Avlodlar almashinuvi – toʻxtovsiz kechadigan tabiiy jarayon. Har bir avlodning oʻz qarashlari boʻlganiday, feʼlida ham farqli jihatlar bor. Oxirgi yillarda avlodlar almashinuviga ilm-fan ham qiziqib qoldi hamda mazkur jarayonni chuqur oʻrganishga kirishdi. Natijada har oʻn yilda bir avlodga umumiy nom beriladigan boʻldi.

“Maʼnaviyat” asosiy tushunchalar lugʻatida avlod tushunchasiga “tor maʼnoda alohida bir shaxs, oila yoki sulolaning davomchisi boʻlgan farzandlar va ularning zurriyodlari, keng maʼnoda esa millat, xalq, sivilizatsiya rivojining muayyan bosqichida yagona gʻoya, maqsad va vazifalar bilan maydonga chiqadigan, taraqqiyot jarayonida uzviylik va davomiylikni taʼminlab, oʻz davri qiyofasini belgilab beradigan, ijtimoiy hodisa darajasigacha koʻtariladigan kishilar guruhi” deya taʼrif berilgan.

Oʻn-oʻn besh yil ilgari farzandlarimizni kompyuter texnologiyalari asri bolalari der edik. Sal oʻtmay raqamli texnologiyalar va nanotexnologiyalar asri bolalari kabi atamalar nutqimizdan oʻrin oldi. Hali bu tushunchalarga koʻnikib ulgurmasimizdan tilimizda sunʼiy intellekt davri bolalari degan yangi atama paydo boʻldi. Goʻdakligidan internet va raqamli texnologiyalar ogʻushida voyaga yetayotgan bugungi bolalar bilan katta avlodlar oʻrtasida jiddiy farq bor. Joiz boʻlsa, hozirgi avlod vakillari onasi qornidayoq gadjet va smartfonlardan foydalanishni oʻrganib tugʻilayotganday kayfiyat beradi kishiga. Ha, aql-idrok va ilm-fan rivoji insonning biologik asliyatiga taʼsir etib, yuz tuzilishidan dunyoqarashigacha sezilarli oʻzgartirdi. Shunday ekan, inson qalbi va ongi uchun kechayotgan shiddatli kurashda yoshlarimiz yot kuchlarning quroliga aylanib qolmasligi uchun munosabatlarni toʻgʻri yoʻlga solish va har bir avlodning xususiyatlarini alohida oʻrganish dolzarb masalaga aylanib borayotir.

“Avlod nazariyasi”ni ilk bor amerikalik tadqiqotchilar Nil Hou va Uilyam Straus tadqiq etib, 1991-yilda turli yoshdagi kishilarning umumiy falsafasiga asoslangan konsepsiyani ishlab chiqib, “Avlodlar” nomli kitob chop etdi. Kitobda 1584-yildan boshlab AQSh hududida yashab oʻtgan har bir avlodning tarixi batafsil tahlil qilindi. 1997-yilda ular “Toʻrtinchi burilish” degan kitob yozib, avlodlar har 20–25 yilda xususiyatini yangilaydi degan gʻoyani ilgari surdi.

Olimlar gʻarbda yashab oʻtgan avlodlarni quyidagi bosqichlarga boʻlib oʻrgangan: “Arturian” (1433–1460-yillar), “Gumanist” (1461–1482), “Reformatsiya” (1483–1511), “Repressiya” (1512–1540), “Yelizabetta” (1541–1565), “Parlament avlod” (1566–1587), “Puritan” (1588–1617), “Ritsarlar” (1618–1647), “Shonli” (1648–1673), “Maʼrifatli” (1674–1700), “Uygʻonuvchi” (1701–1723), “Ozodlik” (1724–1741), “Respublikachi” (1742–1766), “Murosa” (1767–1791), “Transsendent” (1792–1821), “Oltinlangan” (1822–1842), “Progressiv” (1843–1859), “Missioner” (1860–1882), “Yoʻqolgan” (1883–1900), “Buyuk” (1901–1924), “Sokin” (1923–1943), “Baby boomer” (1943–1963) “X” (1963–1984), “Y” (1984–1996), “Zed” (1996–2010).

Shu kunlarda tez-tez qulogʻimizga chalinayotgan “Zed avlod” atamasi ilk bor “Toʻrtinchi burilish” kitobida tilga olingan. Ayrim manbalarda bu avlod vakillari “Zumer”lar deb ham ataladi. Mutaxassislarning fikricha, “zumer” tushunchasi 1943–1963-yillarda dunyoga kelgan “bumer”larning rivojlangan modeli.

