Tadbirlarning koʻpligi ijod jarayoniga xalaqit bermoqda... Fidoiy boʻlmasangiz, tinglovchi yuragiga kirib borolmasangiz, xalq eʼtirofiga sazovor boʻlolmaysiz. Nazarimda, bugun biz qoʻshiqchilarning ijod borasida harakatlarimiz susaygandek. Avvallari sanʼatkorlar turli bayramlarga hamda respublikamiz hududlariga konsert berishga jalb etilardi. Hozirda deyarli har kuni, hatto kuniga ikki-uch tashkilot va muassasalarning tadbirida ishtirok etyapmiz. Toʻgʻri, xalq xizmatida boʻlish yaxshi. Masalaning boshqa jihati, bu bizning ijod qilishimizga, talabalarga sifatli saboq berishimizga xalaqit beradi.

Odamlar kun sayin siyqa ohanglarga oʻrganib borayotir... Davr maqom yoʻnalishidagi professional ashulalarni talab etmayapti. Bugungi tinglovchi mumtoz qoʻshiqlar mazmun-mohiyatini chuqur tushunmaydi. Koʻplab sanʼatkorlarimiz zamona zayliga yoʻrgʻalab, omma qabul qilishi oson boʻlgan sakkiz qator sheʼr, xorij musiqasiga aytiladigan qoʻshiqlar tayyorlashmoqda. Buni ijod namunasi deyishga ham qiynalasan. Yoshlarning badiiy didiga yomon taʼsir oʻtkazmoqda. Meni tashvishlantirayotgani – xalqimizning yengil-yelpi, maʼnosiz soʻzlarga toʻla qoʻshiqlarga oʻrganib qolayotgani.

Yoshlarimiz orasida maqom ijrochilari koʻpayyapti... Bizning paytda har yili maqom yoʻnalishini uch-toʻrt talaba tamomlar edi. Hozir esa anʼanaviy xonandalikka qiziquvchi, shunga hayotini bagʻishlashga tayyor isteʼdodlar soni ortmoqda. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida keyingi yillarda anʼanaviy xonandalik fakultetiga eng koʻp abituriyent hujjat topshirardi. Ammo test imtihonlaridan oʻtolmagan abituriyent talabalikka qabul qilinmas edi. Yunus Rajabiy nomidagi oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutining tashkil etilishi oʻz samarasini berdi. Bir yilda ham oʻzlashtirib boʻlmaydigan turkum asarlarimizni olti oyda oʻrganib chiqyapmiz.

Afsuski, baʼzi yoshlarimiz hech mehnat qilmasdan, darrov yulduz boʻlgisi keladi... Shogirdlarimning har birining oʻziga yarasha feʼl-atvori, isteʼdodi bor. Anʼanaviy xonandalik yoʻnalishiga bir talaba qabul qilindi. Ovozi bor, lekin maqom kuylashga isteʼdodi, ovoz yoʻnaltirish qobiliyati yoʻq edi. Men unga boshqa sohada oʻqishni maslahat berdim. Lekin u maqsadiga erishish yoʻlida har qanday qiyinchilikka dosh berishini aytdi. Boʻsh qolishimni kunlab kutdi. Tinimsiz mashqlar, mutaxassisligi boʻyicha oʻqigan kitoblari natijasida maqomni bip-binoyi kuylaydigan xonandaga aylandi. Shogirdlarim orasida izlanishdan charchamayotganlari, shuningdek, darrov yulduz boʻlishga intilib, hech qanday natijaga erishmayotganlari ham bor.

Sahna madaniyatiga rioya etmaslik, qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻyilayotgani yuzasidan ogʻriqli nuqtalarimiz bor. Ayol xonandalarimizning kibr bilan kuylayotgani, kiygan liboslari va soch turmaklari mos emasligining guvohi boʻlyapmiz. Maqomchi oʻziga nihoyatda talabchan boʻlishi, har bir ijro etayotgan ashulasi matni zamirida qanday mazmun mujassamligini anglashi zarur. Mumtoz sheʼriyatimiz namunalarining ayrim nashrlarida yoʻl qoʻyilgan xatolar maqom ijrosiga ham koʻchib oʻtmoqda. Oqibatda qoʻshiq maʼnosi tubdan oʻzgarib ketishini koʻpchilik sanʼatkorlarimiz oʻylab ham koʻrishmaydi. Talabalarimizga, shogirdlarimizga sanʼatkor sahnada oʻzini qanday tutishi, qoʻshiqning har bir jumlasiga, kiygan libosi, xalq oldiga chiqishigacha oʻrgatib, tanbeh beramiz.

Maqomchilik sanʼati unutilayotganidan tashvishda edim... Bundan yuragim ogʻriydi. Baʼzan tadbirlarda, toʻy-tomoshalarda tomoshabin sanʼatkordan maqom ashulalarini emas, yengil-yelpi qoʻshiqlar ijro etishini talab qiladi. Yurtboshimiz yaqinda qabul qilgan qarorga muvofiq, taʼlim muassasalarida (tanaffus paytida), aeroport, temir yoʻl va avtovokzallar, savdo-koʻngilochar majmualar, madaniyat va istirohat bogʻlari, xiyobonlar, mehmonxonalar va boshqa tashkilotlarning lokal tarmoqlari orqali milliy kuylardan iborat musiqiy albomlar namoyishi yoʻlga qoʻyiladigan boʻldi. Ming yillardan oʻtib kelayotgan oʻlmas asarlar xalqimiz, yoshlarimiz maʼnaviyati yuksalishiga yana asrlar osha xizmat qilishiga umid uygʻotdi.

 Shahnoza TOJIDDINOVA,

oyina.uz