Bundan oʻn yillar muqaddam internetda Disneyning XX asr boshlaridagi ishlarini yodga soladigan “Odamzod” degan multfilm tarqalgandi. Egnidagi futbolkasiga “Xush kelibsan” (yaʼni, yer yuziga – dunyoga xush kelibsan maʼnosida) yozuvi tushirilgan odam deyarli 4 daqiqa davomida Motsartning “Turkcha marsh”ini esga soladigan musiqa sadosi ostida yoʻlida uchragan jonivorni ezadi, yeydi, etik, poʻstin, pianino, poʻstak, qogʻoz qiladi – xullas, sayyoraning bor resurslarini yoʻqotish bilan shugʻullanadi.

Oxirida ulkan tog‘ boʻlib ketgan chiqindilar ustida taxtga chiqadi va boshiga toj kiyib yalpayib yotadi. Shu atrofdan uchib oʻtayotgan oʻzga sayyoraliklar yerning ahvolini koʻrib gʻazabga tushadilar va odamni jazolaydilar – u kirish eshigi ostiga tashlanadigan “Xush kelibsiz” yozuvli sholchaga aylantiriladi. Bu multfilm, ayniqsa, karantin paytlari Youtube platformasida tez-tez aylandi, koʻproq odamlarning gadjetlariga kirib bordi va oʻz muallifini mashhur qildi.

Animatsiya muallifi britaniyalik rassom, karikaturachi va multplikator Stiv Katts. “Odamzod” uning butun ijodi haqida – yoʻnalishi, uslubi, mavzusi toʻgʻrisida bor gapni ayta oladigan tashrif qogʻoziga aylandi. Yana bir gap: multfilmda Edvard Grigning “In the Hall of the Mountain King” (Tog‘ qiroli saroyida) musiqasidan foydalanilgan. Musiqa odamzodning ortib boruvchi istaklari kabi qudratli temp bilan balandga koʻtarilib boradi. Bu rassomning boshqa ijodiy ishlarida ham koʻzga tashlanadi – u aytmoqchi, koʻrsatmoqchi boʻlgan realligiga mos musiqa tanlaydi va bu oʻz oʻrnida tomoshabinning vizual xulosalariga ham taʼsir etadi.

Stiv Katts koʻp yillar davomida “Glue Isobar” ijodiy agentligida ishlagan va zamonamizning koʻplab taniqli savdo belgilari – brendlarini tanitishga xizmat qilgan. Coca-Cola, Google, Reebok, Magners, Virgin, Nokia, Kellogg yoki Sony kompaniyalari uchun raqamli loyihalar qilib bergan. Stiv 2012-yili ijodiy agentlikdagi koʻp yillik karyerasiga nuqta qoʻyadi hamda frilanser sifatida ish boshlaydi. Bu unga xotirjamlik va ijodiy erkinlik berdi, koʻp oʻtmay oʻz hayotiy falsafasini reallashtirish ishlari bilan shugʻullanishga kirishdi. Jamiyatning isteʼmol vasvasasiga, tabiatni xonavayron qilayotgan inson nafsiga qarshi kurashni kuchaytirdi. Shunday qilib, uning oʻtkir satirik karikaturalari, multfilmlari birin-ketin dunyo yuzini koʻra boshladi.

“Sanʼat nafaqat ijtimoiy tarmoqlar uchun qilingan ideal fotolar, buyuk rassomlarning kartinalari, meditatsiya uchun ishlangan peyzajlar, balki oʻzgarishlarni tezlashtiruvchi katalizator hamdir”, deydi u suhbatlaridan birida.


Rassomning inson zarurati yoʻq narsalar ortidan quvishini va buning illuziya ekanini bildirishga uringan karikaturalari juda koʻp. Ammo “Baxt” nomli multkartinasida Katts odamlar jamiyatini obrazli ravishda kalamushlar jamiyatiga evriltiradi – bu bilan ijodkor sayyorani ongli mavjudotlar emas, ishi faqat qorin toʻygʻazish va koʻpayishdan iborat parazitlar toʻldirganini aytmoqchi boʻladi.


“Baxt”ning boshida oʻzi kabi kemiruvchilardan biror tuki bilan farqlanmaydigan oddiy kalamushning yugurib ketayotgani koʻrinadi. Soʻng unga boshqa kalamushlar qoʻshiladi, keyin ularning orasida koʻylak kiyganlari paydo boʻladi, koʻp oʻtmay ekranda zamonaviy shahar koʻchalaridan koʻpam farq qilmaydigan, kulrang va maʼyus, tiqilinch kalamushlar shahri paydo boʻladi. Shahar boshdan-oxirigacha “baxt” va “sotib ol” yozuvi bilan toʻla. Rassom har bir brendning nomini shunchaki “baxt” deb qoʻyadi va biz shaharlarda koʻrgan dabdabali reklama iboralari oʻrnini baxtga bogʻliq jumlalar egallaydi.


