlangan tanqidiy matni hamda keng ilmiy tadqiqoti (Samo Borutchu Oʻzandar, Anqara, 1996), ikki variantdagi ruscha tarjimasi (O.Usmonov, 1948, N.A.Melexova, 1968), nihoyat, Londonda inglizcha tarjimasi (Robert Devriks, 1966) ham bosilgan.
Halimjon Yorqinning yana guvohlik berishicha, Afgʻonistonda “Muhokamatul-lugʻatayn” uch marta nashr boʻlgan. Bundan tashqari taniqli olim doktor Husayn Muhammadzoda Siddiqning muqaddima, tasʼhih va tahshiyasi (hoshiyalari) bilan Tabriz shahrida ham chop etilgan.
Bu asar Turkiyada ham maxsus oʻrganilgan. Turk olimi Yusuf Chetindogʻga koʻra, Navoiy turkiy tilning forschadan afzal jihatlarini koʻrsatishda besh asosiy nuqtaga eʼtibor qaratgan:
turkchada mavjud va (uning) maʼnodoshi forschada boʻlmagan soʻzlar;
turkcha soʻzlarning maʼno boyligi;
turkchada unlilarning koʻpligi;
har bir borliq, har bir yaratiq uchun alohida bir soʻzning mavjudligi;
turkchaning grammatik jihatdan boyligi.
“Oson tomon”ga mayl etma
Aytish kerakki, Navoiy mazkur asarni yozishdan bir qator maqsadlarni koʻzlagan boʻlsa-da, asosiy istaklaridan biri turkiy tilning lisoniy va badiiy imkoniyatlari nihoyatda keng ekanini koʻrsatish va shu orqali turk millatiga mansub shoirlarni oʻz ona tilida yozishga targʻib qilish edi. “Muhokamatul-lugʻatayn”da turk va fors millatlariga xos boʻlgan donolik, zakiylik va soddalik jihatlariga ham toʻxtalib oʻtadi. Jumladan “...turk sartdan koʻra tezfahmroq, tushunchasi yuqoriroq, yaratilish jihatdan sofroq va tozaroq yaratilgan. Sart turkka qaraganda fikrlashda va ilmda nozik nuqtalarga erishuvchan, fazl va yetuklikda chuqurroq tushunchali boʻlib yetishgan. Biroq tillarida ortiqlik va kamchilik jihatidan katta farqlar borki, turklar soʻz tuzishda sartlardan ustun kelganlar...”.
Navoiy bu ikki millatning bir-biriga aralashib ketgani, oʻrtada bordi-keldilar, yaqin muomala va munosabatlar tashkil etilgani haqida soʻz yuritib, aytadiki, turkning kattadan-kichigigacha, xizmatkoridan begigacha sart tilidan bahramand, ehtiyojlari darajasida gaplashadi, baʼzilari adabiy tarzda goʻzal soʻzlashadi, hattoki turk shoirlari forsiy tilda rangorang sheʼrlar va shirin hikoyatlar yoza oladi. Ammo sart xalqining quyi tabaqasidan yuqori tabaqalarigacha, savodsizidan bilimdonigacha hech qaysisi turk tilida soʻzlasha olmaydi. Va bu tilda soʻzlaganning soʻzini ham tushuna olmaydi.
Navoiy turk tilining shuncha keng lisoniy va adabiy imkoniyatlari boʻla turib, turk xalqining fors tilida ijod qilishlarini afsus bilan taʼkidlab, buning sabablarini ham koʻrsatib beradi. Uningcha, turk tilining toʻliqligi shuncha dalillar bilan isbot qilingach, bu xalq orasidan yetishib chiqqan isteʼdodli kishilar oʻz tillari turganda, boshqa tilda ijod qilmasalar yaxshi boʻlardi.
Turklar “...agar har ikki tilda aytishga qobiliyatlari boʻlsa, oʻz tillarida koʻproq va yana bir tilda ozroq aytsalar boʻlar edi. Agar orttirib yubormoqchi boʻlsalar, har ikki tilda teng aytsalar edi”. Chunki “...turk tilining barcha oʻtkir zehnli (sheʼr bituvchi)lari sart tilida sheʼr aytib, turk tilida butunlay aytmay, koʻplari aytsalar ham sartning turk tilida sheʼr aytganidek nozik fahm turklar qoshida oʻqiy va oʻtkarolmay oʻqisalar, har soʻzlarida yuz ayb topilib, har jumlalariga yuz xil eʼtirozlar yuzaga keladi”.
