Insoniyat boshiga mislsiz kulfat yogʻdirgan Ikkinchi jahon urushi millatchilik qutqusi sabab roʻy bergani maʼlum. Urush yakunlangach, dunyoning taraqqiyparvar olim va siyosatchilari etnik ixtiloflarni bartaraf etish yoʻllarini qidirmoqqa bel bogʻladi. BMT Bosh assambleyasi 1948-yil 10-dekabrda qabul qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida turli millat va elatlarning tengligi tamoyili belgilandi. “Barcha insonlar qadr-qimmat hamda huquqlar borasida erkin va teng boʻlib tugʻiladi. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin, bir-birlariga birodarlik ruhida munosabatda boʻlmoqlari lozim”, deyiladi uning ilk moddasida (https://constitution.uz/uz/pages/humanrights).

XX asrning ikkinchi yarmida Shimoliy Amerika va Gʻarbiy Yevropa davlatlarida amalga tatbiq etilgan multikulturalizm siyosati ham millatlararo nizolarni sogʻlom tafakkurga tayanib hal etish yoʻlidagi saʼy-harakatlar mahsuli sanaladi.

Zamonaviy davlatlar til va madaniyat borasida ustun mavqega ega boʻlgan (dominant) millatlar tomonidan tuzilgan. Bunday muhitda kam sonli etnik guruhlarning oʻz tili, madaniyati va qadriyatlarini saqlab qolishi qiyin kechadi. Multikulturalizm (inglizcha “multiculturalism” soʻzidan olingan boʻlib, koʻpmadaniyatlilik maʼnosini bildiradi) taʼlimoti aynan etnik, milliy va diniy xilma-xillikni yoqlashi bilan ahamiyatlidir.

Dunyoda soʻnggi asrlarda hukm surgan assimilyatsiya siyosati kam sonli etnik guruhlarning titul millatga qoʻshilib-qorishib ketishini koʻzda tutadi. Masalan, XX asr boshlarida AQShda keng targʻib-tashviq qilingan “erituvchi qozon” (melting pot) modeliga muvofiq turli etnos va elatlar qoʻshilgan holda ingliz tilida soʻzlashuvchi yagona millatni vujudga keltirishi kerak edi. Ammo turfa millatlarni “bir qozonda qaynatish”, jamiyatni yakrang tusga kiritish siyosati oʻzini oqlamadi. Bilʼaks, bu model qora tanlilar, hindular va Osiyo davlatlaridan borgan muhojirlar haq-huquqlari poymol etilishiga olib keldi (The Myth of the Melting Pot: Americaʼs Racial and Ethnic Divides // The Washington Post. February 22, 1998. P. A1).

Etnomadaniy assimilyatsiya gʻoyasiga muqobil va muxolif taʼlimot sifatida vujudga kelgan multikulturalizm “Kam sonli millatlar ham oʻzligini saqlab qolishga haqli” degan qoidaga tayanadi. Mazkur siyosiy model tarafdorlari muayyan bir davlatda yashayotgan turli millat va madaniyat mansublari oʻrtasida totuvlikka erishish, etnik ozchiliklarning oʻzligiga daxl etmagan holda ularning jamiyatga integratsiyasini taʼminlash gʻoyasini ilgari suradi.

Multikulturalizmning yalovbardorlaridan sanalgan siyosatshunos Uill Kimlika fikricha, har bir etnik jamoa betakror til, qadriyat va anʼanalarga ega. Mamlakatda kam sonli millatlar uchun bagʻrikenglik muhiti yaratilishi yetarli emas. Davlat turli etnik guruhlar vakillarining ona tilida taʼlim olishi, oʻzligini saqlab qolishi uchun zarur shart-sharoit yaratishi, kam sonli elatlar vakillariga qonunchilik va ijroiya idoralarida kvota ajratishi lozim (Kymlicka W. Multicultural Odysseys. Navigating the New International Politics of Diversity. New York, Oxford University Press, 2009. R. 16).

Farang va ingliz koloniyalari negizida tashkil etilgan Kanada multikulturalizm siyosatining vatani hisoblanadi. Ayirmachilik va milliy nizolardan koʻp jabr chekkan Kanada hukumati 1971-yilda multikulturalizmni davlat siyosati deb eʼlon qildi. “Bir davlat, ikki til, koʻp millat va madaniyatlar” degan shior ostida milliy, irqiy va diniy xilma-xillikni muhofaza etishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrildi. 1982-yili qabul qilingan Huquqlar va erkinliklar toʻgʻrisidagi xartiyada koʻpmadaniyatlilikka asoslangan qadriyatlar ustuvorligi belgilandi. 1988-yili Kanada parlamenti dunyoda ilk bor “Multikulturalizm toʻgʻrisida” qonun qabul qildi (Dewing M. Canadian Multiculturalism. Ottawa, Library of Parliament, 2009. P. 5).

