Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining yaqin va oʻrta muddatli strategik yoʻnalishlarini belgilab beruvchi dasturiy siyosiy-ijtimoiy hujjatdir. Unda iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy adolat, ekologik barqarorlik, davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi va tashqi siyosat masalalari bilan birga madaniy hamda maʼnaviy taraqqiyot milliy rivojlanishning ustuvor omillaridan biri sifatida ilgari suriladi.

Murojaatnoma mazmuni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mustahkam madaniy-maʼnaviy poydevorga tayanayotganini, jamiyatda barqarorlik, hamjihatlik va ijtimoiy masʼuliyatni shakllantirishda madaniyat hamda maʼnaviyatning hal qiluvchi oʻrnini ochib beradi.

Hujjatda qayd etilgan iqtisodiy oʻsish, infratuzilmaning jadal rivojlanishi hamda aholi farovonligining oshishi keng qamrovli islohotlar bilan bir qatorda jamiyat ongi va dunyoqarashida yuz bergan oʻzgarishlar natijasi ekaniga urgʻu beriladi. Bu esa davlat taraqqiyoti iqtisodiy va texnologik omillar bilan cheklanmasdan, madaniy hamda maʼnaviy kapital bilan uzviy bogʻliq ekanini tasdiqlaydi.

Madaniyat jamiyatning ijtimoiy xotirasi, tajribasi hamda qadriyatlar tizimi sifatida iqtisodiy islohotlarni qabul qilish, ularga moslashish va barqarorligini taʼminlashda muhim omil vazifasini bajaradi. Shu nuqtayi nazardan, Murojaatnomada jamiyat jipsligini mustahkamlash, xalq ongidagi oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mahalla instituti taʼsirini kuchaytirishga qaratilgan yondashuvlar madaniyatga strategik resurs sifatida qaralayotganini anglatadi.

Prezidentimiz tomonidan 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilish tashabbusi ilmiy tahlil uchun keng imkoniyat yaratadi. Mahalla maʼmuriy tuzilma doirasi bilan cheklanib qolmay, oʻzbek jamiyatida asrlar davomida shakllangan nomoddiy madaniy merosning muhim makoni sifatida namoyon boʻladi. Unda qoʻshnichilik munosabatlari, oʻzaro yordam, hashar anʼanalari, marosimlar hamda oilaviy va jamoaviy tarbiya shakllari mujassamlashgan.

Murojaatnomada mahallaning “mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskani” sifatida tavsiflanishi uning nomoddiy madaniy merosni saqlash va avlodlar davomiyligini taʼminlashdagi oʻrni davlat siyosati darajasida eʼtirof etilayotganini hamda madaniyatshunoslik sohasida mahallaning vazifaviy va ijtimoiy xususiyatlarini chuqur oʻrganish zarurligini kun tartibiga qoʻyadi.

Bundan tashqari, murojaatnomada ilgari surilgan markaziy gʻoyalardan biri milliy birlik va jamiyatni jipslashtirish masalasidir. Prezidentimiz nutqida keltirilgan “Birlashgan – oʻzar, birlashmagan – toʻzar” degan xalq maqoli milliy tafakkur va tarixiy tajribaga tayanilgan holda zamonaviy davlatchilik gʻoyalari bilan uygʻunlashtirilgan.

Madaniy identifikatsiya nuqtayi nazaridan ushbu yondashuv millatning oʻzini anglash jarayonida anʼanaviy qadriyatlar, umumiy tarixiy xotira va ramzlarning oʻrnini yanada mustahkamlaydi. Turli millat, til va din vakillarini birlashtiruvchi umumiy gʻoya sifatida Vatan manfaatlarining ilgari surilishi Oʻzbekistonda koʻpmadaniyatli jamiyat modelining maʼnaviy asoslarini kuchaytiradi.

Murojaatnomada yoshlar taʼlimi, ilm-fan, xalqaro olimpiadalar va intellektual yutuqlar masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani madaniy taraqqiyotni taʼlim va ilm-fan bilan uzviy bogʻliq holda talqin etish konsepsiyasini ifodalaydi. Ilm-fan va madaniyat integratsiyasi nomoddiy madaniy merosni zamonaviy sharoitda saqlash, raqamlashtirish va keng jamoatchilikka yetkazish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Yosh avlodni vatanparvarlik, maʼnaviy barkamollik va madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalash jarayonida taʼlim muassasalari va madaniy institutlar oʻrtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Bu yoʻnalishda ilmiy tadqiqot muassasalari konseptual va metodologik asoslarni ishlab chiqishda yetakchi oʻrinni egallaydi.

Murojaatnomada Oʻzbekistonning UNESCO Bosh konferensiyasi, xalqaro sammitlar va forumlarga mezbonlik qilishi mamlakatning xalqaro madaniy nufuzi oshib borayotganidan dalolat beradi. Bunday tadbirlar milliy madaniyat va nomoddiy madaniy merosni jahon jamoatchiligiga taqdim etishning samarali maydoniga aylanmoqda. Madaniyatshunoslik nuqtayi nazaridan esa ular sivilizatsiyalar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish hamda milliy madaniy tajribani global kontekstda talqin etish imkoniyatini yaratadi.

