Bugungi kunda amaliy leksikografiya shu qadar takomillashib ketdiki, hatto bir turdagi anʼanaviy (bosma) va zamonaviy (elektron) lugʻatning son-sanogʻini aniqlab boʻlmaydigan darajaga yetdi. Biz ilk marta lugʻat deb bilgan va maktabda dastlab foydalangan meʼyoriy lugʻatning bugungi kunda jahon ortologiyasida bir necha koʻrinishlari, jumladan, imlo lugʻati, toʻgʻri talaffuz lugʻati, yozilishi muammoli soʻzlar lugʻati, grammatik lugʻatlar (soʻz yasalishi, soʻz tarkibi, soʻz shakllari), leksik birliklar lugʻati (izohli lugʻatlar), orfografik, orfoepik, leksik, frazeologik minimumlar va boshqa koʻrinishlarini uchratish mumkin.

Taniqli leksikograf V.V.Dubichinskiy XXI asrni Rossiyada “leksikografiyaning oltin asri” deb nomlagan va buning uchun yetarlicha asoslar keltirgan edi [1: 375]. Shunday boʻlsa-da, rus leksikografiyasining nazariy va amaliy taraqqiyotida muhim rol oʻynagan V.A.Kozirev va V.D.Chernyaklarning “Ortologik lugʻat va nutq madaniyati” maqolasi “Soʻnggi yillarda nutqiy savodxonlikka oʻrgatish bilan bogʻliq lugʻatlar taqchilligida oʻziga xos “leksikografik portlash”ni yuzaga keltirdi. Hozir kitob javonlarida turli-tuman – “katta”, “universal”, “yangi”, “zamonaviy” kabi jumlalar bilan oʻquvchini jalb qilishga intiladigan sanoqsiz imlo lugʻatlarini uchratish mumkin. Ammo tabiiy savol tugʻiladi: ularning barchasi ishonchlimi? Afsuski, bunga “ha” deb javob bera olmaymiz” [2: 19].

Modomiki, sohadagi yutuqlari bilan jahon leksikografiyasida munosib oʻrniga ega boʻlgan tilda imlo lugʻatlari ishonchliligiga kafolat yoʻq ekan, hozirgi vaqtda oʻzbek adabiy tilining huquqiy-meʼyoriy asoslari qay darajada mustahkam? Oʻzbek tilida adabiy tilning imloviy meʼyorlarini belgilash, barqarorlashtirish, takomillashtirish hamda kommunikativ kompetentlikni shakllantirish va muloqot madaniyatiga oʻrgatishning muhim vositasi, yozma nutq ilmiy meʼyorlarining huquqiy asosi hisoblangan imlo lugʻatlarimiz, xususan, maktab imlo lugʻatchiligi ahvoli qay darajada? Bu borada qanday muammolarimiz bor va uning ilmiy, amaliy yechimlari nimalar bilan bogʻliq? Zamonaviy tilshunoslikda oʻzbek tili ilmiy meʼyorlarining til tizimi va unga bogʻliq holda harakatdagi hamda tarixiy oʻzgaruvchanligini oʻrganish yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilyapti? Nutqning toʻgʻriligi haqidagi mavjud nazariyalar nechogʻlik ustuvor? Shu kabi savollarning kun tartibiga qoʻyilishi tabiiy, albatta.

Imlo lugʻati adabiy rasmiy tilning yozma shaklidagi barqarorlikni taʼminlaydi, meʼyorni belgilaydi. U imlo qoidasiga mos yaratiladi. Imlo qoidasi esa huquqiy asosga ega va u hukumat qarori bilan tasdiqlanadi. Shundan keyin kuchga kirib, tuzilayotgan imlo lugʻatlari uchun asos vazifasini oʻtaydi. Afsus bilan aytish kerakki, soʻnggi yillarda biz mutaxassislarga berilayotgan eng ogʻriqli, eng koʻngilni gʻash qiladigan savollardan biri – “Qaysi imlo lugʻati toʻgʻri?”.

Qiziq, bu qanday savol boʻldi? Nahotki imlo lugʻati boʻladi-yu, uning toʻgʻri-notoʻgʻrisi boʻlsa, dersiz!

Ming afsuski, bu muammo bor va hanuzgacha oʻz yechimini topgani yoʻq. Soʻnggi besh-oʻn yil ichida turli mualliflar tomonidan yigirmaga yaqin katta-kichik imlo lugʻatlari nashr etilgan. Deyarli barchasining birinchi sahifasida “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Ilmiy kengashi nashrga tavsiya etgan” deb yozib qoʻyilgan. Ularning hammasi amalda, birortasi rasman inkor etilmagan. Yuqoridagi kabi savollarning oʻz-oʻzidan tugʻilmayotganini mazkur lugʻatlarda bir necha soʻzning imlosida keltirilgan tafovutlar yaqqol tasdiqlaydi (1-jadval).