Biz bugun koʻrib turgan “Zumer” avlod geni “Zed”ga nisbatan modellashgan boʻlib, ushbu atama jismoniy faol chaqaloq “bebi-bumer”larga nisbatan ham aytiladi. Ayni paytda uning takomili “Zumer”lardir. Ular “Y”dan keyingi va yangi “Alfa” avloddan oldingi tabaqa hisoblanadi. Oʻrganishlar “Zed” vakillari X va Y avlodlarning farzandi ekanini koʻrsatadi. Ikki avlod birlashuvidan hosil boʻlgan gen oʻzida yangi-yangi xususiyatlarni namoyon etishi bilan farqlanadi. Ulardagi faollik, aql-idrok, mulohaza qobiliyati va jamoa bilan ishlash xususiyati X-Y avlodning aksi boʻlgan Zeta genlarining transformatsiyalashuvi va yetakchi gen xususiyatlari kuchayishi natijasida geppir avlod qatlami shakllanishiga olib keldi.

Jahon iqtisodiyoti hamda texnologiyalar asri uchun bu avlod vakillari juda muhim ahamiyat kasb etadi. Avlod xususiyatiga koʻra Bumer-X-Millennial-Zumer orasidagi tafovutlar kun sayin ortib bormoqda. Hatto 2000-yillarda tugʻilgan bolalar bilan 2015-yildan keyin dunyoga kelganlar oʻrtasida farq bor. X-Y va Z avlod oʻrtasida katta tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Avlodlar oʻrtasida Yer sayyorasining hozirgi holatidan norozi Bebi-Bomer avlod X-Y tomonidan “zeta”larga nisbatan dunyoning ijtimoiy-siyosiy holatiga beparvoligidan eʼtiroz bildirsa, Z vakillari Bebi-bomer va X-Y avlodlarni bugungi yerning shu holga kelishiga sababchi sifatida koʻradi.

Insoniyat oldida turgan eng katta muammolardan biri tabiiy resurslarning cheklanganligi hamda inson ehtiyojlarining cheksizligi davrida BB, X-Y va Z avlod vakillari dunyoqarash oʻrtasida kundan kunga ortib borayotgan tafovutning oldini olish oʻta muhim hisoblanadi. Oldingi avlod bilan solishtirganda, kundalik hayotida tez agressiya namoyon etishi, holati, jins, din va mavjud holatlarga oʻzgacha qarashlari, oʻzining alohida xususiyatga ega ekaniga ishonish avlodlar oʻrtasidagi farqlarni taʼminlaydi. Ayrim rivojlangan mamlakatlarda “Zumer”lar yaxshi xulq-atvor egasi sanalsa-da, atrofdagi voqealarga beparvoligi hamda xatarga nisbatan yondashuvi bilan ajralib turadi.

“Zumer”larning hayot tarzi oʻzlaridan avvalgi avlod vakillariga qaraganda ancha sekinroq. Vaqtga nisbatan qarashlari ham bebi-bumer hamda X-Y avlod vakillari bilan tubdan farq qiladi. Qatʼiy tartib qoidalar oʻrnini xotirjamlik, erkin va vaqtni oʻz bilganicha sarflovchi avlod shakllanishi “bebi-bumer”dan to “zeta”largacha boʻlgan tabaqalar oʻrtasida tushunmovchiliklarni kuchaytirmoqda.

Gap avlodlar haqida borar ekan, ular bilan bogʻliq katta guruhlar haqida toʻliqroq maʼlumotni taqdim etish zarur. Keling, shu oʻrinda asosiy katta guruhlarni koʻrib chiqamiz (yillar turli manbalarda har xil koʻrsatilgan, farqi 1–3 yil va ular muddaoning umumiy mohiyatiga taʼsir qilmaydi).

“Bebi-bumer” – bu avlod 1943–1963-yillarda tugʻilganlar. Ular oʻziga talabchan, jismoniy mehnatga moslashgan, ishga qiziqadi, jamoaviy mehnat bilan shugʻullanishni xohlaydi va jamoaviy oʻyinlarni yoqtiradi. Ayni vaqtda bu qatlamning asosiy qismi pensiyada, lekin ular orasida ishlayotganlar ham bor. Ularning yana bir oʻziga xos tomoni qiyinchiliklarga bardoshliligi. Muammolarni gapirishdan qoʻrqmaydi va dunyoning oʻzgarishiga ishonadi. Ish va karyeraga koʻp vaqt ajratgani bois ushbu avlod vakillari orasida oilasidan ajrashganlar koʻproq.