Murojaatnoma 2026-yili amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalishdan iborat dasturni qamrab oladi. Mahalla instituti, urbanizatsiya, xizmatlar sohasi, turizm va transport infratuzilmasi vazifalari madaniy muhitni rivojlantirish va jamiyatning kundalik hayotini sifat jihatdan yangilashga qaratilgan. Mahalla ijtimoiy boshqaruv tizimi boʻgʻini, shuningdek, asrlar davomida shakllangan urf-odatlar, anʼanalar va jamoaviy qadriyatlar saqlanib kelayotgan nomoddiy madaniy meros makoni sifatida ham ahamiyatlidir. Shaharsozlik va xizmatlar infratuzilmasi orqali inson manfaatlariga yoʻnaltirilgan makon yaratish madaniy muhit va jamiyat oʻrtasida maʼnaviy uygʻunlikni taʼminlaydi hamda milliy oʻziga xoslikni saqlashning muhim shartidir.

Birinchidan, mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, Yangi Oʻzbekiston qiyofasini shakllantirish jarayonida mahalliy urf-odatlar hamda nomoddiy madaniy meros zamonaviy xizmatlar va infratuzilma bilan uygʻunlashtiriladi. Jamiyatda maʼnaviy uygʻunlik mustahkamlanadi, mahalliy aholining madaniy hissiyoti yuksaladi va ijtimoiy barqarorlik taʼminlanadi.

Ikkinchidan, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion rivojlantirish jarayonida anʼanaviy hunarmandchilik hamda sanʼat kabi nomoddiy madaniy meros namunalari zamonaviy ishlab chiqarish va raqamlashtirish bilan integratsiya qilinadi. Madaniy va maʼnaviy merosdan oqilona foydalanish iqtisodiy samaradorlikni oshirish, milliy qadriyatlarni saqlash hamda madaniy merosning uzluksiz rivojlanishi imkonini beradi.

Uchinchidan, ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish milliy mahsulotlar va anʼanaviy hunarmandchilik kabi nomoddiy madaniy meros yoʻnalishlarini integratsiya qilish orqali amalga oshiriladi. Turizm va servis sohalarida nomoddiy madaniy merosdan samarali foydalanish mahalliy ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlaydi, aholida milliy madaniy hissiyotni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Toʻrtinchidan, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasi madaniy transformatsiya bilan bogʻliq. Texnikumlar, “Kasblar shaharchasi” va dual taʼlim orqali yoshlar mehnatga va ijtimoiy faollikka tayyorlanadi. Anʼanaviy hunarmandchilik, nomoddiy madaniy merosning bir yoʻnalishi sifatida, zamonaviy kasblar bilan uygʻunlashtiriladi, kasb madaniyati va mehnat etikasi shakllanadi hamda jamiyat maʼnaviy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.

Beshinchidan, ekologik muvozanat, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish ekologik madaniyatni rivojlantirish bilan bogʻliq. Tabiatga ehtirom, suv va yer resurslariga munosabat va atrof-muhitni asrash anʼanaviy qadriyatlarning davomiyligini taʼminlaydi. “Yashil makon”, ekologik transport va taʼlim jamiyatda ekologik tafakkurni mustahkamlaydi.

Oltinchidan, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini rivojlantirish madaniy va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bilan bogʻliq. Elektron hukumat, raqamli sud, ochiqlik va hisobdorlik prinsiplari korrupsiyaga murosasiz munosabat va qonun ustuvorligini taʼminlaydi. Mazkur jarayon nomoddiy madaniy merosning uzluksiz saqlanishi va avlodlar orasida anʼanaviy qadriyatlarning rivojlanishiga xizmat qiladi.

Umuman olgan, Prezidentimiz Murojaatnomasi milliy taraqqiyotni iqtisodiy oʻsish bilan cheklamay, madaniy, maʼnaviy va maʼrifiy rivojlanishni ham birlashtirishni nazarda tutadi. Belgilangan ustuvor yoʻnalishlar madaniyatni jamiyat taraqqiyotining faol omillaridan biri sifatida anglashga yoʻnaltirilgan.

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy tadqiqot instituti uchun ushbu hujjat ilmiy izlanishlar, amaliy loyihalar va davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlashda mustahkam konseptual asos vazifasini bajaradi. Ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish jarayonida milliy madaniy merosni asrash, uni zamonaviy ijtimoiy hayotga moslashtirish hamda jahon madaniy makonida munosib oʻrin egallashga qaratilgan ilmiy faoliyatni kuchaytirish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Mashhuraxon DARMONOVA,

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros

ilmiy tadqiqot instituti boʻlim mudiri,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori