Sirlar tarjimoni
Soʻz kim uchundir shunchaki muloqot vositasi, kim uchundir oʻtkir qurol yoki oddiy tovushlar yigʻindisi boʻlsa, ilohiy isteʼdod egalari uchun bemisl moʻjizalar manbaidir. Hofiz Sheroziy ana shunday ulug‘ ijodkorlar sirasiga kiradi. Asrlar oʻtsa-da, uning dilbar va benazir ashʼori nazm shaydolarini hayrat ummoniga gʻarq etib kelayotir.
Xoja Shamsiddin Muhammad Hofiz Sheroziy milodiy 1326-yili Eronning qadimiy ilm-u irfon maskanlaridan sanalgan Sheroz shahrida tugʻilgan. Otasi Bahouddin asli isfahonlik boʻlib, bazzozlik bilan shugʻullanar, oila oʻrtamiyona kun kechirar edi. Otaning bevaqt vafoti sabab oila tang ahvolga tushib qoladi. Ikki aka ish qidirib yot oʻlkalarga ketadi, kichkina Muhammad esa novvoyga shogird tushadi. U arzimas maoshining bir qismini tirikchilikka, qolganini ilm tahsili va xayr-ehsonga sarflardi. Yoshligidan oʻtkir zehni, fasohati, yuksak sheʼriy qobiliyati bilan ajralib turgan Muhammad diniy va dunyoviy ilmlarni chuqur oʻrgangan, Qurʼoni karimni yod olgan. Shirali ovozda Kalomullohni tilovat qilishi, diniy kitoblar, qissa va marsiyalar, gʻazallarni oʻqishi barchaga manzur boʻlganidan, u qissaxonlik qilib roʻzgʻor tebratgan.
“Hofiz” soʻzi arabcha “hafaza” – asramoq kalimasidan yasalgan. Ikki toifa kishilar shu nom bilan izzatlanadilar: Qurʼoni karimni yod olgan qorilar va shirali ovozga, yuksak isteʼdodga ega boʻlgan xonandalar. Bizda soʻzning ikkinchi maʼnosi kengroq qoʻllanadi.
Hofiz Sheroziy har ikki maʼnoda bu nomga munosib edi. U Qurʼonni oʻn toʻrt usulda qiroat qila olar, qasidaxonlig-u qissaxonlikda ham unga teng keladigani topilmas edi. Shu bois u oʻziga Hofiz taxallusini olgan. Yoshligidan xattotlik ilmini ham egallagan.
Hofiz – inson qalbida joʻsh urgan, ammo soʻz bilan ifoda etish mushkul boʻlgan tuygʻularga nom bera olgan, ularni ifoda eta bilgan shoir, chin maʼnoda ilohiy ishq kuychisi. Uning majoz vositasida bitilgan sheʼrlarida “avom ishqi”ga xos yuzakilik uchramaydi. Hofiz gʻazallarida rindlik, bodaparastlik, koʻr-koʻrona taqvo-yu toatni tark etish, haqiqatni ogoh va oʻtkir qalb koʻzi ila koʻrish va unga intilish gʻoyalari ilgari suriladi. Mutaassib ruhoniylar oʻz davrida uni dahriylikda ayblab, taʼqib etgan boʻlsalar-da, maʼrifatparvar mutafakkirlar, orif allomalar shoirning biror misrasida shakkoklik belgisi yoʻqligi, aksincha, u Qurʼon va hadislardan zinhor chetga chiqmaganiga shohidlik berishgan. Shu bois oʻz davrining yetuk fozillaridan boʻlgan Mir Qosim uning kulliyotini “fors tilidagi Qurʼon” deb atagan ekan. Shoirning oʻzi ham bir gʻazalida “Har chi kardam, hama az davlati Qurʼon kardam”, yaʼni “Nimaiki qilgan boʻlsam, hammasini Qurʼonning sharofati, amri va davlati tufayli amalga oshirdim”, deydi.
