Adabiy tilda “mushuk”, lekin koʻpgina shevalarda “pishak” (pishay, pishiq) ham deyiladi. Ulardan qaysi birlamchi? Yoki biri boshqa tildan oʻzlashganmi?
Birinchi navbatda xayolga “forschadan oʻzlashgan boʻlishi mumkin”, degan fikr keladi. Ammo forschada ham, tojikchada ham uning nomi – “gurba” (“گربه”), “pishak” yo “mushuk” emas. Deylik, “pishak”ning kurd yo pushtun kabi boshqa tillardan barcha turk tillariga oʻzlashishi mantiqqa zid. Chunki “mushuk” bilan birga “pishak” ham koʻpgina turk til va lahjalarida yashab kelmoqda.
Qolaversa, Oʻzbekistonda ham deyarli yarim aholi (Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Xorazm...) “mushuk” emas, shevada “pishak” deydi. Bundan tashqari, turkman, ozarboyjon, xalaj, eski usmonli turkchasida – “pişik”, qoraqalpoqcha – “пышық”, boshqa baʼzi turkiy lahjalarda: pisik, pijik, pshik, pushuk, pүsүk, pushek, pisi, pichi va hokazo.
Endi “mushuk” shakliga kelsak, qozoq, qirgʻiz, noʻgʻay, qirimtatarlarda – “мысық/ мышық”, uygʻur, oʻzbekchada – “mushuk” va boshqa baʼzi lahjalarda: mishix, mishek, mijek, moʻshek, mishi, mushi, mish, mush va hokazo.
Umuman, “mushuk” va “pishik”, birinchi tovushlar: “m” va “p”ni hisobga olmaganda, shaklan bir-biriga yaqin. Ammo boshqa baʼzi turk til va lahjalarida uning “bushuk”, “bishik” shakllari ham bor. Deylik, boshqirdcha – “bisey”, qoʻmiqcha – “bishev”, boshqa baʼzi sheva va lahjalarda: bishek, boʻshek, bisi va hokazo. Hatto uning chuvashcha nomi – “kushak” ham hamohang.
Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit-turk”da “mushuk”ni – “mush” deb keltiradi va shunday izohlaydi: “Mush – mushuk (chigilcha). Oʻgʻuzlar “чӭтук” deydilar” (DLT.III.T.1963.140. Maʼlumot uchun: qadimgi chigilcha bu qarluq lahjasi, hozirgi oʻzbek tiliga yaqin).
“Devon”ga tayangan holda “mushuk” soʻzining qadimiy koʻrinishi “mush” boʻlgan ekan, deyish mumkin. Shu bois baʼzi lahjalarda uning – “mish”, “mushi”, “машы” kabi shakllari hozirgacha saqlangan. “Mushuk/мышық/”dagi “-uk”, “ық” yoki “pishak/pishik”dagi “-ak”, “-ik” qoʻshimchalari esa, mutaxassislarga koʻra, kichraytirish qoʻshimchasidir. Chunki qadimgi turkiyda “мачы”, “мǝчи”, “pisi” soʻzlari nafaqat mushuk, balki baʼzi lahjalarda maymun, quyon kabi hayvonlarga nisbatan ham ishlatilgan. Mutaxassislarga koʻra, qadimgi turkiydagi “maymun” maʼnosidagi “bičin” soʻzi ham ayni shu oʻzakdan.
XIII-XIV asrlarda ovrupalik missionerlar tomonidan kumon-qipchoqlarning tilini oʻrganish maqsadida tartib berilgan lugʻat “Kodeks kumanikus”da ham bu soʻz – “machi” (“mazi”) shaklida keltirilgan (gata – gurba – mazi: Codex cumanicus.Budapest.Edit.G.Kuun.1981.p.128).
Xush, yuqorida keltirilgan misollardan qanday xulosa qilish mumkin?
Maʼlumki, turkiy tillar, lahja va shevalarda baʼzi undosh tovushlarining oʻzgarishi kuzatiladi:
Misol uchun “m” va “b” tovushlari almashinuvi: deyarli bir davrda yaratilgan Kultegin va Tunyuquq yodgorliklarini solishtirsak, Kultegin toshbitigida “men” soʻzi – “m” (𐰢) orqali “mӭn” deb yozilgan boʻlsa, Tunyuquq yodgorligida – “b” (𐰋) tovushi bilan “bän” shaklida yozilgan. Shuningdek, shevalarda “b” va “m” tovushlari almashinuviga misollar: boʻyin – moʻyin, burun – murun va hokazo.
Shu kabi “b”ning “p”ga almashinuvi ham koʻp uchraydi, misol: bichaq – pichoq, but – put, bishig‘ – pishiq, balaban – polopon, bolta – polta va hokazo.
Shunday qilib, “mushuk” va uning variantlari, “pishak” va uning variantlari, “bisey/bushuk” va uning variantlari aslida bir soʻzning turli davr, hudud, til va lahjalardagi oʻzgarishlarga uchragan koʻrinishlaridir. Shuni ham aytib oʻtish kerakki, baʼzi mutaxassislar “pishak” shakli – turk tillarida mushukni chaqirish uchun “pish-pish”, haydash uchun “pisht” deyilishi natijasida paydo boʻlgan, degan fikr bildirgan, bizningcha, bu – bahsli.
Abduvohid HAYIT