Kalamushlar atrofini oʻragan reklama bannerlari, qogʻozlari, neon yoritkichlari baxtning nima ekanini anglatmoqchi boʻladi. Baxt – chizburger, kola, semirtiruvchi–ozdiruvchi–narkotik dorilar, baxt – mashina, arzonlashtirilgan savdo kunlari. Yaʼni, baxt – isteʼmol qilish. Oʻzi istagan narsaga erishish uchun esa kalamushlar oʻz qavmdoshi boʻlgan boshqa kalamushlarni yamlamay yutishga tayyor, arzonlashtirilgan savdo kuni oʻtkazilgan bir doʻkonning poli qon va gʻajib tashlangan qoʻl-oyoqlar bilan toʻla. Biroq har qanday isteʼmol pul bilan amalga oshadi, bu osmonda qushchalar bilan uchib yurgan Disneyning rangli multfilmlaridagi obraz – Mikkini eslatuvchi qahramonni oʻziga keltiradi. U kulrang va ezik ulkan shaharga – uning eng isqirt, isteʼmolga yaramay qolgan mahsulotlar va xuddi shunday kalamushlar jamiyatining chiqindi aʼzolaridan iborat qismiga qulaydi. Shundan soʻng uning baxtning emas, tumshugʻiga yopishgan dollarning ortidan quvishi boshlanadi va oxiri qopqonga tushishi bilan yakunlanadi. Kadrda xuddi unga oʻxshagan minglab kalamushlar boʻynidan qopqonga ilingan holda kompyuterlarda ishlayotgani tasvirlanadi va ular tobora maydalashib, suratning piksellarini eslatuvchi holatga kiradi (yaʼni muallif, hamma oxir-oqibat oʻsha kalamushlarga aylanishini taʼkidlamoqchi boʻladi).

Kattsning asarlari orqali jamiyatga nima demoqchi ekanini tushunish oson. U qahramonlari orqali sayyoraning egasi, madaniyat va sivilizatsiyalar muallifi boʻlmish odamning asl qiyofasi qanday ekani haqida oʻz tasavvurlarini koʻrsatib berishga harakat qiladi (“Baxt”da har bir odam bajarayotgan ishidan rozi boʻlishi, yaʼni oʻlganining kunidan ishlamasligi, hayot – kalamushning sehrli dollar ortidan yugurishiga oʻxshab oʻtmasligi, isteʼmolchilik esa jamiyatni boshqarmasligi kerak, degan fikrni olgʻa suradi). Bir intervyusida Stiv Katts maqsadi haqidagi iddaolarini ochiq aytib oʻtadi:

“Istagim – jamiyat sifatida duch kelayotgan muammolarimiz haqida odamlarni oʻylashga, gapirishga undash. Tan olay, ayrim asarlarimda mazmun aniqroq, lekin ishlarimning asosiy qismi biz odamlar qanday yashayotganimiz haqida koʻproq fikrlash, suhbatlashish uchun qilingan. Animatsiyalarimning bosh maqsadi odamlarni isteʼmol tovarlarini sotib olish, mobil telefonlardan foydalanishdan toʻxtatish emas, balki ushbu narsalarga boʻlgan qaramlik va ehtiyojni taroziga solib koʻrishga undash. Sanʼatga muhabbatimning boisi, u qabul qilish ogʻir va murakkab boʻlgan mazmunni hazil orqali qiziqarli yetkazishga qodir”.

Stiv Kattsning multfilmlari deyarli bir-biriga oʻxshab ketadi, uslub jihatidan Disneyning ilk kartinalari ruhida ishlangan boʻlib, bolalikdagi allaqanday shirin xotiralarni qoʻzgʻab yuboradi. Uning asarlarida voqealar juda shiddat bilan oʻzgaradi, butun boshli film nari borsa 5 daqiqali sketch (qisqa komedik pyesa), ammo undagi tasvirlar almashinuvi katta tempda boradi. Yana tasvirlar juda sodda tartibda chizilgan, hech qanday murakkab yechimga ega emas. Buni ijodkorning oxirgi multfilmi – “Qisqa kelishmovchilik”da ham kuzatsa boʻladi. Animator insoniyatning arzimas narsa ortidan davrlar osha jang-u jadallarni boshidan kechirishi, bir-birini ayamay qirishi haqida hikoya qiladi.
Alisher FAYZULLAYEV,
Oyina.uz