Birodarimning soʻzlari meni oʻylantirib qoʻydi. Yuziga sin solib qaradim: qirq beshdan oshib, ellikning eshigini qoqayotgan bu polvonkelbat yigitning oq oralagan sochlarida, chehrasiga tushgan bitta-yarim ajinlar qatida qattiqqoʻl hayotning izlarini koʻrdim. Ichimdan koʻp gaplar oʻtib ketdi:  eh, yigitlik, qanisan sen?.. Butun talabalar shaharchasini oʻziga qaratgan, tim qora sochlari ortga taralgan, oppoq sport libosida koʻkragini kerib, bir oʻzi yurganda bir qur odam kelayotganday gurros solib turguvchi, bir gapirib oʻn kuladigan shoʻx-shaloyim yigit qani?

Hisoblab boqsam, oradan yigirma besh yil oʻtibdi. “Sanamaganga bari tugal” deyishadi. Oʻzimizni haliyam boʻz yigitlar deb yuribman chogʻi, vaqtning betinim, berahm kuchini tuyqus his qildim.

* * *

Kechqurun soat beshlarga yaqin telefonga taxminan shunday xabar keladi: “Ikkita non, moy, goʻsht (tovuqniki boʻlsayam), sorimoy...”.

Shu bois doʻkonga kiraman. Bugun ham shunday boʻlgandi. Yuqorida tasvirlaganim talabalikdagi oʻrtogʻimga duch kelib qoldim. Keng-royish doʻkondagi odamlarga parvo qilmay xotin yuborgan roʻyxatdagi oziq-ovqatlarni izlay boshlagan edim. Tanish ovoz eshitildi: “Kim ekan mehmoning? Bir oʻzimi? Akasi bilan...”. Ovoz kelgan tarafga yalt etib qaradim. U telefonda gaplashayotgan edi. Biroz shangʻiroq, ammo qadrdon tovush. Bahrom... Bahrom polvon. Boʻyi ikki quloch, urgan toʻpi qaytmaydigan voleybolchi. Rektorning sovgʻasini ham olgan edi bir gal. OʻzMUning oldi talabalaridan boʻlgan bu yigitni necha yillarki koʻrmagan edim. Oʻtgan besh-olti yilda atigi bir marta telefonlashganim yodimda. Unda ham Bahromning otasi oʻlgani bois yoʻqlagandim. Uyiga koʻngil soʻrab oʻtmoqchi edim. Safarga ketayotgan ekan. Arab diyoriga. Shartnoma asosida ishga. U dzyudo boʻyicha yetakchi murabbiy. Uyoqda yaxshi toʻlashadi shekilli, Oʻzbekistondan koʻra xorijda koʻproq yuradi. Bu gaplarni ham ikkovimizni va boshqa oʻrtoqlarni bir-biriga bogʻlab turadigan Jasur orqali bilib turaman. Jasur deganimiz yor-doʻstlar ichida doim jonkuyar, hammadan alagʻda. Gohida yozgʻirgancha, “Bir yigʻilaylig-ey, joʻralar...” deb qoladi, ahyon-ahyonda bironta xabarmi, ogʻizga tushgan yangilikdan videomi tashlab turadi “Telegram”dagi jimjit guruhimizga. Ammo yigʻilishga vaqt qani?..

Xullas, Bahrom bilan koʻrishdim. Hisoblashib koʻrsak, rosa yetti yil boʻlibdi koʻrishmaganimizga. Oʻzi shahar markazida yashaydi. Nimayam boʻlib biz taraflar – tuman markaziga yoʻli tushgan ekan, koʻrishib qoldik.

Bahromning uylanish toʻyiga borgan edim. Koʻpchilik borgandi. Rahmatli otasi tirik edi. Bahrom shu alpkelbat, xastalik sabab bir tomoni yaxshi ishlamaydigan Norqul otaning kenjasi ekan. Norqul bobo biz talaba-joʻralarni kutib-kuzatib turib oqibatli boʻlinglar deganday nimadir gap qilgani aloq-chaloq esimda. “Yigitlikning qadriga yetinglar, tez oʻtib ketadi...”. Harholda shu mazmunda gapirgandi otaxon. Oʻsha gapning qimmatini mana oradan chorak asr oʻtib anglagandekman. Anglaganda ham tirband savdo doʻkonida, novcha, qaddi xiyol egilgan ham toʻlishgan, qoʻlida ikki paket narsa – bozorlik bilan kassa qoshida turgan Bahromni koʻrib tushunayapman.

