Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir izohni oʻqib qoldim. “Avvallari kinolar hayotdan olinardi, endi hayotimiz kinolardan olinyapti”, deya yozgan izoh muallifi. Shu bir ogʻizgina jumlada bugungi media olami, TVlarning umumiy manzarasi va ularning hayotimizga taʼsiri juda aniq ifodalangan. Biz oʻzbek maʼnaviyati, tarbiyasi, odob va axloq haqida ming jon kuydirib gapirmaylik, millionlab xalqimiz tomosha qiladigan kundalik dasturlar hatto Gollivud filmlarida ham koʻtarilmaydigan jirkanch va tabu mavzularni namoyish etayotgan boʻlsa, barcha harakatlarimiz benaf ketadi. Ijtimoiy tarmoqlarda behayo kontentlar koʻpligidan noliymiz. Ular bir ummonday gap, bir oʻzanga yigʻishning, boshqarishning imkoni yoʻq. Biroq telekanallarimiz tomoshabin oldidagi masʼuliyatni his qilmayotgani, efirga berilayotgan seriallar-u telenovellalar oldida ijtimoiy tarmoqlar ham ip esholmay qolayotgani achchiq haqiqat. Bu holatga ziyolilar befarq qarab turmasligi, efirdagi kontentlarning yaxshi tomonga oʻzgarishi uchun munosabat bildirishi zarur deb oʻylayman. Seriallar haqida uzoq gapirish mumkin, lekin biz diqqat qaratmoqchi boʻlgan jihat – telenovellalar masalasi. Bir paytlar telenovella deganda faqat “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi” koʻrsatuvini tushunardik. Unda hayotda uchrab turadigan turli illatlar, oilalardagi nosogʻlom munosabatlar oʻta mahorat bilan koʻrsatib berilardi. Albatta, novella soʻnggida qissadan hissa aytilardi, yaʼni tomoshabinga bu voqea orqali yetkazmoqchi boʻlgan mushohadalar bayon etilardi. Bugun efirga uzatilayotgan novellalarning mavzusi, syujeti oʻz yoʻliga, ammo ularning “koʻrish”lar soni izidan quvib, har qanday xaypga berilayotgani, hayotni boʻrttirib, trendbop voqeliklarni boʻrttirib, beparda aks ettirayotgani achinarli. Nafaqat achinarli, balki kishini xavotirga ham soladi.
Telenovellalar kecha yoki bugun paydo boʻlgani yoʻq. Telenovella aslida serialga parallel tarzda Lotin Amerikasida chiqarilgan toʻliq syujetli teleserial hisoblanadi. U 1950-yillarda paydo boʻlgan va bora-bora Lotin Amerikasi mamlakatlarida televideniyaning asosiy janriga aylangan. Telenovella formati serialga oʻxshab ketsa-da, xilma-xil syujetlar va turfa qahramonlar taqdirini koʻrsatib berishi bilan Amerika seriallaridan farq qilgan. Amerika telenovellalarida ham koʻpincha er-xotin va ularning oilaviy hayoti syujetning asosini tashkil etgan. Bundan tashqari, telenovellalarning cheklangan translyatsiya muddati taxminan olti oyni tashkil qilgan va epizodlar soni 180 dan 200 tagacha oʻzgarib turgan. Mabodo reytingda muvaffaqiyat qozongan taqdirda bu raqam yanada koʻpaygan.
1950- va 1960-yillardagi telenovellalar asosan romanlar yoki boshqa adabiy asarlarning ekranga moslashtirilgan talqini boʻlib, faqat bir nechta Lotin Amerikasi dramaturglarigina telenovellalar uchun original hikoyalar yozib berishgan. 1960-yillarning oxiriga kelib, prodyuserlar telenovellalarni suratga olingan mamlakatning madaniy muhitiga bogʻliq qilib, original ssenariylar yaratishni boshlashgan. Oʻsha yillarda Lotin Amerikasida faqat telenovellalar ishlab chiqaruvchi maxsus televizion tarmoqlar tuzilib, ular butun dunyoga oʻz mediamahsulotlarini eksport qilishgan. 2018-yilga kelib butun dunyoda telenovellalarning mashhurligi pasaya boshladi. Bizda esa shu vaqtga kelib, telenovellalar ommalasha boshladi. Bugunga kelib ularning soni kundan kunga koʻpayib bormoqda. Sir emaski, telenovellalar bugun xususiy telekanallarning asosiy reytingbop dasturlari sifatida qaralmoqda.