X (nomaʼlum) avlod 1963–1984-yillarda tugʻilganlar boʻlib, koʻproq oʻziga ishonadi, oʻzgacha oʻylaydi, dunyodagi oʻzgarishlardan doim xabardor, kerakli vaqtda tanlash va oʻzgarish qobiliyatiga ega. Koʻpincha ruhan yolgʻiz va individual maqsadlarga erishish uchun qattiq mehnat qilishga tayyor, professional oʻsishga harakat qiluvchi kishilar jamoasi. Ular “bebi-bumer”dan farqli oʻlaroq, butun kuchini oilasining farovonligiga qaratadi. Farzandlariga oʻzida yoʻq boʻlgan hamma narsani – yaxshi kiyim-kechak, zamonaviy gadjetlar, oliy maʼlumot, mashina, kvartira va oʻzini qulay, mustaqil his qilishiga yordam beradigan barcha narsani berishga tayyor. Davlat yoki ijtimoiy yordamlarga ishonmaydi, faqat oʻziga tayanadi. Hayot va ishda aniq vaqt va chegaralarni yaxshi koʻradi.

Y (Millennials) avlod vakillari 1984–1996-yillarda tugʻilgan odamlar. Ular jamoatchilik idrok etishi eng qiyin boʻlgan avlodlardan biri. Bu nom lotincha “mingyillik” soʻzidan kelib chiqqan. Ushbu toifadagi odamlar juda qiyin davrda oʻsgan: qayta qurish, urushlar va epidemiyalar. Biroq bu davrda axborot texnologiyalari sohasida global taraqqiyot kuzatilganini ham taʼkidlash joiz. Smartfonlar tufayli ular “bosh barmoq avlodi” deb ham ataladi. Chunki ular bir barmoq bilan telefonda xabarlarni birinchi boʻlib yozgan. Bu bolalarda maqsad sari intilish va muvaffaqiyat tushunchalari boshqacharoq. Koʻp hollarda ularga professional faoliyatni eng quyi pogʻonadan boshlash yoqmaydi. Bir necha yildan keyin ularni “koʻtarishlari”ga umid qiladi. Asosiy eʼtibori tezlik bilan oʻsishga qaratilgani ularning asosiy kamchiligi hisoblanadi.

Bu kamchilik bir vaqtning oʻzida bir nechta sohada professional boʻlishga intilish orqali bilinmay ketadi, yaʼni ularga faqat bir yoʻnalishda mutaxassis boʻlishga “ruxsat yoʻq”. Y avlod zamonaviy biznesning umidi, ishda vaqtidan koʻproq ishlashga tayyor; ularda texnik savodxonlik ham yuqori. Koʻpchilik ekspertlar Y avlod vakillari tez orada global ishchi kuchiga aylanishini taʼkidlaydi. Shuningdek, ular oʻqish va ish faoliyatini boshlagunga qadar ota-ona taʼminotida boʻlishi bilan ajralib turadi.

“Zed” avlod yoki “zumer”lar postmodernizm va globallashuv davrida (1996–2010) tugʻilgan odamlardir. Ularni qoʻllarida smartfon yoki planshet bilan tugʻilgan deyish mumkin. Bola hali oʻqish yoki gapirishni bilmaydi, lekin planshet yo kompyuterni qanday yoqishni biladi. Boshqacha qilib aytganda, “zumer”larni tarbiyalashda nafaqat ota-onalar, balki turli ijtimoiy tarmoqlar va koʻplab blogerlar ham ishtirok etmoqda. Ularning hovlidagi doʻstlar bilan bogʻliq bolalik xotiralari yoʻq. Shuning uchun ular jamoada ishlash tajribasiga ega emas.

Faylasuf Shavkat Toʻrayevning taʼbiri bilan aytganda, bugun bolalar koʻchaga chiqib, joʻrasini yoki dugonasini biror oʻyin uchun chaqirib, uning ota-onasi javob berguncha kutib oʻtirishiga hojat yoʻq. U oʻzining smartfoni, ayfoni bilan xohlagan joyida oʻtirib muloqotni davom ettiraveradi...