Alisher Navoiy bobomizning ham shoir ijodiga ehtiromi yuksak boʻlgan. Forsiy tilda bitgan gʻazallarida Hofizga xos fasohat va balogʻat jilva qilib turadi. “Nasoyim ul-muhabbat” asarida unga “lison ul-gʻayb va tarjumon ul-asror”, yaʼni gʻayb tili va sirlar tarjimoni, deya taʼrif bergan. “Nasoyim ul-muhabbat”da yozilishicha Hofiz Sheroziy biror pirning sabogʻini olmay, qoʻlidan tutmay turib, shunday komillikka yetishganki, bunday daraja hali biror insonga nasib etgan emas.
Biroq davr ijtimoiy muhiti, moʻgʻullar istilosidan soʻng parokandalikka yuz tutgan mamlakatdagi ahvol shoir ijodiga ham taʼsir koʻrsatadi. Hofiz garchi koʻplab hukmdorlar eʼtiborini tortgan, ular iltifotiga sazovor boʻlgan esa-da, asosan faqirlik va muhtojlikda kun kechiradi. Kaltabin ulamolar, isteʼdodsiz shoirlarning taʼqibiga uchrab, ulardan koʻp aziyat chekadi. Saroy shoirlaridek boy, toʻq va farovon kun kechirishi ham mumkin edi, ammo u qalb xazinasi, ishq daqinasini har qanday boylikdan ustun bildi:
Chu Hofiz ganji o‘ dar siyna doram,
Agar chy muddaiy binad, haqiram.
Maʼnosi: garchi muddaiy – daʼvogarlar koʻziga haqir, kambagʻal va miskin koʻrinsam-da, xuddi Hofiz singari Yaratganning xazinasini qalbimda jo etganman.
Hofiz butun umr ona shahri Sherozda yashadi. Sheʼrlari hayotlik chogʻidayoq Eron-u Turonni zabt etgan boʻlsa-da, oʻzi Isfahon va Yazddan boshqa biror shaharga sayohat qilmadi; vatan sogʻinchi va hajriga mubtalo boʻlmaslik uchun u har qanday safardan voz kechdi.
Namedihand ijozat maro ba sayr-u safar,
Nasimi bodi musallovu obi Ruknobod.
Maʼnosi: Musallo bogʻining shabbodasi-yu Ruknobod arigʻining suvi sayr-u safar qilishimga ijozat bermaydi.
Hofiz ijodiga nainki Sharq, balki gʻarbliklar ham katta qiziqish bilan qaragan; sheʼrlari Ovrupo tillariga tarjima qilingan. Magʻribliklar Hofizni oʻzlarining Heyne, Shiller, Dante, Volter singari buyuklari bilan yonma-yon qoʻyganlar. Bayron, Gyote, Pushkin kabi ulugʻlar Hofizdan ilhomlanib goʻzal sheʼrlar bitgan.
Hofiz turkiy xalqlarning ham sevimli shoiridir. Oʻtmishda biror oʻzbek shoiri yoʻqki, shoir sheʼriyatining jonbaxsh bulogʻidan qonib, bahralanmagan boʻlsin. Uning xoʻb mashhur baytini har bir oʻzbek kitobxoni tarjimasiz ham tushunadi-yu, lekin qoʻshmisra shoir Xurshid tarjimasida latif jarang sochadi:
Agar koʻnglimni shod etsa, oʻshal Sheroz jononi,
Qaro xoliga baxsh etgum Samarqand-u Buxoroni.
Aytishlaricha, baytdan xabardor boʻlgan Sohibqiron Temur Sherozni fath etgan choqda muallifni huzuriga chorlab, “Ey shoir, men shu ikki shaharni obod qilish, uning dovrugʻini olamga taratish uchun yarim dunyoni egallashga jahd qilgan boʻlsam-u, sen uni qandaydir xolga baxsh etsang – bu qanaqasi boʻldi?” deb soʻraydi. Shoir bunday javob qaytaradi: “Olampanoh! Saxovatim-u qoʻli ochiqligim tufayli buyla miskin ahvolga tushib oʻtiribman”. U shunday deb faqirona kiyimiga ishora qiladi. Javob Sohibqironga manzur boʻlib, shoirni qimmatbaho inʼomlar ila siylagan ekan.