Eng koʻp murojaat etilayotgan elektron lugʻatlar, veb-muharrir, turli mobil qurilmalarda ishlashga moʻljallangan, matndagi ham imloviy, ham uslubiy xatolarni tuzatish, savodxon yozish uchun xizmat qiladigan matn tekshiruvi dasturlari haqida ham shu gapni aytish mumkin. Negaki, ularning lingvistik taʼminoti yuqoridagi lugʻatlarga borib taqaladi.

 1-jadval

Imlo lugʻatini xohlagan kishi, xohlagan paytida qayta-qayta oʻzgartirib nashr etaverishga haqli emas! Bu nafaqat ziyoli qatlamni chalgʻitadi, balki oʻqish-oʻqitish ishlariga taʼsir oʻtkazadi, eng asosiysi, milliy til meʼyorlarining qatʼiyligiga putur yetkazadi. Ayni paytda bir necha imlo lugʻatining rasman amalda ekani, yuqorida aytilganidek, “Qaysi imlo lugʻati toʻgʻri?” degan gʻayriodatiy savolning yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda. Ochigʻi, hozir sentabrmi yo sentyabrmi degan savolga aniq javob bera olmasligimiz fojia.

Oʻzbek adabiy tilining joriy meʼyorlarini mustahkamlash, yozma va ogʻzaki nutqning amaldagi qoidalarini takomillashtirish vazifasini bajaruvchi ortologik vositalar – meʼyoriy lugʻatlarni tuzish nazariyasi va amaliyoti bilan shugʻullanuvchi imlo lugʻatchiligimizning naqadar ayanchli ahvoldaligini allaqanday havaskor lugʻatchilar tijoriy maqsadda nashrga tayyorlagan, saviyasi haminqadar boʻlgan lugʻatlar asosida emas, respublikada meʼyoriy lugʻatlarni chop etishga masʼul, bu sohaga yoʻnaltirilayotgan katta-katta mablagʻlardan foydalanish imkoni yuqori boʻlgan, sohaning eng yetuk mutaxassislari tomonidan tuzilgan imlo lugʻatlari misolida asoslashga harakat qilamiz.

1976-yilda S.I.Ibrohimov rahbarligida nashrga tayyorlangan kirill yozuvidagi 65 ming soʻzni jamlagan, oʻz davri uchun akademik manba maqomidagi eng soʻnggi va mukammal manba – “Oʻzbek tilining imlo lugʻati” soʻzboshisida quyidagi jumlalarni oʻqiymiz: “Adabiy tilning imloviy normalarini belgilash nihoyatda qiyin va masʼuliyatli ishdir. Imlo masalalari oʻzbek tilshunosligida hali yetarli ishlanmagan va ilmiy umumlashtirilgan emas. Asar mualliflari buni toʻligʻicha his etishadi va lugʻatda berilgan baʼzi soʻzlarning imloviy shakllari haqida boshqacharoq qarashlarning boʻlishi ehtimolligini inkor etishmaydi” [3: 4-5].

Mazkur lugʻat chop etilgandan salkam qirq yil oʻtib, 2013-yilda professor N.Mahmudov tahriri ostida E.A.Begmatov va A.P.Madvaliyev muallifligida nashr etilgan imlo lugʻati soʻzboshisida yana aynan shunga oʻxshash jumlalar takrorlanadi: “Adabiy tilning imloviy meʼyorlarini belgilash gʻoyatda masʼuliyatli va qiyin ishdir. Oʻzbek lugʻatchiligi tarixida hozirga qadar turli tipdagi oʻnlab imlo lugʻatlari tuzilgan boʻlsa-da, bu tip lugʻatlarni tuzishning ilmiy asos va tamoyillari, lugʻatga kiritish lozim boʻlgan materialning xarakteri va tarkibi, imlo lugʻatlari bilan kundalik yozuv amaliyotida yuz beradigan tafovutlar va ushbu asosda imlo qoidalarini takomillashtirib borish kabi koʻpgina masalalar oʻzbek tilshunosligida hali yetarli tadqiq qilinmagan hamda nazariy asoslanmagan (taʼkid bizniki – B.B.)” [4: 4].

