Vatan – tuproq. Vatan – oila, oʻgʻil-qizlar, muhabbat, gʻoya. Tuprogʻidan, oʻgʻlidan, muhabbatidan ayrilgan odam borki, Vatan uchun kurashga otlanadi. Har qanday toʻlov evaziga Vatanni ozod, mustaqil qilishga intiladi, jon olib-jon beradi. Oyina.uz Mustaqillik bayrami dam olish kunlarida koʻrishingiz uchun vatanparvarlik haqidagi filmlarni tavsiya qiladi.

1. Otamdan qolgan dalalar, 1998
Yozuvchi Togʻay Murodning shu nomli asari asosida Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan film avlodlar taqdirida ruslar bosqini, sovet davri, oʻzbek ishi hamda bu bosimlar tufayli qanchadan-qancha odamlar ham maʼnan, ham jismonan yoʻq qilinganini koʻrsatib beradi.

2. Ip Man, 2008
Xitoylik jang ustasi Ip Man haqidagi yarim biografik xususiyat kasb etuvchi film. Ikkinchi jahon urushi davrida Xitoyning ayrim qismlari yapon bosqinchilari tomonidan bosib olinadi va xalqning irodasini sindirish hamda ularning yakkakurash turlarini mazax qilish uchun janglar oʻtkazila boshlaydi. Bu dahshatli janglarda Ip Man ham qatnashishga majbur boʻladi.

3. Vatanparvar, 2000
Roland Emmerixning AQSH ozodligi uchun boʻlgan janglar haqidagi jangovar filmi boʻlib, katta urushlar veterani kapitan Benjamin Martinning inglizlarga qarshi harakatga qoʻshilishi va yengib chiqishi haqida. Ingliz va fransuz janglarida qatnashgan sobiq harbiy britanlarga qarshi jang qilishni toʻgʻri yoʻl deb hisoblamaydi, biroq uning katta oʻgʻli mustaqillik tarafdorlariga qoʻshilib ketadi. Koʻp oʻtmay yaralanib qaytgan oʻgʻilni britaniyalik askarlar Martinlar uyidan topadi va qatl qilish uchun olib ketadilar. Buning oldini olmoqchi boʻlgan Benjaminning ikkinchi oʻgʻli esa oʻldiriladi. Shundan soʻng Benjaminning mustaqillik va intiqom uchun kurashi boshlanadi.

4. Soʻnggi samuray, 2003
Rejissyor Edvar Svirkning ushbu filmi XIX asr ikkinchi yarmida roʻy bergan yapon revolyutsiyasining badiiy interpretatsiyasi hisoblanadi. Ushbu davrda Yaponiya ikki yoʻl oldida edi: mamlakat anʼanaviy yoʻldan ketishi yoki Gʻarbdan namuna olib tezda reformalar oʻtkazishi zarur edi. Amerika fuqarolar urushi qatnashchisi Neyten Olgren shu munosabat bilan Yaponiyaga taklif qilinadi – u imperator qoʻshiniga zamonaviy qurollarni oʻrgatishi zarur edi.

5. Revolyutsiya (1985)
Britaniyalik kinorejissyor Xyu Xadsonning ushbu filmi epidemiya paytida oʻsmir oʻgʻlidan boshqa hamma yaqinlarini yoʻqotgan ovchi haqida. Tom Dobb mustaqillik uchun kurashishni istamaydi, ammo harakatga qoʻshilgan oʻgʻlining oldida boʻlishni va uni asrashni istaydi. Shu bilan u vatanining mustaqilligi uchun kurashish farzi ekanini anglaydi.

6. Sheryurak, 1995
Mel Gibson rejissyorligidagi besh Oskarga loyiq koʻrilgan film XIII asr oxirlarida shotlandlarning ingliz hukmronligiga qarshi kurashi haqida hikoya qiladi. Uilyam Uolles – shotlandlar sardori, oʻzi sevgan va oila qurishni istagan qiz ingliz sherifi tomonidan oʻldirilgach intiqomga kirishadi. U sherifni oʻldirishi payti xalq ham koʻtariladi va bu harakat milliy ozodlik harakatiga aylanadi.