Shoir oʻz gʻazallarida bizning shaharlarimizni goʻzallik, malohat va fasohat timsoli sifatida tilga oladi:
Ba sheʼri Hofizi Sheroz meraqsand-u menozand,
Siyahchashmoni kashmirivu turkoni samarqandiy.
Mazmuni: Sheroz Hofizi sheʼr aytsa, samarqandlik suluvlar-u kashmirlik qorakoʻzlar noz birla xirom aylar.
Baytdagi “turk” soʻzi ikki maʼnoni anglatadi: turkiy millat va goʻzal, suluv, shoʻx. Hofiz Sheroziy hazratlari shu tariqa oʻziga xos, hofizona noziktaʼblik, sharqona soʻz oʻyini – iyhom sanʼati bilan oʻzbek qizlarini taʼriflab ketganlar.
Qadimda Hofiz gʻazallari yurtimiz madrasalarida oʻqitilgan. Xattotlarimiz uning dilbar sheʼrlarini qayta-qayta koʻchirib, kitobat qilib, nazm shaydolariga tarqatgan. Sheʼrxonlik kechalarida albatta Hofiz gʻazallaridan namunalar oʻqilgan, xonandalar uning qoʻshiqlarini kuylaganlar.
Yo Rab, in shamʼi dilafroʻz zi koshonai kist?
Joni mo soʻxt, bipursed: ki jononai kist?
Mazkur matla bilan boshlanuvchi gʻazalni oʻzbekona ohanglarda oʻzbek hofizi Sherali Joʻrayev ijrosida tinglab goʻzal hislarga oshno boʻlganmiz:
Qaysi uyning shamʼidir u, qaysi joyda xonasi?
Oʻrtadi jonni, soʻrang: kimning erur jononasi?
Shu qoʻshiqni har gal tinglaganimda ikki hofizning naqadar betakror iqtidor sohibi ekaniga ich-ichimdan iqror boʻlaman...
Hofiz bir gʻazalining maqtaida bunday degan:
Manam on shoiri sohir, ki ba afsuni suxan,
Az nai kilk hama qand-u shakar meboram.
Mazmuni: men shunday sehrgar shoirmanki, soʻz ila afsun oʻqib qalamning qamishi orasidan qandu shakar toʻka olaman.
Rost, Hofiz qalamidan toʻkilgan bu “qand-u shakar” asrlar oʻtsa-da, laziz taʼmini yoʻqotmaydi.
Navoiyni yigʻlatgan doston
Layli va Majnun. Mana, necha yuz yillarki bu ikki nom pok sevgi va sadoqat ramzi boʻlib kelayotir. Ularning ishqi qanchadan-qancha qissa-yu afsonalarda kuylanmadi! Ne-ne shoirlar ularning qaygʻu-alamga toʻla hayotini doston etmadi deysiz!
Layli va Majnun chindan ham hayotda yashab oʻtganmi, degan savol adabiyotshunos olimlarni koʻpdan oʻylantirib keladi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra Qays tarixiy shaxs boʻlib, uning toʻliq ismi Qays ibn Muoz yoki Qays ibn Mulavvah boʻlgan va Majnun taxallusi bilan sheʼrlar bitgan.
Darhaqiqat, arab mumtoz sheʼriyatida islomiyatdan avval ushbu taxallus bilan bir qancha shoir ijod qilgani maʼlum. Lekin ularning qay biri ishqi doston boʻlgan Majnun ekanini aniqlash mushkul. XI asrda yashagan tarixchi va sayyoh Nosir Xisravning mashhur “Safarnoma”sida yozilishicha, arab oʻlkalaridan birida, Toif yaqinida mahalliy kishilardan biri unga Layli yashagan qoʻrgʻonning xarobalarini koʻrsatgan.