Oradan yana oʻn yil oʻtib, 2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Ilmiy kengashi tavsiyasiga koʻra, Davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti buyurtmasiga binoan Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan nashr etilgan “27 000 dan ortiq (lugʻat zarvaragʻida aynan shunday yozilgan!) soʻz va soʻz shakllarining toʻgʻri yozilishi koʻrsatib berilgan” “Oʻzbek tilining oʻquv imlo lugʻati” soʻzboshisida yana aynan yuqoridagi havolani uchratamiz: “Adabiy tilning imloviy meʼyorlarini belgilash gʻoyatda masʼuliyatli va qiyin ishdir. Oʻzbek lugʻatchiligi tarixida hozirga qadar turli tipdagi oʻnlab imlo lugʻatlari tuzilgan boʻlsa-da, bu tip lugʻatlarni tuzishning ilmiy asos va tamoyillari, lugʻatga kiritish lozim boʻlgan materialning xarakteri va tarkibi, imlo lugʻatlari bilan kundalik yozuv amaliyotida yuz beradigan tafovutlar va shularga bogʻliq holda imlo qoidalarini takomillashtirib borish kabi koʻpgina masalalar oʻzbek tilshunosligida hali yetarli tadqiq qilinmagan” [5: 5].

Xoʻsh, biz qachongacha ushbu soʻzboshilarga tayanib, vaziyatdan chiqib ketaveramiz? Oʻzbek tili imlo lugʻatchiligi tarixida eng katta nusxada nashrga tayyorlangan, davlat tomonidan moliyalashtirilgan uch lugʻatda ellik yildan buyon biridan ikkinchisiga koʻchib yurgan satrlarning oʻziyoq oʻzbek tilida imlo lugʻatchiligi ahvoli qay darajada ekanini ochiq-ravshan koʻrsatmayaptimi? Yarim asr oʻtib ham bu tip lugʻatlarni tuzishning ilmiy asos va tamoyillari oʻzbek tilshunosligida hali yetarli tadqiq qilinmagan hamda nazariy asoslanmagan boʻlsa, imlo lugʻatlarida nima ayb?! Buni yana qancha kutish mumkin? Alifbodagi toʻrtta harfni oʻzgartirish ustida besh-olti yildan beri bir qarorga kela olmayotgan tilshunosligimiz qachon imloni tartibga solishga diqqatini qaratadi? Qachon adabiy tilning oynasi boʻlgan yozma savodxonlikni oshirish, antroposentrik paradigmaning asosiy tadqiq omili til egasi – insonni tildan toʻgʻri foydalanishga oʻrgatishga qaratilgan haqiqiy amaliy tadqiqotlarga yoʻl ochib beramiz? Muammoning yechimlari qayerda?

Taʼkidlash kerakki, imloga doir asosiy muammolar oʻzlashma soʻzlarning yozilishi doirasida kuzatilmoqda. Joriy imlo qoidalari boʻyicha yozilishida muammo yuzaga kelayotgan aksariyat soʻzlar asli lotincha boʻlib, rus orfografiyasi prinsiplari asosida yozilgan, oʻzbek tiliga toʻgʻridan toʻgʻri emas, vositachi til – rus tili orqali oʻzlashgan. Ikki undosh oʻrtasida y orttiriladigan soʻzlarni yozishda bir prinsip asosida yondashib boʻlmaydi. Bu soʻzlarning aksariyati lotincha boʻlib, y siz yozilgan: alumen, aluminis. Inglizcha lugʻatda aluminium. Rus tilida алюминий. Oʻzbek tilida aluminiy shaklini tanlagan maʼqul. Baʼzi soʻzlar imlosini belgilashda fonetik xususiyatiga ham qarash kerak. Baʼzan uni tushirish soʻz etimologiyasiga taʼsir etishi ham mumkin: avantyurizm – avanturizm.

Oʻzbek tilining imlo qoidalari tasdiqlangandan soʻng nashr qilingan imlo lugʻatlarida [6, 7] nutqimizda faol ishlatiladigan koʻpgina oʻzlashma soʻzlarning imlosi belgilangan boʻlib, ular lugʻat boshida berilgan imlo qoidalariga mos edi. Ayrim soʻzlar imlosi talaffuz uchun erish tuyulsa-da (октябрь/oktabr, тюлень/tulen, шляпа/shlapa, этюд/etud, пляж/plaj, дюйм/duym), oʻtgan davr mobaynida mazkur lugʻat asosida yaratilgan darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, ommaviy axborot vositalari sabab omma shu shaklga moslasha boshlagan edi. Mazkur lugʻat ayrim kamchiliklardan xoli boʻlmasa ham, imloda asosiy muammo keltirib chiqarayotgan tarkibida е, ё, ю, я grafemalari ishtirok etgan soʻzlar imlosini belgilashda xalq jonli talaffuzini inobatga olgan holda bitta prinsipdan kelib chiqib yondashilmagan edi. Masalan, byuro, byurokrat, byust, gravyura, dvoryan, kompyuter, plyonka soʻzlari va glukoza, aluminiy, rukzak, illuziya, sujet, parashut, agglutinativ soʻzlari imlosini belgilashda individual yondashilgan edi.