Xususan, “Milliy” telekanalida “Iqror”, “Zoʻr” telekanalida “Saboq”, “Taqdirlar iskanjasi”, “Sevimli” telekanalida “Taqdirlar”, “Mening yurtim” telekanalida “Voajab” kabi turkum telenovellalar taqdim etiladi. Bu telenovellalar asosan praym-taym vaqtida namoyish etiladi. Masalan, “Zoʻr” telekanalida shu paytgacha “Saboq” telenovellasi namoyish etilgan boʻlsa, endilikda haftada 4 kun davomida kechki soat 21:00 da “Taqdirlar iskanjasi” telenovellasi efirga uzatiladi. “Sevimli” telekanali haftada 5 kun davomida kech soat 21:15 da “Taqdirlar” telenovellasini tomoshabinlarga taqdim etadi. “Milliy” kanalidagi “Iqror” telenovellasi baʼzan 18:05, baʼzan 20:00da namoyish qilinadi. Bu aynan odamlar dasturxon oldiga kelib, televizor qarshisiga joylashgan paytga toʻgʻri keladi.
Telekanallar ushbu novellalarni efirga uzatishdan tashqari ularni oʻz Yutub kanallariga joylab borishadi. Eng koʻp eʼtirozga sabab boʻladigan jihat, aynan ushbu novellalarning Yutubdagi sarlavhalari ekanini aytish lozim. Koʻproq koʻrilishi, odamlarni jalb etishi uchun na etika, na mantiqqa toʻgʻri keladigan nomlar bilan joylashtiriladi. Biz maqolani yozish chogʻida telekanallarning Yutub kanallariga qoʻyilgan ushbu telenovellalarni qaytadan koʻrdik va diqqatni tortadigan nomlardan baʼzilarini sizga ham havola qilishni lozim topdik. Masalan, “Iqror” telenovellasining turli qismlari “Teng tengi bilan”, “Shilqim qaynota”, “Kuyovning mebeliga kelinning pardasi mos kelmadi”, “Doʻstimning ayoli menga yoqadi”, “Erga tega olmayotgan qiz”, “Onasi tanlaganiga uylangan yigitlar toʻydan keyin boshqa qizni sevib qolishsa nima qilish kerak?”, “Ovsinimning nayranglari”, “Oʻgʻri qizlar”, “Qoʻshnimning xotinini sevib qoldim”, “Begona kelin” va hokazo sarlavhalar bilan nomlangan.
“Sevimli” telekanali Yutub sahifasiga “Taqdirlar” telenovellasining turli qismlari “Qizini pullagan ota”, “Oʻgʻri kelin”, “Mahr mashmashasi”, “Otasini oʻldirgan narkoman oʻgʻil”, “Ziqna qaynonam oʻzini oʻldirdi”, “Ikkinchi eridan baxtini topgan ayol”, “Erimga mehr berishni kundoshimdan oʻrgandim”, “Alkash ota qizini...” kabi nomlar bilan joylashtirilgan. Yoki yaqindan “Zoʻr” telekanalida berilayotgan “Taqdirlar iskanjasi” telenovellasi sonlariga “Pochcham meni zoʻrladi”, “Kelinim meni oʻqitgan”, “Ovsinimni oʻldirdim”, “Koʻchadagi ayollarning makri”, “Irimchi qudalar”, “Qimorga tikilgan qiz”, “Kelinimdan jirkanaman”, “Qaynonam aktrisa ekan” kabi sarlavhalar qoʻyilgan. Avvalroq namoyish etilgan “Saboq” telenovellasining qismlari esa “Goʻzalligiga aldangan qiz”, “Bolani oʻldirgan pardalar”, “Kelinini oʻldirib qoʻygan qaynona”, “Oʻz uyimdan quvildim”, “Sanʼatkorni xoʻrlagan qaynona”, “Qayniukam tegajogʻlik qildi”, “Otam meni boyga pullamoqchi”, “Bir uyda ikki kundosh”, “Oʻlgan erim qaytib keldi” kabi nomlar bilan Yutub sahifasiga joylashtirilgan. Afsuski, ular 500 ming, 1 mln, baʼzilari 2 mlndan oshiqroq ham tomosha qilingan.
Balki, telenovellalar ijodkorlarining niyati ezgudir, ular odamlarni egri yoʻldan qaytarmoqchi, toʻgʻri yoʻlga burmoqchidirlar. Lekin bu kabi mavzular, hayotni bu qadar tubanliklar va jirkanch manzaralar bilan toʻlib toshgan koʻrinishda tasvirlashdan muddao nima? Buni aslo oqlab boʻlmaydi. Reyting uchun “koʻrish”lar soni ketidan quvaverib, xalqimizning fitratini buzib qoʻyishdan qoʻrqmaydilarmi? Telenovellalarda tasvirlanishicha, oʻzbek jamiyatining asosiy muammosi faqat oila atrofidagi muammolar, xolos. Goʻyoki hech bir oilada tinchlik yoʻq. Faqat xiyonat, aldov, firibgarlik va eng yomoni qotillik. Axir siz-u bizning atrofimizda shu qadar tubanliklar boʻlyaptimi? Masalan, ming shukurki, men bunday gap-soʻzlarni eshitmaganman. Baʼzan saytlardan, ijtimoiy tarmoqlardan onda-sonda oʻqigandirman, lekin bu degan telenovellalardagi voqelar hayotiy asosga ega, ular syujetni real voqelikdan olishyapti degan fikr oʻzini oqlamaydi. Balki, shunday tubanliklarni sodir qiladigan odamlar bordir. Lekin ular juda kam, Xudoga shukur. Shuncha ezgulik turganda bir siqim tubanlikni namoyish qilish qanchalik toʻgʻri?