Odatda inson oʻzini taniy boshlash jarayonidagi ilk qadamlaridayoq atrofdagilar bilan muloqot boshlaydi. Ulardan soʻraydi, birga oʻynaydi va ana shu doʻstlik, yaqinlik va oʻyinlar natijasida uning dunyoqarashi shakllanadi. Koʻrinib turibdiki, kishilarning ijtimoiy hayotda munosabatga kirishishida oila, maktab va jamiyat boshlangʻich qadam hisoblanadi. Aynan shu qadamlarni qoʻyishdagi oqsoqlik kishilarni real hayotdan virtual hayot sari shiddat bilan olib ketishi mumkin. “Zed” avlodda ham ushbu holatlar kuzatilgani bois ularni jamoa boʻlib ishlashga oʻrgatish kerak.

“Alfa” atamasini avstraliyalik tadqiqotchi tavsiya etgan, bu avlod vakillari 2010–2024-yillarda tugʻilganlar. “Alfa”lar XXI asrda tugʻilgan avlod boʻlib, 2 milliarddan ortiq. Ularning barcha oʻtmishdoshlaridan farqi shundaki, har qanday muhim mavzular: siyosat, iqtisodiyot, ruhiyat, bolalar va ota-onalar oʻrtasidagi munosabatlar, dunyodagi global oʻzgarishlar va boshqalar boʻyicha oʻz nuqtai nazari va aniq pozitsiyasiga ega emas. Ularga oson taʼsir oʻtkazish mumkin. “Alfa”lar juda yoshligidanoq soʻzlarini boshqalar tinglashini qadrlaydi, yangi bilimlar olishni yaxshi koʻradi, lekin katta hajmdagi maʼlumotlarni eslab qolish va qayta ishlash bilan bogʻliq holatlar bundan mustasno.

Ular asosiy maʼlumotlarni internetdan olgani tufayli bilimlari haddan tashqari mavhum, aniq manbaga ega emas. Shu narsa kelajakda ularga pand berishi mumkin. “Alfa”lar maktab va oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish, oʻrganishda nima foydali ekanini u qadar tushunmaganliklari sababli darslarda qushlarni sanab oʻtirishlari hamda yozuvda xatosi bor-yoʻqligidan tashvishga tushmaydigan avlod hisoblanadi. Ilgari “bebi-bumer” va boshqa avlodlar soatlab husnixat va imlo ustida ishlagan boʻlsa, “alfa”lar umuman taʼlimda yozish kerakmi degan savolni ilgari surishmoqda. Ular oʻzlari uchun zarur boʻlgan tayanch bilimlarni internetdan olishi bois internetni oʻqituvchi deya eʼtirof etmoqda. Ammo ular ajoyib, koʻp qirrali va innovatsion, kreativ fikrlash qobiliyati kuchli ekani bilan ajralib turadi. Shuningdek, ular juda injiq va aqliy jihatdan beqaror shaxslar, narsissizm va xudbinlikka moyil. Agar ularning iltimosi rad etilsa, janjal chiqarishi mumkin. Bu toifadagi odamlar erkin ijodkordir. Ularga qulay sharoit, barqaror ish va moliyaviy imtiyoz kerak emas. Ularni yangi va notanish narsalar jalb etadi. Ularga qayerda uxlash yoki nima qilishning farqi yoʻq.

“Alfa”larni pul, qimmatbaho mashina, kvartiralar qiziqtirmaydi. Ko‘chma maʼnoda ular oʻziga xos koʻchmanchilar. “Hamma narsaga bogʻlanish yaxshilik keltirmaydi, kvartira yo mashinani ijaraga olish mumkin ekan, nega ularni sotib olish kerak?” deb oʻylaydi. Moddiy yoki moliyaviy koʻrsatkichlar muhim emas. Eng muhim mezon – maʼnaviy-ruhiy vosita va jarayonlardir. Ularga hayotda yangi hislarni boshdan kechirishga imkon beruvchi tadbirlardan boshqasi qiziqmas. Ular oʻz-oʻzini tarbiyalashga koʻproq qiziqadi. O‘tmishdoshlaridan gʻayrioddiy fikrlashi va erta voyaga yetishi bilan ajralib turadi. Bolaligidayoq onam yoki otam kim uchun ishlaydi, qancha maosh oladi, bu pul ularga yetadimi-yoʻqmi singari savollarga qiziqadi.