Shuningdek, tarkibida ц harfi boʻlgan soʻzlar imlosini berishda ham talaffuz (fonetik yozuv) va asliga tayanishda (shakliy yozuv) muvozanat saqlangan edi: litsey, aksiya, antisiklon kabi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, keyingi imlo lugʻatlarida “Imlo qoidalari”ga qoʻshimcha izohning berilishi [8] tarkibida ц harfi boʻlgan soʻzlarni yozishda bir prinsipga tayanishga olib keldi va jonli talaffuz hamda imlo oʻrtasida nomuvofiqlikni vujudga keltirdi: публицистик – publitsistik, процессуал – protsessual, полицмейстер – politsmeyster, плацкарта – platskarta, пацифизм – patsifizm, лейкоцит – leykotsit, классицизм – klassitsizm, коэффициент – koеffitsent, фармацевтика – farmatsevtika, эритроцит – eritrotsit, процент – protsent, процессор – protsessor, ациклик – atsiklik, ацетон – atseton, бициклик – bitsiklik, бицилиндр – bitsilindr, гидроцилиндр – gidrotsilindr, гидроцентр – gipotsentr, гомоцентрик – gomotsentrik va h.k.

Abssess, abssissa, ssenariy, ssintigramma, ssuda, krossbriding, krossvord kabi soʻzlarning yozilishi ham talaffuzga mos emas. Hatto rus orfografiyasida ham с va ц harfli soʻzlarni yozishda qatʼiy bir prinsipga tayanilmaydi. Undoshlarning bir boʻgʻinda qator yoki takror kelishi turkiy tillarga xos boʻlmagani sababli abssess (ingl. abscess) kabi soʻzlardagi takror qoʻllangan undoshlar tilimizda bir tovush bilan talaffuz qilinadi. Mavjud oʻzlashma soʻzlarda ham undoshlarning takror qoʻllanishi, asosan, soʻz oxirida uchraydi: металл, ватт, грамм, кросс, стафилакокк, кристалл kabi. 5-sinf Ona tili darsligida: “Gramm, metall, kongress kabi soʻzlar oxirida kelgan qoʻsh undoshlardan biri talaffuzda tushirib qoldirilsa ham, yozuvda hamisha ifodalanadi. Bunday undosh bilan tugagan soʻzlarga shunday tovush bilan boshlanadigan qoʻshimchalar qoʻshilganda, qoʻsh undoshning biri yozilmaydi: metall+-lar→metallar” [9: 97] tarzida qoidalashtiriladi. Shu sababli soʻz oxiridagilarini saqlab qolib, soʻz boshi va oʻrtasi variantini bir tovush bilan ifodalash lozim: ssenariy / senariy, ssintigramma / sintigramma, krossbriding / krosbriding, krossvord / krosvord kabi. Bunday holatda, bizningcha, umumiy bitta prinsipdan kelib chiqib emas, har bir soʻzning imlosiga individual yondashish maqsadga muvofiq.

Yuqoridagilar mustaqil davlatning rasmiy tili boʻlgan ona tilimizning ilmiy meʼyorlarini belgilab beradigan yagona va mukammal imlo lugʻatini yaratish yoki ular ichidan eng maʼqulini tanlab rasman eʼlon qilishni talab etadi. Bir paytda bir necha mualliflarning subyektiv yondashuvi asosida tuzilgan imlo lugʻatining rasman amalda boʻlishi imloni izdan chiqarishi tabiiy.

Dunyoning aksariyat rivojlangan davlatlarida meʼyoriy lugʻatlar, aynan orfografik lugʻatlarni tayyorlash va chop etish hukumat nazoratidagi strategik masalalardan hisoblanadi. Masalan, AQShda lugʻat qonunchiligi degan tushuncha shakllangan boʻlib, hozirga qadar S.Jonson lugʻati (“A Dictionary of the English Language”, 1755) imlo lugʻatlarini yaratish uchun meʼyoriy-huquqiy asos boʻlib kelmoqda.

S.Jonson oʻz davrida meʼyorlarni oʻzgartirish tarafdori boʻlgan yagona olim hisoblangan. “Ingliz tili lugʻati” soʻz boshisida u “Qoida, meʼyorsiz natija samarali boʻladi. Inglizlar qatʼiy meʼyorni talab etadi. Til esa tabiatan oʻzgaruvchan. Uni bir meʼyorda ushlab turib boʻlmaydi. Balki meʼyorni oʻzgartirish kerakdir” [10] degan fikrni oʻrtaga tashlaydi.