Telenovellalarga xos umumiy jihatlarni sanab oʻtsak. Eng avvalo, doim xiyonat mavzusi bor. Er hamisha xiyonat qiladi, kelin va qaynona doim urishadi, odatda, qaynona juda yomon, qahri qattiq xarakterda koʻrsatiladi. Ovsinlar hech qachon kelishmaydi, faqat aka-ukalarning orasini buzadi. Mehr-oqibat degan tuygʻular yoʻqolib boʻlgan. Ikkinchi xotin va kundosh mavzusi ham uzoq “chaynaladigan” mavzuga aylanib boʻldi. Men bu ijodkorlarga qarata, “siz nahotki, oʻzbek degan buyuk millatni shu mayda va tuban illatlar atrofida tasavvur qilasiz”, degan savolni bergim keladi. Axir bu telenovellalar kurakda turmaydigan mavzulari bilan tomoshabinning nafaqat qimmatli vaqtini oʻldirmoqda, balki ularning miyasini ham zaharlamoqda. Axir bu kabi voqeliklarni koʻrsataverish bora-bora tomoshabinda istalgan tubanlikka odatiy hol sifatida qarashdek loqaydlikni paydo qilmasligiga kim kafolat beradi? Hatto bir marta yomonlik qilmagan insonga har kuni “yomonsan” deyaversa, oʻsha inson begunoh holida oʻzining yomonligiga ishonib qoladi-ku.
Ehtimol, xususiy telekanallar bu kabi arzon xayplarga oʻchligiga moddiyatni roʻkach qilib keltirishlari mumkin. Lekin dunyoda moddiy manfaatdan koʻra yuksakroq tushunchalar bor. Bu millat maʼnaviyati va tarbiyasi masalasi. Unga koʻz yumib boʻlmaydi. Abdulla Avloniy bejiz “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo falokat, yo saodat – yo halokat masalasidir” deb yozmagan edi. Axir televideniya ijodkorlari ham shu millatning maʼnaviyati uchun masʼul boʻlgan insonlar. Tomoshalar soni uchun emas, sifat uchun, millat maʼrifatini yuksaltirish, badiiy didini oshirish uchun harakatni qachon boshlaymiz? Axir qachongacha odam oʻldirish, xotinini pichoqlash, erini zaharlash, ikkinchi xotin, johil qaynona, qotil kelin kabi maishiy, tuban mavzularni tomosha qilib yuraveramiz?
Televideniya tomoshabin ortidan ergashishi emas, balki sifatli va yuksak saviyali kontent izidan tomoshabinni ergashtira olishi lozim. Haqiqiy professional ijodkorlarning prinsipi boʻlishi kerak. Agar faqat moddiy maqsad bilan yashayversak, millat maʼnaviyatini boy beramiz. Yoshlarning tarbiyasi, oriyat, nomus, uyat, andisha kabi tuygʻularni yoʻqotamiz. Muhtaram Prezidentimiz oʻtgan yilning 22-dekabrida boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida “milliy kontent” masalasi haqida bejiz toʻxtalmadilar. Biz tezroq xalqimiz uchun manfaatli boʻlgan, millat dunyoqarashi va maʼnaviyati foydali boʻlgan milliy kontentlar yaratish ustida bosh qotirishimiz lozim deb oʻylayman.
Biz ommaviy madaniyat, chet elning buzgʻunchi gʻoyalariga qarshi kurashimiz kerak deymiz-u, lekin oʻzimizning oyinayi jahonda namoyish etilayotgan buzuq gʻoyali, millat maʼnaviyatiga mos kelmaydigan telenovellalardan keladigan xavf ham ulardan qolishmaydi. Bugun telekanallarimizda namoyish etilayotgan telenovellalarning badiiy saviyasi, mavzular mundarijasi xususida jiddiy oʻylab koʻrish payti keldi. Mazkur masalaga asosiy yechim sifatida telekanallar qoshidagi Badiiy kengashlar faoliyatini qayta koʻrib chiqish, ularning jiddiy ish olib borishini taʼminlash deb oʻylayman. Badiiy kengash tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazidan mutaxassislar va ekspertlar boʻlishi lozim. Bugun jamiyatga kerakli, hammaga birday manfaatli mediamahsulotlar yaratish uchun barcha ziyolilar birday javobgar va shu millat maʼnaviyatiga hammamiz masʼul ekanimizni unutmasligimiz kerak.
Kamoliddin TOʻRAEV,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori
Shermatov AVAZBEK,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti
kichik ilmiy xodimi
“Jadid” gazetasi, 2024-yil 23-avgust, 35-son.