Oyina.uzʼning bugungi mehmoni – Amerikada yashab, ilmiy izlanish olib borayotgan Donoxon Abdugʻafurova. Oʻzbek adabiyotining jahonga tanilishiga hissa qoʻshib kelayotgan qahramonimiz bilan boshqa davlatda oʻqishini davom ettirishi sababi, ilmiy tadqiqotlarida koʻtarilgan mavzular va oʻzbek adiba-yu shoiralari ijodining oʻziga xosliklari haqida suhbatlashamiz.

– Namanganlik qizning Amerikaga ketishi qanday boʻlgan? Oʻzbekistonda boshlangan taʼlim gʻarbda qanday davom etmoqda? Oilangiz, chet eldagi hayot tarzingiz, vatandoshlar uchun qiziq jihatlar haqida gapirib bersangiz.

– Namangan davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetini imtiyozli tugallab, Prezident stipendiyasi sovrindori sifatida magistraturaga qabul qilinganimdan soʻng, turmush oʻrtogim Amerika Qoʻshma Shtatlariga magistraturada oʻqish uchun grant yutib oldi va keyingi hayotimiz okeanorti bilan bogʻlandi. Ingliz tilini maktab va universitet darajasida yillab o‘qigan boʻlsam-da, uncha-muncha qiyinchilikka duch keldim. Universitetni davom ettirishim uchun qaytadan mukammal tarzda oʻrganishim kerakligini tushunib yetdim.

Magistraturani Vayoming universitetida davom ettirdim. Yaqinda Emoriy universitetida islom sivilizatsiyalarini oʻrganish yoʻnalishi boʻyicha PhD ilmiy darajasini oldim. Hozir Shimoliy Karolina shtatidagi universitetning masofaviy taʼlim boʻlimida faoliyat yurityapman.

Katta qizim Noila yuqori maktab oʻquvchisi, ikkilamchi qabul dasturi orqali Jorjiya davlat universiteti talabasi. Oʻglim Ilyosbek oʻrta maktabda oʻqiydi, kelajakda professional basketbolchisi boʻlmoqchi. Kenjam Lolaxon endigina 3-sinfda taʼlim oladi.

– Nima uchun aynan sovet davridagi ayol ijodkorlar mavzusini tanladingiz? Mavzu Amerikada tadqiqot qilish uchun qanchalik ahamiyatli?

– Bilasizmi, bu yerda ilmiy ish qilish jarayoni juda uzoq davom etadi. Dastlabki ikki-uch yil talaba sifatida darslar olinadi. Keyin sohangizga aloqador fanlar boʻyicha yozma va ogʻzaki imtihonlardan oʻtib, nomzod sifatida qabul qilinasiz.

Imtihon savollaridan biri Sovet davriga aloqador edi. Shaxsiy qiziqishim ayollar adabiyoti boʻlgani bois shu nuqtayi nazardan yoritib berdim. Javobim ilmiy rahbarim va dissertatsiya kengashi aʼzolariga juda maʼqul keldi, shu mavzuni olishimni tavsiya qilishdi. Adabiyotga qiziqishim bir davr bilan cheklanib qolmaydi, albatta. Mumtoz sheʼriyatga muhabbatim sababli dissertatsiya bahona keyinchalik sohamni kengaytirish imkoniyati tugʻilgani juda xursand qildi.

Aynan oʻzbek shoira va yozuvchilarining Amerikada oʻrganilishiga keladigan boʻlsak, bu yerda shu paytgacha bizning adabiyot juda kam yoritilgan. Shuning uchun qiziqish nihoyatda yuqori.

– Oʻzbek ayol ijodkorlari va xorijdagi hamkasblari oʻrtasida qanday uygʻunlik va farqlarni kuzatgansiz?

– Har bir inson oʻz jamiyatining mahsuli sifatida namoyon boʻladi. Shu bois ijtimoiy-siyosiy muhit ijod jarayonida ham yaqqol koʻrinadi. Men oʻziga xoslikni tarjimayi hol janri misolida oʻrgandim. Oʻzbek ayol ijodkorlari oʻz “men”ini yashirib, turmush oʻrtogʻi shaxsiga bagʻishlab asarlar yaratgan. Toʻgʻri, boshqa xalqlar adabiyotida ham oilasi tarixi, otasi yoki erining muvaffaqiyatlari orqali oʻzi haqidagi maʼlumotni pardalab yozish uchraydi. Farqli tomoni, bizdagi sharqona va islomiy tarbiya ayollarni “men”ini asos qilmaslikka undaydi.