AQShning XIX asrdagi ikki buyuk leksikografi N.Vebster va J.E.Vorsester S.Jonson lugʻati asosida oʻz faoliyatini boshlaydilar. Garchi Vebster keyinchalik S.Jonson lugʻatining ayrim meʼyorlarini oʻzgartirish borasida keskin mulohazalar bildirgan va imlo islohoti tashabbuskori sifatida “Universal and Critical Dictionary of the English Language“ lugʻatini tuzgan boʻlsa-da, S.Jonson lugʻatiga “u nashr etilgandan buyon bu til uchun bunday standart boshqa ishlab chiqilmagan”, deb baho beradi. Mutaxassislar orasida quyidagi jumla tez-tez ishlatiladi: “Amerika Konstitutsiyasi oʻzgartirilmaguncha, Jonsonning lugʻati Amerika qonunchiligida muhim rol oʻynayveradi” [11].

Ingliz tilida ayni paytda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga moʻljallangan imlo lugʻatlarining aksariyati “Barrington Stoke” bolalar nashriyoti tomonidan nashr qilinsa, maktab oʻquvchilari uchun lugʻatlar, odatda, Oksford universiteti nashriyotida “Oxford Dictionaries” seriyasida chop etiladi.

Lugʻat qonunchiligi bilan bogʻliq ushbu tajriba Rossiyada ham amalda. Rossiya Taʼlim va fan vazirligi meʼyoriy lugʻatlarni aprobatsiyadan oʻtkazish va chop etish boʻyicha yagona tizimni shakllantirgan boʻlib, bu vazifa bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlgan nashriyotlar roʻyxatini tasdiqlagan. Unga koʻra ayni paytda zamonaviy rus tilidan foydalanilganda Rossiya Federatsiyasining davlat tili darajasida yondashadigan maxsus tashkilotlar – Rossiya Fanlar akademiyasining Rus tili instituti, “AST-PRESS”, “Flinta” nashriyotlari ushbu huquqni qoʻlga kiritgan.

Leksikograflar, odatda, til qonuniyatlarini meʼyorda ushlab turish tarafdori boʻladi, til esa turli yoʻl bilan tinimsiz boyib, taraqqiy etib boradi. Bu, oʻz-oʻzidan, meʼyorlarni mutlaqlashtirmaslik, muayyan davrlarda isloh qilish zaruratini yuzaga keltiradi. Tilda imlosi muammoli soʻzlar talay. Imlo lugʻati tilda paydo boʻlgan yangi soʻzni zudlik bilan qamrab ololmaydi. Ziyoli qatlam, omma uni oʻzicha transliteratsiya qila boshlaydi. Aslida meʼyor amaliyotga asoslanadi. Agar tilda lugʻatda aks etmagan muayyan soʻzni koʻpchilik maʼlum bir shaklda yozishga odatlangan boʻlsa, shu shakl ortogramma sifatida tan olinadi.

Yuqoridagilardan xulosa shuki, mamlakatimizda meʼyoriy lugʻatlar nashrini qatʼiy nazoratga olib, lugʻat qonunchiligi darajasiga koʻtarish, mamlakatning eng kuchli, nufuzli olimlari, pedagoglarini unga jalb qilib, mazkur ish bilan shugʻullanish huquqini eng ishonchli nashriyotlar va ilmiy tadqiqot markazlariga topshirish shart. Shuning oʻziyoq bugungi kunda amaliy tilshunoslikning imloga doir ilmiy-nazariy tavsiflarini ishlab chiqishga zarurat borligi sezildi.

Shu bilan bir qatorda, ularni amaliyotga tatbiq etish jarayonlarini qamrab oladigan ortologiya, ortografiya, lingvodidaktika, pedagogik leksikografiya kabi zamonaviy yoʻnalishlarining mamlakatning bevosita til siyosatini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan sohalari sifatida tan olinishi ham zarur.

Bularning barchasi esa tegishli tadqiqotlarning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi, moliyalashtirilishi, huquqiy kafolatining taʼminlanishini taqozo etmoqda.

Bashorat BAXRIDDINOVA,

 Qarshi davlat universiteti professori,

filologiya fanlari doktori;

Sharifa NABIYEVA,

Qarshi davlat universiteti doktoranti

“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali, 2024-yil 8-son.

“Lugʻat qonunchiligi tushunchasi va oʻzbek meʼyoriy lugʻatchiligi muammolari” maqolasi