Bas, ijod olamiga endigina kirib kelayotgan ijodkor uchun bu tilda ajoyib soʻzlar va ifodalar boʻlishiga qaramasdan, fikrlarini goʻzal tarzda, jozibali qilib koʻrsatish qiyin tuyuladi va natijada bu qiyinchilikdan malollanadi va zafarga erishish uchun koʻngli oson tomonga – fors tilida ijod qilishga mayl qiladi. Navoiy “oson tomon” deganda uzoq asrlardan beri tayyor anʼanalar va qoliplar asosida shakllanib kelgan fors tili va sheʼriyatini nazarda tutadi. Shunday ish bir necha marta takrorlangach, u narsa tabiatiga oʻrnashadi va odatiy holga aylanib qoladi.
Ulug‘ mutafakkirning oʻzi ham yoshligida ijodini fors tilida boshlaganini eʼtirof etadi va “idrok yoshiga qadam qoʻyilganda, Tangri aslda taʼbimizda gʻaroyib narsalarga maylni va nozik hamda qiyin narsalarni anglashga kirishishni tabiiy qilgani uchun, turk soʻzlari ustida mulohaza yuritish lozim koʻrildi” deydi.
Navoiy turk tilini turli tashbehlar va sifatlashlar bilan maqtab, bu tilda ijod qilgan asarlarini bir-bir sanab, tavsiflab oʻtadi. Shuningdek fors tilidagi asarlariga ham toʻxtaladi. U turk va fors tilida minglab baytlarni yoddan bilgani va oʻqimagan devoni qolmaganini ham qayd etadi.
Navoiy fors va turk tilini shu qadar mukammal bilganki, uning eʼtiroficha oʻttiz yildan ortiq, qirq yilga yaqin Xuroson mamlakatining barcha nazm ahli, shirin soʻzli shoirlari unga oʻzlarining yozgan asarlari va sheʼriy mashqlarini koʻrsatib, maslahat olib turganlar. Ayrim bahsli oʻrinlarda Navoiy oʻzining fikrlarini dalillar orqali isbot qilgandan keyin “insof yuzasidan qabul qilganlar”.
Kunning raqamini chorshanba qilgʻil
Navoiy til va adabiyotning rivoji davr sultonlarining eʼtiboriga bogʻliqligini alohida taʼkidlagan. U arab xalifaligida Hasson Sobit, Laqitdek soʻz podshohlari, Ibrohim Mahdiy, Maʼmun xalifadek sheʼr yozgan podshoh va podshohzodalarni zikr qilib oʻtadi.
Dunyoning baʼzi iqlimlarida fors sultonlari hokim boʻlganlaridan keyin qasidada Xoqoniy, Anvariy, Kamol Ismoil, Zahir va Salmon, masnaviyda Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Xisrav Dehlaviylar, gʻazalda Xoja Hofiz, Saʼdiy Sheroziy kabi mashhur shoirlarning yetishib chiqqanini taʼkidlaydi. Ammo mamlakat arab va fors sultonlaridan keyin turk xonlariga oʻtgach, Huloguxon zamonidan Amir Temur sohibqiron davrigacha shoirlardan yo sultonlardan biror taʼriflashga loyiq kishi chiqmadi. Ammo Amir Temur davridan to xushaxloq farzandi Shohrux Sulton zamonining oxirigacha Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoyi, Muqimiy, Yaqiniy, Amiriy va Gadoiy kabi turkigoʻy shoirlar yetishib chiqdi. Lekin ular ham yuqorida nomlari zikr etilgan forsigoʻy shoirlar darajasida emas edi. Faqat yolgʻiz mavlono Lutfiygina sheʼriy mahoratda fors shoirlariga teng kelar edi.
