Taniqli shoira va publisist Muhtarama Ulugʻova haqida gapirganda kuyinchak va munis oʻzbek ayoli, iymon va insoniylikni, ustozga hamda soʻzga sadoqatni oʻziga shior qilib olgan ijodkor koʻz oʻngimizdan oʻtadi. Aslida, qay sohada boʻlmasin, oʻz kasbining fidoyilari haqida gap ochilganda asil haqiqatlar yodga tushaveradi. Demak, uning umr yoʻlida, ish faoliyatida oʻsha boqiy qadriyatlar nafasi, epkini bor ekan-da!

U bir umr Margʻilondagi maktabida adabiyot oʻqituvchisi boʻlib qolib ketishi mumkin edi. Faqat Soʻzga mehri, ishqi uni ilgari yetakladi. Oʻsha yillari kuchli ijtimoiy mavqe kasb etgan va mamlakat hayotida katta minbarga aylangan “Saodat” jurnaliga tinimsiz yozgan xatlari shaxsiy hayotida tub burilish yasadi. Xatlari izidan oʻzi ham Toshkentga keldi. Albatta, bu oʻrinda uzoq-uzoqlardagi “milt” etgan shuʼlani ham koʻra olgan, qalbi saxovat va mehrga toʻla Zulfiyaxonimning saʼy-harakatlarini eʼtirof etish shart. Qolaversa, muhitning oʻzi yangi soʻzga, yangi iqtidorlarga tashna edi. Asosiysi – muhitda goʻzallikni qadrlash, unga intilish va ulugʻlash kayfiyati hukmron edi.

“Saodat” jurnali koʻplab iqtidorlarning yaproq yozib, chechak ochishida bir boʻston boʻlganini uning bagʻrida ulgʻayganlargina emas, balki oʻsha nastarin boʻylardan bahramand boʻlganlar – oʻsha avlod ijodi, kashfiyotlari, hayotiy ibratlari taʼsirida hayotda oʻrin topganlar, jumladan, minglab oddiy muxlislar ham tan oladi. “Saodat”da Muhtarama Ulugʻova shoir va jurnalist sifatida boʻy koʻrsatdi. U shoira boʻlib poytaxtga kelgandi, xizmatchilik esa maqolanavislikka oʻrgatdi, deyish mumkin.

Maqola yozish zavqi latif sheʼrni qogʻozga tushirib yayrashdan kam boʻlmasligini his etgan ijodkor ijtimoiy hayotga dadil aralashdi, tengdoshlari, opa-singillari dilidagi ogʻriqli gaplarni qogʻozga tushirib, jurnal sahifalarida chop etdi, bundan huzurlandi. Shyeʼrlarda “publisistik ruh kuchaygani” kabi, publisistning hayotga qarashi ham teranlashib bordi. Yurtdoshlarini hayotsevarlikka undash, yozganlari orqali tirikchilik quyqumlari va buhronlari chang-toʻzonini filtrlab, musaffo muhit yaratishdek yashash tarzini tanlagan Muhtarama Ulugʻovani Soʻz oʻz iltifoti bilan muhtaram ayladi, muxlislari eʼtirofiga sazovor qildi. Oʻtgan asrning 80-yillarida dunyo bir toʻlgʻoq arafasida turgandek tuyulardi va shunday boʻlib ham chiqdi. Oʻzbekistonda bunday holatlar oʻziga xos tarzda, yana ham quyuqroq boʻyoqlarda namoyon boʻlayotgandi: paxta dalalariga sepilayotgan zahri qotillar, gepatit va jigar xastaliklari, ayollardagi kamqonlik, afgʻon fojiasi, sovet armiyasidagi boshboshdoqliklar...