* * *

– E, shoir oshna, biz ham yuribmiz-da... Bolalarning kattasi bu yil maktabni tugatadi. Qolgan ikkitasi ham maktabda oʻqiydi. Toʻrt yildan beri shu yerdaman. Institutda. Ilmiy ishni yumaloq-yostiq qilib yoqlab oldik. Pedagogika boʻyicha. Yana Arabistonga chaqirishayapti. Ketib yuborsammi degan xayol ham yoʻq emas... Harna bir-ikki soʻm yaxshiroq topaman...

– Hozir ilmiy ish qilganlarning oyligi yaxshi-ku, nima bor chet elda? Uyingiz bor, kelin ishlaydimi?

– Ha, bogʻchada hamshira.

– Boʻpti-da. Yana nima kerak?..

Bahrom bilan gaplashib marketdan tashqariga chiqdik. Ikkovimizning ham qoʻlimizda ul-bul – roʻzgʻor toʻrva...

Bahrom pult bilan maydonchada turgan oppoq mashinani ochdi. Oʻtgan oy olibdi, yangi, hali salofan paketi ham olinmagan.

– Endi, shoir oshna, kuch-quvvatning borida, qoʻldan ish kelgan mahal ishlab qolaylik...

* * *

Birodarimning shu soʻzlari meni oʻylantirib qoʻydi.

Unga aytmoqchi boʻlganlarimni sizga ham ulashdim.

Talabalik joʻramga bir ogʻizgina “Sizning necha pul topishingiz, kim boʻlishingiz bolalarga unchalar qiziq emas. Ularga ota kerak” demoqchi edim. U esa uyiga kelayotgan mehmoni sabab men bilan tezda xoʻshlashdi.

Unga yana “Dunyoda pulga sotib olib boʻlmaydigan narsalar haliyam bor” deb qoʻymoqchi edim.

U esa shamolday uchib ketdi-qoldi. Uni – Bahromni va koʻplab Bahromlarni vaqt shamoli shunday uchirib ketayotir. Bahromlarni shahar yutib yubormoqda. Hayot yovuz sehrgar kabi avrab, oʻz holiga qoʻymay domiga tortmoqda. Bunga sabab nima, aybdor kim?

“Biz oʻzimiz aybdormiz, Bahrom! Hasham bizni ado qilayapti. Zeb-ziynatga havas, uzun orzular toliqtirayapti. Uy, mashina, dovruqli toʻylar bizni ovora qilmoqda” demoqchi edim unga.

Unga yana quyidagi gaplarni ham aytmoqchiydim: ota mehri juda ulug‘ mehr, uning oʻrnini onaning toʻtiyo joni ham berolmaydi. Ota ibrati farzandga singib ketmasa bolalar begona boʻlib oʻsadi.

Bir safar qishloqqa borganimda sobiq sinfdoshimning oʻgʻlini koʻrdim. Yettinchi sinf bola biz – uch-toʻrt hamqishloq gurunglashib turgan yoʻldan shipillab oʻta boshladi. Koʻzi qoʻlidagi smartfonda. Uning salom bermaganiga eʼtibor qildim. “Hoy, nevara, salom qani?” dedi yonimdagi Rahmat aka. Bola bizga bir qaradi-da, nomigagina “Salomalaykum” deb oʻtib ketdi. Otasi – sinfdoshim maktabni tugatgandan beri xorijda, Rossiya-yu Qozogʻiston qilib ishlaydi, rizq teradi. Shuning ortidan yangi uy soldi. Shu oʻgʻilchasiga katta sunnat toʻyi qildi. Mashina ham oldi. Chetdan qaraganda hayoti risoladagidek. Men adashgan boʻlayinu, lekin ota haybati haligi bolaga yetishmagandek...

Bugun sinfdoshim kabi minglab yigitlarning hayoti shu tarzda kechayapti. Bolalar otasini telefonda koʻrib oʻsayapti. Olisdagi ota uning raʼyini qaytarmayin deb telefon olib bergan. Mehr deganlari telefon orqali yuqmaydi-da... Chorvadorlar “Choʻpon har tong oʻz molini koʻzi bilan bir marta koʻrmasa, suruvda baraka boʻlmaydi” deydi. Birovga pul berib boqtirish mutlaqo boshqa narsa. Hatto chorva ham mehr istaydi. Endi odam-chi, ongli, tafakkur egasi boʻlgan odamzod-chi?

Dehqonlar aytadi: kuzning bir kuni yozning oʻn kunidan ziyod. Yaʼni, kuzgi ekin barorli boʻladi, kuzakda shudgorlangan yer polvon boʻladi. Kuzgi bir kunlik ish yozdagi oʻn kunlik mehnatdan unumli.