Sharq adabiyotida Layli va Majnun mavzusining paydo boʻlishi bilan bogʻliq xilma-xil fikrlar, taxminlar mavjud. Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy singari fors adabiyotining yetuk salaflari bu mavzuda bir-biridan rangin va goʻzal dostonlar yaratganlar. Ana shu uch buyuk siymoni oʻziga ustoz bilgan, oʻz taʼbiricha, “asʼhobi Kahf” itidek uch birodarga ergashgan hazrat Mir Alisher Navoiy ilk bora bu qissani turkiy tilda qaytadan dunyoga keltiradi, koʻhna qissani navoiyona ruh va fasohat ila yangilaydi.
Navoiy talqinicha, ikki yosh qalbida ishq gʻunchalari aynan bahor faslida paydo boʻladi. Majnun ishqining maromiga yetib “pishishi”, u hijron otashida yongan palla esa saratonning jaziramasiga uygʻun keladi. Ikki ishq asirining umri xazonga yuz tutishi kech kuzning mahzun va dilgir manzaralariga uyqashib ketadi.
Asarni oʻqir ekanman, koʻz oʻngimda ikki xil qiyofadagi Majnun gavdalanadi. Birinchisi – oqil, har jihatdan komillikka erishgan, qobil farzand; u ota-ona rizosi uchun har ishga tayyor. Ikkinchisi – butun jism-u joni Layliga aylangan, vujudi junun savdosi-la toʻlib-toshgan savdoyi...
Ikki yoshning muhabbati shu qadar kuchliki, ular ota-onalarining amridan boʻyin tovlab, visolga yetishmogʻi (xuddi bugungi kundagi aksar romantik filmlar qahramonlari singari) ham mumkin edi. Yoʻq, ularning har ikkisi ota-ona oldidagi masʼuliyatni unutmaydi. Har ikkisi ota-ona mayli, orzu-havasini deb umrini oʻzgalar bilan payvandlashga rozi boʻladi. Ammo taqdirning oʻyinini koʻringki, har ikkisi ham muayyan sabablarga koʻra chimildiqni tark etadi va tasodif ularni uchrashtiradi.
Layli va Majnunning uchrashuv onini ham shoir oʻzgacha ishtiyoq bilan tasvir etgan. Aynan oʻsha tunda butun borliq ikki qalbning birlashuvi uchun sharoit yaratgan, parranda-yu darrandalar sukutga choʻmgan. Yulduzlar ham falakda jimgina ularga baxt tilar, tun ham bu diydorning uzoq davom etishini istab saharning yoʻliga qora parda tutgan edi. Bu visol oʻtli dil izhorlaridan, jonbaxsh suhbatlardan, shirin erkalashlardan nariga oʻtmaydi... Tong otgach, Layli va Majnun qismat amriga boʻyin egib ortga qaytadilar. Majnun chin maʼnoda poklik va begʻuborlik timsoli edi. Uning muhabbati shunchaki – bir jins vakilininig ikkinchi jinsga intilishi emas edi. Asar soʻngida Navoiyning oʻzi aytganidek, bu ishq majoziylikdan boshlanib, haqiqatga qovushgan ilohiy bir muhabbat edi. Shu bois Majnun jamiyat uchun begona, hatto dali-devona boʻlib koʻringan.
Ne ajabki, uni insonlar emas, hayvonlar, tilsiz jonzotlar tushundi. Hatto eng hurkak jonivor boʻlmish jayronlar ham undan qochmay, doʻst tutinadi. Vahshiy hayvonlar sodiq itdek yuvosh tortib qoladi. Qushlar yelkalariga qoʻnib, u bilan sirlashadi. Agar Majnun bu qadar pok boʻlmaganida otasi Laylini oʻldirmoqqa qasd qilgani ham, ota-onasining oʻlimi ham uning tushida ayon boʻlmas edi. Hatto Laylining oʻlimi haqida ham unga gʻoyibdan xabar yetadi.
Buyuk adib Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar”dagi Kumushbibini, Onore de Balzak oʻzining sevimli qahramoni Gorio otani “oʻldirib” qoʻyganida yosh boladek koʻzyosh toʻkkan. Xuddi shu holni hazrat Navoiy ham boshdan kechirgan ekanlar:
Soʻgin nechakim uzottim oxir,
Yigʻlay-yigʻlay tugottim oxir.
Atoqli adabiyotshunos Suyima Gʻaniyevaning eslashicha, xorijlik mashhur sharqshunos olim katta minbarda turib doston haqida gapirarkan, koʻziga yosh olib, “Men ana shunday buyuk shoirni yetishtirgan oʻzbek xalqi oldida taʼzim qilaman!” degan ekan.
Dostonni oʻqirkanman, miyamda doim bir fikr charx uraveradi: chin dildan sevmagan inson bunday jonli, gʻamgin va oʻtli asarni bitolmagan boʻlardi! Navoiy bir lahzalik visoldan soʻng yana Majnunni oʻz izmiga solgan firoq haqida yozar ekan, deydi: “Kishi yuz yil hijron dardini yutib, bir damgina vasl lazzatini totsa-yu, yana ayriliqqa duchor boʻlsa-da, gʻam chekmasa boʻladi, axir baribir vasldan bahra oldi-ku, shuning oʻzi ham bir neʼmat. Ammo ana shu neʼmat ham menga nasib etmadi...” Bu jumlalar buyuk bobomizning hali hech kimga maʼlum boʻlmagan armonidan soʻz ochgandek tuyuladi. Zero, takror aytsak ayb sanalmas – sevgini oʻz boshidan kechirmagan inson muhabbatni bu qadar oliy darajada tarannum etishi mumkinmi?! Ha, Majnun bu – oshiq Navoiy. Zotan, hazrat oʻzini Majnunga bejiz qiyoslamagan:
Vomiqu Farhod-u Majnundeklar ul vodiy aro
Boʻlsalar paydo, meni ham ul arodan izlangiz.
Xayolot olamidagi odam
Ingliz postmodern adabiyotida Jon Robert Faulzning oʻziga xos oʻrni bor. U, ayniqsa, “Kolleksioner”, “Afsungar”, “Fransuz zobitining xotini”, “Deniel Martin”, “Mantissa” singari roman va qissalarida voqelikni noanʼanaviy usulda, oʻtkir va teran nigoh ila yoritishga harakat qilgan.
Adib 1950–1963-yillarda Fransiyaning Puate universitetida, Gretsiyaning Spetsess orolidagi gimnaziyada, Londondagi Avliyo Godrik kollejida oʻqituvchilik qiladi. Yunon orolida mashhur “Afsungar” (“The Magus”) romanini yaratish gʻoyasi tugʻiladi; asar voqealari ham shu yerda boʻlib oʻtadi. Jon boʻlajak umr yoʻldoshini ham aynan Spetsess orolida uchratgan. Darvoqe, Faulzning koʻplab qahramonlarida Elizabetning qiyofasi, sajiyasi, feʼl-atvori muhrlangan, buni yozuvchining oʻzi ham eʼtirof etgan.
“Afsungar” adibga shon-shuhrat olib keldi. Asar bosh qahramoni Nikolas Erfening prototipi muallifning oʻzidir. Romanda kundalik turmushidan zerikib, sarguzasht istab, ona yurtidan bosh olib chiqib ketgan, keyin oʻzi istagandek real voqelikdan yiroq, xayolot olamiga tushib qolgan, oxir-oqibat dastlabki hayot tarziga qaytgan odam qismati hikoya qilinadi. Inson istaklarining cheksizligi, taqdir esa har bir odamga imkoniyatlari darajasidagi hayotni inʼom etishi asarning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Roman oʻz imkoniyatimiz xorijidagi narsalarni orzulab emas, hayot bizga taqdim etgan neʼmatlardan toʻgʻri foydalanib, umrning har lahzasidan zavq olib yashashimiz lozimligini uqtiradi goʻyo.