“Alfa” avlod internetning doimiy foydalanuvchisi sanaladi. Ikki yoshli bolalarning 80 foizga yaqini allaqachon smartfon va planshetlarda oʻyin oʻynamoqda. Hozir dunyodagi har toʻrtinchi bola uch-toʻrt yoshida, har uchinchi bola besh-yetti yoshida va har ikkinchi bola sakkiz-oʻn bir yoshida shaxsiy gadjetiga ega.

“Alfa” – kamar bilan kaltaklanmagan birinchi avlod desak adashmaymiz. Inson ongida sezilmaydigan bu inqilob qachon boʻlganini tushunib yetish amrimahol. Yigirma yillar avval nojoʻya qiligʻi yoki xulqi uchun farzandiga tarsaki tushirgan ota-onaga hech kim eʼtibor qaratmasdi. Bugun bu ish keskin qoralanadi. Smartfon yoki telefonga yozib olinadi. Ijtimoiy tarmoqqa joylanadi. Soʻng bola himoyasi uchun vasiylik xizmatlari harakatga tushadi. Shu bois ota-onalar zamonamiz bolalariga nisbatan zulm qilish, hatto ortiqcha tergashdan ham oʻzini tiymoqda.

“Alfa”lar haddan tashqari achchiqlanmaydi, biroq yoshligidanoq qadr-qimmatini talab qiladi. Keksa kishilar bilan ham xuddi oʻrtogʻi kabi gaplashadi. Mustaqil hayot haqiqatini qabul qilishi oʻta mushkul. Avvalgi bolalar yetti-toʻqqiz yoshida ovqat tayyorlashni eplagan, maktabdan oʻzi uyga kela olgan. Hozirgilar onalari va otalaridan farqli oʻlaroq, nihoyatda nochor va ojiz, taʼbir joiz boʻlsa, mustaqil emas.

Tahlillarga koʻra “Alfa” avlodning quyidagi xususiyatilarini qayd etish mumkin:

ular deyarli hamma narsada amaliyotchi;

moda boʻlgan (trenddagi) narsalarni yaxshi koʻradi. O‘yinchoq, kiyim-kechak va zamonaviy jihozlarga qiziqadi;

bir zumda har qanday narsaga qiziqishi soʻnadi, ularni hayratda qoldirish yoki xursand qilish qiyin;

yaxshi suratga tushadi;

hali kattalar ham tushunmaydigan zamonaviy tahrirlash vositalarini oson oʻzlashtiradi;

ota-onalarga yordam beradigan bir qator psixologik usullarni biladi hamda oʻzining ahvolini oson tahlil qilib, tushkunlikning sabablarini tushunishi yoki, aksincha, oʻz ruhini koʻtarishi mumkin;

har qanday jazoga tayyor, nima boʻlishidan qatʼi nazar oʻz joyida turadi. Oʻn yil avvalgi bolalarga begona tuyulgan koʻplab masalalar yuzasidan bilimli va malakali. Masalan, ota-ona oʻrtasidagi munosabatlar, oiladagi moliyaviy muammolarning sabablari va pul nima uchun kerakligini tahlil qila oladi. Maʼlumotlarni juda tez qayta ishlaydi va batafsil tahlil qiladi.

“Alfa” avlodda eng ko‘p kuzatiladigan kamchiliklar:

klip xotira;

raqamli autizm;

dofamin tanqisligi;

hayotiy immunitetning sustligi.

Avlodlarning har biri haqida oʻqib, bir-biriga solishtirib ayrim xulosalarni chiqarish mumkin. Shu bilan birga ular oʻrtasidagi farq shartli ekanini ham unutmaslik lozim. “Baby-Boomers”, “X-Xer”, “Y-Millennials”, “Zed” va “Alfa” avlodlar oʻrtasida farqlarning yuqoriligi texnologik taraqqiyotning rivojlanishi bilan bogʻliq. Bugungi iqtisodiy, siyosiy, harbiy, ijtimoiy-maʼnaviy, tabiiy-ekologik omil va tahdidlar tufayli avlodlar qisqa vaqt ichida mutatsiyaga uchradi. Natijada ularning rivojlanishi tezlashib, ruhiyatida ham oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda. Inson ilmi va taraqqiyot taʼsiri tufayli tugʻilishi bilanoq smartfon va gadjetga ega “Zed” va “Alfa” avlod shakllandi.

Nigora HUSANOVA,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.