Odam ham shu. Uch yashar goʻdak otasi uyga kirib kelganida qanday yugurib chopadi, “otajon” deb boʻyniga osiladi. Uning uchun uyga dunyodagi eng kuchli, eng ulug‘ inson kirib kelayapti. Agar shu goʻdak vaqtida mehrga toʻymasa, ishlov koʻrmagan yer kabi behosil, befayz boʻladi.

Oʻn ikki-oʻn sakkiz yosh qiz bola uchun ham, oʻgʻil bola uchun ham oʻta nozik mavsum. Oʻsmirlikning goʻzal pallasidan balogʻatning beqaror, otashin ayyomiga oʻtish mahali. Bu davrda otasiz oʻsayotgan, ota mehrini tuymay, uning salobatini, ragʻbatini, issiq bagʻrini his etmay oʻtayotgan bolalar orasida koʻpdan-koʻp jinoyatga moyil, oʻzboshimcha, diydasi qattiq yigit-qizlar uchraydi. Ularning har muqomga yoʻrgʻalaydiganlari koʻp boʻladi.

Qoʻl bilan ushlab boʻlmaydigan, hidi, taʼmi, rangi nomaʼlum, ammo borligi chin boʻlgan ota mehrini Olloh shu qadar laziz qilib inson yuragiga jo qilganki, buning qimmatini bilmoq kerak.

Otaning qadri, nufuzi haqida xalqimiz bisotida ham, diniy merosimizda ham koʻplab ibratli gaplar bor. “Otang oʻtirgan uyning tomiga chiqma”, “Ota duosi oʻq – tegadi”, “Otaning poyabzalini ham behurmat qilma”... Otani pul topadigan mashina deb oʻrganib oʻsayotgan bolalarga bu muqaddas tutumlar kor qilmaydi. Chunki vaqt oʻtgan.

Umumtaʼlim maktablari – farzandlar oʻsishida eng muhim maskan. Bu maskanda, ayniqsa shahar joylarda oʻqituvchilar asosan ayollar. Bu jihatga koʻp ham parvo qilmayapmiz. Erkak oʻqituvchining oʻgʻil bolalar tarbiyasiga taʼsirini hisobga olmayapmiz. Bu hayotimizning oʻq tomiri boʻlgan bir tamoyildirki, erkak oʻqituvchi ham ota kabi, aka kabidir aslida.

* * *

Uch-toʻrt yil burun Piskent tumanida joylashgan jazoni oʻtash koloniyasiga bordik. Bu yerda jazoni oʻtab, nisbatan erkinroq muhitda ozodlikni kutib oʻtirgan mahbuslar bilan uchrashuv boʻldi.

Mahbuslarga uydagilari bilan uchrashish mumkin ekan. Shu yerda bexosdan bir manzaraga koʻzim tushdi: bir ayol yonida besh yoshlardagi oʻgʻilchasi bilan uchashish xonasiga kirib keldi. Hibsxona tarafdan sochi qirtishlab olingan qirq yoshlardagi yigit keldi. Koʻrishdilar. Yigit oʻgʻilchasini bagʻriga bosib turib oʻpib-quchib koʻrishdi. Bola esa uyoq-buyoqqa qaragancha parishon turar, qoʻllari beharakat, otasini quchoqlab olish oʻrniga atrofga olazarak termilardi. Ular muvaqqat uycha sari yurishdi. Daraxt shoxi pana qilib turgan uychadan menga faqatgina bolaning yuzi koʻrinib qoldi. U uychaga kirishi bilan otasiga shunday katta intiqlik bilan oʻzini otdiki, uning hiqillab yigʻlagani ham eshitildi. Bola atrofdagi begonalar qoshida otasidan uyaldi. Xilvatga yetgach esa oʻzini ozod qoʻyib yubordi. U bola besh, boringki, olti yoshlarda. Uning qalbi bilan ayni damda hech kim yuzma-yuz kela olmaydi.

Ochroq, yupunroq boʻlsa ham, har kuni tansiq taomlar yedirmasa ham otasi uyga kirib kelsa qanday yaxshi! Bu gaplarni bu murgʻak bolakay aytolmaydi, ammo uning koʻzlarida armonli bir doston bor.

“Alpomish” dostonida Alpomishning oʻgʻli – Yodgor otasi Qalmoq yurtiga ketganida tugʻilgan. Otani koʻrmagan. Shu qiynalgan, mehrga zor boʻlgan yetim goʻdakning otasizlik dardini baxshi uch-toʻrt satrda juda teran ifoda etgan.

