Mahmudxoʻja Behbudiy Turkistonda gazeta va jurnal tashkil etishda ham yoʻlboshchilardan boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Gazeta faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida bosmaxona ochgan. “Nashriyoti Behbudiy” deb atalgan bu bosmaxona qachon ochilgani, jihozlari qayerdan sotib olingani haqida hozircha aniq maʼlumotlar boʻlmasa-da, kutubxona ochgan yili ishga tushgan, deb taxminlash mumkin. Bosmaxonada ilk bor Behbudiyning turkiy tilda tuzgan Turkiston, Buxoro, Xiva xaritasi, darsliklari, qoʻllanmalari, “Padarkush” dramasi va Fitratning “Hind sayyohi qissasi” ruschaga oʻgirib chop etilgan. U bu kitoblarni oʻz hisobidan nashr qilib, tarqatgan. Shuningdek, “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnali ham shu bosmaxonada nashr qilingan. Nashriyot 1915-yilgacha, yaʼni “Oyina” jurnali faoliyati toʻxtaguncha “ishlagan”.

Gazeta ochilishi uchun 5 yil harakat qilingan. Nihoyat, 1913-yil 14-fevralda Samarqand viloyati harbiy gubernatoriga gazeta chop etishga ruxsat soʻrab yozilgan iltimosnoma inobatga olingan. Iltimosnomaga gazeta yoʻnalishlarini koʻrsatuvchi mundarija va gazetani nashr etishdan koʻzlangan maqsad ilova qilingan:

˗                    Hukumat farmoyishlari;

˗                    Bosh maqola;

˗                    Xorij xabarlari;

˗                    Doxiliy xabarlar;

˗                    Axborotlar;

˗                    Oʻlka boʻylab mahalliy va savdo xronikasi;

˗                    Rus va xorijiy matbuot yangiliklari;

˗                    Ziroat;

˗                    Felyeton, adabiy va ilmiy boʻlim;

˗                    Muxbirlar va xususiy telegrammalar;

˗                    Umumimperiya xalq sudyalari va xususan, qozilarning sud hisobotlari;

˗                    Teatr;

˗                    Eʼlonlar;

˗                    Idoradan javoblar;

˗                    Bezak va rasmlar;

˗                    Aralash.

Gazetaning maqsadini rus madaniyati va Yevropa ilmini Turkiston aholisi oʻrtasida tarqatish, musulmonlarni ruslar bilan yaqinlashtirishdan iborat deb koʻrsatgan boʻlsalar-da, gazetaning hech qaysi sonida bu “maqsad” uchun biror marta harakat qilinmagan.

“Samarqand” gazetasi 1913-yil 15-apreldan Samarqand shahrida haftada 2 marta oʻzbek, fors va rus tillarida 400–600 nusxada chiqqan. Unda Turkistonning taraqqiyotini koʻzlovchi va jamiyatda islohotlarni amalga oshirishni targʻib qiluvchi maqolalar va sheʼrlar chop etilgan. Gazetada Yevropa va AQShda nashr etiladigan gazetalar, ularning oʻquvchilari haqida ham xabarlar berilgan. Hoji Muin, Munavvarqori, Fitrat, Kamiy, Saidrizo Alizoda, Siddiqiy Ajziy, Nusratilla Qudratilla oʻgʻli (Milliy), Rojiy kabi jadidlarning maqolalari chop etilgan.

Gazetaga birinchi navbatda Turkiston jadidlari obuna boʻlgan edi. Ulardan biri Vadud Mahmud gazetaga obuna boʻlganini faxr bilan eslaydi: “Muallim Shakuriy maktabida men yordamchi muallim (xalfa) boʻlub ishlab yurgan chogʻlarim edi. Bir kun meni birga olib shu gazetning idorasiga bordilar. Hozir yodimda qolgʻan. Reshitnikov ko‘chasida yangi yasalgan bir binoga kirdik. Katta bir uy. To‘rda stol orqasida gazetaning muharriri Behbudiy, ko‘zlarida oynak taqqan. O‘tirgan. Bir tomondan gazetaning tarjimoni Saidrizo Saidzoda, boshqa tomonda gazetni tarqatuvchi. Hoji Muin Shukrullo oʻgʻli adrilar yozmoq bilan mashgʻul. Mana shu yerda gazetga obuna boʻlib qaytdik. Bu hodisa mening hayotimda muhim bir hodisa tarzida jilvalandi. Chunki u zamonlar kim biladi Samarqand kabi katta shaharda gazetga obuna boʻlib gazetxon sifatida noil qancha kishi edi ekan. Haftada ikki yoki uch karra chiqatirgan gazetni maxsus pochtalion tashib keltirib berib ketardi. Shular qatorida men ham bor edim va bu mening uchun zo‘r bir iftixor edi”.