Roman syujeti oddiy emas. Nikolasning Gretsiyadagi chekka orolda Konchis bilan uchrashuvi uni hayoti tubdan oʻzgarishiga olib keladigan sirli oʻyinlar va sinovlar silsilasiga giriftor qiladi. Konchisning shaxsi va maqsadlari sir boʻlib qoladi. U faqat afsungar emasligi, balki Nikolasning hayotini oʻzgartirgani kelgan sirli kuch ekani sezilib turadi. Romanda erkinlik, masʼuliyat, tanlov, haqiqat, illyuziya va hayotning maʼnosi kabi falsafiy, ekzistensial masalalar koʻtarilgan.
Nazarimda, roman nihoyasi ongli ravishda ochiq qoldirilgan. “Nikolasning hayoti qanday oʻzgardi? Konchis maqsadlariga erishdimi? Nikolasning yangi shaxsi shakllanganmi?” Bu kabi savollarga javob yoʻq. Javobsizlik esa oʻquvchiga oʻz talqinini yaratish, roman maʼnosini oʻzicha anglash imkonini beradi. Oʻqish asnosida unda Homerning “Iliada” va “Odisseya”si, Shekspir dramalari taʼsirini ilgʻagandek boʻlasiz.
70-yillarga kelib, Faulz hayotiy qarashlarini oʻzgartiradi. Bu oʻzgarishlar “Qora yogʻochdan qurilgan minora” (1974) qissasida yaqqol koʻzga tashlanadi. Asar qahramoni ozodlik va odatiy hayot tarzidan qay birini tanlash haqida uzoq oʻylanib, nihoyat ikkinchisini tanlaydiki, bu hol har bir oʻquvchida ayricha munosabat uygʻotishi tabiiy...
Hayot unchalik yomon emas
…XIX asr oxirlari. Fransiya, Parij. Oʻrtahol odamlar toʻplanib, gurunglashib oʻtiradigan qahvaxonalardan biriga sochlari toʻzgʻigan, odmigina kiyingan, shopmoʻylovli kishining kirib kelishi hech kimning eʼtiborini tortmadi. Davra ahli gurungga chandon berilib ketgan, biri olib biri qoʻyib, mashhur adib Gi de Mopassanning asarlarini muhokama qilishar edi. Bahs haddan tashqari qizib ketganidan va hamma oʻz fikri, taassurotlarini aytishga oshiqayotganidan bu yerda adibning ashaddiy muxlislari jamlanganini anglash qiyin emasdi.
Notanish kishi sekingina davraga qoʻshilib, gali kelishini sabr bilan kutdi. Nihoyat, vazmin soʻz boshladi:
– Azizlar, Mopassaning asarlarini men ham oʻqiganman. Ammo ular siz aytganchalik mukammal soʻz durdonalari emas, kundalik hodisalarning oddiygina aks sadosi, xolos. Hayronman, ularning nimasi sizni shu qadar maftun etdi ekan?
Davra suv quygandek jimib qoldi. Ammo bu jimlik butun qahvaxonada qoʻpajak toʻpolonning ibtidosi edi.
– Nega qarab turibmiz? Mopassanni tanqid qilish qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻymaymizmi bu sayoqqa!
Shoʻrlik notanish kishi olomonning oq kaltak-qora kaltagi ostida qoldi. Gʻazabga mingan muxlislar bechorani ayamay tepkilar, doʻpposlar, u esa butun vujudi bilan oʻzini musht va tepki yomgʻiridan himoyalashga tirishar edi. Shu choq kimdir oʻzini chetga olgancha, bor ovozda qichqirib yubordi:
– Shoshmanglar, nima qilyapsizlar?! Axir bu... Gi de Mopassanning oʻzginasi-ku!..