Garchi bularning hammasini butun jamoatchilik koʻrib turgan boʻlsa-da, yurak yutib unga fikr bildiruvchi qalamkashlar barmoq bilan sanarli edi. Muhtarama opa ana shunday jurʼatli mualliflardan biri sifatida yuqorida aytib oʻtilgan mavzularda koʻplab muammoli maqolalar yozdi. Shularning biri “Qahraton yoz” deb nomlangandi. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, Muhtarama Ulugʻova qalamiga mansub aksariyat maqolalar mavzu-mohiyatiga koʻra respublikadagi koʻplab qalamkashlar uchun yoʻlyoritqich, yangi mavzularga turtki boʻlardi. Ana shunday ruhiy koʻtarilish damlarida xalqimiz asrlar davomida intiq kutilgan mustaqillikka erishdi.

Yillar oʻtib, oʻsha kunlarni intiqib kutgan, aʼmolini tikkan, kurashgan avlod sahnani yangi oqimga boʻshatgan boʻlsa-da, baribir oʻsha kunlar shukuhi hamon dillarga yorugʻlik beradi, eʼtiqod yoʻlida yanada sobit boʻlishga chorlaydi. Esimizda bor, qadriyatlarga parvoz berilgan, ulugʻlanayotgan oʻsha damlarda respublikaning yangi tashkil etilgan eng nufuzli gazetasi – “Xalq soʻzi”da Muhtarama Ulugʻovaning “Beshik bolasi – bek bolasi” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi. Sarlavhaning har bir soʻziga zalvorli yuk ortilgan edi. Xalqimiz ming yillar davomida shakllangan madaniyat unsurlarini gʻuborlardan tozalab, teran mohiyatini kashf etishga kirishgan pallada beshikda bek bolalar ulgʻayishini sharh etish vatanparvar ijodkorning oʻzi qoʻmsagan kengliklarda keng quloch otgan orzumand parvozi emasmi? Shunday qilib, dimiqib, tomoqqa tiqilib yotgan erkparvar tuygʻular ketma-ket qogʻozga tushdi, ertangi kunga ilhaq tikilgan orzularga qanot boʻldi. Mustaqillik shu taxlit koʻplarning tasavvuridan real haqiqatga aylanib bordi. Allaqachon taniqli publisistga aylanib ulgurgan Muhtarama Ulugʻovaning yozganlari keng jamoatchilik, muxlislar davrasida qadr topdi. Bu iltifotdan shoira va jurnalistning qalami yanada oʻtkirlashib, mavzu ufqlari kengayib bordi.

Nohaqlikka nisbatan murosasizlik, yaxshilik va ezgulikni qoʻllab-quvvatlash, vatan, xalq manfaatini hamma narsadan ustun qoʻyish singari chinakam vatanparvar ijodkorga xos xususiyatlar Muhtarama Ulugʻovaning butun faoliyatida qizil ip boʻlib oʻtdi. Uning “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoniga loyiq koʻrilishi oʻziga bildirilgan ishonchni muvaffaqiyatli uddalaganining ifodasidir. Oʻtgan yili mustaqillik bayramining 30 yilligi arafasida “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi. Uning ordenni taqib, ishxona koridorlarida yurganini koʻrganlar qanchalik mamnuniyat ichida ekanini tasavvur qilishlari mumkin. Ammo har qanday muvaffaqiyat ortida katta mehnat va zahmat turganini ham unutmasligimiz kerak.

Hamma narsa nisbiy dunyoda fasllar ham, husn-tarovat, hatto yoshlik joʻshqinligi ham qoʻnim bilmaydi, oʻtkinchi. Hayotda oʻz oldiga qatʼiy maqsadlarni qoʻygan, oʻzidagi quvvatni sarf etish va qayta tiklash hadisini olgan kishilar esa bunday mezonlarni pisand qilishmaydi. Bunga taniqli shoira va publisist Muhtarama Ulugʻovaning faoliyati yorqin misol. Oʻsha yillardagi ishchanlik, masʼuliyat hissi va burchni sidqidildan uddalash majburiyati (koʻz tegmasin!) ijodkorni bir zum tark etmagan. Mana shu gʻayrat va shijoat opaga yana uzoq yillar hamroh boʻlishini tilab qolamiz.

Hakim SATTORIY