Nima uchun “водород” deymiz? Inglizchada u “hydrogen”, xitoy tilida “tsing”, yapon tilida “suiso”? Nima uchun turklar, arablar ingliz, fransuz tili orqali yunoncha istilohni olishgandek (“hidrojen”), biz esa ruscha shaklni olishimiz kerak edi?
Oʻzbek tilida vodorodni “suvzot”, kislotani (ingl. acid) “achitqich” deya olmasligimiz kerak edi? Axir “temir”, “oltin”, “ruh” degan kimyoviy unsurlar, “suv”, “tuz” moddalarini oʻzbekchada ataymiz-ku?
Yana qiziq bir narsani kuzatdim: dunyoviy bilim yurtlari uchun chiqarilgan “Mantiq (logika)” adabiyotida baʼzi istilohlar rus tilidan kirib kelgan soʻzlarga duch kelsak, xuddi shu maʼnolarni aks etuvchi kalom mantigʻidagi iboralar tarjimasiz arab va fors soʻzlari ishlatilayotganini koʻramiz. Albatta, ikkala yondashuvda oʻzbek tiliga tarjima qilingan iboralar bor. Lekin bir mavzu va mohiyat ikki xil tilda berilayotgandek koʻrinadi, bu ikki tarafni birlashtirgan toʻgʻri boʻlar?
Bir xitoyshunosning intervyusida hozirgi zamon Xitoy fani gʻarbning ilmiy paradigmasi ortidan yuryapti (qayerda boshqacha?) deb turib, lekin xitoyliklarning qadimdan kelayotgan qarashlari sababli fan sohasida oʻziga xos yangicha talqinlarni kashf qilishi imkoniyati bor. Xitoyliklar yangi ilmiy atamalarni darhol oʻz tillariga xitoylashtirib oladi va bunda ilmiy istiloh nafaqat oʻzga til ekvivalent tarjimasiga, balki oʻzgacha mazmun, maʼno kashf etishga imkon beradi, qadimdan kelayotgan bilimlariga bogʻlab olishlari mumkin. Xuddi shu yondashuvni yapon va koreyaliklarda kuzatish mumkin (agar adashayotgan boʻlsam, biladiganlar toʻgʻrilab qoʻyishsin).
Fikrimcha istilohlarga yangi oʻzbekcha nom topishdan va hatto yangicha shakllarni ixtiro qilishdan qochmaslik kerak. Kim bilsin, balki maxsus atama uchun oʻzbekchasini topish jarayonida oʻsha istilohning sohasi uchun yangicha qirralar ochilib qolar? Bu ish ijodiy ixtirochilik uchun yaxshi uslub boʻlishi mumkin.
Yuqoridagi matndan arab va fors soʻzlarini koʻrsatib, tilimiz xorijiy soʻzlarga toʻla ekanligini aytishlari mumkin. Deyarli hech bir til yoʻqki, uning ichida boshqa tillardan oʻzlashtirilgan soʻzlar boʻlmasa, bu tabiiy holat. Men esa tabiiy jarayonlarga boʻysunavermay, balki ijodiy yondashuvga chaqiryapman. Hammaning umri poyon topadi – bu tabiiy jarayon, lekin salomatlikni yaxshilash, hayotning sifati va mazmunini boyitishga urinib, tabiatga qarshi chiqamiz, mana shuni men ijodiy yondashuv deyman. Tilimizni boshqa tillarga magʻlub qilavermay, oʻzligini saqlagan holda, jahon tafakkuri maxsulotini oʻzlashtirish sinoatini oʻrganishimiz kerak.
Jamshid MUSLIMOV