Mopassan oʻz davrida minglab adabiyot muxlislarini oʻtkir tili, haqqoniy hikoyalari, betakror ijodi bilan rom eta olgan buyuk fransuz yozuvchilaridan. U jahon adabiyoti tarixiga kichik janr – hikoyachilikning yirik dargʻasi boʻlib, oʻquvchini ham kulishga, ham yigʻlashga, ham fikrlashga chorlaydigan oʻlmas novellalari, inson va hayot haqidagi takrorlanmas asarlari bilan kirdi. Qisqa va sermazmun hikoyalarida inson ruhiyatining hamma anglaydigan, ammo ifodalashga qiynaladigan qirralarini, mavhum hissiyotlarni, inson tabiati, feʼl-atvori va taqdirini tiniq-ravon tasvirlay oldi.
Mopassanning onasi oʻz davrining buyuk yozuvchisi va mutafakkiri Gyustav Floberning muxlisi va doʻsti edi. Mopasanning yozuvchi sifatida shakllanishida maʼrifatparvar onasi hamda Flober ijodining ahamiyati benihoya katta boʻlgan. Boʻlgʻusi adib Floberning ruhiy va maʼnaviy tarbiyasi ostida kamol topdi. Ustoz adib uning ilk mashqlarini oʻqib, “Senda isteʼdod bormi-yoʻqmi – bilmadim, ammo, hech qachon unutmaki, isteʼdod uzoq va mashaqqatli sabr-bardoshni talab etadi, tinimsiz izlanish kerak”, deya maslahat bergan edi.
Mopassanning yozuvchilik isteʼdodi yuzaga chiqqan davr Fransiya-Prussiya urushidagi sharmandali magʻlubiyat, Parij kommunasi voqealari yuz bergan yillarga toʻgʻri keladi. Adib asarlarida ana shu siyosiy-ijtimoiy dolgʻalar ham oʻz aksini topgan.
Yosh adibning “Doʻndiq” hikoyasi (1880) katta hodisa sifatida baholangan. Ustozi Floberning taʼrifi bilan aytganda, “shu birgina hikoyaning oʻziyoq Mopassanning adabiyot tarixida qolmogʻi uchun yetarli edi”. Hikoyaga ruanlik yengiltabiat bir qizning sarguzashti asos qilib olingan. Prusslar tomonidan ishgʻol qilingan Ruandan yoʻlga chiqqan dilijansda bir guruh zodagonlar, oqsuyak xonimlar va janoblar orasida shaharda yengiltakligi bilan tanilgan “Doʻndiq” laqabli qiz ham bor edi. Dastlab hamrohlar qizning oʻzlariga nomunosib hamsafar ekanini oshkora sezdiradilar. Ammo uzoq yoʻlga yetarlicha oziq-ovqat gʻamlamay chiqqan oliymaqom yoʻlovchilar qizning kamtarona mehmondorchiligini rad etishmaydi. Doʻndiq hamsafarlarini tazyiqdan qutqazmoq uchun dushman ofitserining jirkanch talabini bajarishga majbur boʻladi. Oliynasab kimsalar oʻz joni, huzur-halovati uchun uni dushman toʻshagida yotishga undaydi. Taʼqib va oʻlim tahlikasidan qutulishi bilan esa u kimsalar yana nafrat koʻzoynagini taqib olishadi...
“Hayot” romani (1883) adib ijodiy kamolotining yuksak choʻqqilaridan biridir. Ushbu asarda inson hayoti har doim bir xil kechmasligi, taqdir uning orzu-istaklari, his-tuygʻulari bilan hamisha ham hisoblashavermasligi bosh qahramon Janna de Vo qismati misolida aks ettiriladi. Hayotda inson har qadamda aldov, xiyonat, nohaqlik bilan yuzma-yuz kelishi mumkin. Ishonuvchanlik, oqkoʻngillik, soddadillik bilan hayotning shafqatsiz kurashlarida gʻolib chiqish mushkul. Buning uchun odamdan sabr-toqat, chidam, aql-idrok va kerak boʻlsa ayyorlik ham talab etiladi. Asar nihoyasida qahramonlardan biri aytgan gap muallif xulosasini ifoda etadi: “Hayot unchalik durust emas, ammo u ayrimlar oʻylaganidek yomon ham emas”.
