Yon qoʻshnimiz Momoxon xola bizni onamdek tergab, onamdek erkalatardi. Ularnikida xuddi oʻzimizning hovlimizdagidek oʻynab yurardik. Bir kuni soʻrida doʻppi tikib oʻtirgan Momoxon xolam meni chaqirib qoldi:
– Tosh olma (meni shunday atardi), uyning tokchasida turgan qaychini olib chiqib ber!
Qaychini olib chiqdim, xayolim oʻyinda boʻlgani uchun, soʻrining bu tomonida turib xolamning oldiga irgʻitdim.
– Iy-y, – dedi xolam. – Odamgayam shunaqa qilib beradimi narsani? – mening hayron qarab turganimni koʻrib, gapini izohladi. – Koʻchadagi kuchukka biror yegulikni shunday otib bersang boʻladi. Chunki unga yaqin borsang, tishlab olishi mumkin.
– Nima boʻpti sizgayam otib bersam? – boʻsh kelmadim men ham.
– Bu yoqqa ke, oʻtir, – qatʼiy buyurdi xolam. Keyin tushuntira boshladi...
...Bolalik, yoshlikda haqiqatan ham farqiga bormaslik mumkin: narsani otib berding nima-yu, qoʻliga tutqazding nima?.. Biroq ulgʻayib borgan sayin kimdir sendan iltimos bilan soʻragan buyum, narsani uloqtirib berish yoki uning oldiga taqillatib qoʻyish juda xunuk koʻrinishini anglab borarkansan. Shu bois soʻragan narsasini yaqin borib, xush kayfiyat bilan qoʻliga tutqazish, agar narsa ogʻir yoki qaynoq boʻlsa, ehtiyotlik bilan yoniga qoʻyish – madaniyatlilik, farosatlilik belgisi. Qaychi, pichoq kabi buyumlarni oʻtkir, tigʻli tomonini oʻzing tomonga qaratib ushlab, ularni toʻmtoq, kesmaydigan tomoni bilan soʻragan odamga uzatiladi.
Kimningdir iltimosini bajarish – uni xursand qilish, savob olish uchun imkoniyat. Iltimosni malol olmayotganingiz “Marhamat”, “Jonim bilan”, “Mana shuni soʻraganmidingiz?” kabi soʻzlaringiz, yuz-koʻzingizdagi chiroyli tabassumda aks etib tursa, nur ustiga aʼlo nur boʻladi.
Muhtarama ULUGʻOVA