Din, tabobat, iqtisodiy masalalar, milliy nuqsonlar, ijtimoiy taʼminot, maorif, tarbiya, til-imlo masalasi, askarlik, tarix, transport, shaharsozlik, urf-odatlar, adabiyotga oid maqolalar gazetada muntazam nashr qilib borilgan. Maqolalarning katta qismida millatni maʼrifatli qilish, ilmga qiziqtirish, taraqqiy etgan xalqlar qatorida turishga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan. Mahmudxoʻja Behbudiyning “Samarqand“ gazetasida chop qilingan “Millatlar qanday taraqqiy etarlar” maqolasida rivojlangan millatlar haqida maʼlumot berilib, uning asosiy sababi ilmga boʻlgan eʼtibor tufayli, deb xulosalangan. Maktab va madrasani isloh qilish davr talabi ekanini qayd qilgan: “Bugun islohi maktab, madrasa, yaʼni islohi millatga qoʻshish qilinmasa, bir asr soʻngra diyonat barbod boʻlur va aning javobi masʼuliyati bugungilarga qolur. Bu masʼuliyatdan qutulmoq uchun millatni diniy ilm va dunyoviy ilm-fan qilmoq uchun targʻib qilmoq kerakdur”.

Gazetada nafaqat milliy, balki turkiyalik taraqqiyparvarlarning ham maqolalari chop etilgan. Jumladan, gazetada turkiyalik muallima Favziya Abdulrashidning “Muslimalar uchun maktab” maqolasini koʻrish mumkin. Unda yozilishicha, Favziya Abdulrashid 1913-yil mart oyida qizlar uchun xalqaro xususiy maktab ochgan. Maktabga Rusiya, Misr, Hindiston kabi mamlakatlardan koʻplab talabgorlar kelgan. Turkistonlik qizlarni ham maktabiga oʻqishga taklif qilgan. Maktabni tashkil qilishdan maqsad boylik orttirish emas, bashariyatga xizmat qilish, deb taʼkidlagan: “Ushbu ishdan maqsadimiz, shaxsiy foyda boʻlmay, faqat jamiyati bashariyaga xizmat etmak va olami islomga tarbiyali va maʼlumotli onalar yetishtirmakdur”.

Hukumatning doimiy tazyiqi, qadimchilar tomonidan xalq orasida gazeta oʻqiganlarning kofir deb targʻib qilinishi natijasida “Samarqand”ning obunachilari soni keskin kamayib boravergan. Vadud Mahmudning xotirlashicha, “Samarqand shahrining oʻzida yuz nusxasi zoʻrgʻa sotilaturgan boʻlgan”. Mahmudxoʻja Behbudiy moddiy qiyinchilik va doimiy senzuralar tufayli gazetaning faoliyatini 44-soni chiqqach toʻxtatishga majbur boʻlgan. Bundan xabar topgan Qoʻqon jadidlaridan Akobir Shomansur oʻgʻli va Mirzohid Oqiliy gazetaning davomiyligini taʼminlash uchun 500 soʻm iona bilan 200 ta obuna yuborishga tayyor ekanliklarini bildirganlar. Mahmudxoʻja Behbudiy iona va obuna bilan gazetani uzoq muddat davom ettira olmasligini bildirgan va ionani qabul qilmagan. 1913-yil 17-sentyabrda bir betdan iborat “Samarqand” gazetasining oxirgi 45-soni chiqqan.

Millatning taraqqiy etishini istamagan, unga qora ishlarni qildirishdan manfaatdor boʻlgan mustamlakachi hukumat “Samarqand” gazetasini oʻzining asosiy dushmani deb bildi. Mahmudxoʻja Behbudiyning 5 yillik harakati tufayli tashkil qilingan, bor yoʻgʻi 5 oy faoliyat olib borgan ushbu gazetani yoptirib qoʻygan. Ammo bu gazeta asoschisining irodasini buka olmadi, mutafakkir endigina tashkil qilingan “Oyina” jurnali faoliyatini rivojlantirishga eʼtiborini qaratdi.

Dilnoza JAMOLOVA,

tarix fanlari doktori, Tarix instituti direktorining

ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari