Badiiy tafakkur tadrijida muhim oʻrin tutgan nemis ijodkori Herman Hesse adabiyot haqida shunday yozadi: “Jahon adabiyotiga jonli bir narsa yanglig‘ munosabatda boʻla bilmoq uchun kitobxon oʻziga kuchli taʼsir koʻrsatgan asarlarni allaqanday qoliplar yoxud taʼlimiy dasturlar asosida emas, balki oʻzligini topish orqali oʻrganmogʻi muhimdir. U burch yoʻlida emas, ishq yoʻlidan yurmogʻi lozim”. Shubhasiz, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzamning “Momaqaldiroq ostida sayr” asari ana shunday: favqulodda bir ishq, tuganmas zavq va kuchli qiziqish bilan oʻqiladi. Roman qahramonlariga yuzlashib, ularning tabiatidan bugunning odamlari, atrofdagilar, tanish-u notanish chehralarni topish – tanib olish u qadar qiyinchilik paydo qilmaydi. Unda oʻquvchi chinakam, real hayot bilan roʻbaro‘ keladi, istaydimi-yoʻqmi, hamisha ham yurak betlab qarashga botina olmagan ichki “suvrat”i bilan oxir-oqibat toʻqnashadi. Yozuvchi bir-biriga chambarchas bogʻliq, aniqrogʻi, biri ikkinchisini muntazam ravishda toʻldirib kelgan voqeliklar tasviri orqali kitobxonni hayot mazmuni, tiriklik mohiyati haqida teran xulosalar chiqarishga, oʻz-oʻzini shafqatsizlarcha taftish qilish va koʻngil haqiqatlarini bor boʻy-basti bilan qayta-qayta inkishof etishga imkon yaratib beradi.

Tabiat hodisalariga oddiygina munosabat bildirilsa, “Momaqaldiroq ostida sayr” qilib boʻlarkanmi? Sayr tugul, yurak betlab, uch-toʻrt qadam yurishga ham jurʼat topish amrimahol-ku! Shunday emasmi? Tahlika va qoʻrquv aralash hadsiz xavotir hissi shundoq ham vahimali boʻlgan ayqash-uyqash koʻrimsiz manzaraning dahshatini yanada oshiradi. Darhaqiqat, mahoratli yozuvchi maqsad-muddaosini, asar gʻoyasi, syujet tizginini ham, eng avvalo, kitobning sarlavhasida jamlaydi. Badiiy ifoda imkoniyatlaridan gʻoyatda ustalik bilan foydalanib, oʻquvchini yangi bir olam – romanning butkul oʻziga xos dunyosiga shiddat bilan boshlab ketadi. “Momaqaldiroq ostida...” Tirikchilik tashvishlari-yu turli-tuman hoyu-havaslar ilinjida dunyo saylgohini kezmoq istagan har bir “jon”ning qismati alaloqibat shudir! Adib buni boʻyab-bejab, ifodani imkoni boricha silliqlab, kitobxonni choʻchitmay, qoʻrqitmay, avaylab-asrab, keskin tasvirlarga koʻnikib olishini shunchaki “poylab” oʻtirmaydi. Aksincha, borini boricha, asl haqiqatning koʻziga tik boqib, davron oʻzgarishlari-yu zamon evrilishlarini, mayda, siyqa, uvadasi chiqib ketgan telba-teskari “qiyofa”larning bashang va soxta “surat”larini ham, qolaversa, koʻngil koʻzgusida yarqirab nur sochgan bezavol tuygʻular sohiblarini ham jasorat-u mahorat bilan yorqin gavdalantiradi. 

Erkin Aʼzam soʻzni chertib-chertib tanlaydi, saralab, sayqallab, sozlab ishlatadi. Uning asarlarida soʻzlar goʻyo jonlanadi, harakatga keladi, oʻz tarovati, jozibasi, bitmas-tuganmas taʼsir quvvati bilan kitobxonni yozuvchining asl maqsadi sari dadil yetaklaydi – yoʻlboshchilik qiladi. “Momaqaldiroq ostida sayr”da ham shunday! Romanning “Sel” boʻlimi (“Xotimaning boshi”) tezisnamo xarakterda boʻlib, asarning umumiy mazmuniga ishora qilgan. Aynan “Sel”da muallif badiiy niyatining tiniq ifodasi, ayniqsa, boʻrtib koʻrinadi. Bilamizki, mumtoz poetika ilmida baroati istihlol degan badiiy sanʼat mavjud. “Badoyiʼu-s-sanoyi’” asari muallifining yozishicha, unda “kalom ibtidosi maqsudgʻa ishora qilmoq yoʻli bila maqsudgʻa munosib qilinur”. Yaʼni bu sanʼatda ijodkor asar mundarijasini uning mazmuniga ishora qiluvchi turli vositalar bilan boshlaydi. “Sel”dagi hodisalar ham kitobxonni roman syujeti, mazmuniga tomon yoʻnaltiradi, qiziqishini orttirib, gap nima haqida kechishidan ogoh qiladi. Unda deyarli hamma bosh qahramonlarning nomlari keltirilgan: Oyravshan, Iskandar, Gʻayrat... Uch xil qiyofa! Uch xil xarakter! Uch turfa olam! Uch ayro taqdir!

Maʼlumki, adabiyot obrazlar tilida soʻzlaydi. Obraz tabiati esa muallif dunyoqarashiga ham u yoki bu darajada uygʻun boʻladi, albatta. Masalan, Iskandarni olaylik. U – bu hayotdan oʻz “ulush”ini gʻirromlig-u nayrangbozlik bilan, sira tap tortmasdan uzib, yulqib olgan, tiyiqsiz odam! Nafs iskanjasida insoniy qiyofasini ham boy bergan bu kimsa maʼnaviy tubanlik namunasidir! Gʻayrat-chi?  U – hamisha bir chekkasi kemtik bu dunyoning noqis-u nojins kimsalari orasida oʻzligiga sobit qolishga intilgan chin eʼtiqod timsoli! Asarda yozilishicha, “Yuki birgina osma sumkadan iborat ozgʻinroq kishi” – Gʻayrat “koʻp oʻylab oʻtirmay, poyabzalini yechib bogʻichlaridan yelkasiga iladi-da, shimining pochalarini shimarib, shoshilmay soyga enadi, shoshilmaygina  suv kecha ketadi. Toʻxtab-toʻxtab, toshlarda tiygʻana-tiygʻana narigi sohilga yetib oladi”.

Ha, yuki yengil uning. Toshday ogʻir, zil-zambilday zalvorli ayb-u gunohlardan, har qalay, xoli u! Bir chekkada nima qilarini bilmay, tomoshabin boʻlib turgan jonsarak olomondan ayricha yashashga intiladi u! Ana shu – “tosh”lar yoʻlidan chiqib, “taygʻan”tirmaganida, ehtimol, qadami oʻktam, manzili nurli boʻlarmidi uning! Shunga qaramay, ojizgina jussasida maromini topmagan qaysargina, ammo jurʼati nursiz bir jasorati bor! “Bir tutam”gina haqiqatini faqat oʻzigagina isbot qilishga uringan, oʻz qismatining metin yetovidan chiqishga chogʻi kelmagan beozor “mardlik”ning tirik, ammo jonsiz “soya”si u! Yozuvchi asar davomida Gʻayratni oʻquvchiga hijjalab tushuntiradi – erinmay tanishtiradi. Shijoati koʻksiga sigʻmagan Gʻayrat oʻz jamiyatining past-u baland koʻchalarida bir-biridan farqli qoidalar amal qilishini bilavermaydi. Shoshadi, hovliqadi, oxir-oqibat, oʻzidan oʻzgani oʻylamaydigan – manfaatparast, nafs bandalarining turfa “oʻyin”lari sabab taqdir yoʻli chuvalashib, “soya”lar olamida sarson kezadi.

Oyravshan!.. Oydin oqshomlarda nurli chehrasini olamga koʻz-koʻz etib, zulmatning koʻksiga ayovsiz sanchilgan ravshan Oy – yuzlari dogʻli, yuragi dogʻli... Yozuvchi Oyravshanni dastlab quyidagicha tasvirlaydi: “Juvon bu tomon sovuq bir nazar tashlaydi-yu, soʻqmoq boʻylab ketmoqqa shaylanib turgan yoʻlovchilar toʻdasiga qoʻshilib, yelkasida kattakon sumka, qoʻlida ham ogʻirgina yuk, bolasini ergashtirib joʻnaydi. Bu esa Oyravshan deganimiz boʻladi”.

Uning “sovuq nazar”ida Iskandarga nisbatan cheksiz nafrat, orsiz oʻtmishidan orlangan oʻksiz bir ifoda qalqib turadi. “Jiydali”ga qaytyapti u. Turfa koʻrgiliklarning ming bir chigʻiriqlarida toblana-toblana, xatolar koʻlankasidan nadomat kengliklariga yoʻl topib, hammasiga “etak silkigancha”, ruhsiz va mazmunsiz “loshi”ni sudrab “koʻngli”ga qaytyapti u: “yelkasida kattakon sumka, qoʻlida ham ogʻirgina yuk”. Yozuvchi shu birgina ifodaga gʻoyatda zalvorli, ammo asl haqiqatni oshkor qiluvchi teran maʼno yuklaydi. Qolaversa, Oyravshanning oʻy-kechinmalari, dard-u iztiroblari nihoyatda “yuqumli” – uning tabiatidan ayb-u nuqson qidirasiz-u – topolmaysiz, mabodo topganingizda ham, yo achinish hissi uygʻonadi sizda yoki qismat maydonidagi beayov talotoʻplarda manzilini yoʻqotib qoʻygan bu mushtiparginaga rahmingiz ham keladi. Mana Erkin Aʼzamning obraz yaratishdagi mahorati nimada! Qahramonlarini kamolot choʻqqilarining mutlaq egalari oʻlaroq tanishtirmaydi yoki barcha insoniy sifatlardan toʻla mosuvo aylab, tuproqqa qorishtirib yubormaydi. Shu boisdan bu qahramonlarga alohida mehr qoʻya olmaymiz, biroq oʻzimizdan butunlay itarib, uzoq tutishga ham sabab topolmaymiz. Deylik, roman soʻngida Iskandarning boqiy dunyoga safari oldidan boshidan kechirgan ruhiy qiynoqlari oʻquvchini sergaklantiradi. Oyravshanning janozaga borgani kitobxon ruhiyatida ichki bir olishuv – bahs-u munozaraga yoʻl ochadi.

Yozuvchi har bir qahramonga ism tanlashda uning xarakteri, hayotiy maslagidan kelib chiqib yondashadi. Masalan, ne-ne davr-u davronlar, shon-shuhrat, aysh-ishrat “maydon”larida “ot surib”, bu dunyoning bori neʼmatlaridan bahramand boʻlgan Iskandar tarixdan maʼlum va mashhur Iskandar Zulqarnaynni yodga soladi. Kitobning “Sel” qismida qahramonlar tilidan uning ana shu “qudrat”iga ishora qilingan: “Bu manzarani zavq va xavotir bilan kuzatib, hali soy kechishda tayin qarorga kelolmay turganlardan biri mushtini kaftiga urib: 

– Qoyil! – deb yuboradi. – Zoʻrniki tegirmon yurgizar degani toʻgʻri ekan. Iskandar akamidi? Toshkentdan kelyapti-da, a?”

Maʼlumki, dialoglar nafaqat badiiy matn strukturasida, balki asar mazmun-mohiyatini ochib berishda ham muhim oʻrin tutadi. Ular qahramonning axloqiy qiyofasi, atrofdagilar bilan oʻzaro munosabatini yoritishga ham yordam beradi. Shunga koʻra ilmda dialoglar bir necha turlarga boʻlib tasnif qilingan: dialog-hikoya, dialog-yumor, dialog-munozara, dialog-tavsif... Iskandar va Gʻayrat oʻrtasidagi dialog tavsifiy xarakterda boʻlib, Iskandarning ichki olamini kengroq tushunib olishga koʻmaklashadi: “– Meni qachon oʻldirasan, xoʻsh? – dedi Iskandar dabdurustdan, negadir sensirab. Kayfi borga oʻxshardi. – Oʻldirsang ham haqqing ketadi, uka! Lekin agar hozir bir balo qilmasang armonda qolasan, bilib qoʻy! Ketyapman men. Uzoqqa. Xudoyini oʻtkazaman-u joʻnayman. Vaqt boʻlganida-ku sen bilan bi-ir oʻtirishib  erkakchasiga hisob-kitob qilib olardig-a! Sen uncha-munchasini bilasan-u, koʻpidan bexabarsan. Hay, eshitarsan bir kuni. Lekin sen, Gʻayrat, mard  bola  ekansan.  Nomard boʻlganingda  menga  oʻxshab  boyib  ketarding!  – deya  oʻzicha  nashʼavorona  xaxolab  qoʻydi u. – He, enasini uray bu dunyongni! Mardlik qilyapman deysan-u, nomardlik boʻlib chiqadi. Qip-qizil masxarabozchilik hammasi! Esdan chiqarolmaysan, bilaman. Mayli, umrbod soʻkib yur,  xohlaganingcha  soʻk! Gʻayrat, men sendan kechirim soʻrab kelganim yoʻq, uka. Ertaga osh beryapman, bormasang – oʻldiraman! – U tagʻin quchoqlab, Gʻayratning  kiftiga  qoqib  qoʻydi. Joʻnarkan, dafʼatan toʻxtadi: – Bir  gap, ogʻayni. Anovi qiz, Oyravshanni aytaman-da, zoʻr qiz edi, zoʻr qiz! Lekin senga toʻgʻri kelmasdi, bilib qoʻy shuni!”

Shu birgina parchada yozuvchi Iskandarni toʻla fosh etadi: “Kechirim soʻrab kelganim yoʻq” – ha, uning hatto kechirim soʻrashga jurʼati yetmaydi. Kibr-u manmanlik, havoyilig-u kekkayishlar dagʻdagʻasi ila yurgan, amal pillapoyalaridan hamisha silliq koʻtarilib borgan, davlatmand Iskandar bu, axir! U yana birgina jumla bilan Gʻayratning koʻksiga tig‘ sanchadi goʻyo va oʻsha yaraga suhbatdoshini ayabgina, yuzaki iqrorlarga inontirmoq uchun soxta “malham” ham qoʻya biladi: “senga toʻgʻri kelmasdi”. Shubhasiz, Erkin Aʼzam katta isteʼdod sohibi! U soʻzni shunchaki ovora qilib, ortiqcha tafsilotlarga yon berib oʻtirmaydi. Har bir soʻzni qayrab, shaylab, oʻquvchiga randalab, tozalab, yarqiratib taqdim qiladi. Soʻz kayfiyatidan qahramon feʼl-atvori va, albatta, yozuvchining maqsad-muddaosini ham oson anglab olsa boʻladi.

Asar soʻngida keltirilgan sheʼr esa qahramonlar ruhiyati, maʼnaviy olamini, qolaversa, hayotiy xulosalarini yorqin ifoda etgan. Ochigʻi, sheʼr asar mohiyatiga yetib borish, oʻquvchi va yozuvchi oʻrtasidagi qandaydir bir devorni olib tashlash uchun oʻziga xos badiiy vazifa bajargan:

Sokin uchar mezon iplari,

Derazamda oftob chaqini...

Koʻp adashdim, xatolar qildim – 

Ilk bor yashab, kechiring meni.

Hayot totin angladim picha

Va topinib ichurman qasam:

Yashar edim tamom boshqacha,

Bu dunyoga qaytadan kelsam!

Agar kelsam, agarda kelsam,

Qaytmasligim ayondir lekin.

Darhaqiqat, asar qahramonlarining har birida shunday bir ruhiyat ustunlik qiladi!

Erkin Aʼzam asarlarida obrazlar – oʻziga, oʻzligiga talpinib yashaydigan qalb kishilaridir. Bosib oʻtilgan umr manzillarining xatolig-u nuqsonlari ularni taassuf-u nadomatga yuzlashtiraveradi. Ular qaysarlik bilan bir manzil-u bir maromda muqim turib qolmaydi. Aksincha, voqealar rivoji yechimga tomon yoʻnalgani sari qahramonlar oʻz-oʻzini isloh qilishga, insoniylik matlabiga loyiq boʻlishga matonat topadi. Hech yoʻqsa, shunga harakat qiladi. Birgina misol sifatida “Anoyining jaydari olmasi“ hikoyasi asosida suratga olingan “Chantramore” filmini olaylik. Unda Komron va Ramazonning sarguzashtlari yoritilgani ayon. Kibr-u manmanlik, dunyoviy mayllar yengib qoʻygan Komronning asar soʻngidagi pushaymoni koʻngilni oʻrtab yuboradi, ochigʻi.

Mumtoz adabiyotda uzlat degan tushuncha bor. Uni bir necha xil talqin qilish mumkin. Uzlat – koʻngilga yuzlanish holi, oʻtkinchi istaklardan toʻla voz kechib, chin insoniylik matlabi ila yashash zavqidir. Buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy bu haqda shunday yozadi: “Kim dedim uzlat eshigin ochqamen, dahri bemaʼni elidin qochqamen”. Yozuvchi roman oxirida qahramoni Oyravshanni ana shunday bir ruhiyat egasi sifatida gavdalantiradi, tanishtiradi. “Barchadin etak silkib, koʻz yopdim”, – deydi Navoiy bir sheʼrida. “Oʻtgan kunlar” romanida Yusufbek hojining qutidorga aytgan quyidagi gaplari ulug‘ shoirning fikrlariga uygʻun: – Bu soqol shu el qaygʻusida oqardi. Bu koʻngil shu manfaatparastlar taʼsirida qoraydi. Yoshim oltmish beshka yetib bir vaqt boʻlsin ibodatimni janobi Haqqa bevosita yoʻnaltirgʻanimni va koʻngil koʻzim ochilib qilgʻan sajdamni xotirlay olmayman. Bu aldanishim ersa, Haq tarafidan bir tanbeh, boʻlmagʻanlargʻa boʻlishmoqchi boʻlgʻanim uchun bir kinoyadir. Endi mundan keyingi besh kunlik umrim dunyo mojarolaridan etak silkib toʻshaʼyi oxirat tadorikini qilmogʻim uchun gʻanimat koʻrinadir”. Jahon adabiyotining yorqin namunalari Teador Drayzerning “Amerika fojeasi”, Stendalning “Qizil va qora” romanlarida ham qahramonlar tavbaga yuz buradi, oxir-oqibat oʻz qilmishlaridan afsus-nadomat chekadi. “Momaqaldiroq ostida sayr” yozuvchi Erkin Aʼzamning mumtoz va zamonaviy oʻzbek adabiyoti, shuningdek, jahon adabiyotidan oʻqigan, oʻrgangan, anglagan haqiqatlari, qolaversa, uzoq yillik hayotiy tajriba va teran xulosalari asosida yuzaga kelgan betakror badiiyat namunasidir.

Romanda bir-biriga oʻxshamaydigan, nafaqat tashqi koʻrinishi, balki axloqiy qiyofasi, xatti-harakatlari, jamiyatdagi mavqe-martabasi bilan ham biri biridan anchayin farqlanib turadigan obrazlar “galereya”si yoritilgan. Ularning aksariyati begona emas: yonimizdagilar, koʻrganlarimiz, koʻrayotganlarimiz, baʼzilari hatto tanish ham... Obrazlar nihoyat darajada jonli, hayotiy, taʼsirchan! Shubha yoʻqki, “Momaqaldiroq ostida sayr” romani bugungi jahon soʻz sanʼatining alohida eʼtirofga loyiq goʻzal durdonalari safida tizilib turadigan yangi ifoda, yangi taassurotlarga sohib oʻziga xos asar. Uni atroflicha tadqiq etish esa oʻzbek adabiyotining yorqin tamoyillarini yanada kengroq mushohada qilishga imkon yaratadi.

Maqsud ASADOV,

filologiya fanlari doktori, professor