– Mustaqil izlanishlaringizga kelsak. Nima uchun aynan Anbar Otin? Uning ijodi, chindan ham, XIX asrning qiyofasini tasvirlay olganmi?

– Esimda, Anbar Otin obrazi bilan maktabda oʻqib yurgan paytlarim tanishganman. Juda ham kuchli, tili oʻtkir obraz sifatida tassurot qoldirgan. Aslida birgina shaxs yoki asar butun bir asrni namoyon qila olish mushkul. “Qoralar falsafasi” oʻsha davrdagi illat va kamchiliklar haqida, ayollarning ahvoli va turmush tarzi toʻgʻrisida yetarkicha maʼlumot beradi. Aminmanki, zamonamizda ham koʻplab Anbar otinlar bor. Ularning ovozi har bir davrda boʻlgan.

– “Men u siyosiy faol boʻlgan deyolmayman. Shunchaki hissiyotlari va umidlarini boʻlishgan” – Anbar Otin haqida shunday degansiz. Balki koʻproq koʻngil kechinmalari bilan kifolangani uchun ham tarixda ayol ijodkorlarni kam uchratarmiz… Ilmiy ishingizdagi xulosalar bu qarashga qanchalik mos, sovet davridagi shoiralar missiyasi nisbatan oʻzgarganmi?

– Ayollarning adabiyotdagi ovozi haqida gapirganimizda darhol siyosat bilan bogʻlamasligimiz kerak. Siyosiy maydonda emas, hatto adabiyot olamida ham oʻzini nayomon etish koʻp davrlarda ayollar uchun katta jasorat edi. Nega ayol tarixda qolishi uchun faqat siyosiy faol boʻlishi kerak?! Ayollarning moziy sahnasida kam koʻrinish berishi hissiyotga berilgani bilan bogʻliq emas, balki tarix yaratuvchilarning aksariyatini erkaklar tashkil qilgani bunga sabab boʻladi, nazarimda.

Zarifa Saidnosirova, Saida Zunnunova, Zulfiya va Kibriyo Qahhorova ham siyosiy faol boʻlmagan. Jamiyatning intellektual hayotida muhim rol oʻynagan professional kasb egasi, shoira, yozuvchi sifatida tanilgan. Masalan, Saidnosirova va Qahhorova oʻzlari katta natijaga erishgan boʻlsalar-da, hayot yoʻllarini turmush oʻrtoqlarining biografiyasi orqali tasvirlaydilar. Yirik shaxsning ortida turgan ayol sifatida gavdalanadilar. Bu ularning xohishi, Sharq ayoliga xos harakteri edi. Vaholanki, shaxsiy yutuqlari ham ularning oddiy ayol boʻlmaganini bildiradi.

– Amerikada va Oʻzbekistonda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish oʻrtasida qanday farqlarni sezdingiz?

– Ilmiy ish qilish hech qayerda oson boʻlmasa kerak. Igna bilan quduq qazishga oʻxshatilishi bejiz emas. Faqat Amerikada izlanish natijalarini chop etish standartlari boshqacha. Masalan, oddiy jurnal maqolasi hajmini oladigan boʻlsak, odatda 18–20 varaq hajmda boʻladi. Oʻzbekistonda esa 3–5 betdan iborat maʼlumot ham maqola oʻrniga oʻtaveradi. Hozir Oʻzbekistonda ilmiy ishlar sifatini oshirishga katta eʼtibor qaratilyapti va bunday tashabbuslardan juda xursandman. Jahon talablari darajasiga chiqa olsak, oʻzbek olimlarining ham nomlari xalqaro miqyosda koʻproq jaranglashiga ishonaman.

– Kelajakdagi rejalaringizni Oʻzbekiston bilan bogʻlaysizmi?

– Kelajakdagi rejalarim albatta Vatanim bilan bogʻlangan. Men shu jamiyatning mevasiman. Shu yurtda oʻsib ulgʻaydim, imkoniyatlar tufayli Amerikaning nufuzli universitetlarida tahsil oldim. Rejalarim oʻzbek adabiyoti, madaniyati va tarixini ilmiy ishlarim bilan dunyoga tanitish, Amerika tajribasi boʻyicha Oʻzbekiston taʼlim muassasalariga va yoshlariga yoʻllanma berishda davom etishdan iborat.

"Oyina.uz" muxbiri

Zulxumor ORIFJONOVA

suhbatlashdi.