Darvoqe, Mopassanning bir necha hikoyasini oʻzbek tiliga oʻgirganman. “Zebigardon” hikoyasi meni qattiq hayajonga solgan. Televideniyeda aynan shu hikoya asosida telenovella ssenariysini ham yozganman. Adibning “Tazarru” hikoyasi ham tarjimon, ham oʻquvchi sifatida meni larzaga solgan, bir necha kun gʻalati kayfiyatda yurganman...
Rim bilan gʻoyibona tanishuv
Dunyo bolalar adabiyotida Janni Rodari ijodi muhim oʻrin tutadi. Uning ertak va hikoyalari, qissalari jahonning turli mamlakatlarida yashayotgan bolalar qalbiga, ongu shuuriga chuqur kirib bora olgan.
Janni Rodari Italiyada tugʻilgan (1920). Uning otasi yoshligida vafot etadi va onasi uch oʻgʻlini olib oʻz qishlogʻi – Varesottoga joʻnaydi. Janni akalariga qaraganda nimjon va kasalvand edi. U bolaligidan musiqa va adabiyotga oshno boʻladi. Skripka chalish sirlarini qunt bilan oʻrganadi. Nitshe, Shopenhauer, Tolstoy asarlarini sevib mutolaa qiladi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanganda talaba boʻlgan Rodari Qarshilik harakatiga aʼzo boʻladi. Urushdan soʻng 1948-yilda “Unita” gazetasiga muxbir boʻlib ishga kiradi. Oʻsha yildan eʼtiboran u bolalarga atab asarlar yoza boshlaydi.
Rodari butun dunyo bolalarining mehrini qozongan “Chipollinoning sarguzashtlari” asarini yaratgan. “Jelsomino yolgʻonchilar mamlakatida”, “Osmondagi va yerdagi sheʼrlar”, “Yangi yil archalari sayyorasi”, “Osmondagi tort”, “Bekorchi laqabli Jovanninoning sarguzashtlari” singari asarlari ham kichkintoylar kitob javonidan oʻrin olgan.
Adib asarlari oʻzbek tilida ham bosilib chiqqan. Jumladan, 1990-yilda “Rim ertaklari” kitobi nashr etilgan edi. Menga bu kitobni oʻrta maktabda, qaysi bir tanlovda sovgʻa qilishgan. 600 sahifaga yaqin kitobni bir hafta qoʻldan qoʻymay oʻqiganim esimda. Ayniqsa, “Uchtadan oxiri bor ertaklar” asari boshqacha, gʻayrioddiy uslubi bilan murgʻak shuurimda iz qoldirgan. Bu turkumdagi ertaklarning har birida muallif oʻquvchiga voqealarning uch xil yechimini taqdim etadi. Maktabda “Siz yoqtirgan asar” mavzusida insho yozganimizda, kamina xuddi shu asarni tahlil qilib, “besh” olgan edim. Keyinchalik har bir ertakni turli yechimlarda taqdim etish anʼanasi sinfimizda keng tarqalgan. Har bir ertakni oʻqiganimda Rodarining shu uslubi esimga tushar, oʻzimcha uning ikkinchi, uchinchi xotimasini oʻylab topib, maxsus daftarga jamlab borganman. Ijod yoʻlini tanlashimga ham, ehtimol, shu asar turtki bergandir?..
...Kuni kecha Italiya safaridan qaytdim. Rimning gavjum, sershovqin koʻchalarini kezarkanman, bu qadimiy va betakror shahar bilan meni gʻoyibona tanishtirgan buyuk adib Janni Rodarining quvnoq va hikmatli ovozi qulogʻim ostida tinimsiz jaranglab turgandek boʻldi...
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Soʻzdan yaralagan moʻjizalar” maqolasi