MUMTOZ MAHAL BEGIM – uning asli nomi Arjumand bonu edi. Uning kelib chiqishi eronlik boʻlib, bobosi, ota-onasi kambagʻallik yuzasidan Akbarshoh davrida Erondan Hindistonga koʻchib kelgan edilar. Arjumand bonuning bobosi Akbarshoh xizmatiga kiradi. Arjumand bonuning ammasi Nurjahon begim 1611-yilda Jahongirshohga turmushga chiqqach, Arjumand bonuning bobosi Eʼtimod-ud Davla bosh vazirlik lavozimiga koʻtariladi. Otasi Eʼtiqodxon — (keyinchalik) Osafxon saroy boshqaruvchisi lavozimiga belgilanadi. 1613-yilda 19 yoshli Arjumand bonu 21 yoshli shahzoda Xurramga (Shoh Jahon) turmushga chiqadi. Oʻtkir aql-idrok sohibasi boʻlmish Arjumand bonu tez kunda oʻzining tadbirkorligi, nozik tabiati, iffati va tengi yoʻq husni bilan saroy aʼyonlari oʻrtasida katta eʼtibor qozonadi. Xususan, Jahongirshoh kelini Arjumand bonuni nihoyatda eʼzozlardi. Shuning uchun boʻlsa kerak koʻp oʻtmay, Arjumand bonu saroyda Mumtoz Mahal begim (saroyning koʻrki) nomi bilan atalaboshlaydi.
Jahongirshoh bilan shahzoda Xurramning oralarida chiqqan ayrim kelishmovchiliklarni Mumtoz Mahal hal qilishga kirishar va bu ishni uddasidan chiqardi ham. Shuning uchun har ikki tomonning iltifotiga sazovor boʻlardi.
Shoh Jahon 1628-yil fevral oyida taxtga oʻtirgach, yosh malika Mumtoz Mahal begim davlat ishlarida eriga yordamlashar va doim rejalik maslahatlaribilan erini toʻgʻri yoʻlga boshlardi. Binobarin, u saroyda shoh maslahatchisi va muhrdorlik lavozimlarini egallaydi. Mumtoz Mahal begim yaxshi kunlarda ham harbiy safarlarda ham eriga vafodor hamroh va jafokash hamdard boʻlgan. Mumtoz Mahal begim 1631-yili navbatdagi safarlardan birida, Burhonpur shahrida oʻn toʻrtinchi farzandini tugʻish asnosida 38 yoshida vafot etadi. Mumtoz Mahal begim hayot bilan vidolasharkan, eri Shoh Jahondan farzandlariga mehribon boʻlishini, boshqa uylanmaslikni va nihoyat unga atab dunyoda tengi yoʻq hashamatli bir maqbara bunyod ettirishni iltimos qiladi.
Shox Jahon sevimli malikasi Mumtoz Mahal begimning vasiyatlarini bajaradi. Zotan, u keyingi 36 yillik umri davomida uylanmay oʻtadi. Munis, vafodor rafiqasining nomini abadiylashtirish maqsadida unga atab yaltiroq oq marmardan maqbara qurdiradi. Maqbaraga Mumtoz Mahalning boshiga qoʻyilgan toj ramzida “Toj Mahal” deb nom beradi.
Mumtoz Mahal begim oʻlim oldidan oʻz bolalari bilan vidolasharkan, Shoh Jahonning ahvolidan xabardor boʻlib, unga gʻamxoʻrlik qilib turishni katta qizi Jahonoro begim zimmasiga yuklaydi.