Navoiy mazkur asarida Husayn Boyqaro shaxsiga va ijodiga yuksak baho beradi. Uning taʼkidlashicha, Husayn Boyqaro turk tilining taqdiriga befarq boʻlmay, uning rivoji uchun qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. “Iltifot va gʻamxoʻrlik yuzasidan baʼzi sabablar topib, (turk tili bilan) sheʼr aytishga hukmlar ham joriy boʻldi, soʻz uslubini belgilashlar va aytilishi ustida taʼlimlar izhor qilindi”. Lekin beklari boʻlsin, shoirlari boʻlsin “bilimdon podshohning” bunday targʻib qilish va undashlariga qaramay, ular adashish yoʻlini tanladi, koʻpi, balki bari forsiyga moyil va u til bilan sheʼr aytuvchi boʻldilar. Sababi, turk tili taʼrifida yuqorida aytilgandek, agarchi soʻzlar koʻp, ibora keng, maʼnolar ajoyib, aytilishda ravonlik boʻlsa-da, koʻngilga yoquvchi (sheʼriy matnlar) qilib tuzishda qiyinchilik bor va diltortar qilib tartib berishda tab’ mehnat va azob chekadi.
Binobarin, arab va fors tillariga eʼtibor berilib, turk tili kamsitilgan. Ana shunday sharoitda Husayn Boyqaro yozuvda turk tilini isteʼmolga kiritish borasida maxsus farmon bergan. Bu dadil qadam mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotida katta voqea boʻlgani shubhasiz.
Husayn Boyqaroning oʻzi asosan turkiy tilda “Husayniy” taxallusi bilan gʻazallar yozgan. Navoiy “Majolisun-nafois”ning sakkizinchi majlisida “...fasohat ilmining nukta birla sehrsozi va balogʻat jahonining diqqat bila moʻjiza pardozi” boʻlgan Husayniyning sheʼrlarini tahlil qilgan va yuqori baholagan. Bir oʻrinda “U ul hazratning xoʻb ashʼori va mapgʻyb abyoti bagʻoyat koʻpdur va devon ham murattab boʻlubtur” deb taʼriflaydi.
Navoiy Alloh taoloning “al-mutakallim” ismiga mazhar boʻlib, boshqalarga nisbatan imtiyoz va eʼtiborga ega boʻlganini, xalq orasida shuhrat topganini Husayn Boyqaroning inoyat va himmatlaridan deb biladi: “Agarchi barcha narsani ul hazratni sharafli ismiga bogʻlagan va oliy laqablariga qoʻshgan boʻlsam ham, bularni boshqa marhamatlari qarshisida qilib, “Al-mutakallim” ismigʻa mazhariyatim uzrigʻa turkiy va sort lugʻati kayfiyati va haqiqati sharhida bu risolani jam’ qilib bitidim. Va anga “Muhokamatul-lugʻatayn” ot qoʻydum”.
Maʼlumki, til – milliy tafakkur ramzi va taraqqiyot asosi. Navoiy uchun ham til, nutq, soʻz kabi tushunchalar muhim siyosiy-ijtimoiy ahamiyatga ega. U tilga eʼtibor berishni elga eʼtibor berish deb qaraydi. Chunki til millatning urf-odati, ruhiyati, axloqiy qarashlari, oʻtmishi va kelajagi bilan bogʻliq ijtimoiy hodisadir. Oʻz tilini hurmat qilmagan, uning taraqqiyoti uchun jon kuydirmagan odam millatga nisbatan hurmatsiz va vijdonsiz kishi boʻlib chiqadi.
“Muhokamatul-lugʻatayn” xotimasida Navoiy uning shuncha mehnat va mashaqqat bilan yuzaga chiqargan maxfiy ilmidan xabardor boʻlganlar uni duoyi fotiha bilan yod etishlarini soʻrab qoladi. Asar quyidagi ruboiy bilan yakunlanadi:
Bu nomaki, yozdi qalamim tortib til,
Taʼrixin aning jumodiyul-avval bil,
Kunning raqamini chorshanba qilgʻil,
Toʻqqiz yuz yildin oʻtub erdi besh yil.
(Mazkur ruboiyda asar hijriy 905-yil, jumodul-avval oyi, chorshanba kuni, melodiy 1499-yil 4-dekabr kuni poyoniga yetganiga ishora qilinmoqda.)
Maqola soʻngida shuni aytmoqchimizki, Navoiy arab va fors tillarini yaxshi bilgan, qattiq hurmat qilgan. Lekin oʻz ona tilining sharafi va izzati uchun kurashishni, uni targʻib va tashviq qilishni vijdon amri deb bilgan va shu yoʻlda “Muhokamatul-lugʻatayn”dek benazir asarini yozgan. Zotan, barcha zamonlarda ham millat ziyolilari, shoir va yozuvchilar avvalo ona tilining fidoyisi, himoyachi va targʻibotchilari boʻlishadi.
Sayfiddin RAFIDDINOV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Til va el” maqolasi