“Otajonni koʻrib qolgan bobojon,

Mening otam qaytib kelama

Yo yetimga shunday kun boʻlama...”

deydi u Qultoy boboga. 

* * *

Ustozlarimizdan biri otasi haqida shunday xotirlagan edi. Otasi eskining odami – urush yillarida tugʻilib oʻsgan keksa kishi.

Bir necha yil burun ustozimiz qishloqqa otasini koʻrishga boribdi. Keksa oqsoqoldan xabarlashishga borgan oʻgʻil qoʻy soʻydiribdi. Shahardan kelgan nomdor oʻgʻilning sharafiga tumandagi davlatmand joʻralaridan biri tandir kabob qilib kelibdi.

Toʻkin dasturxon tegrasida yigʻilganlarida otaxon oldida turgan tandir kabobdan ham, boshqa neʼmatlardan ham nomigagina totinib oʻtiraveribdi. Va oʻz odatiga koʻra nonni choyga ivitib, qatiq bilan yer ekan. Buni koʻrgan oʻgʻil:

– Ota, manavi goʻshtlardan yesangiz-chi, nimaga olmayapsiz? – debdi ajablanib.

– Bolam, rahmat, yeyapman...

Chol tagʻin oʻsha alpozda qattiq nonni yeyishda davom etadi. Oʻgʻil yana otasini dasturxonga undaydi:

– Ota, shu noningiz har kuni bor, manov taomlardan olsangiz-chi...

– Ha, toʻgʻri aytding. Parcha nonim har kun bor. Meni shu tashlab ketmasin. Lekin sen kelding, tandir keldi, qoʻy soʻyildi. Bularga oʻrganib qolsam, ertaga qayerdan topaman? Qanoat degani eng zoʻr ovqat, bolam...

* * *

Biroz chalgʻidim. Gap otalar, ota mehri haqida edi. Lekin chalgʻishimga ham shu mehr sabab.  Biz otalarni koʻchaga quvib chiqarayotgan, kecha-yu kunduz terga botib, harsillab ishlashga, birovlarni aldashga majbur qilayotgan narsa bor. Bu bizning beqanoatligimiz.

Bugun yoshlardan, oʻsmirlardan noliyapmiz: besabr, betgachopar, hurmat-izzatni bilmaydi, sintetik dorilarga oʻrganib qolayapti, internetga ruju qoʻygan...

Ammo ular oydan tushgani yoʻq-ku, doʻstim?..

Ular bizdan topolmagan mehr, eʼtiborni boshqa manbalardan izlayapti xolos. Bolamizning kitobiga, daftar-qalamiga pul bermaymiz, lekin qimmatbaho mashinaga oʻlib-tirilib pul yigʻamiz. Bu gaplar koʻp aytilgandir balki, lekin bola qalbi ehtiyojining siyqasi chiqmaydi.

* * *

Bir odam har kuni ishdan kelib xotinini urarkan. Xotinidan minnatdor boʻlsa ham, “Bizning xotin zoʻr-da!” deb yelkasiga bir musht urib qoʻyarkan. Shu odam bir kuni ishdan kelavermabdi. Kechikibdi. Soat toʻqqiz-oʻn boʻptiyam undan darak yoʻq. Farzandlari “Otam nega kelmayapti?” deb ichikib soʻray boshlabdi. “Keladi-da shu mushtumzoʻr otang, goʻrga borarmidi?” deb qoʻyibdi ayol beparvo. Vaqt imillab oʻtib, yarim tun boʻlibdi hamki, erkakdan darak yoʻq. Xotin ham alagʻda boʻla boshlabdi. Oxiri sabri chidamay, “E, xudoyjon-ey, kelsa kelsin-ey, ursa ursin-ey, ursayam kelsin-ey!” deb yuborgan ekan.

* * *

Tongda ishga, shomda uyga shoshgan odam baxtlidir. Uy – vatanning boshi. Uyda otani kutib turganlar – eng muhim ishdan ham muhim, eng qimmatli ulfatdan ham zarur kishilardir. Alloma Lev Tolstoy esa “Hayotda eng katta boylik – sogʻliq, eng katta quvonch – oila, eng katta omad – halol mehnat” deganida yuqoridagi hamma gaplarimizning magʻzini aytgan ekan.

Biz uni biroz yoyibroq qoʻydik, xolos.

Sobir JUMAYEV

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.

“Otalar” maqolasi