Kanadaning qariyb 40 million aholisidan 8,3 millioni yoki 23 foizini keyingi yarim asrda koʻchib kelgan muhojirlar tashkil etadi. Davlatchilik asosini tashkil etgan inglizzabon va farangzabon hududlarda yana oʻnlab millatlarga mansub aholi vakillari istiqomat qiladi. Kanada tajribasi millatlararo robitalarni oqilona yoʻlga qoʻyish usuli sifatida tan olingan.

1980–90-yillardan “bir davlat – koʻp madaniyat” tamoyili Gʻarbiy Yevropa, jumladan, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiyada amaliyotga joriy etila boshladi. Ammo “yangi dunyo” davlatlaridan farqli oʻlaroq “koʻhna qitʼa”da multikulturalizm kutilgan natijani bermadi. Koʻp millionli muhojirlarning mezbon davlat tilini oʻrganmagani, jamoaviy qobiqni yorib chiqa olmagani oqibatida Yevropa davlatlarida “parallel jamiyat”lar (olmon sotsiologi Vilhelm Haytmayer taʼbiri) vujudga keldi.

Kolumbiya universiteti professori, siyosatshunos va faylasuf Jovanni Sartori koʻpmadaniyatlilik gʻoyasini Yevropa siyosiy davlatchilik modeli va oʻzlik konsepsiyasiga tahdid deb ataydi. Migratsiya siyosati, xususan, musulmon muhojirlariga murosasiz kayfiyatda boʻlgan olim multikulturalizm Yevropa davlatlarini madaniy jihatdan parokandalikka olib borganidan bahs etadi (Sartori G. Pluralism, Multiculturalism and Foreigners: An Essay on Multiethnic Society. Editura Humanitas, 2007).

2001-yil 11-sentyabr kuni Gʻarb sivilizatsiyasining yuragi sanalgan Nyu-York shahrida roʻy bergan teraktdan keyin dunyo geosiyosatida tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Bu hodisa siyosiy doiralarda koʻpmadaniyatlilik taʼlimotiga nisbatan eʼtirozlar kuchayishiga ham sabab boʻldi.

Multikulturalizmning muxolifi boʻlgan olimlar hamda siyosatchilar Yevropa, Shimoliy Amerika davlatlarida qoʻnim topgan muhojirlar Gʻarb tamadduni qadriyatlarini toʻliq qabul qilmayotgani, hatto mezbon davlat tilini ham oʻrganmayotganini tanqid qiladi. Jumladan, amerikalik siyosatshunos Patrik Byukenen turli irq, eʼtiqod va madaniyatlarga mansub kishilarning ommaviy immigratsiyasini Gʻarb tamadduni uchun jiddiy xatar deb baholaydi. U fikrini dalillash uchun “Tamaddunlar tarixi” kitobidan ushbu iqtibosni keltirgan: “Rim varvarlar bosqini tufayli halokatga yuz tutmagan. U imperiyada varvar aholining koʻpayishi oqibatida inqirozga uchragan. Jadal surʼatlar bilan koʻpayib borayotgan varvarlar mumtoz madaniyatni tushunishni ham, qabul qilishni ham, tarqatishni ham istamas edi” (Byukenen P. Gʻarbning oʻlimi. Toshkent, “Ilm-Ziyo-Zakovat”, 2021. 238-bet).

Siyosatshunos U.Kimlika multikulturalizm gʻoyasi ishonchni oqlamagani haqidagi fikrlarni rad etadi. Unga koʻra, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadan farqli oʻlaroq Gʻarbiy Yevropa davlatlari koʻpmadaniyatlilik konsepsiyasini amalga tatbiq etishda xatolarga yoʻl qoʻydi, jumladan, muhojirlarni jamiyatga integratsiya qilish borasida kerakli choralar koʻrilmadi. Olim muammo multikulturalizm mafkurasining oʻzida emas, balki uni yanglish tushunishda deb hisoblaydi (Кимлика У. Взлет и падение мультикультурализма // Дискурс-Пи. 2013. №11. Стр. 71–82).

Dunyo boʻylab migratsiya keng quloch yozgan hozirgi davrda koʻpmadaniyatlilik konsepsiyasi tegrasidagi bahslar ham tobora kuchaymoqda. 

Sobirjon YОQUBOV,

mustaqil tadqiqotchi

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Bir davlat – turfa madaniyat” maqolasi